80-yillar, bolalik davrimizda “qoʻnuq” soʻzi bizning shevada koʻp ishlatilardi: “Falonchining uyiga qoʻnuq tushdi”, “Falonchining uyidagi mehmonlarga qoʻnuq bering”. Bu kabi xitoblarni asosan toʻylarda eshitish mumkin edi, chunki oʻsha davr toʻylarida uzoqdan kelgan yoki alohida eʼtiborda boʻlgan mehmonlar uchun toʻyxonadan tashqari qoʻni-qoʻshni, yaqinlarning uylarida alohida ziyofat berilar va bu mehmonlar guruhiga nisbatan “qoʻnuq” (“qoʻnoq”) maqomi qoʻllanardi (“Falonchining uyiga qoʻnuq tushdi”). Mehmonlar dasturxoniga qoʻyish uchun yemaklar, biror ovqat qilish uchun masalliq, goʻsht, non, aroq kabi mahsulotlar bir tugunga tugilib toʻyxonadan keltirilardi. Shunday qilib, oʻsha paytlarda toʻyga oid atamaga aylanib ulgurgan “qoʻnuq” soʻzi ikki maʼnoda: birinchisi, toʻyxonadan boshqa xonadonga tushgan mehmonlar guruhi; ikkinchisi, ular uchun toʻyxonadan keltiriladigan yemaklar tuguniga nisbatan aytilardi.
Keyinchalik toʻylarning shakli oʻzgardi. Oqibatda “qoʻnuq” ham isteʼmoldan chiqib qoldi. Bu soʻzning adabiy tildagi “qoʻnoq” shaklini bilamiz. Ammo bu soʻz kitobiy tuyulgani uchun mahalliy soʻzlashuv tilimizga koʻchmadi. Shunday qilib, soʻzlashuv tilimizda “qoʻnuq”dan ham, “qoʻnoq”dan ham voz kechib, asli forscha “mehmon”ni saqlab qoldik.
“Qoʻnuq” – aslida adabiy tildagi “qoʻnoq”ning qadimiy koʻrinishi, Koshgʻariy bobomiz ham “Devonu lugʻotit-turk”da aynan shu shaklda keltiradi: “قُنُقْ qonuq – mehmon. Sheʼrda shunday kelgan:
Bardї ӭrän qonuq,
Bolub qutqa saqar,
Qaldї alїg‘ ujuq
Köroʻb ӭwnї jїqar.
Maʼnosi: Mehmonni baxt deb hisoblovchi erlar oʻtib ketdi, sharpani sezsa, kirib qolmasin deb chodirini buzadiganlar qoldi (“Devonu lugʻotit-turk”. I tom. T.: 1960. 365-bet).
“Devon”da boshqa bir oʻrinda esa “qoʻnuq” soʻzi “mehmon” emas, ikkinchi maʼnoda, yaʼni “mehmonga beriladigan ziyofat” maʼnosida qoʻllangan: “Qїsh qonuqi oʻt (Qishning ziyofati oʻt (olov) dir)” (“Devonu lugʻotit-turk”. I tom. T.: 1960. 320-bet). Demak, ming yil oldin ham bu soʻz ikki maʼnoda va aynan shevadagi kabi “qoʻnuq” shaklida qoʻllangan.
Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asarida “mehmondorchilik” maʼnosida bir oʻrinda “qonuqluq” soʻzi ishlatiladi: “Telim tүrlүg-ul qonuqluq ashi (Bu mehmondorchilik oshi koʻp turlidir)” (“Qutadgʻu bilig”. T.: “Fan”. 1971. 682-bet).
Buni qarang, bu soʻz, ming yil oldin Koshgʻariy va Yusuf Xos Hojib bobolarimiz qanday shakl va maʼnolarda qoʻllagan boʻlsa, shevada aynan shu shakl va maʼnolarda to bizgacha yetib kelgan. Bizning avlod – bu soʻzni ayni shu shakl va maʼnolarda qoʻllagan soʻnggi avlod boʻlib qoldi, afsus.
“Qoʻnuq” va shu kabi koʻplab soʻzlar “qoʻnmoq” feʼlidan yasalgan, ammo keyingi paytlarda bu feʼlning maʼno koʻlami torayib, hozirda asosan qush, uchoq kabilarning uchib kelib qoʻnishiga nisbatan ishlatilmoqda. Ilgari esa bu feʼl shu bilan birga: “biror joyda yerlashmoq, joylashmoq, koʻchib kelib qoʻnmoq” kabi maʼnolarda ham keng qoʻllanilgan. Xususan, “Devon”da bu feʼl shunday izohlanadi: “qondї – qoʻndi, biror narsaga joylashdi. Qush qondї – qush qoʻndi, biror narsaga joylashdi. Buḋun qondї – qabila (biror yerga) koʻchgandan soʻng qoʻndi” (“Devonu lugʻotit-turk”. III tom. T.: 1963. 201-bet).
Tilimizdagi bir qancha soʻzlar “qoʻnmoq” feʼlining aynan ana shu: “joy oldi”, “yerlashdi” maʼnolari asosida yasalgan.
QOʻSHNI – bu soʻz ham “qoʻnmoq” feʼlidan “qoʻn+shi” shaklida yasalgan boʻlib, keyinchalik “n” va “sh” tovushlari almashinuvi sodir boʻlgan. “Devonu lugʻotit-turk”da har ikkala shakli keltiriladi: “Qoshnї – qoʻshni. Oʻgʻuzlar “n” harfini “sh” harfidan oldin qoʻyib “qonshї” deydilar. Har ikkisi ham qoidaga mos va toʻgʻridir” (“Devonu lugʻotit-turk”. I tom. T.: 1960. 408-bet). Navoiy ham bu soʻzni “qoʻshni” emas, “qoʻngshi” shaklida qoʻllaydi. Demak, “qoʻshni” soʻzining lugʻaviy maʼnosi: “yonma-yon qoʻngan, yaʼni yerlashgan, joylashgan”, deyish mumkin. QOʻNI-QOʻSHNI deganda esa mazkur feʼldan yasalgan ikki soʻz “qoʻnuq” va “qoʻshni” ishtirok etadi: aslida QOʻNUQ-QOʻSHNI – keyinchalik QOʻNI-QOʻSHNIga aylangan. Shuningdek, tilimizda “qoʻnim topmoq”, “qoʻnimsiz”, “qoʻnolgʻa” kabi ibora va soʻzlar mavjud.
Mahmud Koshgʻariy “Devon”da mazkur oʻzakdan yasalgan “qonum” soʻzini “urug‘-aymoq” maʼnosida keltiradi. “Qutadgʻu bilig”da esa Yusuf Xos Hojib “oʻrin, joy” maʼnosida – “qonut” soʻzini qoʻllaydi (“Yanuti bayat bergә eḋgү qonut” – “Evaziga Tangri ezgu oʻrin (jannat) beradi”. “Qutadgʻu bilig”. T.: “Fan”. 1971. 668-bet).
“Devon”da, shuningdek, “qoʻnuq” otidan yasalgan qator soʻzlar ham keltiriladi: “qonuqladi – mehmon qildi, qonuqluq – mehmondoʻstlik, qonuqluq ev – mehmonxona” va hokazo.
“Oʻzbek tilining izohli lugʻati”da ham: qoʻnoq (mehmon), qoʻnoqxona (mehmonxona), qoʻnoqlamoq (tunash uchun qushlarning qoʻnolgʻaga chiqishi yoki safardagi kishining biror joyda tunashi) kabi soʻzlar keltirilgan, ammo, afsuski, bu soʻzlar ham keyingi paytlarda isteʼmoldan chiqib bormoqda. Ularga qayta hayot baxsh etish esa siz-u bizga bogʻliq.
Abduvohid HAYIT