Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Bioorganik kimyo instituti direktori, kimyo fanlari doktori, akademik Abbosxon Toʻrayev ilmning murakkab, ammo sharafli yoʻlini bosib oʻtayotgan fidoyi, jonkuyar ustozlardan. Uning yigirmadan ortiq ixtirosi tibbiyot va qishloq xoʻjaligida keng qoʻllanib kelayotir. Oʻnlab shogirdi xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirofga sazovor boʻlgan. Suhbatimizda domlaning hayot va ilm yoʻli, institutdagi jarayonlar, rejalari haqida gaplashdik.
– Domla, sizning shaxs sifatida, olim sifatida kamolga yetishingizda kimlarning, nimalarning oʻrni muhim boʻlgan?
– Oilada olti farzandning beshinchisiman. Ishchilar oilasida voyaga yetdim. Ikki akam, ikki opamning ortidan ergashib, ulardan koʻp narsalarni oʻrgandim. Ota-onam bizga halol luqma yedirib, poklik, toʻgʻrisoʻzlik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi fazilatlarni singdirib oʻstirgan. Unday boʻlishing kerak, bunday qilishing kerak deb emas, oʻz harakati bilan namuna edi ular. Uyimizda biror marta birovlar gʻiybat qilinmas, koʻchadagi gap koʻchada qolgan, doim odamlarning ibratli tomonlari tilga olingan. Uydagi tarbiya toʻgʻri boʻlgan ekan – opalarim ham, akalarim ham hayotda oʻz yoʻllarini topib ketishdi.
Mening bu sohani tanlashimda opamning oʻrni katta. U kishi oʻta savodli, ikki tilda ravon soʻzlashadigan mutaxassis edi. “Oʻqituvchi” nashriyotida muharrir boʻlib ishlardi. To uzatilib ketguncha, undan keyin ham opam bilan juda inoq edik, turli mavzuda qizgʻin bahslashardik. Talabalik paytimdayam opam men bilan fikrlashishni yaxshi koʻrardi, shaxsiy qarashlarimni hurmat qilardi. Endi oʻylab qarasam, aslida meni fanga qiziqtirish uchun ham muayyan mavzuni oʻrtaga tashlab fikrimni soʻrab turgan ekan. Opam kimyodan masalalar toʻplamini tarjima qilgan. Shu jarayonda kitobdagi masalalarni birgalashib yechib chiqdik va berilgan masalalar sharti toʻgʻri-notoʻgʻriligini tekshirib olardik. Alqissa, shu sohaga ishtiyoqimni menda opam uygʻotgan desam ham boʻladi.
Kichkina opam Mavluda Ismatova ham oʻta ziyoli, taʼbi nozik edi. Ona tili va adabiyotdan dars bergan, yaxshi tashkilotchi edi. U 1998-yilda “Oʻzbekiston qahramoni” unvoniga sazovor boʻlgan. Bu opam tirishqoqligi, tashkilotchiligi, faolligi bilan menga motivatsiya berib turgan. Insonning tarbiyasida, yetuklikka erishishida muhim uchlik – ota-ona, maktab va atrofdagi muhitning oʻrni juda zarur degan gapni koʻp taʼkidlayman. Atrofimdagi doʻstlarim ham hammasi oʻqimishli, ilmga chanqoq bolalar edi. Kimnikiga borsak, oʻsha uyda ota-onaning bir-biri bilan samimiy munosabati, bolalariga mehribonligi, yuqori madaniyatni koʻrardim. Bizni oʻz bolasidek qabul qilishardi. Oʻz oʻrnida mening ota-onam ham oʻrtoqlarimni farzandlaridek eʼzozlashardi.
Ota-bobolarimiz “Yetti mahalla ota-ona” degan gapni bejiz aytmagan. Shukur, atrofda hamma bir-birini tanigan, bir-biriga qaygʻurgan muhitda oʻsdik. Odam bolaligidan xarakterini shakllantirishi kerak deb oʻylayman. Chunki hayot yoʻllari oʻnqir-choʻnqir, past-u balandliklardan iborat. Doim ham hammasi silliq kechavermaydi, shunday vaqtda iroda mustahkam, iymon salomat boʻlsa, sinovlardan eson-omon oʻtib oladi.
Maktabni aʼlo bahoga oʻqib, oltin medalga bitirganman. U paytlari medallilar oliy oʻquv yurtiga bitta imtihon bilan kirardi va men Toshkent davlat universitetining kimyo fakultetiga oʻqishga kirganman.
