Inson tabiatini tushunish qiyin... Har bir insonning ichida faqat oʻzigagina maʼlum tuygʻular – oshkora va yashirin istaklar, orzu-yu armonlar, zulm va qoʻrquv, maʼrifat va johillik mushtarak yashaydi. Koʻpincha u shu ziddiyatli oqimlar orasidan qay birini tanlashni ham bilmay qoladi.
Hayotda koʻp kuzataman: baʼzilar oʻzi uchun zararli boʻlgan illatlarni ham qadriyat oʻlaroq asrab keladi. Unga “bu gunoh” desangiz, battarroq shunga yopishadi. Shunda Lev Tolstoyning bir gapi yodimga tushadi: “Insonlar gunohlari uchun jazolanmaydi, balki gunohlar bilan jazolanadi. Bunday jazo esa eng ogʻir va eng adolatlidir”.
Inson anglagan qadriyatlar ham chalkash. U oʻzi uchun muhim deb belgilab olgan tushunchalar har doim ham ideal yoki xayrli boʻlavermaydi; ular ichki qarama-qarshiliklar bilan toʻla. Shuning uchun inson qalbidagi johillikni yengish uchun ilmga, jamiyatdagi nodonlikni yoʻqotish uchun maʼrifatga ehtiyoj sezadi.
Oʻzbekistonda “Maromiylik” dasturining boshlanishi aynan mana shunday ehtiyojlar mahsuli edi. Inchunin, jamiyatimizda kishilarning ehson uchun emas, dovrug‘ qozonish uchun toʻy qilishi, hatto dafn marosimlarida ham oʻzini koʻrsatish ilinjida dabdabali ziyofatlar uyushtirishi koʻz oʻngimizda kechayotgan johillikdan oʻzga narsa emas. Afsuski, bunday koʻr-koʻrona qilinadigan ishlar faqat shaxsiy marosimlar bilan cheklanib qolmay, baʼzan milliy qadriyatlarimiz fonida ham uchrab turadi. Buni xalqimizning muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish jarayonida ham yaqqol koʻrish mumkin. Har bir oqil odamga ayonki, koʻpchilik muqaddas yoki soxta muqaddaslashtirilgan ziyoratgohlardan maʼnaviy ziyo emas, aksincha, gunoh orttirib qaytadi. Tolstoy aytganidek, oʻz gunohlari bilan jazolanadi.
Qishlogʻimizda ilk oʻrta asrlarga tegishli, “Qoʻrgʻontepa” deb ataladigan shahar-qoʻrgʻonning janubi-sharqida “Chilla momo” nomli ziyoratgoh bor. Oʻtgan asrning ikkinchi yarmida bu qoʻrgʻon qabristonga aylantirilgan. Bu yerga turli joylardan odamlar ziyoratga keladi: kimdir farzand, kimdir dardiga shifo soʻraydi. Asosan, bepusht, bolasi turmaydigan, goʻdagidan ayrilgan yoki tez-tez kasalga chalinadigan ayollar qadami uzilmaydi.
Bolaligimizda bu manzaralarni koʻp kuzatganmiz. Qoʻrgʻonning “Chilla momo” tarafida bir gʻovak (ungur) boʻlardi. U yer yogʻoch panjara bilan ihotalangan boʻlib, panjaraga ayollar latta-putta (yalov) bogʻlab ketardi. Atrofida kasal bolalarning kiyimlari, oʻlgan chaqaloqlarning beshik tuvaklari ham sochilib yotardi. Gʻovakning ichida esa doim toza tuproq turardi. Negadir, yuz foiz oʻzbeklardan iborat qishloq aholisi bu tuproqni forscha “damkarda” deb atashardi. Baʼzan kimlardir undan qurutga oʻxshash qumaloqlar yasab ham qoʻyar, ziyoratchilar kelib, shu tuproq va qumaloqlarni yalardi. Hozir oʻylab qarasam, ular buni chin yurakdan, oʻz eʼtiqodiga sigʻinib bajargan ekan.
Kelganlar bu yerga chalpak yoki boʻgʻirsoq, qand-qurs olib kelib qoldirishardi. Tepalik qadimgi qoʻrgʻon boʻlgani uchun bolalik davrimizda u yerda gʻisht va sopol parchalari koʻp uchrardi. Odamlar koʻpincha ana shularning tagiga pul va tangalar qoʻyib ketishardi. Baʼzi bolalar oʻsha pullarni olib, ota-onasi yoki oʻqituvchilaridan dakki eshitardi. “Bu pullarni faqat mutavalli olishi mumkin, boshqalar olsa qoʻliga yara-chaqa toshib qoladi”, deyishardi. Oʻshanda men “mutavalli” soʻzini ilk bor eshitganman. Keyin bilsam, mutavalli – vaqf tomonidan tayinlanadigan “voliy”, mulkni tasarruf qiluvchi vasiy ekan. Eng qizigʻi, sovet davrida vaqf degan tushunchaning oʻzi yoʻq edi, bu pullarni oladiganlar shunchaki oddiy va sodda sadaqaxoʻrlar ekan xolos. Shu oʻrinda aytib ketay, bunday kishilarni avval “chiroqchi” deyishgan. Ularning vazifasi qabristonlardagi chiroqni oʻchirmay saqlash boʻlgan, ular hech qachon biror maʼrifiy ishga masʼul boʻlishmagan. Xalq chiroqni yoniq saqlagani uchungina ularga pul bergan.
Keyinchalik qishlogʻimiz keksalaridan: “Chilla momo oʻzi kim boʻlgan?” – deb soʻrab koʻrdim. Gapga yetarlaridan biri eski bir voqeani hikoya qilib berdi. Aytishicha, Chilla momo bu yerlik emas, musofir ayol ekan. Qishning chillasida Surxondaryoni qoʻlidagi bir goʻdagi bilan kechib oʻtib, shu atrofda muzlab halok boʻlgan. Ertasiga qishloq odamlari uni topib olib, janozasini oʻqib, qoʻrgʻonning bir chetiga koʻmib qoʻyishgan. Bor tarix shu...
Keyinchalik islomiy kitoblarni oʻqib-oʻrganib bildimki, bu kabi ziyoratgohlarga borib sigʻinish dinimizda qoralanadi. Oʻz tadqiqotlarimda bunday joylarni hatto Mongoliya va Oltoyning Islom dini yetib bormagan hududlarida ham koʻp koʻrganman. Ziyoratgohlarga tanga yoki taom qoʻyib ketish esa aslida qadimiy tangrichilik dinining izi boʻlib, ular muqaddaslashtirilgan sakral joylarning ruhlariga atab qoldirilgan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ishlab yurgan kezlarimda (2019-yillar), Prezident topshirigʻiga binoan “Ijtimoiylashtirish dasturi” asosida katta guruh mamlakatimiz boʻylab safarga joʻnadik. 80 kunda butun Oʻzbekistonni aylanib chiqdik. Safimizda maʼnaviyatchilar bilan bir qatorda, Diniy qoʻmita, Musulmonlar idorasi xodimlari, harbiylar ham boridi. Yuzga yaqin qadamjolarni koʻrib, oʻrganib chiqqandik. Mazkur maqolaning gʻoyasi oʻshanda tugʻilgan.
Oʻsha safarda guvohi boʻldikki, yurtimizda “Chilla momo”lar koʻp ekan. Ilon ota (Toshkent), Soʻgalli ota (Toshkent), Choʻpon ota (Toshkent), Murch ota (Termiz), Tut ota (Jizzax), Tutak ota (Yakkabog‘), Tuz ota (Fargʻona) Qushqoʻnmas ota (Zarkent), Chinor buva (Boʻstonliq), Koʻndalang ota (Baxmal), Kechirmas ota (Ellikqalʼa) kabilar. Aynan shunga oʻxshash: -ota, -bobo, -ona, -momo kabi nomlar bilan atalgan joylarning areali juda keng. Ularni Badaxshondan Oltoygacha, Baykaldan Qora dengizgacha boʻlgan hududlardan topish mumkin. Mifologik dunyoqarash negizida sakrallashtirilgan[1] bu joylarning aksariyatining umumiy mazmuni, nomlanish uslubi bir-biriga yaqin.
Bunday sakral joylar nomlanishiga koʻra bir necha guruhga ajratish mumkin:
1. Maʼlum bir totem bilan bogʻliq nomlar: Ilon ota, Choʻpon ota, Murch ota, Tut ota, Ostona bobo, Tomchi ota va hokazo;
2. Voqelik bilan bogʻli nomlar: Tekturmas ota (Taraz), Qushqoʻnmas ota, Koʻndalang ota, Koʻganni ota, Kechirmas ota va hokazo;
3. Biron shaxs nomi bilan bogʻliq nomlar: Ibrohim ota, Qorasoch ona, Xoʻjai pok ota.
Bu nomlarning aksariyat qismi genetik jihatdan islom dini bilan bogʻliq emas. Ularning ildizlari qadimgi tangrichilik, animizm va shamanizmga xos anʼanaviy eʼtiqodlarning relikt (qoldiq) shakllaridir. Xususan, ziyoratgohlar toponimikasida daraxtlar nomining keng qoʻllanilishi va ularning kult[2] darajasiga koʻtarilishi mintaqada islomgacha kuchli taʼsirga ega boʻlgan buddizmdagi Bodxi daraxti[3] konsepsiyasi bilan ham bevosita aloqador boʻlishi mumkin. Keyingi tarixiy bosqichlarda esa mahalliy aholi ongidagi ushbu arxaik qarashlar tasavvuf taʼsirida transformatsiyaga uchrab, joy nomlarida “xoʻja” soʻzining faollashuvi va qadimiy sigʻinish obyektlarining islomiylashuvini yuzaga keltirdi.
Bunday qadamjolarning Islom diniga aloqador emasligi hatto ularning asosan chorshanba kunlari ziyorat qilinishida ham koʻrinadi. Zero, Islomda ulugʻlangan kun jumadir. Oʻzim kuzatganim: 2000-yillarning boshida Uzun tumanidagi “Oq ostona bobo” ziyoratgohiga chorshanba kunlari juda koʻplab mahalliy koxin-qushnochlar kelar edi. Ular keltirilgan echki va tovuqlarni shu yerda soʻyishar, ketidan kitob oʻqimaydigan chalasoʻfilar kelib, majmuaning qabriston qismidagi chillaxonalarga kirib chilla oʻtirishar edi. Chilladan chiqib esa qushnoch-shamanlarning daf va qilichlariga dam solib berishardi.
Shaxs nomlarining sakrallashuvi (muqaddaslashtirilishi) asosan tarixiy hukmdorlar, janglarda shahid ketgan qoʻmondonlar, din rivojiga hissa qoʻshgan arboblar, soʻfiylar va ularning yaqinlariga koʻrsatilgan yuksak ehtiromdan boshlangan. Biroq vaqt oʻtishi bilan insonga koʻrsatilgan cheksiz hurmat sigʻinish darajasiga yetib, ilmda “kult” (avliyolar kulti) deb ataluvchi hodisani shakllantirgan. Buyuk tariqat piri Bahouddin Naqshbandga xalq tomonidan berilgan “Balogardon” (balolarni qaytaruvchi) kabi nisbalarning paydo boʻlishiga ham aynan mana shunday kultlashtirish jarayoni sabab boʻlgan.
Toʻgʻri, muqaddaslashtirilgan maskanlar orasida haqiqatan ham dinga, Vatanga, millatga, fan va adabiyotga beqiyos xizmat qilgan ulug‘ zotlar – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Amir Temur, Alisher Navoiy va boshqalarning nomi bilan bogʻliq muqaddas qadamjolar ham bor. Ammo bunday joylarning aksariyati kelib chiqishi nomaʼlum shaxslarga taalluqli boʻlib, ularning “fazilatlari” koʻpincha primitiv rivoyatlar bilan dastaklanadi.
Masalan, bir safar Jizzaxning Baxmal tumanida boʻlganimizda, hokimiyat vakili bizni “Koʻndalang ota” degan ana shunday joyga olib borgan edi. Joyning nomlanishi bilan qiziqsak, mahalliy aholi vakilidan bir rivoyat eshitdik: Bir paytlar daryodan sel kelib, hamma narsani oqizib keta boshlabdi va bir kishi chiqib oʻzini sel oldiga tashlabdi. Daryo oʻzaniga koʻndalang yotib, selni qaytaribdi. Oʻzi esa vafot etibdi.
Shunga oʻxshash yana bir rivoyatni Mongoliyaga ekspeditsiya bilan ketayotganda, Tarazdagi Avliyota majmuasida eshitdim. Bu yerda “Tekturmas ota” ziyoratgohi bor ekan. Oʻzbek-u qozoq, maqola boshida tasvirlaganimdek bu yerga chalpak koʻtarib kelib ziyorat qilar ekan. Bu joyning nomi eʼtiborimni tortdi va darrov shu yer mutavallisini soʻroqqa tutdim. Yana bir rivoyat eshitdik: Yurtga kofir bostirib kelganda Avliyo ota shogirdlari bilan jang maydoniga chiqibdi. Uning bir shogirdi boʻlib, juda shoshqoloq va hech joyida turmas ekan. Pistirmada yotishsa u ha, deganda boshini koʻtarib jangga intilaveribdi. Avliyo ota “tek tur” deb qancha qaytarsa ham boshini koʻtaraveribdi. Shunda dushmanning oʻqi tegib vafot etibdi.
Qoraqalpogʻistonning Xoʻjayli shahri yaqinidagi qadimiy Mizdahqon arxeologik majmuasida Mazlumxon suluv maqbarasi (XIII–XIV asrlar) bor. Bu qadamjo oʻzining noodatiy qurilishi va mahalliy afsonasi bilan mashhur. Aytishlaricha, Mazlumxon oʻsha zamon hokimining qizi boʻlgan. Qizga yosh usta yigit oshiq boʻlib qolib, xon uning oʻz tengi emasligini bahona qiladi. Xon yigitning sevgisini sinash yoki bu ishdan voz kechishiga erishish uchun unga shart qoʻyadi: “Dunyoni lol qoldiradigan tengsiz bir imorat qurgin”. Yigit kecha-yu kunduz tinim bilmay, yarmi yer ostidagi mana shu moʻjizaviy binoni qad koʻtartiradi. Biroq xon vaʼdasida turmay, qizini oddiy ustaga berishdan bosh tortadi va: “Agar muhabbating chin boʻlsa, oʻzingni mana shu gumbazdan pastga tashla”, deb shart qoʻyadi. Oshiq yigit hech ikkilanmay oʻzini balandlikdan tosh yoʻlkaga tashlab halok boʻladi. Qiz ham bu qaygʻuga chidolmay, oʻzini oʻsha gumbazdan tashlab, jon beradi. Otasi esa ularni ana shu yarim yer osti binosiga birga dafn ettirgan ekan.
Oʻsha safarimizda men qolib, sheriklarim Mazlumxon suluv maqbarasiga borib kelishdi va kechga yaqin katta taassurotlar bilan qaytishdi. Aytishlaricha, u yerga yangi kelin-kuyovlar, sevishib yurgan yoshlar oʻzlariga baxt tilab kelishar ekan. Sheriklarim buni koʻrib ularni haydab chiqaribdi va: “Bu insonlar fojiali tarzda oʻz joniga qasd qilgan ojiz bandalar-ku. Fojia ustiga qurilgan maskan sizga qanday baxt berishi mumkin?” – deya tanbeh beribdi. Ammo bu taqiq qancha davom etgani nomaʼlum, keyinchalik yana oʻsha eski holat davom etganini aytishdi.
Ellikqalʼa tumanida boʻlganimizda xodimlarimiz “Kechirmas ota” ziyoratgohini oʻrganib kelishdi[4]. Aytishlaricha, odam qadami tinmaydigan bu joyda dardlardan qutilishning yagona yoʻli – xatolarni tan olib, tavba qilish ekan. Ammo shifo topgach, yana eski gunohlariga qaytgan kimsani xastalik butun umr tark etmas ekan. Joyning “Kechirmas bobo” deb atalishi zamirida ham aynan mana shunday qatʼiy va ogohlantiruvchi aqida yotar ekan. Qizigʻi, bu yerdagi biron narsaga teginish, olib ketishi mumkin emas, aks holda Kechirmas otadan jazo kelar ekan. Odamlar ziyoratgoh oldidan traktorini tirillatib ham oʻtolmas, boshqa koʻchadan yurar ekan. Borgan xodimlarimizni mutavalli “yaqinda bir bola mototsiklini tarillatib, changitib oʻtib ketgan edi. Shu kuni avariya boʻlib oʻldi. Kechirmas ota shunday zot...” deb qoʻrqitibdi.
Ziyoratgohlar va muqaddas qadamjolarni oʻrganishda tarixiy shaxslar shaxsiyatini aniqlash baʼzan jiddiy muammolarni chiqaradi va turli xato yondashuvlarni yuzaga keltiradi. Xususan, Uzun tumanidagi “Oq ostona bobo” maqbarasiga nisbatan ham shunday chalkashlik mavjud. Xalq orasidagi yanglish gap-soʻzlarga koʻra, bu yerda taniqli sahoba Abu Hurayra dafn etilgan, deb ishoniladi. Vaholanki, ushbu meʼmorchilik obidasi X–XI asrlarga tegishli boʻlib, Abu Hurayra VII asrda (679-yilda) vafot etgan va Madinadagi “Boqiy” qabristoniga dafn qilingan. Baʼzi mahalliy mullalar bu taxminni zoʻrma-zoʻrakilik bilan isbotlashga urinib, anglashilmovchiliklarga sabab boʻlmoqdalar. Ularning daʼvosicha, goʻyo sahoba Bobotogʻda vafot etib, keyin Madinaga koʻchirilgan yoki bu yerga uning xoki keltirilgan ekan. Ammo Islom aqoidi va tarixiy haqiqatlar bunday iddaolarni butunlay rad etadi.
A.V.Arapov, M.S.Bulatov, Y.G.Toʻychiyeva kabi olimlarning tadqiqotlariga koʻra, bu maqbara shialikdan ajralib chiqqan ismoiliylarga tegishlidir. Chunki binoni qurgan ismoiliylar uning fasad qismiga oʻz belgilari – ikkita geptogrammani (yetti qirrali yulduzni) oʻrnatishgan. Bu ramzlar aynan shu binoning tarixini yoritishda muhim kalit hisoblanadi. Jumladan, oʻng tomondagi tasvir erkaklik belgisi boʻlib, unda esxatologik elementlar joy olgan; chap tomondagi tasvir esa ayollik belgisini anglatib, unda kosmogonik va antropogenez gʻoyalari aks ettirilgan. Taʼkidlash joizki, yetti qirrali tasvirlar koʻproq ismoiliya taʼlimotining muhim timsollaridan biri sifatida tanilgan. Bunda yettinchi imom bilan imomatning tugashi aks etadi[5].
Bunday noodatiy maqbaralar juda koʻp. Ulardan bir guruhi maqbaradagi qabrning juda uzunligi bilan ajralib turadi. Ana shunday uzun qabrlardan biri Badaxshon viloyatining Obi Xingov vodiysida Xazrati Burx qabridir[6]. Afsonalarga koʻra haqiqiy ismi Hazrat-Burx Samastavali boʻlgan bu shaxs Muso alayhissalom bilan zamondosh boʻlgan va Indoneziyada tugʻilgan ekan. Bu davr esa, agar Firavn davriga koʻra olsak, taxminan miloddan avvalgi XIV–XIII asrlarga toʻgʻri keladi.
Qozogʻistonning Turkiston viloyatida ham yana bir shunday jumboqli qadamjo bor. Bu – Ukkosha ota ziyoratgohi[7]. Ukkoshaning bu yerdagi qabri ham Hazrat-Burx Samastavaliniki kabi juda uzun. Uning maqbarasi ikkita xonadan iborat boʻlib, kichik dahliz va uzunligi 22,2 metr, balandligi 4 metr hamda kengligi 4,6 metr boʻlgan xonada uzunligi 21 metrlik qabr toshi joylashtirilgan. Bu Qozogʻiston hududidagi eng yirik qabr toshlaridan biridir. Bino tashqarisida yana bir monumental yodgorlik – Ukkosha otaning safdoshi deb aytiladigan Er Qoʻyon botirning 12 metrlik qabri ham bor. Maqbaradan 600 metr gʻarbda, tog‘ yorigʻi ustida Ukkosha ota qudugʻi joylashgan. Quduqning chuqurligi taxminan 22–25 metrni tashkil etadi. Mahalliy aholi orasida quduqning moʻjizaviy xususiyatlari haqida gaplar yuradi. Agar gunohlardan pok inson arqonga bogʻlangan chelakni quduqqa tushirsa, uni suvga toʻldirib chiqaradi, gunohkor bandaning chelagi esa quruq qaytar ekan. Bordiyu chelakka suv bilan birga tosh chiqsa, Alloh taolo oʻsha insonga tabiblik, shoirlik, karomatgoʻylik yoki sozandalik iqtidorini inʼom etar ekan(mish).
Aytishlaricha, bu yerda jannat bashorati berilgan eng mashhur sahobalardan biri – Ukkosha ibn Mihsan dafn etilgan. Islom tarixida u kishi juda jasur jangchi va Paygʻambarimizning muborak yelkasidagi “muhri nubuvvat”ni oʻpgan sahoba sifatida nom qozongan. Ammo tarixiy manbalarda Ukkosha ibn Mihsanning Markaziy Osiyoga kelgani oʻz tasdigʻini topmagan. Aslida Ukkosha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin dindan qaytgan murtadlarga qarshi kurashda, soxta paygʻambarlik daʼvo qilgan Tulayha ibn Xuvaylid qoʻshini bilan boʻlgan janglarda shahid boʻlgan va Arabistonning Hoil viloyati, Ash-Shinon tumani hududida dafn etilgan[8]. Uning qabri ziyoratchilar uchun maxsus belgilab qoʻyilgan. Toshkent shahrida ham xuddi shu nomdagi, yaʼni Ukkosha nomi bilan ataladigan masjid bor. Qizigʻi, bir paytlar bu yerda ham suv chiqadigan buloq boʻlgan va u yerga koʻplab ziyoratchilar kelishgan.
Turkiy olamda buloqlar hayot manbai, poklik ramzi va ruhlar makoni sifatida qadrlangan. Tangrichilik va shomonlik dunyoqarashida suv shunchaki tabiat unsuri emas, balki jonli, ilohiy kuch sanaladi. Buloqlarning muqaddaslashuvi “Yer-Suv” kulti bilan bogʻliq boʻlib, ular yerning qon tomirlari va hayot baxsh etuvchi onalik unsuri (Suvxotin, suv egasi) sifatida eʼzozlangan. Shu sababli buloq boshida ruhlarga hurmat koʻrsatilib, suvga sut yoki taom tomizib qonsiz qurbonliklar qilingan. Qadimgi turklar buloqlarni ruhiy-jismoniy poklanish va shifo maskani deb bilishgan; shomonlar (qamlar) ularning boshida dardni arituvchi duolar – olqishlar oʻqishgan. Bu anʼananing izi oʻlaroq, bugungi kunda ham Markaziy Osiyo, Kavkaz va Onadoʻli xalqlarida buloq boʻyidagi daraxtlarga mato bogʻlab niyat qilish va muqaddas suvlardan madad kutish odati saqlanib qolmoqda. Qizigʻi shundaki, sodda xalqimiz bu buloqlarni biror avliyoning karomati bilan paydo boʻlgan deb hisoblaydi. Aslida esa ular ming yillardan beri mavjud boʻlib, keyinchalik muqaddaslashtirilgan mahalliy avliyolar aynan shunday buloqlar atrofida yashagan va shu yerga dafn etilgan xolos. Allohning inoyati bilan koʻz ochgan Makkadagi Zamzam bulogʻi kabi paygʻambarlarga ato etilgan muqaddas suvlarni keyinchalik kimlarningdir nomi berilib sakrallashtirilgan oddiy buloqlar bilan tenglashtirib boʻlmaydi.
Eng achinarlisi, xalqimiz bugungi kunda ham oddiy geologik jarayon tufayli yer ostidan chiqib turgan suv manbalarini “falon avliyoning nazari tekkan joy” deb eʼtiqod qilishda davom etmoqda. Hattoki keyingi davrlarda burgʻulovchilar yer ostidan qazib chiqargan artezian quduqlarini ham muqaddaslashtirayotganlar borligi kishini oʻylantiradi.
Endi yuqorida nomi keltirilgan shaxslarning hayotini umumiy fonda tahlil qilib koʻrsak, quyidagi manzara namoyon boʻladi: daryodan kechib oʻtib, sovuqda goʻdagi bilan muzlab qolgan ojiza ona (Chilla momo), oʻz kuchiga ortiqcha baho berib, hayotini xavf ostiga qoʻygan Koʻndalang ota, ustozining aytganiga quloq solmay, besabrligi tufayli nobud boʻlgan Tekturmas ota, sevgi yoʻlida oʻz joniga qasd qilgan (suitsidga qoʻl urgan) yigit va qiz... Bu obrazlarning hech birida avliyolik alomati yoʻq. Ammo sodda xalq sof Islom aqidasiga asoslangan asl maʼrifat qolib, hanuzgacha oʻsha joylarga sigʻinishga, qushnoch yoki koxinlar huzuriga yugurishda davom etmoqda.
1990-yillarda mahalliy qadamjolar va buloqlarni muqaddaslashtirish jarayoni ommaviy tus olib, eng yuqori choʻqqisiga chiqdi. Bu fenomen yetmish yillik sovet mafkurasi va diniy taʼqiqlardan soʻng jamiyatda paydo boʻlgan maʼnaviy chanqoqlik hamda “mafkuraviy boʻshliq”ning hosilasi edi. Mustaqillik yillarida milliy oʻzlikni anglash va tarixiy ildizlarga qaytish shiorlari xalq orasida qarovsiz yotgan koʻplab qadimiy qabrlar, toshlar va buloqlarni qisqa fursatda “avliyolar qadamjosi” sifatida qayta jonlantirishga turtki berdi. Davlat tomonidan buyuk allomalar maqbaralarining tiklanishi esa quyi qatlamdagi mahalliy sakrallashtirish jarayonini yanada kuchaytirib, odamlarning suyanish va tasalli topish maskaniga aylandi.
Bunday tartibsiz sakrallashtirishga qarshi tizimli kurash 2000-yillarning boshlaridan faollashdi. Bu jarayon asosan ikki yoʻnalishda olib borildi: birinchisi, rasmiy diniy idoralar va ulamolar tomonidan buloqlarga mato bogʻlash yoki toshlarga sigʻinish kabi odatlarning islom aqidasiga zid (shirk va bidʼat) ekani haqida keng tushuntirish ishlarini kuchaytirish; ikkinchisi, davlat tomonidan maʼmuriy choralar koʻrilib, hech qanday ilmiy-tarixiy asosga ega boʻlmagan soxta ziyoratgohlarni yopish, haqiqiy qadamjolarni esa rasmiy reestrga kiritib tartibga solish. Natijada xurofiy qarashlar susayib, jamiyatda ziyorat madaniyati maʼlum bir sogʻlom oʻzanga tushdi. Ammo bu muammoga hali toʻliq chek qoʻyilgani yoʻq. Ayniqsa, 2017-yildan soʻng turizmni rivojlantirish dasturlari niqobi ostida ziyoratgohlarga qatnovlar yana koʻpaydi. Uning ortidan esa katta sarf-harajatlar va isrofgarchilik avj olmoqda.
Isrof masalasida bir misolni keltirib oʻtsam: 2010-yillarda “Oq ostona bobo” ziyoratgohida oʻtkazilgan komissiya tekshiruvida qiziq bir fakt aniqlangan edi – ziyoratchilar atigi bir chorshanba kunining oʻzida bu yerga oʻz sumkalarida jami 14 tonna konfet olib kelishgan. Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: ziyoratgoh mutavallilari buncha shirinlikni nima qiladi? Albatta, hammasini uyiga tashib ketmasa kerak. Xalq orasidagi gaplarga qaraganda, bu konfetlar yana doʻkonlarga qayta topshirilar ekan. Xoʻsh, bunday tovar aylanishidan aslida kimga naf? Oʻzingiz xulosa qilavering!
Maqolani yozar ekanman, xayolimdan Xudoyberdi Toʻxtaboyevning “Sariq devni minib” asaridagi Uzunquloq ota yodga tushaveradi. Keyin kitobni varaqlab qarasam, men qalamga olgan holatni zukko yozuvchi allaqachon hajv qalami bilan yozib ketgan ekan: “Tog‘ ichkarisiga bir kilometrcha yursangiz, Uzunquloq otaning qabri bor. Qabr atrofiga osmon boʻyi keladigan chinorlar, tepasiga qarasang doʻpping tushib ketadigan sadalar, besh kishining ham qulochi yetmaydigan yoʻgʻon tollar soya tashlab turadi. Bu atrofda katta-kichik oʻn uchta zilol suvli buloq ham bor. Ziyoratgohning qoq oʻrtasidan sharqirab muzdek suvli anhor oqadi. Suvi biram muzdekki, choʻmilaman desangiz darrov oyogʻingizning tomiri tortishib qoladi. Ziyoratgohga yoz oylari, ayniqsa, chorshanba kuni odam demagani yogʻilib ketadi. Buvijonimning aytishicha, Uzunquloq otaga astoydil sigʻingan odam murodi maqsadiga yetmasdan qolmas ekan.
– Aʼlochi ham boʻp ketadimi? – deb soʻrayman buvijonimdan.
– Ha, aʼlochi ham boʻlib ketadi, – tushuntiradi buvijonim
– Oʻzi, Uzunquloq ota qaysi fandan dars bergan, buvijon?
– Tavba qildim, de, esi yoʻq!
– Tavba qildim, buvijon, – deb qoʻyaman men ham...”
Bu xalqning koʻpchiligi xuddi Hoshimjonning buvisi kabi sodda odamlardir. Ularning qarashlarini oʻzgartirish qiyin, ammo buni amalga oshirish shart. Maʼrifiy dasturlar doirasida, avvalo, ziyoratgohlar atrofida odamlarning ishonchiga kirib, sehrli duolar yoki dam solish bilan muammolarni hal qilishni vaʼda qiluvchi soxta mutavallilar, folbinlar va izma-iz qolmaydigan tilanchilar faoliyatiga chek qoʻyilishi zarur. Buning uchun ziyoratgohlar hududida naqd pul muomalasini toʻxtatish va tijorat nuqtalari faoliyatini tartibga solish katta foyda beradi. Shuningdek, maxsus maʼrifiy guruhlar tuzilib, ziyorat madaniyatini sogʻlom oʻzanga solish lozim.
Yuqorida aytilganidek, odamlar ziyoratgohlarga farzand, baxt, omad yoki xastaliklarga shifo izlab boradi. Vaholanki, Islom dinida barcha hojatlar faqat Allohdan soʻraladi; qabr egasi – u qanchalik ulug‘ zot boʻlmasin – hech kimga biror narsa berishga qodir emas. Ziyoratdan asl maqsad oʻtganlar haqiga duo qilish, ularning ibratli hayotini yodga olish va oxiratni esdan chiqarmaslikdir. Ziyoratgohlarda tizimli maʼrifiy targʻibotning yoʻlga qoʻyilishi qabr atrofini aylanib tavof qilish (tavof faqat Kaʼbaga xosdir), qabr tuprogʻini yuz-koʻzga surtish yoki uyga olib ketish, daraxtlarga mato bogʻlash, pul tashlash, qabr toshlarini oʻpish hamda ularga qarab sajda qilish kabi xurofiy illatlarning ildizini quritishga xizmat qiladi.
Muxtasar aytganda, jamiyatni xurofot va soxta aqidalardan tozalash – faqat maʼmuriy choralar bilan hal boʻladigan ish emas. Buning uchun, eng avvalo, odamlarning ong-u tafakkurini oʻzgartirib, ularda sogʻlom diniy va dunyoviy bilimlarni shakllantirish lozim. Xudoyberdi Toʻxtaboyev oʻz asarida oʻtkir hajv ostiga olgan oʻsha “Uzunquloq ota” kabi soxta ramzlar hayotimizda qayta boʻy koʻrsatmasligi uchun ham maʼrifiy kurashni susaytirmasligimiz shart. Qachonki har bir inson muqaddas qadamjolarga koʻr-koʻrona topinish uchun emas, balki ibrat olish uchun kelishni oʻrgansagina, bu kabi illatlar barham topadi. Zotan, sogʻlom eʼtiqod va yuksak maʼrifat hukmron boʻlgan jamiyatda hech qanday soxtakorlikka oʻrin qolmaydi.
Anvar BOʻRONOV,
Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasi aʼzosi
[1] Sakrallashtirish (lotincha “sacralis” - (muqaddas) muqaddaslashtirish) – biror-bir dunyoviy (oddiy) narsa, hodisa, shaxs, gʻoya yoki ijtimoiy tuzumga muqaddas, ilohiy yoki daxlsiz maqom berish jarayonidir.
[2] Kult (lotincha “cultus” parvarishlash, sigʻinish, hurmat qilish) – bu biror-bir shaxs, obyekt, gʻoya, diniy ramz yoki qarashga koʻr-koʻrona sigʻinish, uni muqaddaslashtirish va unga mutlaq sodiq boʻlishdir.
[3] Bodxi daraxti (sanskritcha: “uygʻonish” yoki “maʼrifat” daraxti) – buddaviylik dinidagi eng muqaddas ramz va eng koʻp ziyorat qilinadigan joylardan biri hisoblanadi. Rivoyatlarga koʻra, shahzoda Siddhartha Gautama aynan shu daraxt ostida 49 kun davomida chuqur meditatsiya holatiga kirib va oliy haqiqatni anglab, Budda (nurlangan zot) darajasiga erishgan.
[4] J. Hakimniyazov, I. Seytbaev, R. Ismetov. Qoraqalpogʻiston hududidagi ziyoratgohlar. “Bilim”, 2023-yil.
[5] Арапов А.В., Булатов М.С., Туйчиева Ю.Г. Забытый «язык символов» Ак-Астана-Баба // Эхо истории–Moziydan Sado– Echo of History, 2002, N 2 (14), C.12-15.
[6] Султони Ҳамад. Бурхи Сармасти Валӣ пайвандгари динҳову тамаддунҳо. ruzgor.tj. Рӯзгор (23 июли 2019). 5 июли 2023 санҷида шуд.
[7] Укаш ата, мавзолей и святой колодец // Сакральная география Казахстана: Реестр объектов природы, археологии, этнографии и культовой архитектуры / Под общ. ред. Б. А. Байтанаева. — Алматы: Институт археологии им. А. Х. Маргулана, 2017. — С. 859—860. — 904 с.
[8] Shamsuddin taz-Zahabiy. Siyar aʼlam an-nubala [Asilzoda olimlar hayotidan lavhalar]. Sahobalar (roziyallohu anhum): Ukkosha ibn Mihson fasli. – Elektron arxiv nusxasi (03.12.2017).