Qipchoq tilida yozilgan eng qimmatli yozma manbalardan biri “Qumanlar qomusi”dir. “Qumanlar qomusi” yoki “Kodeks kumanikus” (lat. Codex Cumanicus) – 1303-yilda yozib tugatilgan lugʻat boʻlib, uning yagona nusxasi Venesiyadagi Avliyo Mark ibodatxonasining kutubxonasida saqlanadi.
Qumanlar qomusining bu nom bilan atalishi toʻgʻri emas, chunki asarning oʻziga “Bu tatar til” deb yozilgan. Avval eslatganimizdek, Yevropada, jumladan Vengriyada ham qipchoqlarni “qumanlar” deb atashgan. Shuning uchun asarni birinchi bor kashf qilgan vengriyalik olim, asli qipchoqlardan boʻlgan graf Kun uni “Codex Cumanicus” deb nomlagan va asar shu nom bilan ilm ahli orasida mashhur boʻlgan.
Qomusning asl nusxasi 82 varaq, yaʼni 164 betdan iborat. Birinchi sahifasida “1303-yil 11-iyul” sanasi qayd etilgan. Bundan koʻrinadiki, uning yozilishi XІII asrning ikkinchi yarmida boshlangan va XIV asr boshlarida yakunlangan (Codex Cumanicus Cod. Marc. Lat. DLXIX In faksimile heruasgegeben mit einer einletung Von K.Grönbech – Kopenhagen, 1936, 82 v.).
Qipchoq tillarining eng mashhur tadqiqotchisi A.Grakavesga koʻra, qoʻlyozma Qirimda, qirim-tatar tilida yozilgan qadimiy yozma yodgorlik hisoblanadi (Гаркавец А. Н. Кыпчакские языки. – Алма-Ата: Наука, 1987. – С. 18).
Asar ikki qismdan iborat boʻlib, uning birinchi qismida lotincha-forscha-qumancha lugʻat berilgan. Shuningdek, quman tilining affikslari va ularning lotin tilidagi ekvivalentlari, quman tilidagi ismlar va olmoshlarning turlanishi hamda ularning lotin tilidagi tarjimasi keltirilgan. Lotincha-forscha-qumancha lugʻat qirqta mavzuviy boʻlimlarga ajratilgan.
Birinchi qism “Italyancha bob” yoki “Sharhlar kitobi” deb nomlanadi, unda berilgan lotin tilidagi soʻzlar va ularning forscha-qipchoqcha glossariysi esa amaliy qoʻllanama vazifasini oʻtaydi. Bu qismda din, savdo, osmon ilmi, harbiy, kasb-hunar soha, davlatchilikka oid atamalar va kundalik ishlatiladigan maishiy soʻzlarning maʼnolari, quman tilining grammatikasi ham keltirilgan.
Ikkinchi qismda esa quman-nemis-lotin lugʻati berilgan. Shuningdek, quman tilidagi matnlar, quman tilining lotincha yozilgan qisqacha grammatik tavsifi, italyan tilida yozilgan sheʼrlar ham taqdim etilgan. Bu sheʼrlar Petrarkaning asl qoʻlyozmasi hisoblanadi. Lotin tilidagi bitta feʼlning turlanishi va lotin tilidagi matn namunasi ham shu qismdan oʻrin olgan.
Bu qism “Nemischa bob” yoki “Missionerning kitobi” deb ataladi. Chunki bu qism nemis fransiskanlari (fransiskanlar (lotincha Ordo Fratrum Minorum; “kichik birodarlar ordeni”) katolik oqimidagi monaxlarning tilanchilik va tarkidunyochilikni, shu orqali Xudoga yaqinlashishni targʻib qiluvchi tariqati) tomonidan tuzilgan boʻlib, unda turli xil diniy matnlar toʻplami, xususan, Injildan parchalar, vaʼzlar, aforizmlar, diniy taʼlimotlar, ibodat qilish tartiblari, xususan, “Pater noster (Отче наш)”, Iymon timsollari, Oʻnta muqaddas burch va “Ave Maria” berilgan. Shuningdek, qipchoq tilidagi topishmoqlar lotin va nemis tillariga tarjima qilingan.
Kitobning strukturaviy tuzilishi tahlil qilinsa, birinchi qismi qipchoq tilini oʻrganish, shu maqsadda darsliklar yaratish; ikkinchi qismi esa qipchoq xalqlari orasida nasroniylikni targʻib qilish maqsadida yozilgani koʻzga tashlanadi.
