Hazratim qadamini katta-katta tashlab, tez yurardi. Men ham doim u kishi bilan baravar yurishga intilib, chopqillab ketaverardim. Shunday paytlari yetolmayotganimni koʻrib, jilmayib, ikkita barmogʻini tutardi. Hanuz esimda, qoʻllari katta, kafti ichida mening qoʻlim koʻrinmay ketardi hisob. Shundan boʻlsa kerak, qoʻlini uzatganda hammasini bermasdi, ikki barmogʻini tutardi, xolos. Qoʻlimni toʻldirib barmoqlaridan ushlab dadil, ishonch bilan odimlardim. Shundayam otamga yetishib yurish qiyin edi. Doim ildamlab ketaverardi.

Bismillahir rohmanir rohiym, Olloh taologa hamd-u sanolar, paygʻambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga salot-u durudlar boʻlsin. Biror kunimiz yoʻqki, otamizni eslamasak. Bolalik xotiralarimga shoʻngʻir ekanman, har doim jilmayib turadigan mehribon, samimiy va eʼtiborli otamni eslayman. Hazrat koʻp gapirmas, oʻta sokin inson edi.

1980-yilning aprelida tugʻilganman. Onam koʻp xotirlar edi, dunyoga kelganimda otam Liviyada tahsilning oxirgi bosqichini tamomlayotgan ekan. Oʻsha yilning yozida oʻqishini bitirib yurtga qaytgan. U paytlari telefon boʻlmagan, amakim telegramma orqali tugʻilganimni xabar qilib, juma kuni boʻlgani uchun Odinaxon ismini qoʻyishganini yozgan. Xabardan oʻzida yoʻq xursand otam onamga maktub bitgan. Maktub onamga joʻnatilgan esa-da, menga atab yozilgan ekan.

“Odinaxon otinoyi qizim, puchuq qizim, – deb boshlanardi maktub. “Onangizni qiynamang. Borgunimcha esli qiz boʻlib turing” deb davomiga juda chiroyli duolar bilan yozilgan kattagina maktub... U shaxsiy arxivimda haligacha saqlanadi. Bolaligimdan beri xatni qayta-qayta oʻqirkanman, shunday eʼtiborli otaning qizi ekanimdan ich-ichimdan xursand boʻlib ketaman. Bu bizning otam bilan ilk suhbatimiz edi. Xatni nafaqat men, volidamiz ham boshqacha xotirlaydi. “Uzoqda boʻlgani uchun dilimga taskin sifatida, shu bilan birga, sizning dunyoga qadamingizdan juda quvonib shu xatni yozgan” deb koʻp eslardi.

Vatanga qaytib meni ilk bor qoʻliga olganida ham juda sevingan ekan. “Koʻzlaridagi, yuzidagi shu xursandchilik umri davomida saqlanib qoldi” derdi onam. Doim otamning koʻzlariga boqsam, umidni koʻrardim. Farzandlaridan yaxshiliklar kutayotgan ota umidi! Umri davomida biz farzandlarga goʻzal tarbiya berishga, muntazam ibrat boʻlishga harakat qildi.

Kuzatishlarimdan shuni bilamanki, koʻpgina oilalarda farzandga ona masʼul, men yedirib, ichirib, kiyintirsam boʻldi deb, ota koʻpincha bolalarga eʼtiborli boʻlmaydi. Lekin otam unday fikrda emas edi. Oʻgʻildir, qizdir har birimiz bilan alohida shugʻullanardi. Ayniqsa, biz qizlarini juda avaylab, lutf va ikrom koʻrsatardi. Bu u kishining harakatlarida yaqqol namoyon boʻlardi. Boisi, otamiz har bir harakatida, soʻzlarida oʻta rioyatli boʻlgan. Koʻp gapiravermas yoki koʻpam erkalatavermasa-da birgina qarashidan mehrini, eʼtiborini ilgʻash mushkul emasdi. Salobatli odam edi. Kezi kelganda oʻta gʻamxoʻr ham. Onamizning biror yumushi chiqib, uydan chiqishga majbur boʻlib qolganida otam bizni olib qolib oʻzi qarardi. Hatto bir muddat onamizning tobi boʻlmay, safarlarga chiqolmay qolganida ham akam ikkimizni olib Buloqboshiga borib kelaverardi. Yoʻl asnosida chanqaymizmi, taomlanamizmi bajonidil hamma aytganimizni qilardi. Tunda ham yonma-yon joy soldirib, erinmasdan qarab chiqardi.

Mutolaa

Hazrat tartib va intizomga qattiq rioya qilgan. Har kuni ishdan qaytib xontaxta atrofida oʻtirib, uzoq vaqt mutolaa qilardi. Shu ishni bir kun ham kanda qilmagan. Xontaxtaning tagi u kishi oʻqiydigan kitob, gazeta-jurnallar bilan toʻlib ketardi. Haftada bir marta taxlab, tartiblab, boshqa joyga joylab qoʻyardik. Baʼzan amakim kelardi. Amakim bilan birga dars tayyorlar yo ikkalasi ham mutolaaga kirishib ketardi. Men ham bu paytda bekor oʻtirmasdim. Oʻyinchoqlarimni toʻdalab olib kelardim-da, hammasini toʻkib, atrofida aylanib oʻynab yurardim. Yo boʻlmasa, ular oʻqiyotgan kitoblarni oʻqishga harakat qilardim, turli savollar beraverardim. Oʻshanda biror marta otamning toʻpolon qilmagin, boshqa joyda oʻyna deb dakki berganini eslolmayman. Mabodo, uyqum kelsa, boshimni, yelkalarimni silab tizzasida uxlatar edi. Otam men uchun sabrda ham oʻrnak edi. Tartib va izchillik borasida ham...

Xoʻrozqand

Tabiatan biz shovqin solib, turli sarguzashtlar qiladigan bolalardan boʻlmaganmiz. Balki bolalikdan otamday sokin boʻlishga harakat qilgandirmiz.

Otam bilan bozorga borishni yaxshi koʻrardim. U kishiyam meni ergashtirib olib ketaverardi. Xaridga kirib ketganida men mashinada kutib oʻtirardim. Chiqishini kutib, toqatsiz boʻlib, bu yoqdan kelayaptimikin yo bu tarafdan kelib qolarmikan deb kutib oʻtirardim. Otam kelishi bilan qoʻlimga xoʻrozqand tutqazardi. Yo boʻlmasa, shosha-pisha bozorlikning ichidan oʻzim topib olardim. Oʻsha xoʻrozqand eng totli shirinlik edi men uchun. Gazeta qogʻozga oʻralgan xoʻrozqand. Yana bir marta bozorga borganimizda ichkarida ancha payt qolib ketgan. Kutaman, hech chiqavermaydi. Nega chiqmayapti, bir narsa boʻldimikan degan xavotirda yigʻlashga tushdim. Qattiq qoʻrqib ketganman oʻshanda. Allamahaldan keyin qaytib chiqqan. Men yigʻlayverib, koʻzim qizarib ketgan. “Iye, qoʻrqib ketdingmi, xola?” deb burnimdan chimchib, erkalab qoʻygani hech esimdan chiqmaydi. Yana bir pushti roʻmolim bor edi, sariq nuqtachalari bor. Onam olib bergandi. Haligi roʻmolni mashina oynasidan pastga osiltirib oʻynayotsam, bir loʻli xotin kelib qoʻlimdan tortib olib ketib qolgan. Oʻshandayam rosa yigʻlaganman. Otam kelgach, “roʻmolimni loʻli olib qoʻydi” deb shikoyat qilganman. “Qizim, senga roʻmollarning eng yaxshisini oberaman” deb yupatgan.

Maktab

Shunday qilib, maktab yoshiga ham yetib qoldik. Hamma maktabga piyoda borsa, otam bizni har kuni mashinada oborib qoʻyardi. To eshikdan kirib ketgunimizcha orqamizdan qarab turadigan odati bor edi. Qaytishda onamiz eshik yonida kutib olardi. Biz ota va onaning muhabbati ogʻushida oʻsganmiz. Eslashga arzigulik bir talay ana shunday goʻzal xotiralarimiz bor.

Esimda, oʻquvchilik yillarimiz oʻzimizga tegishli turli masalalar bilan otamizni bezovta qilmaganmiz, chunki hazratning koʻp ishlaydigan paytlariga toʻgʻri kelgan u damlar. Otam muftiy, deputat boʻlgan yillarda toʻqqiz yoshda edim. Yumushi koʻpligi bois biror muammomiz chiqib qolsa ham koʻproq onamiz bilan hal qilganmiz, onamiz bilan dars qilganmiz. Lekin doim oʻqishimizni oʻzi nazorat qilib, tekshirib, aʼlo baholarimizni shirin soʻzlari bilan olqishlab, ragʻbatlantirib qoʻyishni kanda qilmasdi. Arabiydan ilk savodimizni hazratning oʻzi chiqargan, “Muallimi soniy”ni otam oʻrgatgan. Boshlangʻich diniy taʼlimni ham otamizdan olganmiz. Oʻzi Liviyada oʻqigani bois safardan qaytganida arabcha kitoblarni ham keltirgandi. Shu kitoblarning ichida “Anbiyolar qissasi”ning arab tilidagi varianti bor edi. Hali oʻzbekchaga tarjima qilinmagan. Kitobni oʻqib, oʻzi tarjima qilib berardi. Kitob men uchun juda qadrli edi. Kitob orqali paygʻambarlar hayotiga qiziqishim uygʻongan. Kitobni oʻqib, javonning tepasiga qoʻyib qoʻyardi. Oʻqib berishini har kuni orziqib kutardim. Albatta vaqt ajratib, oʻqib berardi.

Buloqboshilik buvim

Andijonlik bobo-yu buvimiz judayam boshqacha insonlar edi. Bolaligimizning eng shirin xotiralari ham ular bilan bogʻliq. Buloqboshidagi bobomning hovlisi juda katta edi. Hovlining etagida koʻp qoʻy-qoʻzilari boʻlardi, shunga yarasha buvimizning ham yumushlari sira tugamasdi. Tomorqasiga gul, turli ekinlar ekardi, jonivorlarga yemish berardi, xullas, tinmasdi. Bobomga qarardi. Buvim hamma ishlarni joy-joyida qilishga odatlangan edi. Hovliga kirib borarkanmiz, buvimning oʻzidan oldin ovozi kelardi. Katta otamizning ham, buvimizning ham ovozlari qoʻngʻiroqday jarangdor edi. Hovlining etagidan “Hoy, kimlar keldi, qarang-a, oʻzim oʻrgilay, bolalarim kelibdi, aylanib ketay” deb qarshi olardi. Uzoqdan erkalab-erkalab kelib, qalampirmunchoq ifori taralib turgan bagʻriga qattiq bosib quchoqlardi. Mehrining taftidan erib ketardik hisob. Oʻsha ifor haliyam yodimda, axir bu ifor menga bolaligimni eslatadi-da. Buvim boshimizni, yuzimizni koʻp silardi. Qoʻllari juda taftli edi, goʻyo yuragidagi mehri qoʻllariga koʻchganday.

Qachon bormaylik, buvim alohida kichkina xaltachaga yongʻoq, qand-qurs va shirinliklar solib, chiroyli lentacha bilan bogʻlab yo boʻlmasa, koʻylakmi, roʻmolmi bizga hadya qilardi. Dasturxon boshiga oʻtirishimiz bilan quvonib haligi narsalarni opchiqib berardi. Ota-onamizgayam hadyalari boʻlardi. Hech qachon bizni quruq qaytarmasdi. Katta otam ham bozorga olib chiqardi. Hamma narsamiz bor desak ham, mening hadyam boshqacha derdi. Bozorga borganimizda mening bolalarimga eng aʼlosidan bering deb uch marta takrorlardi. Har bir gapini uch marta takrorlaydigan odati bor edi. Savdogarlar ham hoji ota deb juda hurmatlab, eng aʼlosidan koʻrsatardi. Yoqqanini tanlab, uyga xursand boʻlib qaytardik.

Oliy dargoh

Institutda oʻqiganimda otam juda katta koʻmak bergan, yonma-yon oʻtirib birga oʻqiganmiz desam ham boʻladi.

