22-iyul kuni Qo‘qon shahridagi 23-maktabda “Qo‘qon shahridagi oliy va professional ta’lim, maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini tizimli tashkil etish, muammolar va ularni bartaraf etish, istiqboldagi rejalar” mavzusidagi o‘quv-seminari o‘z ishini boshladi.

Seminarni Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov ochib berdi.

– “Mahalla–maktab–professional ta’lim muassasasi-oliygoh” zanjirini yaratishimiz lozim, - dedi Q. Sharipov. – Shu boisdan ma’naviy-ma’rifiy, ta’lim va tarbiya sohasida “Qo‘qon tajribasini” yo‘lga qo‘yib, respublikamizning barcha ta’lim muassasalariga joriy etamiz.

Besh kun davom etadigan mazkur o‘quv-seminari Qo‘qon shahridagi oliy va professional ta’lim tashkilotlari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lib, unda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Farg‘ona viloyati hokimligi mutasaddilari, oliy, professional va o‘rta ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdilar.

Ta’kidlash joizki, Qo‘qon shahrida 4 ta oliy ta’lim muassasalari hamda 8 ta professional ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda.  Mazkur ta’lim muassasalari yoshlarni oliy ma’lumot olishlari va kasb-hunar egallashlari uchun tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan.