1888-yil 23-dekabr. Vinsent Van Gog chuqur tushkunlikda chap qulogʻini bir qismini kesib oldi va uni fohishaxona xizmatchisiga topshirdi.

1890-yil 27-iyul. Van Gog oʻz koʻksiga revolver bilan oʻq uzdi va ikki kun oʻtgach vafot edi.

Tasviriy sanʼatni sanʼatning boshqa yoʻnalishlariga qaraganda tushunish biroz murakkabroq. Balki shu sababdir bugunga kelib suratlarning badiiy qiymatidan koʻra ancha qimmat narxda sotilishi odatiy holga aylanib qolgan. Gollandiyalik rassom Vinsent Van Gog tasviriy sanʼat tarixidagi daholardan biri sifatida koʻriladi, uning ijodi va hayotini barcha rassomlar orasida eng jozibalisi deyish ham mumkindir, ehtimol. Kandinskiy, Pollok, Gogen, Rembrant va shular qatoridagi boshqa koʻplab rassomlarning ijodini buyuk deb sifatlashga hech qanday toʻsiq mavjud emas, lekin ulardagi muxlislar auditoriyasining koʻlami xuddi shu buyukliklariga mos emas. Atrofga qarasangiz hadeb Pol Sezan yoki Anri Mattis muxlisini uchratavermaysiz. Mabodo bunday taqqoslovni Van Gog borasida amalga oshirsak, ikkala tomon ham deyarli muvozanatlashgan. Xoʻsh, ham oddiy muxlislar, ham sanʼatshunos va tadqiqotchilar tomonidan koʻklarga koʻtariladigan Vinsent Van Gogning buncha obro‘ topishiga nima sabab boʻldi, ijodining estetik-badiiy ahamiyatimi yoxud ayrim qarashlardan kelib chiqiladigan boʻlsa, hatto bugungacha aniq tashxislanmagan ruhiy kasalligi sabablimi?

Sanʼatshunoslik nuqtai nazaridan olib qaraganda Van Gogning buyukligiga ishora qiluvchi narsa bu – inqilob, yaʼni u XIX asr 70–80 yillarida Yevropa tasviriy sanʼatida yetakchilik qilib kelayotgan impressionizmdan keyingi davrni boshlab berganlardan biri. Garchi Van Gogning ijodi asosan impressionizm va realizm taʼsirida vujudga kelgan va taʼsirlangan boʻlsa-da, bu oqim uning rassom sifatidagi ehtiyoj va maqsadlarini qondirolmasdi, Van Gog yoshligidanoq sentimental va oʻta taʼsirchan, ruhiyati gʻam-qaygʻuga moyil, shuningdek impulsiv edi. Shu bois yorugʻlikning obyektda lahzalik, oʻtkinchi akslanishi, och ranglar va qolaversa impressionizmning klassik qoidalarining ayrimlari ham rassom, ham inson sifatida uning sanʼat va hayotga nisbatan bor eʼtimodini toʻliq tasvirlash uchun cheklangan koʻrinadi. Professional sanʼatga kirib kelishdagi muammolarning ayrim sabablari ham xuddi shundan kelib chiqqandi. Ukasi Teo tomonidan rassomning asarlari Parijda koʻrgazmaga qoʻyilgan boʻlishiga qaramay bu suratlarga umuman xaridor topilmaydi. Chunki Vinsentning rassomlik faoliyatining avvalgi yillarida asosan qora va toʻq ranglar bilan quyuq qilib ishlangan, tushkun va horgʻin kayfiyat beruvchi suratlar ayni zamondagi juda koʻpchilikni tashkil etuvchi, impressionizmga oshufta sanʼat isteʼmolchilarining talabi va didiga oʻtirmaydi.

Uslubga umumiy nazar tashlaganimizda esa Van Gog oʻziga namuna sifatida koʻruvchi rassomlar orasida romantizm vakillari ham bor edi. “Men ruhiy sokinlikda emas, ehtirosli onlarda jon berishni maʼqul koʻraman”, deb yozadi rassom bir maktubida. Aynan shunday, balki uning ijodini dastlabki yillariga mansub suratlarida bu sezilmasligi mumkin, ammo Van Gog deganda ijodkorning koʻz oldimizda gavdalanadigan suratlarida buni ilgʻash alohida koʻnikma talab etmaydi. Oʻtkir va ehtirosli kolorit, koʻrilgan emas his qilingan shakl va ifodalar, taʼsirchanlikning noodatiy, shu bilan birga taʼbni xira qilmaydigan darajasi va koʻrinishi uni oddiy ijodkor emas, oʻziga xos taʼlimotning peshvosi sifatida qabul qilishga, tushunishga va tan olishga majbur qiladi. Tasviriy sanʼatga oid qarashlari, texnikasi va uslubi bir qancha toʻsiqlarga uchrashiga qaramay Vinsent oʻz yoʻlida qattiq turdi. Asarlariga sanʼat jamoatchiligi tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtiborsizlik, dastlab oʻziga ustozlik qilgan amakivachchasi Anton Mauve, keyinchalik oʻzi taʼlim olgan Antverpen Akademiyasi direktor va oʻqituvchilari bilan ziddiyatlar ham uni uslubidan chekintirmadi. Hatto ukasi Teo ham uning qarashlari va tasvir uslubini oʻzgartirishga bir necha bor harakat qilib koʻrgan. Biroq, Van Gogning Parijda istiqomat qilgan davrida ayrim mashhur va isteʼdodli rassomlar, sanʼat olamidagi boshqa katta shaxslar bilan tanishadi, oʻz texnik mahoratini yuksaltirish uchun bir qancha darslarga qatnaydi. Shundan Parij yillari uning suratlari palitrasiga yorqin ranglar ham qoʻshiladi. Mohiyatan olib qaraganda jiddiy oʻzgarishlar yuz bermaydi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Vinsentning tabiati, ustiga-ustak qoʻshalashib kelgan muvaffaqqiyatsizliklar, omadsizlik bilan birga umidsizlik taʼsirida yanada yuksalgan umidlari (Van Gog oʻz eʼtiqodini qadrlar edi, yoshlik davrida diniy faoliyat bilan ham shugʻullangan) uning tasvirlarini shunday qiyofalantirgan edi.

Van Gog uchun Provansga koʻchish anchagina xayrli keldi, bu yerda oʻtgan kunlarida texnika va uslub yanada teranlashdi, oʻz palitrasini ham boyitdi. Nafaqat avtoportretlarida, balki peyzaj va natyurmortlarida uning shaxsiyati, ruhiyati, fitrati yanayam koʻproq namoyon boʻla boshladi. Ranglar, shakllar, soyalar oʻz oʻrni va gohiga qarab xuddi rassomday gʻayrat-shijoatli, impulsiv, tartibsiz, nochor, tushkun edi. Bu ayniqsa uning muhtojlikda va ruhiy xastalikda oʻtkazgan vaqtlarida ishlangan suratlarida kuchliroq namoyon boʻladi. Van Goggacha hali hech bir rassom bir yoʻla tasvir obyektini, ham oʻz ichki kechinmalarini bunchalik darajada tasvirlay olmagandi. Keyinchalik mashhur norveg rassomi Eduard Munk ijodi ham shunday shamoyilni oldi, biroq bunda ham Vinsent ahamiyatli boʻldi. Negaki, Munk eng koʻp taʼsirlangan ijodkor u edi.

Soʻnggi yillarda, shuningdek, yulduzlar, yarim oy, sarv daraxti bugʻdoyzorlar, iris gullari va kungaboqarlar, qishloq hayoti Van Gog asarlarida bosh figuralar boʻlib qoldi. Asosiy sanʼatshunoslik tadqiqotlari hamda oddiy sanʼat muxlislari ham xuddi shu tasvirlarga katta eʼtibor qaratishadi. Bular rassomning tashrif qogʻoziga aylandi. Van Gog qoʻllaydigan oʻta yorqin va koʻlamli sariq rangni tahlil qiladigan boʻlsak, bunda bir qarashda oʻtkir ehtiros va shijoat, hadsiz ishtiyoq his qilinadi. Vinsentning rasm chizishga boʻlgan ichki talabi va ishtiyoqi juda kuchli boʻlganligi hisobga olinsa, u buni aynan shu rangda ifodalashga koʻpincha ehtiyoj sezishi tushunarli boʻladi. Boshqa bir tahlillarga koʻra esa yulduzlar va yarim oydagi yorqin sariq rang xudoga ishora qiladi. Bunga bir hisobda ishonish mumkin. Chunki Van Gog ukasi Teoga yozgan maktublarining birida (1888-yil sentyabr) qachonki eʼtiqodga kuchli ehtiyoj sezganida yulduzlarni chizishi haqida yozgan. Ammo rassom faqatgina yulduz va oydagina boʻrttirilgan va toʻyingan sariq rangni ishlatmagan, demak sariq rangni qoʻllashdan yolgʻiz maqsad bu emas. Van Gog sariqdan foydalanishda kunduzgi suratlarda salmoqliroq ishlagan boʻlsa-da, nisbatan tun tasvirida ishlatishda koʻproq xohish koʻrsatgan ( xususan koʻk, siyohrang va binafsha ranglar bilan birga ishlatilganda sariqning yanada jozibaliroq chiqishiga ishongan). Quyida ayrim misollar keltiraman:

“Tungi kafe” 1888-yil

“Tungi terassa” 1888-yil

“Rona osmonidagi yulduzli tun” 1888-yil

Arldan boshlangan sayohatlar Vinsent ijodida ramzlarning koʻpayishi va chuqurlashishiga taʼsir koʻrsatdi. Uning asarlarida ramziylikka xizmat qiluvchi obyektlardan yana biri bu kungaboqarlar. Van Gog kungaboqar tasvirlangan suratlar seriyasini (jami 11 ta surat) yaratadi, eng koʻp tilga olinadigan 7 ta seriyadagi kungaboqar suratlarini ham Arlda chizgan. Rassom ijodida kungaboqarlar inson ramzi edi – osmonga, quyosh va yorugʻlikka qarab intiluvchi mavjudot sifatida.

Yana bir ramz bu sarv daraxtidir, garchi uni chizish rassomga qiyinchilik tugʻdirsa-da, Vinsentga juda yoqqan. Ushbu ramz tahliliga kelsak, sarv daraxti Yevropa qabristonlarida koʻp ekilgan. Shu sabab uni katta ehtimol bilan oʻlim ramzi sifatida ishlatgan. Ayniqsa, “Yulduzli tun” asaridagi daraxtning koʻrinishi boshqalariga qaraganda bu qarashni koʻproq tasdiqlaydi, unda sarv ancha baland – goʻyo osmonga tutash qilib tasvirlanadi, shakl-shamoyil ham qolgan suratlardagiga qaraganda oʻtkirroq koʻrinish hosil qilgan. Shuningdek, sarvlar deyarli barcha suratlarda alohida ajratib qoʻyilgan va old planga qoʻyilgan, bu bilan rassom, balki oʻzining yolgʻizligini ifodalamoqchi boʻlgandir. Bundan tashqari sarv daraxtining koʻplab tasvirlaridagi notinch va gʻalayonli tekstura Van Gogning oʻsha paytdagi ruhiyatini ifodalaydi.

Bugʻdoy hosilini ham Van Gog koʻpincha ramz sifatida ishlatadi. Va aynan shu ramzni oʻz joniga qasd qilishidan bir necha kun oldin chizilgan suratda qoʻllashi ham buning qanchalik eʼtiborga loyiqligini koʻrsatadi.

 “Qargʻalarga toʻla bugʻdoy maydoni” 1890-yil iyul

Pishiqlik paytidagi bugʻdoy odatda, jumladan Van Gog asarlarida ham inson hayotining yetuklik davrini ifodalaydi. Ushbu suratda bugʻdoyzor osmoni nimqorongʻu rangda va boʻronli. Shuningdek, uchib ketayotgan qora qargʻalar toʻdasi ham tasvirlangan, qargʻalar esa manbalarda yaxshilik alomati sifatida koʻrilmaydi. Shunda suratdagi ramziylikning jumbogʻi biroz yechiladi. Yetuklik davrida shamol oqibatida qalqiyotgan bugʻdoyzor notinchlikning belgisidir, bunga qoʻshimcha ravishda qargʻalar suratdan olinadigan tahlika va tahdid hissini yanayam kuchaytirib beradi. Ehtimol, Van Gog ushbu surat bilan oʻz ustidan chiqarilgan hukmni ramzlashtirgandir, har qalay ayni shu davrda uning faoliyati har qachongidan koʻra yuksak darajada edi, baxtga qarshi yolgʻizlik, xastaliklar, muhtojlik va oʻzining yagona tirgagi bo‘lgan ukasining betob boʻlib qolishi rassomni ruhan qattiq ezib, holdan toydirgandi. Qolaversa, Vinsent xuddi shu bugʻdoyzorda oʻz joniga qasd qiladi.