Olim sifatida shakllanishimda ustozlarning roli juda katta boʻlgan. Ularga ergashib yoʻlimni topishga harakat qildim, oʻz ustimda qattiq ishladim. Ilm yoʻlini tanladingmi, hammasini puxta, mukammal qilishga harakat qilish kerak, quruq gap, chala bilim bilan uzoqqa borib boʻlmaydi. Ilm mukammallikni yaxshi koʻradi. Shukur, har taraflama Xudo yorlaqagan odamman. Akademik Hamdam Usmonovday domlalarga roʻbaro‘ boʻldim. Professor Shamsiddin Najmiddinov rahbarligida nomzodlik ishi yozdim. Yaqin-yaqingacha domlaning maslahatlarini olib turardim. Rahmatli domlam ikki yil burun ham telefon qilib, “Vaqtingiz bormi, falon ovqatni tayyorlab qoʻydim, bir kelib ketmaysizmi?” deb qoʻngʻiroq qilardi. Bir-birimizga mana shunday mehrimiz bor edi.
Respublikamizda kimyogar olimlar koʻp. Men hammasini qadrlayman, shulardek boʻlishga harakat qilaman, ulardan koʻp narsani hanuzgacha oʻrganaman. Xuddi shunday ustozlarimizdan yana biri institutimizda oʻttiz yil direktor boʻlib ishlagan Shavkat Solihov domlaning faoliyatimda oʻz oʻrni bor. Men u kishidan koʻp narsa oʻrgandim, uzoqni koʻra biladigan, strategiyasi kuchli inson edi. Shu insonlarning har biri olim boʻlib yetishishimda maslakdosh, ibrat boʻlishgan.
– Abbosxon aka, siz uzoq yillardan buyon Biorganik kimyo institutida direktor oʻrinbosari, direktor lavozimlarida ishlab kelayapsiz. Faoliyatingiz davomida qanday ilmiy kashfiyotlar qilindi?
– Ilmda bir qator yutuqlarga erishishimda ustozlar bilan bir qatorda shogirdlarimning ham xizmati beqiyos. Ular boʻlmaganda bu natijalarga bir oʻzim erisholmasdim. Mana shu shogirdlarning ilmiy darajasi, saviyasi bilan koʻp ishlarni amalga oshirdik. Ularning koʻpchiligi hozir nufuzli universitetlarda, muhim idoralarda ishlaydi. Sakkizta doktorlik dissertatsiyasiga, yigirmadan ortiq nomzodlik, PhD dissertatsiyasiga rahbarlik qildim.
1984-yilda jarrohlik sohasida qatorasiga beshta kashfiyot qilganmiz. Ilk ilmiy faoliyatim toʻgʻridan-toʻgʻri tibbiyot bilan bogʻliq edi. Polimerlarni meditsinada ishlatish, ularni qanday qilib jilovlash, nima qilsa ularning xususiyatini oʻzgartirsa boʻladi – ilmiy ishimiz shu yoʻnalishda edi.
1980-yilda Toshkent davlat tibbiyot institutining urologiya kafedrasida (hozir oʻsha urologiya kafedrasi kengayib, katta institut boʻldi) ishlardim. Masalan, buyrak rak bilan kasallangan boʻlsa, kateter bilan kirib, buyrak saratonini imbolizatsiya qilib, qon tomirining ichi maxsus modda bilan toʻldirilardi. Menga mana shu maxsus moddani ishlab chiqish vazifasi topshirildi. Ushbu material 1984-yilda amaliyotda qoʻllandi va Toshkentda ishlab chiqarila boshlandi. Barcha Sovet ittifoqining barcha respublikalaridagi shu soha shifoxonalariga maxsus preparat sifatida sotildi. Bu preparat hozirgacha ayrim nozik operatsiyalarda ishlatiladi. Keyin 1987-yili qon toʻxtatuvchi “gelesil” degan preparat yaratildi va uni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu dori ham uzoq yillar davomida amaliyotda qoʻllab kelindi. Qandli diabetda chiqqan yarani tuzatish juda qiyin, bu “тропическая язва” deyiladi, juda koʻp yiring chiqadi, yarani tozalab boʻlmaydi. Shunday modda topish kerak ediki, yaraning ustiga qoʻysangiz oʻsha yiringni soʻrib olishi kerak. Bunaqa modda biz bilan bir vaqtda Yaponiyada ham yaratildi, ularda depressant, bizda “gelesil” deb nomlandi. Bu mahsulotimiz ham koʻp yillar davomida amaliyotda qoʻllab kelinmoqda.
