Bugungi oddiy bolalar oʻyinchogʻi boʻlgan qoʻgʻirchoqlar ming yillik tarixga ega. 

Qoʻgʻirchoqlar insoniyat tarixida minglab yillar davomida muhim oʻrin tutgan. Dastlab ular diniy marosimlarda ishlatilgan yoki bolalar uchun oʻyinchoq sifatida yaratilgan. Ilk qoʻgʻirchoqlar loy, yogʻoch, moʻyna, mato va suyak kabi tabiiy materiallardan tayyorlangan.

Qadimgi Misr maqbaralaridan miloddan avvalgi 2000-yillarga oid yogʻoch va sopol qoʻgʻirchoqlar topilgan. Ularning qabrlarga qoʻyilishi bu buyumlar qadrlanganidan dalolat beradi. Qadimgi Yunoniston va Rimda esa qizlar ulgʻaygach, yogʻoch qoʻgʻirchoqlarini maʼbudalarga nazr qilishgan. Miloddan avvalgi 600-yillarda qoʻl-oyoqlari harakatlanadigan va kiyimlari yechiladigan qoʻgʻirchoqlar ham yaratilgan.

Keyinchalik Yevropa qoʻgʻirchoq ishlab chiqarish markaziga aylandi. Dastlab yogʻoch keng qoʻllanilgan boʻlsa, XIX asrda qogʻoz va yogʻoch massasidan tayyorlanadigan kompozitsion materiallar ommalashdi. Ulardan mustahkam va koʻp miqdorda ishlab chiqarish mumkin boʻlgan qoʻgʻirchoqlar yasalgan.

XVII–XIX asrlarda mumdan tayyorlangan qoʻgʻirchoqlar ham mashhur boʻldi. Ularni maxsus qoliplarga eritilgan mum quyish orqali yasashgan. XIX asrda esa chinni qoʻgʻirchoqlar keng tarqaldi. Ayniqsa, teriga oʻxshash koʻrinishga ega bisque chinnisidan tayyorlangan qoʻgʻirchoqlar katta shuhrat qozondi.

Fransiyada XIX asrning ikkinchi yarmida yaratilgan bébé qoʻgʻirchoqlari yosh qizaloqlar qiyofasini aks ettirgani bilan ajralib turgan. Fransuz qoʻgʻirchoqlari nafisligi bilan mashhur boʻlsa, arzonroq nemis qoʻgʻirchoqlari ham keng ommalashgan. XX asr boshlarida ishlab chiqaruvchilar yanada hayotiy va oʻziga xos qiyofaga ega qoʻgʻirchoqlar yaratishga intila boshladilar.

Mato qoʻgʻirchoqlar esa asrlar davomida onalar tomonidan farzandlari uchun tikilgan. XIX asrning 1850-yillarida Angliya va Amerikada ularni sanoat miqyosida ishlab chiqarish boshlandi. Sodda koʻrinishiga qaramay, bunday qoʻgʻirchoqlar bolalarning sevimli oʻyinchoqlaridan biri boʻlgan.

Amerikada qoʻgʻirchoq ishlab chiqarish XIX asrning ikkinchi yarmida sanoat darajasiga koʻtarildi. Yogʻoch, mato, charm va rezinadan tashqari, selluloiddan ham foydalanila boshlandi. Biroq uning tez alangalanuvchanligi sababli bu material keyinchalik oʻz ahamiyatini yoʻqotdi.

Birinchi jahon urushidan keyin plastmassa qoʻgʻirchoqlar ishlab chiqarishda keng qoʻllanila boshladi. 1940-yillarda qattiq plastmassadan, 1950–1960-yillarda esa 2 vinil va boshqa zamonaviy materiallardan qoʻgʻirchoqlar tayyorlandi. Vinil soch tolalarini bevosita qoʻgʻirchoq boshiga joylashtirish imkonini berib, ularning tashqi koʻrinishini yanada tabiiylashtirdi.

Bugungi kunda qoʻgʻirchoqlarning aksariyati zamonaviy materiallardan ommaviy ravishda ishlab chiqariladi. Shunga qaramay, koʻplab hunarmandlar yogʻoch, mato, mum va boshqa anʼanaviy materiallardan foydalanib, noyob kolleksion qoʻgʻirchoqlar yaratishda davom etmoqdalar.

Xulosa qilib aytganda, qoʻgʻirchoqlar oddiy oʻyinchoq boʻlish bilan birga, turli davrlarning madaniyati, sanʼati va hunarmandchiligini aks ettiruvchi tarixiy meros hamdir.

Eʼzoza OBIDJONOVA tayyorladi.