Qomusning birinchi qismi dastlab mashhur sharqshunos, xitoyshunos, akademik Genrix Yuliy Klaprot (1783–1835) tomonidan fransuz tiliga tarjima qilingan. U oʻzining “Osiyo haqida tadqiqotlar” mavzusidagi dissertatsiya ishida qoʻlyozmani “F.Petrarka kutubxonasida saqlanayotgan lotin-fors-quman lugʻati” degan nom ostida nashr ettiradi (Parij, 1828). Ikkinchi marta lotin tilidan toʻliq (ikkala qismi ham) tarjima qilingan “Qumanlar qomusi” G.Kun tomonidan Budapeshtda, 1880-yilda nashr etilgan. Nashr uch qismdan iborat. Birinchi qismda “Muqaddima” va katta hajmli “kirish” qismi mavjud. Kirish qismida qumanlar tarixi, ularning boshqa xalqlar (xazarlar, pecheneglar, Turon pasttekisligining boshqa urugʻlari hamda ruslar) bilan munosabatlari, urugʻlari tarkibining oʻziga xos xususiyatlari (onomastika va toponimikasiga koʻra), dini, ijtimoiy-siyosiy tuzilishi berilgan. Ikkinchi qismga “Qomus”ning matnlari va ularning lotin tiliga tarjimalari kiritilgan. Uchinchi qism qumancha-lotincha (2838 soʻz), forscha-lotincha va nemischa-lotincha lugʻatlariga bagʻishlangan. Bulardan tashqari nashrda qoʻshimchalari, tuzatishlar va adabiyotlar roʻyxati ham mavjud.
“Kodeks Kumanikus” uchinchi marta V.V.Radlov tomonidan tarjima qilinib Sankt-Peterburgda nashr etilgan (1887). Biroq, bu toʻliq tarjima emas: unda G.Kun nashr qilgan nusxadan parchalar olingan, ular rus alifbosida transkripsiya qilingan va nemis tiliga tarjima qilingan. Ushbu nashrning mundarijasi quyidagicha: 1) Muqaddima (unda quman tilidagi 15 ta topishmoq tahlil qilingan); 2) Quman-nemis lugʻati (2217 soʻz); 3) Alohida burilgan jumlalar va iboralar; 4) Qumancha matnlar va ularning tarjimalari; 5) Soʻzlarning roʻyxati (3024 soʻz); 6) Tuzatishlar (33 soʻz).
1936-yilda daniyalik olim K.Grenbek qoʻlyozmaning asl nusxasini (faksimile) nashr ettirgan. Bu “Qomus”ning toʻrtinchi nashri boʻlgan. Mazkur nashr keyinchalik oʻz oʻrnida, tadqiqotchilarga asl nusxa bilan ishlash imkonini bergan va baʼzi soʻzlarni toʻgʻri yoki notoʻgʻri oʻqish haqidagi oldingi munozaralarga chek qoʻygan. “Qumanlar qomusi”ining oxirgi, beshinchi nashri ham K.Grenbek tomonidan tayyorlangan. U “Quman-nemis lugʻati” nomi ostida maxsus muqaddima bilan nashr etilgan (1942-yil, Kopengagen, 2728 soʻz). Muqaddimadan tashqari, ushbu nashr qipchoq soʻzlarining orfografiyasi va ortogrammasi, qipchoq tilidagi tovushlarni talaffuz qilishning oʻziga xos xususiyatlari, soʻz yasalishi usullari haqida batafsil maʼlumot bergan. Bu yerda qipchoq soʻzlari lotin alifbosi asosidagi transkripsiyada berilgan. Har bir soʻzning asl nusxasi qoʻlyozmadagi kabi aniq koʻrsatilgan. Shunday qilib, K.Grenbekning nashri tufayli qumancha soʻzlarni oʻqish tamoyillari tartibga solingan va bir shaklga keltirilgan, bu esa keyingi tadqiqotlarni sezilarli darajada osonlashtirdi (http://atalarmirasi.org/ru/149-kodeks-kumanikus-kniga-kumanov).
Qumanlar qomusining nomlanishi ajoyib. Unda quman etnosi tilga olingan. Xoʻsh, bu quman deganlari asli kim boʻlgan?
Oʻrta asrlarda Yevropa xalqlari qipchoq turklarini “qipchaq”, “quman”, “qoman”, “qoʻman, “qun” deb, ruslar esa “poloves” yaʼni “dasht xalqi” deb atashgan (Евстигнеев Ю.А. Кыпчаки/половцы/куманы и их потомки: к проблеме этнической преемственности. – СПб: Астерион, 2011. 130 с.). Demak, dastlab quman etnonim sifatida tilga olingan. Darhaqiqat, turkiy xalqlar orasida bugungi kunda ham ayni nom bilan ataladigan etnoslar koʻp uchrayti. Misol uchun, Vengriyada Qunshag yoki Qumaniya (veng. Kunság) deb ataladigan viloyat bor. Bu viloyatga vengerlar “qun” deb ataydigan qumanlar XIII asrda asos solishgan. Oltoyda qumandin degan xalq yashaydi. Qumandinlar oʻzlarini qoʻmandin, quvadig, quvondiq deb atashadi (Молчанова О.Т. Топонимический словарь Горного Алтая. – Горно-Алтайск: Горно-Алтайское отделение Алтайского книжного издательства, 1979. – С. 240.).
Quman etnonimi bugungi kunda dunyo turkologlari tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylangan. Buning sababi, albatta, biz tahlil qilayotgan “Kodeks Kumanikus” bilan bogʻliq. Hozirgi kunda tarkibida qu, quman, qun, qumaq, qumiq etnoslari boʻlgan xalqlarning barchasida qomusni oʻz nomidan eʼlon qilishga intilish kuchli. Bunda qanchalik haqiqat borligini aniqlash uchun ayrim tadqiqotlarga eʼtibor qaratish kerak boʻladi. Aksariyat olimlar qipchoq, poloves, quman va qunlarni bitta tushuncha ostida birlashtirishadi (Голубовский П.В. Печенеги, торки и половцы. Русь и Степь до нашествия татар. – М., 2011. – С. 45.). Ammo, turkolog Yu.A.Yevstigneyev “Кыпчаки/куны/половцы/куманы – один этнос или четыре?” nomli maqolasida ularning alohida etnoslar ekanini isbotlab bergan va qumanlarning orol dengizi atroflarida yashaganini taʼkidlab oʻtgan (Евстигнеев Ю.А. Кыпчаки/куны/половцы/куманы – один этнос или четыре? Электронная библиотека Музея антропологии и этнографии им. Петра Великого (Кунсткамера) РАН. – С. 56. http://www.kunstkamera.ru/lib/rubrikator/03/03_05/978-5-88431-239-5/© МАЭ РАН.). Olimning fikrlari qumanlarni gegrafik jihatdan oʻzbeklar yashaydigan hududlarga yaqinlashtiradi.
Albatta, Qumanlar qomusiga “Bu tatar til” deb yozilgan va bu asar tatar tilida ekanidan dalolat beradi. Qolaversa, kodeksning leksikasida qirim-tatar tiliga yaqinroq oʻgʻuz lahjasidan foydalanilgani koʻzga tashlanadi.
Bu bardï – izi yox (ol, kemädir).
U ketdi – izi yoʻq (bu – kema).
(Гаркавец А. Codex Cumanicus. Кыпчако-половецкие тексты XIII-XIV вв. “Дешти Кыпчак, Баур”. – Алматы, 2006. – С. 17.).
Ammo turkiy tillar orasida tatar tili eng koʻp dialektlarga boʻlinishiga ham eʼtibor qaratish lozim. Birgina qipchoq tilida soʻzlashadigan tatarlar ham mutlaqo bir-biridan farq qiladi. Qozon tatarlari, qirimtatarlar, urumlar, barabin tatarlari, alabugʻat tatarlari, ovul tatarlari (astraxan noʻgʻoylari), tatar-misharlar, astraxan va sibir tatarlarining tillari turli guruhlarga tegishli. Bugungi tatar adabiy tili ham qozon tatar, mishar tatar, tobol-irtish, barabin tatar va Tomsk tatarlari lahjasiga boʻlinadi.
Qozon tatar tilining shakllanishi Oltin Oʻrda madaniyati bilan bogʻliq. Oʻzbek tili qipchoq lahjasining shakllanishi ham Oltin Oʻrda madaniyati bilan bogʻlanadi. Shu faktni inobatga olsak, Qumanlar qomusi leksikasida oʻzbek tiliga qipchoq lahjasi bilan umumiyliklar ham boʻlishi mumkin.
Kodeksning IV bobidagi ayrim topishmoqlarga eʼtibor qaratamiz:
11- topishmoq
Senda, menda yoʻq,
Senggir tavda yoʻq,
Utlu tashta (gʻorda) yoʻq,
Qipchaqda yoʻq.
(javobi: qush suti)
17– topishmoq
Tav ustida talashman
Tayagʻi bar besh batman.
(javobi: tulkining tumi)
20 – topishmoq
Siyir sirti,
Qoʻy qoʻngachi.
(javobi: etik)
39 – topishmoq
Tap: artingda qarp!
(javobi: eshik)
Bu topishmoqlardagi soʻzlar tahlili ularning aynan oʻzbek tili qipchoq lahjasiga oʻxshashligini koʻrsatadi. Inchunin, lahjamiz Astraxan noʻgʻoy qaragʻashlari tili, alabugʻat tatarlar tili, qozoq tili, qoraqalpoq tili, noʻgʻoy tili, ovul tatarlari (astraxan noʻgʻoylari) tillari bilan birgalikda zamonaviy qipchoq tillarining markaziy guruhini tashqil qiladi (Сравнительно-историческая грамматика тюркских языков. Региональные реконструкции / Отв. ред. Э.Р.Тенишев. М.: Наука,. 2002.– С. 216-217.).
Qomusning leksikasi qipchoq va oʻgʻuz tillari sintezidan iborat. Ammo, unda qipchoq tilining mutlaq ustunligi seziladi. Shuning uchun ham asar qipchoq tili yozma merosi sifatida qayd etilgan. Asarda ayrim leksemalarning oʻzbek tilida hozir mavjud boʻlmagan variantlari uchraydi:
Qutqardachi – qutqaruvchi (Isus qutqardachi);
Ari (aru) – muqaddas; Bu yerda aru turkcha toza (pok) maʼnosida ishlatilgan (aru Grigoriy).
Kalapan – moxov;
Papaz – ruhoniy (Kristus alay aytti kalapanlara; “baringiz, koʻriningiz papazlargʻa”);
Qin – azob uqubat (Taningiz da koʻringiz barmi andi qin, nechik menin qinim);
Tanixliq – guvohlik (Yalgʻan tanixliq bermagil!);
Kunichi – rashkchi, hasadgoʻy (Kunichi boʻlmagʻil!);
Oʻpkalamakchi – zardali, badjahl (Oʻpkalamakchi boʻlmagʻil!);
Oʻshakchi – gʻiybatchi (Oʻshakchi boʻlmagʻil!);
Tirilik – hayot (tirilik agʻachi – hayot daraxti);
Yazuqsiz – gunohsiz;
Tin (tыn) – ruh ( Aru Tin – muqaddas gunoh);
Qumanlar qomusining tahlili shuni koʻrsatadiki, ajdodlarimiz islomni qabul qilishidan oldin nasroniylik dinini ham qabul qilishgan va yillar, asrlar oʻtishi bilan islom diniga oʻta boshlashgan. Ammo, baribir ayrim xalqlar, xususan choʻqintirilgan tatarlar, gagauzlar va chuvashlar nasroniylikni saqlab qolgan. Birinchi asrdan to oʻrta asrlarning oxirlarigacha Injil turkiy tilda koʻp marotaba chop etilgan va “Kodeks kumanikus” diniy mavzudagi yagona manba emas (Arman qipchoq tilidagi manbalar nazarda tutilmoqda).
Quman etnosi Orolboʻyi dastlab hududlarida istiqomat qilgan va ularning tili Oltin Oʻrda adabiy tilining shakllanishida ishtirok etgan. Qumanlar qomusida oʻzbek tilining qipchoq va oʻgʻuz lahjalaridagi soʻzlar koʻp ishlatilgan.
Rus manbalarida qumanlar eng birinchi dushman sifatida tilga olinadi. Vladimir Manomax aynan qumanlar bilan jang qilgan (https://cyrillitsa.ru/past/178998-kumany-kem-po-proiskhozhdeniyu-byli-samy.html). Ular deyarli barcha manbalarda mohir jangchi va botirlar sifatida tasvirlangan. Shu oʻrinda Oltoyda yashovchi qoʻmandinlar haqida fikr yuritsak: Qoʻmandin soʻzi qum, balki qoʻm oʻzagidan yasalgan. Soʻzning kuman shakli koʻproq rus tadqiqotchilarining ishlarida, shaklan oʻzgargan holatda koʻrinadi. Shunday ekan, qumanlar ham oʻzlarini qoʻmonlar deb atagan boʻlishi ehtimoli bor, degan xulosaga kelish mumkin. Agar shunday boʻlsa, bu qoʻmondon soʻzi ayni oʻzakdan yasalgan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi.
Nima boʻlganda ham, “Qumanlar qomusi” qipchoq va oʻgʻuz xalqlarining oʻrta asrlardagi tarixi, madaniyati, etnologiyasi, tili va adabiyoti haqida maʼlumot beruvchi muhim manba sanaladi. Uni seniki, meniki qilib begonalashtirish emas umumturk merosi sifatida oʻrganish, tadqiq qilish kerak boʻladi.
Anvar BOʻRONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi