Qoraxoniylar sulolasi 9-yuzyillikning ikkinchi yarmi va 12-yuzyillik yakuniga qadar Turkiston hududida markazlashgan boshqaruvni yuritgan. Chigil va yagʻmo kabi turkiy urugʻlar negizida shakllangan sulola islomiy huquq va turkiy davlatchilik anʼanalarini uygʻunlashtirgan dastlabki yirik siyosiy xoqonlik hisoblanadi. Somoniylar boshqaruvi inqirozidan soʻng, sulola tomonidan maʼmuriy tuzilma, xususan, aloqa tizimi qatʼiy tabaqalanish asosida qayta qurildi. Maqolada sulolaning axborot yetkazish ish usullari, rasmiy bitiklar tayyorlanishi hamda “ilimgʻa”, “bitikchi”, “tamgʻachi” kabi maxsus unvonlarni tahlil qilamiz.
Qoraxoniylar sulolasi maʼmuriyatida xabar-pochta tizimining birlamchi vazifasi xoqon yorliq va farmonlarining tezkor hamda aniq yetkazilishini taʼminlashdan iborat boʻlgan. Markaziy hokimiyat va chekka viloyatlar oʻrtasida buyruqlarning kechikmasdan yetkazilishi boshqaruv barqarorligining asosiy sharti qilib qoʻyilgan. Axborot almashinuvidagi uzilishlar soliq yigʻishda xatoliklarga, cherik boʻlinmalari faoliyatidagi tartibsizlikka yoki elchilik topshiriqlarining natijasizligiga olib kelishi mumkin edi. Shu sababli aloqa tizimi sulolaviy yaxlitlikning bevosita kafolati sanalgan.
Sulolaviy boshqaruvda yorliq, farmon, noma kabi rasmiy bitiklar muomalasi qatʼiy tartibga solingan. Xoqon topshiriqlari yozma shaklda qayd etilib, maxsus tamgʻa bilan tasdiqlangan va masʼul devon xodimlari orqali yuborilgan. Mazkur tartibot hokimiyatning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilgan.
Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit turk” asaridagi chabar, eshkinchi, ulog‘, yalafar, chufgʻa kabi atamalar tizimning ixtisoslashgan darajasini koʻrsatadi. Atamalarning boyligi 9–12-yuzyilliklarda Turkistonda axborot xizmati boshqaruv qurilmasining tarkibiy boʻgʻini sifatida shakllanganini tasdiqlaydi.
Hududlarning markaz bilan uzluksiz aloqasi sulolaning siyosiy nazoratini uzoq muddat saqlashga imkon bergan. Mazkur nazorat tartibi mahalliy boshqaruvchilarning markaziy hokimiyatdan ajralib chiqishi yoki oʻzboshimchaligining oldini olishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, xabar-pochta tizimi Qoraxoniylar sulolasi barqarorligini taʼminlovchi asosiy maʼmuriy poydevorlardan biri boʻlgan. Qoraxoniylar hukmronligi davrida Turkiston Buyuk Ipak yoʻlining markaziy qismi sifatida xalqaro savdoning muhim chorrahasida joylashgan edi. Karvon yoʻllari boʻylab tovar ayirboshlash uzviyligi, shaharlar va bozorlar ravnaqi savdo axborotining tezkor hamda aniq yetkazilishiga bogʻliq edi.
Bozorlar va karvon yoʻllaridagi vaziyat – soliq miqdorlari, narx-navo oʻzgarishlari, yoʻllardagi xavfsizlik holati hamda savdo bitimlari shartlari haqidagi maʼlumotlar aynan xabar-pochta tizimi orqali markaziy devonga yetkazilgan. Markaziy boshqaruv ushbu maʼlumotlar asosida soliq siyosatini muvofiqlashtirgan, savdo yoʻllari nazoratini tartibga solgan va zarur hollarda harbiy muhofazani kuchaytirgan. Markaz va viloyatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama axborot almashinuvi iqtisodiy hayotning uzviyligini taʼminlovchi asosiy vosita boʻlib xizmat qilgan.
Soliq yigʻish tartibotida ham xabar almashuvi muhim edi – Har bir hududdan yigʻilgan boj va soliqlar miqdori, toʻlov muddatlari hamda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar haqidagi axborotlar tezkorlik bilan markazga yoʻllangan. Natijada sulola hukmdorlari soliq imtiyozlarini joriy etish yoki qoʻshimcha koʻmak koʻrsatish yuzasidan oʻz vaqtida qaror qabul qilish imkoniga ega boʻlgan.
