Oyina.uz bugungi oʻzbek zamonaviy sanʼati qanday yaratilayotganini ijodkorlarning oʻzi va ularning ish jarayonlari orqali koʻrsatishni maqsad qilgan “Ichkaridan” nomli maxsus suhbatlar loyihasini davom ettiradi.
Loyihaning navbatdagi qahramoni – “Paradoks”, “Nostalgiya”, “Mif” kabi noodatiy koʻrgazmalari orqali jamiyatning ogʻriqli nuqtalariga oyna tutib kelayotgan rassom Elnur Egamov. U suhbatda zamonaviy oʻzbek tasviriy sanʼatining bugungi holati, tizimdagi muammolar haqida soʻzlab berdi.
Rassomni izlab
Rassom bilan suhbatlashish uchun shahar markazidan biroz uzoqlashib, Qoʻyliqqa – “Turon” kutubxonasi filialida joylashgan ustaxonasiga yoʻl oldik. Kutubxonaning ikkinchi qavatidagi nimqorongʻi zal oralab kichik xonaga kiramiz. Ish qurollari sochilib yotar, devorlardagi kartinalarni esa rassom qutilarga joylardi. Elnur Egamov biroz horgʻin, shu bilan birga koʻzlarida nimadandir umid bor.
Foto: Xolida MUSULMON
Buning sababi koʻp oʻtmay ayon boʻldi — rassom oʻzining eng muhim asarlari yaratilgan ustaxonasi bilan xayrlashmoqda, keyingi manzil esa hozircha nomaʼlum. Ana shunday pallada Elnur Egamovdan zamonaviy tasviriy sanʼat, ijodiy izlanishlar va bugungi oʻzbek rassomining hayoti haqida eshitamiz.
Ustaxona bilan xayrlashuv
Iyul oyida toʻrt yildan beri ijod qilayotgan ustaxonamdan chiqishimni aytishdi. Bino Madaniyat vazirligi tasarrufiga oʻtayotgan ekan. Ijaraga joy izladim, lekin narxlar kutubxonaga toʻlayotganimdan bir necha barobar yuqori. Ijod biznes yoki ishlab chiqarish emaski, “foydasi tez qaytadi” deb yuqori ijara puli bilan tavakkal qilolsam.