Hozirgi kunda keng qoʻllanadigan gemostatik gubka, yaʼni qon toʻxtatuvchi mahsulot va oʻzi soʻriladigan va soʻrilmaydigan xirurgik iplar ham bizning ixtiromiz boʻyicha ishlab chiqariladi. Har bir kashfiyot oldin uzoq oʻrganiladi: uning organizmga taʼsiri, zaharli-zaharlimasligi, bitayotgan yarani yana kuchaytirib yubormasligi – hammasi kuzatiladi. Institutimizda koʻp yillardan beri dorilarning foydali va zararli jihatlari oʻrganiladi. Chunki bir dori bitta aʼzongizga davo boʻlsa, boshqasiga zarar qilishi mumkin. Buni biz aniqlab berishimiz kerak.
Sil kasalligida ishlatiladigan “izoniazid”, “etambutol”, “rifampitsin”, “pirazinamid” kabi dorilar bor. Bularning hammasini alohida-alohida ishlatsa ham boʻladi, ammo silda bakteriyalarning shunaqa shtammlari borki, bitta dori kirsa, darrov moslashib oladi. Shuning uchun silni ikki-uchta dori qorishmasidan hosil boʻlgan aralashma – “mayrin” degan preparat bilan davolashadi. Bu “izoniazid”, “etambutol” va “rifampitsin” aralashmasidir. Shu tarkibdagi “izoniazid” organizmga kirgach, 25 foizigina kasallikni tuzatishda ishtirok etsa, qolgan 75 foizi jigarga salbiy taʼsir koʻrsatib, keyin chiqib ketadi. “Etambutol”ning esa yarmi taʼsir qiladi, yarmi chiqib ketadi, “rifampitsin”ning esa zaharli moddasi organizmga nojoʻya taʼsir qiladi. Mana shularning zararini kamaytirish maqsadida biz “biomayrin” degan dorini ixtiro qildik. Bir shogirdimiz shu boʻyicha doktorlik ishi ham yoqladi. Oldingi “mayrin” aralashmasi dori boʻlsa, “biomairin”da biz uni ipga tizgandek molekulaga osdik, u organizmda ip boʻlib kezib yuradi-da, oʻzidan sekin-sekin moddalarni ajratib chiqaradi. Boyagi 25 foiz deganimiz 100 foiz taʼsir qiladi va jigarga zarari kamayadi, zaharliligi ozayadi. Bu dorimiz klinik sinovdan oʻtdi, endi oʻzimizda ishlab chiqarayapmiz.
Onkologiya sohasida ham ishlatiladigan dorilar koʻp, ammo eng zarur boʻlgan toʻrt-besh xil dori bor. Masalan, “doksorubitsin” preparati shunaqa bemaʼni narsaki, u organizmdagi saratonning DNKsiga kirib funksiyasini ishdan chiqaradi, yaʼni oʻsha yerdagi ishni toʻxtatadi, bu yaxshi, ammo bu orada preparat boshqa sogʻlom hujayralarning funksiyasini ham buzib yuboradi. Natijada kimyoterapiyadan keyin soch toʻkilib ketadi va boshqa organlar ham ishdan chiqa boshlaydi. “Doksorubitsin” oʻta kuchli dori boʻlib, vazni bir kilolik hayvonga berilsa, uni darhol oʻldiradi. Biz “doksorubitsin”ni ham boyagiday molekulaga ipga tizganday tizib chiqdik, shunda uning zaharliligi 100 barobardan ziyod kamaydi. Ammo bizning asosiy vazifamiz bu emasdi, muhimi molekulaga ulangan “doksorubitsin” rak hujayrasini topib borib, uning rivojlanishini toʻxtatdi.
Hali qiladigan ishlarimiz, rejalarimiz juda koʻp. Hozirgi tibbiyotni nanotexnologiyasiz tasavvur qilish qiyin. Keyingi maqsadimiz nanozarrachalar orqali rak hujayralarining oʻsishini toʻxtatadigan maxsus dori ishlab chiqarish. Rak boʻlgach oʻsha joydagi oʻsimta jarrohlik yoʻli bilan olib tashlanganda, joyida kichkina boʻlsa-da hujayra qoladi va xohlaymizmi-yoʻqmi, oʻsha joydan olti oydan keyin yana yangi oʻsimta oʻsib chiqadi. Buni tibbiyot tilida metastaz deyiladi. Metastazning oldini olish uchun operatsiya qilingan joy, yaʼni boʻshliqni toʻldirish uchun, jelega oʻxshash modda ishlab chiqish ustida xitoylik olimlar bilan ilmiy izlanish olib borayapmiz. Bu modda rak hujayrasini oʻldiradi, ammo organizmga zarari yoʻq.
– Hozirgi kunda mamlakatimizda ilm-fan rivojiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish va ilm-fanni uygʻunlashtirish masalasi ham kun tartibiga qoʻyilgan. Yaʼni biz ilm-fanga eʼtibor qaratamiz, mablag‘ ajratamiz, ayni paytda ilm-fan ham foydali tadqiqotlari bilan iqtisodimizni, qishloq xoʻjalagimizni va boshqa sohalarni rivojlantirishga hissa qoʻshsin. Shu nuqtai nazardan qaraganda, biorganik kimyo sohasining jamiyatimizga beradigan nafi nimalardan iborat?
– Ilm-fan rivojlanishiga, ilmga ilmday qarashga, olimlar jamiyatga nechogʻli zarurligi masalasiga Oʻzbekiston Prezidenti katta eʼtibor bilan qaraydi. Bu eʼtibordan ilm ahlining ham koʻkragiga shamol tegdi. U kishi 2016-yil 30-dekabrda ilm ahlini yigʻib, mamlakatning rivoji uchun eng avvalo ilm kerak boʻladi deb taʼkidladi. Bu shunchaki quruq gap emasdi. Masalan, 1980-yillargacha Fanlar akademiyasida kuchli, salohiyati baland institutlar boʻlardi, oʻz oʻrniga ega qator ilmiy maktablar faoliyat olib borardi. Keyin boshqa tashvishlar koʻpayib, ilmga eʼtibor pasaydi, bu esa taʼlimga ham taʼsir koʻrsatdi. Qator institutlar tugatilib, ilmiy yoʻnalishlar yoʻq boʻlib ketdi. Xususan, geologiya sohasida juda katta yoʻqotishlar boʻldi, ammo Prezidentimizning tashabbusi bilan Geologiya universiteti tashkil boʻldi. Oʻshanda akademiyada 16 ta institut qolgandi, hozir ularning soni oʻttizdan oshdi. Institutlar nafaqat akademiya qoshida, balki universitetlar tarkibida ham tashkil etildi.
Institutlarda mablag‘ yoʻqligidan qancha ilmiy ishlanmalar qogʻozda qolib ketardi. Oʻzim qishloq xoʻjaligida qoʻllanadigan bir nechta preparat yaratganman, uni amaliyotda qoʻllash imkoni boʻlmagan, yaʼni sinovdan oʻtkazib, ishlab chiqarish uchun mablag‘ ajratilmagan. Xudoga shukur, Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ilm-fanga eʼtibor kuchayib, ilm-fanni rivojlantirish, olimlarni ragʻbatlantirish bilan bogʻliq bir qancha qaror va farmonlar chiqarildi. Mamlakatimizdagi islohotlarni xorijiy hamkasblarimiz ham eʼtirof etishayapti. Endi nima kashfiyotingiz boʻlsa, banklar bilan bogʻlanib, mablag‘ olasiz va ishingizni amaliyotga tatbiq etaverasiz, keyin bankning pulini qaytarib berasiz. Masalan, “biosolvent” degan preparatimizni ishlab chiqarish uchun “Milliy bank”dan pul olib foydalanayapmiz. Bu dorining afzalligi nimada? Oʻzingiz bilasiz, shoʻr yerlarni uch marta yuvsak ham butunlay toza boʻlishi qiyin, bu preparat bilan esa bir marta yuviladi: ham suv tejaladi, ham paxta hosildorligi 11 sentner koʻtariladi. Bu mahsulotdan hozir amaliyotda keng foydalanilmoqda.
Institutimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan bir qancha ilmiy yoʻnalishlar bor. Qishloq xoʻjaligida zararkunandalarga qarshi biologik kurash boʻlimida feromon tutqichlari yaratiladi. 1997 yildan boshlab, respublika paxtachilik xoʻjaliklarini koʻsak qurti, ildiz qurtiga qarshi feromon tutqichlari bilan toʻliq taʼminlab kelamiz. Hozirgi kunda chigitni ekishdan oldin “Dak 1”, “Dak 2” preparatlari bilan ishlov berilsa, unib chiqishi tezlashadi, baquvvat boʻladi va hosildorlik 5-6 sentner oshadi.
2020-yildan boshlab Fanlar akademiyasining institutlari bazaviy moliyalashtirila boshlandi. Yillar davomida davlatdan loyiha olinardi, ikki-uch yil toʻs-toʻpolon, tanish-bilish, seniki oʻtdi, meniki oʻtmadi kabi gʻalvalar boʻlardi. Oʻtmasa oʻsha jamoa qayerdan ish topsa topdi, aks holda maoshsiz qolardi. Oʻzbekiston Prezidentining birinchi navbatda qilgan ishi shu boʻldiki, loyiha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan boʻldi. Bizning institutda 160 ta ilmiy xodim bor, 112 tasiga davlat mablag‘ ajratdi, bajarish kerak boʻlgan vazifalar belgilandi, agar yana qoʻshimcha loyiha olib bajarsangiz, uning ham pulini olishga haqingiz bor.
– Adabiyotda avlodlar toʻlqin-toʻlqin boʻlib keladi degan gap bor. Yaʼni, ulugʻvor evrilishlar, ijtimoiy yangilanishlar davrida yangi tafakkurga, dunyoqarashga ega katta isteʼdodlar guruhi shakllanadi. Keyin orada maʼlum muddat tanaffus boʻlishi mumkin. Va yana bir davr keladi-yu, oʻzining ulkan isteʼdodlarini yuzaga chiqaradi. Ilmda ham shunday davriylik bormi?
– Tarixga nazar soladigan boʻlsak, 1965–1970-yillarni men Oʻzbekiston uchun shunaqa davr deb bilaman. Oʻshanda Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikistondagi ilmiy darajani bizniki bilan solishtirib boʻlmasdi. Konferensiya, tadbirlarda uchrashib turardik, hammasidan xabardor edik. Bizning olimlarning salohiyati, saviyasi ancha baland edi. Hozir baʼzan buning sababi nimada boʻlgan ekan deb oʻylab qolaman va oʻzimcha javob topgandek boʻlaman. Ularning baxti, yutugʻi oʻz ziyolisini, ilm ahlining boshini silaydigan rahbar, qoʻllab-quvvatlaydigan hukumatning borligida boʻlgan. Oʻsha davrda Sharof Rashidov respublika rahbari, Habib Abdullayev akademiyaning prezidenti boʻlgan.
Habib Abdullayev juda kurashuvchan, haqiqatparvar odam boʻlgan. Shu feʼli tufayli boshida koʻp kaltak singan va ellik yoshida olamdan oʻtib ketgan. U kishi yoshlarimizni ilmli qilaman deb chetga olib borib joylashtirib kelavergan. Natijada ular oʻqib qaytgach, fanda juda katta koʻtarilish boʻlgan. Hozir ham shunday yoshlarimizni, yosh olimlarimizni davlat bepul oʻqitish uchun xorijga joʻnatayapti, inshoolloh, ular oʻrganib kelgan tajriba va ilmlari bilan mamlakatimizning rivojiga hissa qoʻshishadi. Yana oʻshanday avlodlar toʻlqini gurillib kirib keladi. Xorijda ilm qilib, ishlab yurgan yosh oʻzbek olimlarining ichida “Hirsh indeksi” 27 boʻlganlari ham bor. Ularga havas qilaman va ishonaman, oʻzbek ilm-fanining kelajagi mana shunday iqtidorli yoshlarimizning qoʻlida.
– Oʻz sohangizda qanday muammolarni koʻrayapsiz va yaqin yillarda shunga mos ravishda qanday kashfiyotlar kutilishi mumkin?
– Bizda hali qilinadigan ishlar juda koʻp. Masalan, immunoterapiya degan ibora bor. Oddiy oʻrik tanasida oʻsadigan zamburugʻning ichidan shiraga oʻxshagan narsani ajratib olamiz (polisaxarid), shuni rakning boshlanishida bersak, oʻsimtaning oʻsishini toʻxtatadi. Qanday qilib toʻxtatadi? Bu oʻzi oddiy kraxmalning boshqacha koʻrinishi boʻlsa? Shira organizmga kirganda u birinchi oʻsimtani maydalaydi, tarmoqlangan joyi rak hujayrasining retseptoriga borib yopishib oladi, organizmning immun tizimi begona narsani qidirib topib rakni ushlaydi va uni toʻxtatadi. Yana bir yoʻnalish – nanotexnologiyada katta burilish boʻladi. Bular ilmda yaqin kelajakda amalga oshiriladi, bunga hamma sharoit yaratilgan. Bu asr biologiya, biotexnologiya, biomeditsina asri boʻladi. Hamma tabiiy fanlar birgalikda bularni amalga oshiradi va albatta fanda buyuk oʻzgarishlar yuz beradi.
Shahnoza ROFIYEVA suhbatlashdi
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2024-yil 1-son.
“Xudo yorlaqagan odam” maqolasi