Har bir bekat chufgʻa – xabarchilar ulovlarini almashtiradigan, dam oladigan va navbatdagi yoʻnalishga chiqadigan muhim nuqta hisoblangan. Mazkur bekatlar karvon yoʻllari boʻylab muayyan masofada joylashtirilgan boʻlib, ular bir vaqtning oʻzida ham axborot tizimi inshootlari, ham savdo karvonlarining tayanch maskanlari vazifasini oʻtagan. Bekatlarning bunday qoʻshaloq vazifani bajarishi ularning iqtisodiy qiymatini yana-da oshirgan.
Harbiy sohada axborot almashinuvining tezkorligi va aniqligi sulolaviy xavfsizlikning hayot-mamot masalasi hisoblangan. Turkistonning ulkan sarhadlarini boshqargan Qoraxoniylar sulolasi sharqdagi koʻchmanchi urugʻlar bosqini, gʻarbdagi raqib siyosiy kuchlar tahdidi va janubiy chegaralardagi beqarorlikka qarshi doimiy shaylikni taʼminlovchi ogohlantirish usulini shakllantirgan.
Sulola ushbu ehtiyojni “qargʻu” deb nomlangan minoralar tizimi orqali amalga oshirgan. Tog‘ choʻqqilari va muhim balandliklarda barpo etilgan inshootlardan dushman xavfi haqida olov va tutun yordamida ishoralar berilgan. Bir minoradan ikkinchisiga uzatilgan ishora bir necha soat ichida yuzlab chaqirim masofani bosib oʻtib, 9–12-yuzyilliklarda boshqa barcha aloqa vositalaridan tubdan ustun boʻlgan.
Harbiy yurishlar chogʻida chabar va eshkinchilar qoʻshin boʻlinmalari oʻrtasidagi aloqani taʼminlagan. Bosh qoʻmondon buyruqlarining cherik qanotlariga kechikmasdan yetkazilishi jang taqdirini hal qiluvchi omil sanalgan. Shu bois, harbiy chabarlikka eng uchqur otlarni jilovlay oladigan, maxfiy yoʻllarni biladigan va axborot daxlsizligini taʼminlashga qodir saralangan kishilar tanlangan.
Qargʻu minoralari orqali berilgan dastlabki ishoralar hamda otliq chabarlar yetkazgan batafsil bitiklar oʻzaro uygʻun ikki bosqichli mudofaa tizimini tashkil etgan. Yorugʻlik va tutun dushman yaqinlashayotganidan ogoh etgan boʻlsa, aniq bitiklar harbiy javob choralarini belgilab bergan. Mazkur tizim Qoraxoniylar sulolasi harbiy salohiyatini va mudofaa quvvatini sezilarli darajada mustahkamlagan.
Axborot-pochta tizimining madaniy ahamiyati sulolaviy boshqaruv tarixida eng uzoq muddat taʼsir koʻrsatgan jihatlardan biri boʻlib, tizim rasmiy bitik bituvchi, tarjima qiluvchi va tamgʻa bilan tasdiqlovchi yuqori malakali devon xodimlariga boʻlgan ehtiyojni yuzaga keltirgan. Ularning faoliyati turkiy tilning davlat yozishmalarida rasmiy maqomga ega boʻlishiga zamin yaratdi. Ilimgʻa (kotib) lavozimining joriy etilishi ushbu milliy siyosatning amaliy ifodasi boʻlib, mazkur mansabdor xoqon maktublarini turkiy tilda bitgan va xorijiy yozishmalarni turkiyga oʻgirgan.
Xabar-pochta tizimi orqali xoqon farmonlarining turkiy tilda bitilishi va mamlakat boʻylab tarqatilishi ushbu tilning rasmiy yozma madaniyatda mustahkam oʻrin olishini taʼminladi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asari va boshqa adabiy namunalar aynan shu shakllangan yozma anʼanalar negizida maydonga keldi. Demak, aloqa tizimi shunchaki siyosiy ish usuli emas, balki turkiy yozma madaniyatning yuksalishiga xizmat qilgan madaniy-tarixiy hodisadir.
Qoraxoniylar sulolasida davlat hujjatlarini tayyorlash jarayoni uch bosqichli boʻlib, har birida alohida malakali amaldor masʼul sanalgan. Jarayon ketma-ketlikda – matnni bitish, zaruriyatga koʻra tarjima qilish va hukmdor muhri bilan tasdiqlash tarzida amalga oshirilgan. Mazkur uch bosqichli tizim hujjatning siyosiy mazmunini, huquqiy kuchini va lisoniy mukammalligini taʼminlagan.