Vinsent Van Gog oʻz hayoti davomida ham maishiy, ham ijod taraflama koʻp sonli toʻsiqlar, doiralardan oʻtdi. Hayotligida bittagina suratini sotishga muvaffaq boʻldi, ushbu surat “Qizil uzumzor” asari boʻlib, 1890-yilning mart oyida sotilgan. Doʻstlari Bernard va Gogen ham uning suratlaridagi dohiyonalikni ilgʻashmadi yoki sovuqqonlik bilan qarashdi. Biroq shuhrat oʻzini koʻp kuttirmadi, 1890-yilda (ha, rassom umrining soʻngi yilida) bir muncha yukli eʼtiroflarga erishdi – Parijda namoyish etilgan mashhur koʻrgazmalarning ayrimlariga taklif etildi. Hatto Parij mustaqil rassomlarining oltinchi koʻrgazmasida suratlari namoyish etilishi ortidan sanʼat ahli tomonidan sanʼat tarixidagi ulug‘ rassomlaridan biri deb tan olinadigan Klod Mone tomonidan olqishlandi.

Albatta, oddiy muxlislar uchun yuqorida aytilgan jihatlar unchalik muhim emas. Shunchaki koʻngil ishtiyoqi ortidan sanʼatga qiziquvchi insonlarga birinchi navbatdagi jihat Vinsent yaratgan suratlardagi yorqinlik, fikriy va maʼnoli yuklamalarning kamligi va oʻziga xos texnikasidir. Buni rassomning muxlislari oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazib ham aniqlab olish mumkin. Aksariyat muxlislar shubhasiz porlab turgan yulduzli va sarvli kartinalarni, kungaboqarlar, gullagan bodom, iris gullari tasvirlangan suratlarni yoqtirishadi. Ularda samimiylik juda yuqori, qaygʻu koʻrinmaydi. Samimiylik, qandayki – bunda ijod mahsulidan zavqlanish oʻta oson, eng joʻn munosabatga ham ochiq, faqatgina his qilish orqali ham qoniqishni tuyish mumkin. Oddiy insonlar odatda sanʼat asarlariga hordiq chiqarish, zavq uchun murojaat qiladi, purmaʼno va murakkab tasvirlarga ehtiyoj kamroq boʻladi. “Impressionizmda-chi?”, degan savol tugʻilishi mumkin. Toʻgʻri unda ham tasvir birinchi oʻrinda, maʼno deyarli mavjud emas, biroq unda ijodkorlik va subyektiv tasavvur (oʻrinli chegarada) yetishmaydi, bunday asarlar xos koʻnikma, bilimga ega boʻlmagan aksariyat muxlislar uchun juda odmi koʻrinadi. Van Gog suratlari esa oʻz gʻayriodatiyligi bilan ruhiyatga koʻtarinkilik, yengil huzurni bera oladi. Uslubiyatdagi oʻziga xoslik esa alohida va keng, shu bilan birga tushuntirish unchalik ham oʻngʻay boʻlmagan tomoni. Uning yulduzlar, kungaboqarlar, boshqa xil gullar, landshaftlar qatnashgan suratlarda bir qarashda yuksak mahorat koʻzga tashlanmaydi, boʻyoqning garmonik-toʻlqinsimon, egri zarbalanishlari xayolimizda beixtiyor, chuqur anglanmaydigan tarzda bolalarcha chizilgan suratlarni gavdalantiradi. Aynan shu orqali ruhiyatimizda bu asarlarga simpatiya uygʻonadi. Shuningdek, hislarning bir qarashdayoq oson tuyiladigan salmoqli darajada mahorat va ustalikka bunday aralashuvi albatta keng auditoriyani oʻziga jalb qiladi.

Van Gogning azobni, tushkunlik va nochorlikni ifodalaydigan asarlarini yoqtiruvchi muxlislar ham keragicha topiladi (“Poyabzallar” turkumidagi suratlarga nisbatan yuqori eʼtibor bunga dalil). Bunday suratlar asosan toʻq va boʻgʻiq ranglari va/yoki asar konteksti (tarixi, izohi) bilan oʻziga jalb etadi. Bundan tashqari Van Gogning ijodiga muxlislik asarlari bilan birga uning hayoti ham taʼsir oʻtkazgan ixlosmandlar topiladi. Nochorlik, feʼl-atvordagi oʻziga xosliklar, muvaffaqqiyatsizliklar va buning ortidan kelgan tushkunlik, shaxsiy hayotdagi omadsizliklar, surunkali ruhiy xastaliklar hamda fojiaviy oʻlim Vinsentni ozgina oʻrgangan insonda hamdardlik, simpatiya uygʻotmay qolmaydi. Asarlaridagi yuz va ranglardagi azobni tasvirlovchi hissiy ifodalar muxlislarda ham kuchli botiniy azobni uygʻotadi. Birgina fakt, “Doktor Gashe” suratining egasi, kolleksioner Ryoei Saito asardan qattiq mutassir boʻlib, unga shunchalik bogʻlanib qolganidan bir kun kelib vafot etganida suratni ham oʻzi bilan birga yoqish fikri haqida aytgan.

“Doktor Gashe” 1890-yil

Mashhur komik aktyor Saveliy Kramarov shunday degandi: “Men doim jinni-telbalarni ijro etaman. Shuning uchun meni barcha yerda oʻz qadrdonlaridek qabul qilishadi”.  Shu boisdan (yaʼni rassomning ruhiy tomondan normal emasligi) ham balki uni sevuvchilar koʻpdir, ehtimol. Van Gogning maktublari, kundaliklari XX asr avvalidan boshlab juda katta adadda nashr etildi. Bugunda ham turli reproduksiyalar, yaʼni maishiy buyumlar, suvenirlar, taqinchoqlar va boshqa buyumlarga ham maxsus tarzda rassomning asarlarining tasviri bilan qayta ishlov berilishi ( bu masalada ham Van Gog qolgan barcha rassomlardan oldinda) koʻp jihatdan uning rassom sifatidagi mahorati yoki dahosiga emas, balki, shaxsiga, qismatiga bogʻliq. 

Vinsentning xastaligi ham alohida mavzu. Uning jahon sanʼat ahli eʼtiborini tortgan vaqtdan boshlab to bugungacha ruhiy noqisligi haqida mingdan ortiq ilmiy maqolalar yozilgan, bir necha oʻnlab ilmiy ishlar yoqlangan va oʻziga 30 dan ortiq qiyosiy hamda taxminiy tashxislar qoʻyilgan. Biroq hech biri rasman tasdiqlanmagan, biror bir tashxis boʻyicha yakdil kelishuvga ham erishilgan emas. Unga 1888-yil ilk bor kasalxonaga yotqizilganida epilepsiya tashxisi qoʻyilgan, biroq u davrdagi epilepsiya hozirgiga qaraganda ancha keng tushuncha edi.

Yuqoridagi fikrlar orasida aytib oʻtildiki, rassom bolaligidanoq taʼsirchan (ayniqsa omadsizliklarga), beqaror kayfiyatli, jizzakilik, oʻziga ishonchsizlikni namoyon etgan, yanayam yaxshiroq tasavvur uchun aytish mumkin – normal va oson xarakterli boʻlmagan. Buning ortidan shaxsiy hayoti va ijodida koʻngilsiz voqealar koʻp boʻlgan, bular esa yil sayin uni qattiq depression holatlarga solib qoʻygan. Ustiga ustak Van Gog absent ichishni juda yoqtirardi, mazkur ichimlik oʻz tarkibida yuqori ulushdagi spirt (odatda 70%) va ruhiyatga taʼsir qiluvchi tuyon moddasini saqlaydi. Shu tariqa ilk klinik belgilar Parijdaligidayoq (1886–88) namoyon boʻladi. Qoʻl mushaklarining tortishishi va qaltirashi, dahshatli tasavvurlar, ongni yoʻqotadigan epizodlar, fikriy va hissiy chalkashliklar shular jumlasidan. 1888-yilda provansga koʻchib borganida bunday holatlar yanada battarlashdi – kichik alahsirash va gallyutsinatsiyalar kuzatildi. Shu tariqa, kasallik rivojlanishi yoʻlida Gogen bilan janjaldan soʻng (Teoning harakatlari bilan Gogen 1888-yilning kuzida birga ishlash uchun Van Gogning oldiga keladi) chap qulogʻining bir qismini kesib tashlaydi. Ruhiy shifoxonalarda davolanib chiqqach esa ahvol biroz yengillashgandi. Ammo endi uning oldida boshqa muammo koʻndalang turardi. 1890-yilning bahorida Teoning sogʻligʻi yomonlashdi buning ortidan esa moddiy taʼminot soʻroq ostida qoldi. Aka-uka oʻrtasida bir qancha achchiq-tiziq gaplar oʻtdi va Vinsent endi oʻzini yukday his qila boshladi. Uzoq davom etgan depressiyadan soʻng oʻz joniga qasd qildi.