Koʻpchilikka ayon, baʼzi sabablarga koʻra yurtdan uzoqda yashashimizga toʻgʻri kelgan. Bir yil Saudiya Arabistonida istiqomat qilganmiz. Maktabimiz hali nihoyasiga yetmagan edi. Otam u yerdagi maktablarni yaxshilab tekshirib, oʻrganib, bizni oʻqishga bergisi kelmagan. Bir yil oʻtgach Liviyaga ketdik. U yerga borganimizdan soʻng oʻqishga kirganmiz. Dastlab ikki yil tayyorlov kurslarida oʻqib, undan keyin institutga hujjat topshirdik. Darslarning hammasi arab tilida, oʻqish, yozish, imtihonlar ham toʻliq arabiyda boʻlgani bois dastlabki yillar qiyinchilik boʻlgan. Bundan tashqari, kursdoshlarimga nisbatan yoshroq boʻlganman. Otamdan doim bilmaganlarimni soʻraganman, hech vaqtini ayamasdan yordam bergan. Koʻpchilik yordam berish deganda aytib berishni tushunadi. Dars qilayotganda bolaga javobini, xulosasini aytib bersa, yo boʻlmasa bolaning oʻrniga yozib bersa, shuni yordam berish deb tushunishadi. Lekin hazratning uslubi boshqacha edi, oʻzimizni ishga solardi, fikrlashga oʻrgatardi. Darslardan qiynalib, yigʻlagan paytlarim ham boʻlgan. Yoshlikda har bir odam oʻzini toʻgʻri deb oʻylaydi, baʼzi masalalarda shoshib xulosa chiqaradi. Bizda ham shunday vaziyatlar boʻlgan. Xafa boʻlib, otam darslarimga qarashmayapti deb onamga shikoyat qilgan paytlarim ham boʻlgan. Lekin ulgʻaygach, hazratimizning tutgan yoʻli, oʻrgatish uslubi, bizga boʻlgan munosabati eng toʻgʻrisi ekanini tushundik. Endi bilsam, eng katta yordamni otam bergan ekan. Ilmning mashaqqatini totishni, mustaqil izlanishni va yoʻlda qoqilmasdan yurib ketishimizni oʻrgatgan ekan. Olgan bilimlarimizning barchasi bugun asqotayapti. Ilmga oʻzni fido qilib ishlashni otamizdan oʻrganganmiz.

Omina

Singlim tugʻilganida men oʻn uch yosh boʻlganman. Aka-ukalarim koʻp boʻlishini istaganman. Uka olib keling deb onamniyam hol-joniga qoʻymaganman. Esimda, har yakshanba buvijonimnikiga borishni sabrsizlik bilan kutardim, togʻalarimning bolalarini oʻynatardim. Qaniydi, oʻzimning ham ukam boʻlsaydi deb oʻylardim.

1992-yili, oʻn ikkiga toʻlganimda haj qilishga muyassar boʻlganmiz. Muqaddas dargohda turib birgina duo qilganman – “Ollohim, menga uka yoki singil ber” deb. Alhamdulillah, shundan keyin Ominaxon tugʻilgan. Uni orziqib kutganmiz. Koʻzimizning quvonchi edi bu qiz. Singlim tavallud topganda otam juda xursand boʻlgan, tugʻruqxonaga borib onamizga hadya bergan. Oʻsha yillari otam muftiy lavozimida ishlar edi. Onamiz meni va singlimni sal bemorchilik bilan dunyoga keltirgani bois hazrat koʻp ehson chiqarib, qurbonlik qilgan. Omina eng kenjamiz, erkatoyimiz boʻlgani uchun otam tabassumsiz u kishiga qaramasdi. Singlim otamizning kayfiyatini koʻtarib turuvchi bir yupanch edi. Biz bilan ancha jiddiy muomala qilib, ish borasida gaplashgan boʻlsa, singlimni gapirtirib, kulib, quvonib oʻtirardi. Haqiqatan Ominaxonni Ollohim bizga bir yupanch, quvonch qilib bergan ekan, u tugʻilgandan keyin uch-toʻrt oy ichida yurtdan chiqib ketganmiz. Vatandan yiroq boʻlganimizda, uzoq safarlarda yurganimizda Omina bizga haqiqiy quvonch boʻlgan.

