Kelur avlod davri oʻziga xos...

Bu nomni ilk bor maktab yillarimda – Nodira, Uvaysiy, Mahzuna, Dilshodi Barno kabi otin ijodkorlar qatorida eshitgandim. Bugun uning achchiq haqiqat va falsafa bilan toʻyingan sheʼrlarini oʻqirkanman, millatning erkka tashnaligi, ilmga chanqoqligi, haqsizlikka nafratiyu, adolatga ragʻbatini ich-ichimdan his qildim. Ha, u oʻz zamonasining alohida hodisasi, uygʻoq ovozi, ayol jadidasi edi. 

Anbaroyni oʻz maktabiga qabul qilgan Dilshodi Barno oʻzining “Tarixi muhojiron” asarida shunday yozadi:

“Anbaroy bugʻdoyrang, sunbul sochli, ohu koʻz, oy yuzli, axloqi hamida va odobi pisandida sohibidur. Bu sakkiz yashar qizcha yoshligiga qaramay, hazrati Navoiy gʻazallarini oʻrganishga behad qiziqadi. Bu ojiza sakkizdan oʻn toʻrt yoshgacha odob taʼlimiga mashgʻul boʻldi. Umidim borki, bu qizcha katta shoira boʻlgʻusi”.

Bu bashorat chindan oʻzini oqladi. Anbar Otinning otasi Farmonquli mashhur shoira Jahon otin Uvaysiyning jiyani ekanini inobatga olsak, ildizlar daryolarga tutashgani ayon boʻladi. Agar mendan millat erki va maʼrifati uchun qaygʻurgan ayollarning kimligi soʻralsa,  shak-shubhasiz Anbar otinni oldingi saflarda sanagan boʻlardim. Bunga shoirning kelar zamon haqidagi qarashlari, xotin-qizlar haq-huquqi, taʼlim va tarbiya, ijtimoiy tanqid, yangi maktablar borasidagi qarashlari, “Qoralar falsafasi”dagi xulosalari yaqqol misoldir. 

Taʼlim va tanqid

Avvalo Otin ishtibohiga toʻxtalsak. Bu nisba Uvaysiy, Dilshodi Barnoda ham bor. Umuman, xalq savodli, ziyoli ayol oʻqituvchilarni, din va shariat bilimdonlarini shunday ataydi. Anbar Otin ham turli marosimlarda, xotin-qizlar gurunglarida ularning iltimosiga binoan nutq soʻzlar, mumtoz va zamona shoirlarning asarlarini katta mahorat bilan oʻqib berardi. Deyarli savodsiz mahalla ayollari shundanmi, uni “otin” deb atashardi. Bora-bora bu maqom Anbaroyning taxallusiga aylandi. 

Anbaroyni oʻn toʻrt yoshlarida oʻratepalik novvoy Zohidxoʻja ismli yigitga turmushga berishadi. U ham adabiyotga oshno inson boʻlib, Qoʻqondagi barcha shoirlarni yaqindan bilar edi. Bu oilada Moʻminxoʻja, Bibixon, Usmonxoʻja, Ominaxon ismli farzandlar dunyoga keladi. Mashhur otin taʼlim chorlovini avvalo oʻzidan, oilasidan boshlaydi.

Hatto farzandlarini yangi ochilgan maktabga borishga targʻib qilar ekan, shunday yozadi:

Ey bolam, Xayrullaxon maktab ochibdur, boringiz,

Albatta, shu yangi maktabda oʻqungiz boringiz.

Yerda ulturmay xarrakda ultururmish bolalar,

Toza turgay ust-boshu jomayu dastoringiz.

Sheʼrda bizga notanish “xarrak”, “jomayu dastor” soʻzlari uchraydi. Xarrak soʻziga izohli lugʻatda “eshakcha, taglik, poya” deya taʼrif beriladi. Demak, endi maktabda bolalar yerda emas, biror taglik yoxud oʻrindiqda oʻtiradi, bolalarning jomasi (kiyim), dastori (salla, sochiq) ozoda boʻlishi tahsilning ertasiga umid uygʻotadi. 

Keyingi satrlarda maqsad-muddao yanada oydinlashadi:

Oʻrgatarmish turk tilida har ilmdin borini,

Kelgusida shu bilimlar birla boʻlgay koringiz.