Sanʼatshunoslar Van Gog asarlari va ruhiy xastaligi oʻrtasidagi bogʻliqlikka ham jiddiy eʼtibor qaratadi. Ijodkorning tabiiy ruhiy holatining yaratadigan asarlariga taʼsiri borasida shubha yoʻq. Kasallikning bevosita va keskin taʼsiri esa murakkabroq masala. Bu mavzuda ayniqsa “Yulduzli tun” surati koʻproq eʼtiborni jalb etadi. Ayrim olimlar osmondagi toʻlqinsimon-aylana havo oqimini rassomning toʻlaqonli xastaligi natijasi sifatida koʻrsatishadi. Ular orasida hatto shunday fikrlar uchraydiki, Van Gog chuqur ruhiy buzilish natijasida havoning turbulentligini matematik va fizik jihatdan toʻgʻri ilgʻay olgan hamda bu moʻjiza sifatida koʻriladi. Biroq biz aytamizki bu yanglish fikr, suratdagi aylana va turbulentlikning bir-biriga mos kelishi esa tasodif. Vinsentning havoda bunday oʻramani chizishining aniq sababi yoki maʼnosi bizga maʼlum emas. Ammo asarda oʻz eʼtiqodi, hissiyotiga aloqador obyektlar koʻpligini inobatga olsak bu aylanalar ham ramz boʻlishi mumkin. Yana bir qiziq fikr, muxlislar bilishadiki ushbu suratda oy va yulduz atrofidagi sariqlik qolgan asarlarga nisbatan koʻproq. Gap shundaki, patolog olim Pol Vulf 2001-yilgi bir izlanishida “Yulduzli tunda” sariq rangning bunchalik mehr bilan qoʻllashini epilepsiyadan davolanish vaqtidagi dorilar taʼsiri bilan bogʻlaydi. Boshqa olimlar ham Van Gogni tuzalishi uchun unga digitalis dorisi berilgan boʻlishi mumkinligini aytishadi, xuddi shu dorining koʻp dozasi atrofning inson koʻziga sariq yashil koʻrinishda namoyon boʻlishiga olib keladi. Biroq bu ham taxmin. Boshqa bir taxmin bundan ham oshib tushadi, biz yuqorida qayd etgan absent ichimligi tarkibidagi tuyon moddasining maʼlum miqdori koʻrishda sariqlikni oshirishi aniqlangan va shunga koʻra Van Gogning  ayni shu ichimlikni haddan ortiq isteʼmol qilishi suratdagi boʻrttirilgan sariqlikka sabab boʻlgan. Biroq bu qarash juda moʻrt edi, 1991-yilgi oʻtkazilgan hisob-kitoblarga koʻra aynan suratdagiday sariqlikni absent ichish orqali tasvirlamoqchi boʻlsangiz siz 182 litr absent taʼsirida boʻlishingiz kerak.

“Yulduzli tun” 1889-yil 

Yuqorida birgina surat misolida rassomning kasalligi va ijodi oʻrtasidagi aloqaning qay darajada ekanligini tahlil qilishga harakat qildik. Albatta, kasallik inson faoliyatining har bir sohasida seziladi, Van Gog ham bundan mustasno emas. Ruhiy beqarorlik, xastaliklar uning qaysi paytda qanday suratni chizishi, tuygʻulari, tasavvuri, insonlar bilan munosabatlariga taʼsir qilgandir. Biroq, asarlaridagi oʻziga xoslik, yangiliklar, impastolar, ranglar, xatolar, mahorat, tasvirga soʻnmas ishtiyoq va qolgan barchasi rassomning buyukligining belgisidir.

Javohir ERGASHEV.

Oyina.uz