Iztirob

Vatandan yiroqda yashaganimizda otamning dardini toʻliq his qilolmaganmiz deb oʻylayman. U paytlari bola edik. Hozir xotiramda qolgan oʻsha kunlarni qayta esga oladigan boʻlsam, otamizga oson boʻlmaganini anglayman. Birdaniga ishlar teskari ketib, elga tanilgan odam vatandan yiroq kunlarini katta sabr bilan oʻtkazgan. Qiyinchiliklar choʻqqiga chiqqan mahaldayam hazratning oʻta buyuk sabri, matonatini koʻrganmiz. Ilojsiz vaziyatlarda ortiqcha gap gapirmasdan, boshini egib, Ollohga qalbi bilan bogʻlanar edi. Eng qiyin damlarda ham zikr aytayotgan holatda koʻrganman otamni.

Hazrat doim nimaningdir tashvishida, gʻamida yurgan boʻlardi. Qalbidan nimalar oʻtganini bilmasdim, lekin endi oʻylasam, qayerda boʻlmasin dinning tashvishida, ummatning gʻamida boʻlgan ekan. Fikri-zikri shunda ekan.

Buvimning vafotidan soʻng otam juda gʻamga botdi. Shunda otamning dardini ich-ichimdan his qilganman. Bir kuni uyning derazasidan qarab tursam, otam daraxtning oldida juda oʻychan oʻtiribdi. Qattiq iztirob chekayotgani koʻrinib turardi. Otam ich-ichidan qiynalayotgan edi. Keyin uyga kirib yigʻlaganida oldiga borib yupatgim keldi.

– Ota, yigʻlamang, – dedim.

Shunda otam:

– Qizim, boshimni silagin, sening qoʻllaring onamning qoʻliga oʻxshaydi, – dedi.

Boshini silar ekanman, koʻproq yigʻladi. Otamni yupatishga chogʻlanganimda onamning ishorasi bilan (toʻyib-toʻyib yigʻlab olsin degan maʼnoda) indamaganman. Oʻshanda toʻyib yigʻlab olgan. Buvimiz doim farzandlarining boshini silardi. Shuning uchunmi, otam buvimning qoʻllarini koʻp qoʻmsardi. Sogʻinch ustun kelgan paytlari biz qizlariga aytib boshini silatardi.

Tartib

Otam tartib-intizomda bizga ham, oʻziga ham oʻta talabchan edi. Boshlagan ishni oxiriga yetkazish shart edi. Otam qattiqqoʻl emas, lekin gaplari keskin boʻlardi. Achchiqlanganini nazaridan sezardik. Otamning qoʻl koʻtarganini eslolmayman. Har qanday vaziyatda ham bosiqlik bilan nasihat qilgan. Eng yomon gapi “oʻqimagan” yoki “esi yoʻq” boʻlardi. Undan ortigʻini gapirmagan. Esimda, akam yoshlik paytlarida uyga kech qolsa, tartibni buzgani uchun eshikni yopib qoʻyardi. Akam buni tanbeh oʻrnida qabul qilgan. Qizlarning ham xatti-harakati shariatga zid boʻladigan boʻlsa, qattiq jahli chiqar edi. Qolaversa, shaxs sifatida shakllanib, kamol topishimizni istardi. Qiz bola uy yumushlarini eplasa boʻldi degan fikrdan yiroq edi. Ilm olishga, oʻz ustimizda tinimsiz ishlashga ragʻbat bergan, kezi kelsa yordam bergan. Har kuni ertalab qoʻngʻiroq qilib hisobot topshirishni kanda qilmaganmiz. U kishi ham “Nima qilding, qaysi ishingni uddalading, qaysi ishingni bitirding?” deb har kuni soʻrashdan erinmagan, bajarmagan boʻlsak, albatta koyish eshitganmiz. Agar oʻzi biror topshiriq bergan boʻlsa, albatta nazoratga olardi.

Talabalik davrlarimizda ham har kuni darsga borgan-bormaganimizni soʻrardi, bormaslik mumkin emas edi. Dars boʻlmasa ham, bitta oʻzingga dars oʻtsa ham sinfda oʻtir der edi. Balki maʼlumot ololmassan, lekin oʻzing tartibga tushasan deb koʻp aytardi. Biz shu tartibni bajarganmiz.

Hatto farzand tarbiyasida ham bolani kichikligidan tartibga solishni tavsiya qilgan. Mabodo, farzandlarimizni tushunmay qolsak, hazrat bosiqlik bilan, bekorga onalarga katta ajr berilmaydi, farzandingizga sabrli boʻling deb sabrga chaqirardi. Nabiralarining har biriga alohida munosabat qilardi, oʻgʻil bolalarga sal qattiqroq tursa, qiz nabiralarini “xola” deb erkalab chaqirardi. U kishining nabiralari bilan alohida koʻrishadigan vaqtlari bor edi, kichik yoshdagi qiz nabiralari sheʼrlar, qoʻshiqlar aytib hazratning koʻnglini koʻtarar edi. Bundan xursand boʻlib ularga hadyalar berib, mehrini izhor qilgan.

Ilmli ayol

Hazratim ilmni diniy va dunyoviyga emas, foydali va foydasizga ajratardi. Bugun biz dunyoviy deb mezonga solayotgan ilmlarni u kishi doim muhim hisoblagan. Jamiyatni ilmli qilishda ayollarning oʻrni beqiyosligini doim taʼkidlagan. Qaysi sohada boʻlmasin, oʻqigan qizlarni koʻrsa juda quvonardi. Boisi hazrat uchun eng asosiy oʻlchov oʻqish boʻlib, kimnidir maqtasa ham, koyisa ham “oʻqigan” yo “oʻqimagan” sifatini berardi. Agar bir ayol Qurʼondan bir pora yodlagan boʻlsa, tahorat va namoz ahkomlarini oʻrgangan boʻlsa ham, katta yutuqqa erishibdi der edi. Bundan tashqari oʻzi ham kitob borasida ayollar bilan ishlagan. Har bir hunari bor ayolni jamiyatga foydasi tegayapti, juda yaxshi ish qilayapti deb eʼzozlab gapirardi. Oʻzim ham bolamni katta qilib olay deb biror ishimni yakunlamasam, faqat sen emas, hammayam bolali boʻlayapti, ishingni qoldirma deb qattiqroq talab qilardi. Men haqimda boshqa odamlarga gapirganida esa “quchogʻiga bolasini olib ilmiy ishini qilayapti, barakalla” deb alqab qoʻyardi.

Farzand sifatida eng katta yutugʻimiz shunda boʻlganki, u kishi doim bizni ragʻbatlantirgan. Qanday muvaffaqiyatga erishmaylik, xoh kichik, xoh katta boʻlsin, albatta shirin lutfi yoki jilmayishi bilan mehnatimizni qadrlagan. Ilmiy darajaga erishganimizda ich-ichidan oʻta xursand boʻlgan. Otam katta bir neʼmatga yetishganida Ollohga boʻyin eggan holda albatta shukronasini keltirardi. Qurʼonni yodlab kelganimizda ham oʻzimizga aytmagan boʻlsa-da, boshqalarga faxr bilan gapirganini eshitganmiz. Esimda, Qurʼonning bir juzini yodlab kelsak, “Ie, mashalloh, tugatdingmi, endi bugun bitta osh ekan-da?” der edi. Shunday deyishini juda yaxshi koʻrardim, biz uchun bu katta ragʻbat edi. Qurʼoni karimni toʻliq yodlab boʻlganimda safarda edi. Eshitgan zahoti menga qimmatli hadya olib safardan qaytgan. Oʻsha hadyani asrab qoʻyganman, goʻzal xotira boʻlib qolgan.

Oʻqishni Misrda davom ettirmoqchi boʻldim. Mavzumda ikkilanganimda, “Yoʻq, qiyinchilik boʻlsa ham oʻqish kerak, qizim” deb yoʻl koʻrsatgan. Haqiqatan ham otam koʻrsatgan yoʻldan yurganim uchun katta natijalarga erishganman. Otamdan umrbod minnatdorman.

Otam tirik boʻlganida…

Agar otam tirik boʻlganida koʻproq yonida boʻlishga harakat qilardim. U kishidan oʻrganadigan, eshitadigan narsalarimiz koʻp edi. Hayotlik chogʻida koʻproq soʻrab oʻrganmagan ekanman deb oʻylayman. Lekin har bir ishda hikmat bor, fikrimcha, otamning farzandlar bilan koʻproq vaqt oʻtkazganidan koʻra xalqning xizmatida, ummatning xizmatida boʻlgani foydaliroq edi va bu menga taskin beradi. Faqat bitta nadomatim borki, hazratim hayot payti oʻzidan soʻrab umr yoʻllarini yozib yoki boʻlayotgan jarayonlarni kundalikka tushirib qoʻymagan ekanman. U kishining ibratli hayot yoʻli katta bir kitobga sigʻmasa kerak. Otam keksayib, biroz charchab qolganida oyoqlarini uqalab, koʻnglini soʻrab, biroz dam bermagan ekanmiz deb ham oʻylayman. Ammo bu inson mehnatda chiniqqan edi. Endi bilsam, shu mehnatdan rohatini topgan ekan. Hazratim juda samarali, barakali umr koʻrdi. U kishining yutugʻi, baxti soliha ayolida, yaʼni onamizda boʻlgan. Onamiz hazratimga juft boʻlishidan oldin olimning oilasida ulgʻaygan. Onamning otasi, bobomiz otamning ustozi boʻlgan. Shogirdlarining ichidan otamni oʻzi kuyovlikka tanlagan. Oralaridagi mehr-muhabbat shu qadar kuchli boʻlganki, akam tugʻilganida otam qaynotasi, yaʼni ustozining ismini bergan. Ismoil deb atagan.

Onam ham buvimning olimga qanday xizmat qilganini koʻrib, tarbiya topgani bois otamning xizmatida qiynalmagan. Otamning hamma ishlari uydan boshlangan, shogird tarbiyalash deysizmi, kitob chiqarish deysizmi… Onam hamma sharoitni yaratishga harakat qilardi va doimo otamning vaqti bilan hisoblashardi. Har bir ishning vaqti boʻlgani bois katta-yu kichik shu tartibga boʻysunardi. Ayniqsa, safarga otlansa, onamiz alohida, qattiq tayyorgarlik koʻrardi. Xullas, onamiz hazratimning har bir kerakli yumushini chin dildan bajarardi.

Vidolashuv oni

2015-yili 10-mart…

Oxirgi besh yil ota hovlimizga yaqin joyda yashadik. Har kuni ertalab yumushga ketarkanmiz, otamizning ziyoratiga chiqardik. Besh-oʻn daqiqa suhbatlashib, katta maʼnaviy quvvat olib, ishimizga otlanardik. Hazratning qabuliga boshqa suratda kirib, boshqa suratda chiqib ketardi odam. Har kuni huzuriga bir marta kirgan boʻlsam, oʻsha kuni (esimda, seshanba kuni edi) ikki marta kirdim. Bir kun oldin ishxonadagi ishlarimizda kuzatilayotgan baʼzi holatlardan sal ranjib qolgandim. Hazrat vaziyatni ancha mulohaza qilgan shekilli, xafa boʻlib qolganim uchun  koʻnglimga qarashga harakat qilgan. Oʻsha kuni ish haqida koʻp gaplashdik, saytlar ishi va kitob nashri avj pallasida edi. Keyin yana ruhiy tarbiya, tasavvuf, ustoz va shogird orasidagi munosabatlar haqida suhbatlashdik. Hazrat bilan oxirgi suhbatimiz shu boʻlgan. Chiqib ketar ekanman, qayta-qayta ortimga qaragim kelavergan. Eshik boshdan oxir oynavand edi, ortga oʻgirilsam, shunday goʻzal tabassum bilan qarab turgan ekan. Koʻzlarimiz toʻqnashdi, avvalgidan-da chiroyli qaradi. Ketdim. Ishga shoʻngʻidim, yumushlar bilan ovora boʻldim. Va kechqurun meni larzaga solgan xabarni eshitdim.

Otamning oʻsha goʻzal surati koʻzim oldida. Har dam hazratimni ana shu goʻzal suratda eslayman. Olloh rahmatiga olsin!

Odinaxon Muhammad Sodiq xotiralarini

Guljahon Namozova oqqa koʻchirdi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Hazratimni shunday eslayman” xotiralari