Xonadonlar soni 700 dan koʻp boʻlgan katta qishlogʻimizda ikkita semizroq kishi boʻlib, laqablari “mesh” edi. Aksariyat qishloq odamlari baayni Gerkulesdek bilaklari qavarib chiqqan, qaddi-qomati tik va ertalabdan kechgacha ishlasa ham horimaydigan mehnatkashlar edi. Ularning bilaklarini qayragʻochning gʻadir-budur va yoʻgʻon novdalariga oʻxshatardim. Eshmatov degan bobo toʻqson yoshigacha bir urganda 20 kilogramgacha tuproqni oladigan Urgutcha ketmon bilan bog‘ ochib, bog‘ yopardi. Bizning goʻdak nigohimizda qolgani shular…
Yillar oʻtdi, xoʻppasemizlar koʻpaygandan koʻpaydi, katta qorinni savlat yoki obro‘ deb hisoblaydiganlar, uni mehr bilan silab qoʻyadiganlarning sanogʻi koʻrinmay qoldi. Ikki-uch oyda qishloqqa borib qolsam, 20–30 yoshlardagi baqaloq yigitlar, qizlar qabulimga kelib: “Domla, nafasim qisadi, darmonim quriydi, harsillayman, dori yozib bering”, deydi. Dori bilan bu xastaliklarni davolab boʻlmasligini tushuntirolmay esim ketadi. “Ozing” desam, “Ozdiradigan dori yozib bering”, deyishadi.
Akademik Andrey Adoning fikriga koʻra, insonning meʼyoriy vazni uning boʻyi oʻlchamidan 100 ayirib tashlanganiga teng boʻlishi kerak. 5 foizgacha koʻp yoki kam boʻlishi meʼyor chegarasi hisoblanadi. Masalan, mening boʻyim 170 sm, undan yuzni ayirib tashlayman, 70 qoladi, uning 5 foizi 3,5 kg ni tashkil etadi. Demak, mening meʼyoriy vaznim 67,5 kgdan, 74,5 kg gacha boʻlishi lozim. Ana shu meʼyorni oʻttiz yilki ushlab kelaman, bir kilogramm oshganini sezsam, darhol oʻn kunlik ochlik kursini oʻtkazaman, ertalabki yugurishlar chaqirimini oshiraman, saunani koʻpaytiraman. Vazn pasayib ketganida esa ovqatlanish rejimiga oʻzgartirish kiritaman.
“Kunda bir marta ovqatlanish – siddiqlar ishidir, kunda ikki ovqatlanish – moʻminlar ishidir, kunda uch va undan koʻp ovqatlanish esa hayvonlar ishi boʻlib, ulufi xorlik keltiradi”, degan edi buyuk alloma Abdulloh Tustariy. Rahmatlik padarim mulla Zohid Faxriddinhoji oʻgʻli bir umr yashab baqoga koʻchgunlariga qadar bir kunda ikki mahal ovqatlanishni odat qilgan edilar. Tanada ortiqcha vazn boʻlmagan, qotma va mehnatkash kishi boʻlib, toʻqson yosh ostonasida ham ketmon chopardilar. Vafotlaridan bir hafta muqaddam Quyiqishlogʻimga borganimda besh-olti metrlik daraxtning ustiga chiqib, shox kesayotgan ekanlar. Men oʻshanda gʻururlanib, otam yuzlarga yetadi, inshoolloh, degan edim.
Dadamning “Bolam, Razzoq rizqimizni oʻlchab bergan, kimdir uni oʻttiz yilda yeb tugatsa, boshqasi 150 yilgacha yetkazadi”, – deb aytganlari tez-tez yodimga tushadi. U kishidan koʻpgina yaxshi xislat va sifatlar bilan birga kunda ikki marta ovqatlanishni meros qilib olganman. Yana har fasl almashinuvida oʻn kunlik ochiqish kurslarini oʻtkazaman. Pol Breggning “Ochlik moʻjizasi” va Oydin Solihaning “Yoʻqotilgan tabobat” kitoblarini stol usti qoʻllanmamga aylantirganman. Oʻzbekistonda koʻplab bemorlarga eng koʻp nafi tegayotgan davo maskani deb Kattaqoʻrgʻondagi Ergash ota klinikasini bilaman, koʻplab bemor yuboraman, hammasi ijobiy natijalar bilan qaytadi. Toqati yetganlar bu maskanda oʻn-oʻn besh kunlab ochiqib, toksinlardan qutulib keladi. Mening maslahatim bilan Bogʻizogʻonda klinika ochgan qadrdon doʻstim, sobiq kursdoshim, xirurgiya va UTT mutaxassisi Isroil Toʻxtaev ham ana shunday qutlug‘ ishga qoʻl urdi. Alloh yetkazsa oʻzim ham nafaqaga chiqqach, xususiy klinikamda ochlik bilan tozalanishni yoʻlga qoʻymoqchiman. Hademay menga rizq, ilm, ustoz va ish berib, qadrdon goʻsham boʻlib qolgan Toshkentga koʻchib kelganimga 40 yil toʻladi. Bu qutlug‘ maskanda meni Alloh koʻplab yaxshi insonlarga kasbdosh, maslakdosh va yelkadosh qildi, yomonlari va hosidlari esa oʻzining yoʻliga…
Tolibi ilm boʻlib SamPIga kelganimda uning yotoqxonasidan Oloy bozoriga qadar 19 avtobus yoʻnalishi boʻylab, Xudoning bergan kuni yugurib kelar va yana yotoqqa qaytardim. Har kungi bu marafonim oʻrtacha 16 chaqirimni tashkil qilardi. Yomgʻir, qor, shamol pisand emas edi menga. Oʻsha yillari shaharda saharmardonda yugurishga chiqqan turli yoshdagi koʻplab odamlarni koʻrardim. Yoshim oltmishga yaqinlashdi, hozir ham yuguraman, taassufki yugurishga chiqqan ikki-uch nafar yosh yalangdan boʻlak hech kimni koʻrmayman. Yo zamon hammani roʻzgʻor tashvishlari bilan andarmon qilib qoʻydimi? Yoki shaytonning eng yaqin hammaslagi – dangasalik koʻpayib ketdimi?