Shoira ayrim sheʼrlarini oʻz bolalariga vasiyat oʻlaroq yozar ekan, kun kelib, tolei bitsa, oʻz iltijolarini xalqqa oshkor qiladi:

Man oʻlsam, ey birodarlar, qizimni kuyovga bering!

Sudxoʻru boy, zolimlargʻa zid birovga bering.

Yana u farzandlari taqdirini, kelgusidagi iqbolini faqat va faqat ilmda koʻradi.

Oʻgʻlimni xor etmangiz yetimlik noni berib,

Bilim oʻrgatkuvchi olim birovga bering.

Xotin-qizlar tahsilini ich-ichidan yoqlagan shoira kelajak zamonlar haqida yorug‘ xayollar surar ekan, qiz-juvonlarning boshqalar qatori teng bilimli boʻlishini, vatanni obod qilishga hissa qoʻshishini, hatto dunyo mamlakatlariga-da tahsil olishini istaydi.

Kelib xushnud avlodim, mani mulkim qilur obod,

Bu vayrona diyorimda shaharlar aylagay bunyod.

Dabistoni ulumni sar-basar ochib har el ichra,

Kengaytib tahsilini, navjuvonlar aylagaylar yod.

Shoiraning bir asran koʻproq vaqt avvalgi orzusiga quloq bersangiz, ich-ichdagi soʻnmas xohishi sasini eshitasiz:

“Ul vaqt qizlar ilmi dunyoviy tahsiligʻa muyassar boʻlub, urfon taxtida qaror topib, ellar va ulugʻlar safigʻa doxil boʻlurlar, alar gʻayrat va mehnatda erlargʻa hamfo va yovar boʻlub, obro‘ topib, hurmat va ikromgʻa sazovor boʻlurlar...”

Afsuski, oʻsha davr jamiyatida ayollar haq-huquqiga nisbatan mustahkam toʻsiqlar mavjud boʻlib, har qanday uygʻoqlik, soʻz erkinligi jiddiy tanqid ostida qolar edi. Anbar Otinning ilmsizlik va isrof, tengsizlik va adolatsizlikka oid keskin sheʼrlari koʻpgina boy xotinlarning yuragiga gʻulgʻula sola boshladi. Shoira hasham libosini kiygan uquvsiz xotinlarning kirdikorlari, oʻziga oro berish yoʻlida har ishga tayyor boyonlarning tantiq xotinlari haqida achchiq-achchiq yozaverdi:

Gʻoziboylar, kemachilar, mingboshilar xotuni,

Piyoda bormaydi, izvoshga qoʻngʻiroq toqmay.

Undog‘ shuhratchilarni tanobini tortib quy,

Davlatigʻa dam bermasun, muncha ortiq hovliqmay.

Shunday kunlarning birida undan oʻch oldilar – Anbaroy qattiq jarohatdan keyin oyoqlari ishlamay, uzoq vaqt toʻshakka mixlanib qoladi. Shunday boʻlsa-da, u axloqsizlik botqogʻiga botib borayotgan jamiyatni ayovsiz tanqid qilishdan toʻxtamaydi. 

Abu Sino, Ulugʻbekdin koʻz yumgʻonlargʻa oʻt tushsun...

Anbar Otin jamiyatdagi illatlarni fosh etuvchi eng katta qurol soʻz va shoirlik maqomi ekanini teran anglaydi. Jamiyatga naf keltirmaydigan yozuqlar, ehtimolki, xaloyiq holini soʻrmagan bitiklardan biror naf yoʻqligini taʼkidlaydi:

Shoir oʻlmoqdin umidi boʻlsa, qilmas hech lof.

Sheʼr yozsangiz, xaloyiq holidin mavzu eting.

U oʻzbek va tojik tillarida ijod qilgan shoira Uvaysiyga mehr qoʻyadi, Navoiyni ustoz sanaydi. Zamondoshlari Muqimiy, Furqat, Zavqiylarga murojaat qilib, ularni-da jamiyat ahvoliga befarq boʻlmaslikka chorlaydi. Shoir Muqimiyga atab yozgan sheʼrida shunday satrlar bor:

Ey Muqimiy, erlar ichra kuylangiz siz har mudom!

Negaki mandek ayollargʻa erur kuylash harom.

Erni xotundin qilib afzal yaratkan deydilar,

Biz uchun ham sizni sheʼringizni etsun ehtirom.

Bebizoatlik agar el ichra boʻlsa aybingiz,

Boʻyla qonun kashf etkanlardin oling siz intiqom.

“Oʻt tushsun” nomli sheʼrida esa tarixiy allomalarimizni unutib borayotgan, xotin-qizlarni buyum kabi sotmoqqa hozir kimsalarning yuragiga ayovsiz oʻt soladi: 

Tariqcha ilmi yuq “qozi kalonman, muftiman” deydur,

Abu Sino, Ulugʻbekdin koʻz yumgʻonlargʻa oʻt tushsun.

Sheʼrda borgan sari ijtimoiy tengsizlikka nisbatan isyon kuchayib boradi.

“Xotunlar mol qatori sotiladur”, deb mushtiparlarni,

Zulayho, Layli, Shirinni tan olmogonlarga oʻt tushsun.

Doim muhtojlik va chorasizlikda yashagan shoira oʻzining huvullab qolgan qalb dargohiga bir yorugʻlik lipillab kelishiga umid bogʻlaydi:

Qaysi kun baytul hazanimni yorutmoq soati?

Bu qaro gʻorim ichigʻa parpirab shamdon kelur.

“Bir zamonni uylagʻayman, hech zamongʻa oʻxshamas” satrida esa sezgir qalbning qachonlardir emin-erki zamona kelishi, oʻzbirlikka erishgan xalqqa aylanishimiz haqidagi qarashlar aks etadi.

Alhol Anbar Otin xalqlarga cheksiz aziyat keltiradigan mudhish urushlarni qoralar ekan, bugun ham suv va havoday zarur boʻlgan ittifoqlik, ahillik gʻoyalarini baland hilpiratadi:

Zoʻrdin zoʻr chiqsa doim, zoʻr qochgʻay goʻrga,

Sulhu amniyat kuchidin nestu yaksondur urush.

Qay kuni bulgʻayki, dunyo sulh ila topgʻay qaror,

Aks holatda bu el poyigʻa qopqondur urush.

Shoiraning oʻzi yashab turgan zamondan yuksalib, kelajakka qarata aytgan soʻzlari, bir paytning oʻzida ogohlantirish va bashorat kabi yangraydi. Unda shoiraning asrlar burungi topqirligi, oldindan koʻra bilish salohiyati namoyon boʻladi.

Mani soʻzimni tinglang, ayuhannos,

Kelur avlod davri oʻziga xos...

“Qarolar falsafasi”dagi jamiyat

Anbar Otinning “Qarolar falsafasi” risolasi bir-birining ziddi boʻlmish ikki muammo – ijtimoiy adolat va zulmning falsafiy-majoziy talqinlariga bagʻishlanadi. Shoira davr ayollarining ahvolidan, ularning ijtimoiy kamsitilishi, xorlik va huquqsizlik natijasida oʻz iqtidoru isteʼdodidan judo boʻlib borayotganini ogʻriqlar bilan tilga oladi. Bunday adolatsiz muhit shoir oʻlaroq Anbar Otinga sira tinchlik bermaydi. Oddiygina koʻcha-koʻyda yurish qoidalari ham xotin-qizlar uchun chinakam xavfga aylanayotgani uni battar gʻazablantiradi.

Risolada xotin-qizlarning paranji ichida kampirlardek bukchayib yurishga majburligi, agarda tik yursalar ulardagi qaddi-qomat yoʻqchilikda koʻzlari shahvatga toʻlgan boʻydoqlarning tajovuziga sabab boʻlishini ochiq-oydin tan oladi.

“...Hukm shundogʻdurki, zaifalar agar ota-ona va qarindoshlarini koʻrmoq uchun borgon vaqtida eski libos kiyib, qoʻligʻa aso ushlab, eski paranji yopunub, bukchayib, albat¬ta, qari kampir holida boʻlub koʻchagʻa chiqishi mumkindur. Nogahon koʻngli buzuq, behayo erkaklar koʻz olayturub, zaifaga ozor berurlar, shul sababdin qiz-juvonlar koʻchagʻa yasanib chiqmoqlari man etilur”.

Shoir zamon yigitlarining  bu holga tushib qolayotganini ilmsizlik va yoʻqchilikdan, taʼlim va tarbiyaning ayanchli ahvoli sababidan deb biladi.