Hujjat tayyorlashning birinchi va eng masʼuliyatli bosqichi bitikchi zimmasiga yuklangan. Bitikchi davlatning ichki va tashqi yozishmalarini yurituvchi, farmon, yorliq va nomalarni yozma shaklga keltiruvchi amaldor boʻlgan. Uning lavozimi oddiy kotiblikdan tubdan farq qilib, hukmdorning siyosiy irodasini aniq va ilmiy uslubda ifodalashga qodir davlat arbobi sanalgan. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilig”da munosib kotibni “ikki tilni biladigan, yozuvning barcha turini oʻzlashtirgan, zukko va sir saqlaydigan” shaxs sifatida tasvirlaydi. Ikki tilni bilish sharti Qoraxoniylarda turkiy va forsiy tilda yozishma yuritish zaruriyati mavjud boʻlganini anglatadi.
“Sir saqlash” talabi bitikchining nafaqat texnik mahorati, balki axloqiy ishonchliligiga ham yuqori talab qoʻyilganini koʻrsatadi. Hukmdorning maxfiy koʻrsatmalari va elchilik muzokaralari matni bitikchi orqali oʻtgani sabab, uning sodiqligi boshqaruv tizimi xavfsizligining kafolati boʻlgan. Shu bois, bitikchilar uzoq muddatli sinov va nazoratdan soʻng yuqori mansablarga tayinlangan.
Bitikchilar devonxonada qatʼiy pillapoyali tartib asosida faoliyat yuritgan. Yuqori martabali bitikchilar hukmdorning shaxsiy farmonlarini, quyi darajadagilar esa oddiy maʼmuriy yozishmalarni bajargan. Bunday tabaqalanish hujjatlarning ahamiyatiga koʻra masʼuliyat tizimini aniq chegaralash imkonini bergan.
Qoraxoniylarda ilimgʻa lavozimi ham boʻlib, u xoqonning rasmiy maktublarini turkiy tilda yozuvchi va xorijdan kelgan bitiklarni tarjima qilib, hukmdorga taqdim etuvchi masʼul amaldor hisoblangan. Mahmud Koshgʻariy ushbu mansabni “xoqonning maktublarini turk tilida yozuvchi shaxs” deya tavsiflab, uning devon tartibotidagi oʻrnini qatʼiy belgilagan.
Mazkur lavozim sulolaning turkiy tilni maʼmuriy boshqaruv tili sifatida qoʻllash borasidagi davlat siyosatining bevosita ijrochisi boʻlgan. Siyosiy elchilik, uslubshunoslik va tarjima sanʼatini mukammal egallagan bu mutaxassislar xorijiy davlatlardan kelgan forsiy, arabiy yoki boshqa tillardagi maktublarni turkiyga oʻgirish bilan bir qatorda, tashqi yozishmalarni ham tayyorlagan. Yusuf Xos Hojib “bitikchi-ilimgʻa” atamasini qoʻllashi ushbu ikki mansabning oʻzaro uzviy hamkorlikda yoki yaxlit shaxs tomonidan bajarilganiga ishora qiladi.
Turkiy tilda bitilgan rasmiy hujjatlar va elchilik nomalari turkiy yozma anʼanasining shakllanishiga zamin yaratgan. Ilimgʻalar maʼmuriy yozishmalar orqali lisoniy va adabiy meʼyorlarning qaror topishiga hissa qoʻshgan. Keyinchalik Yusuf Xos Hojib va Mahmud Koshgʻariy kabi mutafakkirlar kamol topgan madaniy muhit aynan shu yozma anʼanalar poydevorida shakllangan.
Hujjat tayyorlash tartibotining yakuniy bosqichi tamgʻachi faoliyati bilan bogʻliq edi. Tamgʻachi bitikka xoqon nomidan muhr bosish orqali unga qonuniy kuch bagʻishlagan. Mahmud Koshgʻariy “tamgʻa” istilohini “hukmdor muhrining izi” deb izohlaydi. Aynan shu bosqichda hujjat “toʻgʻraqlandi”, yaʼni rasmiy ijro kuchiga kirdi. Tamgʻasiz bitik rasmiy hujjat sanalmagan va uning ijrosi majburiy boʻlmagan.
Tamgʻachi sulola erkinligi va mustaqilligining huquqiy ramzini ifodalovchi mansabdor edi. Xoqon muhri hokimiyatning moddiy timsoli va hukmdor irodasining ifodasi sanalgan. Tamgʻachi ushbu muhrni saqlagan hamda uni faqat oliy devon ruxsati bilan qoʻllagan. Muhrlash jarayonining qatʼiy nazorat qilinishi soxta hujjatlar muomalaga kirishining oldini olgan.
Qoraxoniylar sulolasidagi tamgʻachi lavozimi qadimiy turkiy siyosiy anʼanalarga tayanadi. Mazkur atamaning Oʻrxun bitiktoshlari va Uygʻur matnlarida uchrashi, shuningdek, oʻgʻuzlarda “Bilga-tamgʻachi” unvonining mavjudligi ushbu mansabning islomiy davrlardan oldin ham muhim oʻrin tutganini koʻrsatadi.
Tamgʻachilik lavozimining oʻziga xosligi shundaki, u turkiy lisoniy xususiyatini saqlab qolgan. Gʻaznaviylar va Saljuqiylar saroyida “muhrdor” atamasi qoʻllanilgan bir davrda, Qoraxoniylarda turkiy “tamgʻachi” nomining saqlanishi sulolaning milliy boshqaruv anʼanalariga sodiqligini isbotlaydi.
Shunday qilib, bitikchi, ilimgʻa va tamgʻachining muvofiqlashgan faoliyati Qoraxoniylar sulolasida hujjat madaniyati yuksak boʻlganini taʼminlagan. Ushbu uch mansabdor oʻrtasidagi vazifalar taqsimoti davlat maʼmuriyatida masʼuliyatning aniq chegaralanganidan dalolat beradi. Aynan shu uygʻunlik rasmiy bitiklarning siyosiy, lisoniy va huquqiy jihatdan mukammal boʻlishiga imkon yaratgan.
Rasmiy bitik tayyorlanib, tamgʻachi tomonidan xoqon muhri bilan tasdiqlangach, uni manzilga yetkazish amaliyoti boshlangan. Mazkur vazifa sadoqatli va jismonan baquvvat shaxslar – chabar va eshkinchilarga topshirilgan. Ularning faoliyati sulola boshqaruvining uzluksizligini va farmonlarning oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlovchi asosiy qurilma hisoblangan.
Chabarlar – Qoraxoniylar sulolasi maʼmuriyatida xoqon yorliqlarini uzoq masofalarga tezkor yetkazuvchi maxsus otliq xabarchilar boʻlib, Mahmud Koshgʻariy “chabar” soʻzini “tez yuruvchi xabar eltuvchi” deb izohlaydi. Chabarlarni xizmatga saralash qatʼiy mezonlarga asoslangan. Ular jismoniy chidamlilik bilan birga, topshirilgan bitikni dushman qoʻliga tushirmaslik uchun zarur hushyorlikka ega boʻlishi lozim edi. Maxfiy hujjatlarni tashuvchi chabarlarga, asirga tushish xavfi tugʻilganda, bitikni yoʻq qilish choralarini koʻrish vazifasi ham yuklatilgan.
Chabarlar faoliyatini taʼminlash maqsadida chufgʻa deb nomlangan bekatlar tuzilmasi barpo etilgan. Har bir bekatda doimiy shay holatdagi ulov – chopqir otlar saqlangan. Chabar bekatga yetib kelishi bilan toliqqan otini yangisiga almashtirib, yoʻlida davom etgan. Eng shoshilinch xabarlar uchun yalafar deb atalgan maxsus zotdor otlar ajratilgan.
Chufgʻa bekatlari muhim jihatdan asosiy savdo va harbiy yoʻnalishlar boʻylab joylashtirilgan. Ikki bekat orasi ulov bir kunda bosib oʻta oladigan masofaga muvofiq belgilangan boʻlib, xabarning yetib borish vaqtini eng oz darajaga tushirgan.
Xabarchilarning harakati qatʼiy nazorat qilingan: har bir bekatda bitikning butunligi tekshirilib, kelish va ketish vaqti qayd etilgan. Mazkur qaydlar markaziy devonga hisobot shaklida taqdim etilib, xabarning kechikish sabablarini aniqlash va xizmatchilar masʼuliyatini oshirish imkonini bergan.
Chabarlar muntazam axborot yetkazish xizmatini bajargan boʻlsa, eshkinchilar tor va maxsus vazifalarni ado etgan. Eshkinchi – harbiy va siyosiy jihatdan favqulodda muhim bitiklarni olib boruvchi yuqori darajadagi vakil – xoqonning bevosita farmonlarini, sulola xavfsizligiga oid maxfiy koʻrsatmalarni hamda muhim muzokaralar natijalarini yetkazgan.
Nizomulmulk “Siyosatnoma” asarida hukmdorning mamlakatdagi holatdan doim xabardor boʻlishi uchun tezkor sohibxabarlar zarurligini taʼkidlaydi. Muallif sohibxabarsiz boshqaruvni “koʻr-koʻrona ish tutish”ga qiyoslagan. Qoraxoniylar sulolasidagi eshkinchi mansabi aynan shu tizimning turkiy maʼmuriy koʻrinishi edi. Eshkinchilar nafaqat axborot yetkazgan, balki hududlardagi muhim maʼlumotlarni toʻplab, hukmdorga batafsil hisobot taqdim etgan.
Eshkinchi va chabar oʻrtasidagi farq masʼuliyat darajasi va topshiriq mazmunida koʻrinadi. Chabar bitikni bekatlararo yetkazuvchi zanjir boʻlagi boʻlsa, eshkinchi manzilga qadar toʻgʻridan-toʻgʻri boruvchi va vakolatli topshiriqlarni bajaruvchi siyosiy shaxs edi. Eshkinchi viloyat hokimlari bilan muloqot qilish, hududdagi holatni oʻrganish va baʼzan hukmdor nomidan qarorlar qabul qilish huquqiga ega boʻlgan.
Axborot yetkazish jarayonida xavfsizlik va maxfiylik masalalari sulolaviy boshqaruvning ustuvor talabi sanalgan. Rasmiy bitiklarning dushman qoʻliga tushishi yoki mazmuni buzilishi jiddiy siyosiy va harbiy oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin edi. Shu bois, aloqa yoʻnalishlari nazorat qilinib, muhim nuqtalarda qorovullar joylashtirilgan va xabarchilar harakati qargʻu minoralari orqali kuzatib borilgan. Xavfli hududlarda xabarchilar maxsus muhofaza boʻlinmalari hamrohligida harakatlangan.
Yoʻnalishdagi koʻpriklar, dovonlar va tor oʻtish joylari soqchilar tomonidan doimiy nazorat qilingan. Bitikni yetkazgan chabar yoki eshkinchi uni faqat vakolatli shaxs – viloyat hokimi, noib yoki cherik boshligʻi huzurida ochishga haqli boʻlgan. Ushbu tartibot bitik daxlsizligini va begona shaxslar tomonidan oʻqilmasligini kafolatlagan. Maxfiy yozishmalar esa faqat xoqonning ishonchli vakillari tomonidan ochilgan.
Sulola boshqaruvida qatʼiy jazo tizimi xavfsizlikning muhim boʻgʻini boʻlgan. Agar rasmiy bitik yoʻqolsa, asossiz kechiksa yoki unga zarar yetsa, masʼul xabarchi jazolangan. Mazkur tartib tizim ishtirokchilarida yuksak masʼuliyat va intizomni shakllantirgan. Abulfayz Bayhaqiy “Tarixi Masʼudiy” asarida Gʻaznaviylar saroyidagi shunday qatʼiy choralar, xususan, farmonlarning faqat muhr bilan tasdiqlanishi haqida qayd etadi. Qoraxoniylar sulolasida tamgʻa bosish orqali amalga oshirilgan ushbu amaliyot 9–12-yuzyilliklarda Turkiston va unga tutash hududlarda xavfsizlik tamoyillari mushtarak boʻlganini koʻrsatadi.
Qoraxoniylar sulolasi davrida axborot yetkazish tizimi faqat ichki boshqaruv bilan cheklanmay, xalqaro elchilik aloqalarida ham muhim oʻringa ega boʻlgan. Elchilar va chabarlar Xitoy, Hindiston, Gʻazna, Arab xalifaligi va Vizantiya kabi oʻlkalar yoʻnalishida muntazam harakatlanganlar. Ular elchilik nomalari va bitimlarni yetkazish bilan bir qatorda, xorijiy mamlakatlardagi siyosiy vaziyat, harbiy salohiyat va iqtisodiy holat yuzasidan maʼlumotlar toʻplab, hukmdorga maxsus hisobotlar taqdim etganlar.
Shu tariqa, chabar va eshkinchilar bir vaqtning oʻzida elchilik va harbiy-siyosiy aygʻoqchilik vazifasini ado etgan. Ularning xorijiy oʻlkalardagi kuzatuvlari sulola uchun muhim axborot manbayi boʻlib xizmat qilgan: qoʻshni hukmdorlarning rejalari va cherik quvvati haqidagi maʼlumotlar tashqi siyosatning shakllantirilishida hal qiluvchi rol oʻynagan. Mazkur holat xabar-pochta tizimini siyosiy aygʻoqchilikning takomillashgan shakliga aylantirgan.
Xulosa qilganda, Qoraxoniylar sulolasi boshqaruvidagi xabar-pochta tizimi koʻp tarmoqliligi, vazifalarining kengligi va tashkiliy mukammalligi bilan 9–12-yuzyilliklar Turkiston davlatchiligining yuksak namunasi hisoblangan. Tizimning har bir boʻgʻini – rasmiy bitikni tayyorlashdan tortib, uni manzilga yetkazishga qadar – qatʼiy tartibot va oʻzaro masʼuliyat tamoyillari asosida faoliyat yuritgan.
Sarvar QOʻLDOSHEV,
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar an-Narshaxiy. Buxoro tarixi. – Toshkent: Anorbooks, 2022. – 288 b.
2. Alaaddin Ata Melik Cüveyni. Tarih-i Cihan Güşa. Çev. Mürsel Öztürk. – Ankara; Türk Tarih Kurumu, 2013. – 1332 s.
3. Hudud al-'Alam, The Regions of the World a persian geography, 372 a.h. - 982 a.d. translated and explained byV. Minorsky. – London. 1937. – 548 p.
4. Nizamülmülk. Siyasetname. – Istanbul: Nilüfer yayinlari, 2016. – 288 s.
5. The Secret history of the Mongols. A Mongolian Epic Chronicle of the Thirteenth Century. translated by Igor de Rachewiltz. Canberra. 2015. – 1317 p.
6. Абу Са'ид Гардизи. Зайн ал-Ахбар. Украшение известий. пер. с персидского А.К. Арендс. – Ташкент: Фан, 1991. – 178 с.
7. Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома. – Тошкент: Ўқитувчи, 2008. – 336 б.
8. Ибн ал-Асир. Ал-Камил фи-т-тарих Полный свод истории. Пер. П.Г. Булгакова, Ш.С. Камолиддина. — Тaшкент: Узбекистан, 2006. – 608 б.
9. Мирзо Улуғбек. Тўрт улус тарихи. (форс тилидан Б. Аҳмедов ва б. таржимаси) – Тошкент: Чўлпон, 1994. – 456 б.
10. Юсуф Хос Ҳожиб. Қутадғу билиг (Саодатга йўлловчи билим). Нашрга тайёрловчи Қ. Каримов. – Тошкент: Фан, 1971. – 972 б.
11. Зиё А. Ўзбек давлатчилиги тарихи. – Тошкент: Шарқ нашриёти, 2001. – 368 б.
12. Donuk A. İdari-Askeri Ünvan ve Terimler. – İstanbul: Türk Dünyası Araştırma Vakfı, 1988. – 168 s.
13. Duturaeva D. Qarakhanid Roads to China: A History of Sino‑Turkic Relations. – Leiden: Brill, 2022. – 300 p.
14. Genç R. Karahanlı Devlet Teskilatı. – Istanbul: Tifdruk Matbaası, 1981. – 373 s.
15. Караев О. История Караханидского каганата. – Фрунзе: Илим, 1983. – 301 с.
16. Кочнев Б.Д. Нумизматическая история караханидского каганата (991 – 1209 гг.). – Москва: София, 2006. – 312 с.
17. Nuhoğlu Güller. Beyhaki Tarihiʼne göre Gaznelilerde Devlet Teşkilatı ve Kültür. Doktora Tezi. – İstanbul, 1995.
18. Babayar G. Karahanlı Hakanlığı Sikkelerinde Görülen Bazı Eski Türkçe Ünvanlar ve Onların Menşei Üzerine. – Бишкек, 2019.
19. Hunkan Ö. S. Kâşgarlı Mahmud Devrinde Ülkenin İdarî Yapısı ve Siyasî Olaylarına Bir Bakış. – Ankara, 2009.
20. Маҳмуд Кошғарий. Девону луғоти-т-турк [Туркий сўзлар девони]. Таржимон ва нашрга тайёрловчи Қ. Содиқов. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги нашриёт-матбаа уйи, 2017. – 488 б.