Yaponiyada boʻlganimda 60–80 yoshli odamlarning ham yugurib yurganini koʻrgandim. Bu davlatda erkaklarning oʻrtacha yoshi 82–84, ayollarniki esa 86-87 yilni tashkil etadi. Darvoqe, internet maʼlumotlariga koʻra, ular qorinboylarni yomon koʻrishar, davlat xizmatiga olishda ham cheklovlar bor ekan.
Kam ovqatlanish va ochiqish insonni Rabbiga yaqinlashtiradi, valiylar bejiz chillaga kirmaganlar. Najmiddin Kubro hazratlari har gal chilladan Alloh nuriga va ilmiga toʻlib chiqqanlarida kimga koʻzi tushsa avliyo boʻlib ketgan ekan. Radiy Fish oʻz asarida hazrat Jaloliddin Rumiyning qirq kunlik chillasida ustozi Salohiddin qoldirgan toʻrt dona patirdan bittasi ham yeyilmaganini, faqat qumgʻondagi suv tugaganini tasvirlagan.
Muhtaram ustozim, professor-terapevt, Oʻzbekiston respublikasi tibbiy deontologiya va kasb etikasi asoschilaridan biri Erkin Qosimov bir suhbatida: “Alijon, bilasanmi, odamning eng xunugi kim? Sochi toʻkilgan, yuzi burishiq, badanida chandiq yoki dogʻi bor odam emas. Qorni katta, semiz kimsa odamlarning eng xunugi va jirkanchidir. Semizlik qoʻy yoki molga yarashadi, odamni esa hayvonga yaqinlashtiradi. Olti yuz ming hadisni yigʻib, oʻn mingini sanadigacha, roviysigacha yod olgan hazrat Imom Buxoriy juda ozgʻin odam boʻlganlar, bir kunda bir dona xurmo yoki bir nechta jiydaga qanoat qilganlar, Rasulullohning muborak qorinlari muborak koʻkraklari bilan bir tekis boʻlgan”, degan edilar. Ustozning oʻzlari ham nur yuzli, qotma va ozgʻin inson edilar. Umuman olganda, men suygan odamlarning aksariyati qotma va ozgʻin odamlardir. Institutda oʻqitgan ustozlarim: dotsent-anatom Vasiliy Sharlevich Pavoloskiy, dotsent-rentgenolog Botir Asomov, ToshMIda orttirgan qadrdonlarim Erkin Qosimov, Shuhrat Gʻulomov, Sarvar Atakov, piyri murshidim, sohibkaromat Toʻxtaboy ota Boltaboyev…Ularning qotmaligi va ozgʻinligi yuzidagi nur bilan uygʻunlashib ketgan.
Hozir esa eshikdan avval besoʻnaqay qorni, oradan bir necha soniya oʻtib esa tanasining qolgan qismi kirib keladigan kimsalar koʻpaydi. Respublika sogʻliqni Saqlash vazirligi maʼlumotiga koʻra, Oʻzbekistonda ortiqcha vazn sohiblari 50 foizdan oshgan va oshishda davom etmoqda. Bu nimalarga olib keladi? Infarktlar, insultlar, gipertoniyalar, aʼzo va tizimlarni yog‘ bosishi hisobiga boʻladigan faoliyat buzilishlari… Bir kilogramm parazit yogʻni boqish uchun vujud 5 chaqirimga yaqin kapillyar sintez qilishga majbur boʻladi. Vaholanki, qabulimga meʼyordan 20–40, hatto 40 kg ortiqcha vaznga ega boʻlgan odamlar koʻplab kelmoqda. Men ularga ozdiradigan dori yoʻqligini, turli-tuman Gerbalayf, Gano, Vijn, Stanalarga ishonmasliklarini uqtirgunimcha esim ketay deydi. Ozishga badnafslikdan voz kechish, kam ovqatlanish, koʻp harakatlanish, salqin oylarda har hafta saunaga borish, saratonda qumga tushish, bir necha kunlik ochiqish kurslarini, sportni odat qilish orqali erishiladi. Boshqa barchasi bekor…
Tibbi Nabaviyada luqmani kamida yigirma martagacha chaynash lozimligi bejiz keltirilmagan. Koʻp chaynalganda soʻlak tarkibidagi fermentlar taʼsirida luqma glyukozaga aylanib, til ostidagi tomirlardan soʻrilib, toʻqlik hissini ertaroq keltirib chiqaradi va nafsni tiydiradi. Luqmani shoqoldek chaynamasdan yutadigan odamlarni koʻp koʻrdim, ularda toʻyish hissi boʻlmaydi va toʻrt-besh kishiga kifoya qiladigan ovqatni yeb qoʻyadi.
Qissadan hissa shuki, semizlik – qorindorlik obro‘ emas, u vujud va ruhiyatning ifloslanishi, barcha kasalliklar debochasi, piyonistalik, shahvatparastlik, hasadgoʻylikka uygʻun keluvchi va insonni xunuklashtiruvchi jirkanch illatdir. Xulqimiz bilan birga turmush tarzimizni ham isloh qilaylik, zero, janobi Rasulimiz (s.a.v) “Ummatimning yaxshisi badanida eti ozrogʻidir”, deb bejizga marhamat qilmaganlar.
Alijon ZOHIDIY