“...Aksar notavon kambagʻal bechoralar uylanishgʻa qodir emaslar va ahli ayol jamargʻasigʻa ojiz bulurlarini bilib, uylanmaslar. Shul sababdin ham koʻcha-koʻyda buydoqlar nafsi shahvonasi gʻoliblik qilub, zaifalargʻa nazar tashlab va suz qotub, ozor berurlar”.

Zamona ziyolisi qachonlardir bu illatlarning tamoman yoʻq boʻlishi, teng va adolatga burkangan ulug‘ kunlar kelishini orzu qiladi:

“...Ul zamonda barcha xalq sohibjamol boʻlur... Ul vaqt qizlar ilmi dunyoviy tahsiligʻa muyassar boʻlub, urfon taxtida qaror topib, ellar va ulugʻlar safigʻa doxil boʻlurlar, alar gʻayrat va mehnatda erlargʻa hamfo va yovar boʻlub, obro‘ topib, hurmat va ikromgʻa sazovor boʻlurlar”.

Shoira ushbu risolada qora va oq ranglarning majoziy qiyofasini chizar ekan, betakror tashbehlar orqali soʻz sinchisi ekanini isbotlaydi. Masalan, shoir qozonni dehqonga qiyos qiladi. Bir qarashda oʻxshatmaysiz, ammo kutilmagan soʻz latofati sizni oʻziga qaratib oladi. Aslida qozon ham kun boʻyi dehqon kabi issiqda qorayib mehnat qiladi, u ham hosilini xalq dasturxoniga tortadi. Qozonning qoraligi dehqonning issiqda qorayib mehnat qilishiga hamohangdir.

“Ul qaro xalq oftob soʻzonida mehnat qilib, oʻzlari har qancha kuyganlari holda, hosillarini hamtovoqlarigʻa tuhfa qilurlar. Misol andoqdurki, qazon bovujud qarodur, oʻzi oʻtda kuyub qaro boʻlgʻoni holda ovqat pishurub odamlarni tuydurur”.

Bunday misollar juda koʻp. “Qaro charog‘ oʻzi qaro yog‘ va kuyundigʻa giriftor bulgʻoni holda, nuri ilan kulbani ravshan qilur”.

Shoira husn bobidagi eng muhim jihatlar ham qoralarga taalluqliligini aytar ekan, qaro qosh, qaro soch va qaro xol husnning asosiy omillari ekanini aytib, qarolikning ajib falsafasiga sharh beradi. Buni qarangki, qurol-yarog‘, anjomlar ham qora, ammo ular vositasidagi mehnat atrofni oqlikka, goʻzallikka burkaydi. Maʼdanlar, xususan koʻmir va temir, poʻlat ham qora, ammo ular xaloyiqning tirikligi va hayot tarziga oydin nur va hovur beradi. Qora kimyolar, anbar va tus (qayin ogʻochi, qayin ogʻochining poʻsti) va zaytun va ifor va surma kabilar qora boʻlsa-da, insonni yanada goʻzallashtiradi. 

Shoir ana shunday ishtibohlar bilan jamiyat hayotidagi turfa illatlarga yuzlanadi. Xotin-qizlarning uquvsizligi, oʻz xojalarini qoʻldan boy bermaslik uchun ming oʻlib-tirilishi, yosharmoq, soxta husn payida hech narsadan qaytmasligini oshkora fosh etadi.

“Ul ablah oqlar noiloj oʻzlarigʻa soxta husn paydo qilmoq harakatigʻa tusharlar, yaʼni sochlarini qora rang ila boʻyaydurlar va qoshlarigʻa qaro surtub va koʻzlarigʻa surma qoʻyub mujgonlarini boʻyab va yuzlarigʻa soxta xol quyurlar, baʼzi birlari ignagʻa ip oʻtqarub, ipni qaro qilib, yuzlarini igna ilan tikib, xol qilurlar”.

Demak, “Qoralar falsafasi”dagi “qora” zulmat emas, nurga yetaklovchi ruhiy yoʻl. Shoira “qora”larning falsafiy mazmuniga oʻziga xos jilo berib, jamiyatdagi koʻplab tushuncha va munosabatlarga yangicha rang bera oldi. Aslida oq va qoralar bahsi jamiyat illatlarini fosh etish, boylik ortidagi qashshoqlik, tanazzul ortidagi umid, zulmat ortidagi yorugʻlikni bizga-da anglatishning mangu falsafasidir. 

Bobur ELMURODOV,

Filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori