Turkiy xalqlar madaniy merosi – ogʻzaki ijodi, musiqa, amaliy sanʼat va albatta, raqs – bu ming yillik tarix, eʼtiqod, urf-odat va anʼanani oʻzida mujassam etgan boy xazinadir. Ayniqsa, raqs xalq ruhi, hayotiy falsafasi va estetik dunyoqarashining ifodasidir.
Vaqt va tamaddun turkiy xalqlar madaniy meʼrosiga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qolmadi. Hududiy farqlar yaqqol koʻzga tashlana borgani sari rasqdagi xususiyatlar ham rang-barang tus oldi. Xorazm, Buxoro va Fargʻona raqs maktablari shakllanib, har biri oʻzining madaniy kodlari, tasvir tili va ramziy belgilarini yaratdi. Ushbu maqolada aynan turkiy xalqlarning raqs sanʼatida namoyon boʻlgan ramziylik, uning tarixiy manbalari, eʼtiqodlar bilan aloqasi va turli maktablarda qanday tarzda ifodalanganiga alohida eʼtibor qaratiladi.
Raqslar oʻzining dastlabki bosqichlarida marosimiy va diniy xarakter kasb etgan boʻlsa, keyinchalik u milliy oʻzlikni ifodalovchi, nafis sanʼat shakliga aylangan. Rivojlanish jarayonida turkiy raqslar tarixiy, madaniy va geografik xususiyatlar taʼsirida quyidagicha davrlashtiriladi:
1. Eng qadimgi davr (mil. avv. I mingyillik – milodiy IX asr) – Dastlabki bosqichda turkiy xalqlarning raqslari bir-biriga oʻxshash, asosan shomonlik, tabiat va urush ramzlariga boy boʻlgan. Bu davrda raqslar jamoaviy xarakterga ega boʻlib, bular urug‘ toʻylarida, hosil bayramlarida, yovuz ruhlarga qarshi marosimlarda ijro etilgan. Hududlar oʻrtasidagi farqlar hali chuqur boʻlmagan, chunki oʻsha paytda madaniy almashuvlar keng koʻlamda tarqalmagan edi.
2. Ilk ajralish davri (IX–XII asrlar) – Islom dinining kirib kelishi bilan raqslar asta-sekin diniy marosimlardan maʼrifiy, estetik shaklga oʻta boshladi. Shu bilan birga, Xorazm, Buxoro va Fargʻona vodiysi kabi yirik madaniy markazlar shakllana boshladi. Bunda:
Xorazm: jangovar, qudratli harakatlarga boy boʻlib, oʻzida qadim shomonlik anʼanalarini koʻproq saqlab qoldi.
Buxoro: saroy muhiti va madaniyati taʼsiri – nozik, silliq harakatlari bilan ajralib turdi.
Fargʻona: lirika va nozik tuygʻular ifodasi, tabiatga uygʻun raqslar koʻproq rivoj topdi.
3. Oltin davr – XIV–XVI asrlar (Temuriylar va Shayboniylar davri). Temuriylar davrida, ayniqsa Samarqand, Buxoro va Xorazmda raqqosalar, sozandalar va sanʼatkorlar uchun maxsus maktablar va madaniy majmualar tashkil etilgan.
4. XVIII–XIX asrlar: xalq raqslarining ommalashuvi va mintaqaviy farqlar mustahkamlanishi. Sovet Ittifoqining XX asrda turkiy xalqlar hayotidagi taʼsiri ham raqs sanʼatida oʻz aksini topdi. Sovet davrida raqs sanʼati teatrga yaqinlashtirildi, yaʼni sahnalashtirildi, unga yangi ruh – dramaturgik yondashuv qoʻshildi. Bu davrda xalq raqslarini teatr sahnasiga olib chiqish va ularga professionallik, ifodakorlik qoʻshish keng tarqaldi.
Turkiy xalqlar raqsi qadimiy eʼtiqodlar – shomonlik, tangrichilik, zardushtiylik va islom tafakkuri bilan bogʻliq holda rivojlanib, oʻziga xos ramziy qatlamlarga ega boʻldi. Ayniqsa, harakatlarning tabiiy kuchlarga – yel, olov, suv, osmon, hayvonot dunyosiga taqlidan ijro etilishi; bosh kiyimdagi pat, marjon, naqsh va ranglar orqali ilohiylik, himoya, poklik yoki qudrat ifodalangani bu sanʼatning chuqur maʼnaviy ildizlarga egaligidan dalolat beradi. Har bir eʼtiqodning raqsda qanday aks etganini quyidagi tavsifda koʻrib chiqamiz:
1. Shomonlik (Shamanizm)
Shomonlik yoki shamanizm turkiy xalqlarning eng qadimiy eʼtiqodlaridan biri boʻlib, u turkiy xalqlar diniy va ijtimoiy hayotida katta rol oʻynagan. Shomon (shaman) – ajdodlar ruhi va tabiat kuchlari bilan bogʻlanuvchi; yovuz ruhlardan himoya qiluvchi shaxsdir. Shamanizm raqsida quyidagilar aks etgan:
Raqs harakatlari koʻpincha tartibsiz, tez-tez takrorlanadigan va jangovar boʻlgan, bu esa shamanning ruhlar bilan bogʻlanish va tabiat kuchlarini boshqarish ifodasi deb qaralgan.
Bosh kiyimlarida patlar, qoʻllarda marjonlar yoki munchoqlar, naqsh va tabiatga oid ramzlar tasvirlangan kiyimlar.
2. Tangrichilik
Tangrichilik – turkiy xalqlarning milliy eʼtiqodi boʻlib, Koʻk Tangri (Oliy Xudo)ga ishonish orqali tavsiflanadi. Bu eʼtiqodda Tangriga hurmat koʻrsatish va uning ilohiy qudratini anglash muhim hisoblanadi.
Tangrichilik raqslarida yengil va jiddiy harakatlar mavjud boʻlib, ular Tangrini ulugʻlash va tabiatning qudratini tasvirlashga qaratilgan. Raqsda baʼzan boshni pastga egish, qoʻllarni keng ochish va shukronalik bildirish kabi harakatlar koʻrsatiladi. Liboslarda tabiiy ranglar – qizil, yashil, koʻk kabi ranglar koʻp ishlatiladi, bu esa tabiatni va Tangrining barcha kuchlarini aks ettiradi.
3. Zardushtiylik (Mazdaizm)
Zardushtiylik, yaʼni Mazdaizm, Oʻrta Osiyo va Eronda tarqalgan, yaxshilik va yomonlik kurashini ifodalovchi eʼtiqod tizimidir. Zardushtiylikda Ahriman (yomonlik kuchi) va Ahura Mazda (yaxshilik qudrati) oʻrtasidagi kurash markaziy mavzu boʻlib, bu kurash turli diniy marosimlarda, shu jumladan, raqsda ham oʻz aksini topgan.
Zardushtiylikka oid raqslarda yaxshilik va yomonlik oʻrtasidagi kurashni tasvirlaydigan harakatlar mavjud. Oq rang (yaxshilikni) va qora rang (yomonlikni) koʻrsatadigan liboslar, raqqosaning harakatlarini oʻzgartiradi va ruhiy ziddiyatlarni aks ettiradi.
Simmetrik harakatlar va doiraviy raqslar Zardushtiylikda mavjud boʻlgan dualizmni, yaʼni yaxshilik va yomonlikni ifodalaydi.
Ushbu eʼtiqodning muqaddas unsurlari boʻlmish – yel, suv, olov, tuproq xususiyatiga taqlid harakatlar ham zardushtiylikka xos belgi hisoblanadi.
4. Islom
Islom turkiy xalqlarda keng ommalashgan va uzoq yillardan buyon hukm surayotgan din boʻlib, garchi unda sanʼat kufr hisoblansa-da, lekin forsiy xalqlar musulmonlari islom madaniyatida tub burilish yasaganlar. Ular islom bilan oʻz xalqi madaniyatini uygʻunlashtirishga muvaffaq boʻlganlar. Natijada oʻzbek, tojik va turkman raqslariga Islom madaniyati va sufizmning ruhiy va diniy taʼsiri raqs sanʼatiga meditatsiya, sabr va ichki poklanish kabi unsurlarni olib kirdi.
Tasavvuf taʼlimotida raqs – bu ruhiy oʻzgarishlar va tavhidga eltguvchi yoʻl hisoblanadi. Masalan, “Samo” raqsi Mavlono Jaloliddin Rumiy tomonidan rivojlantirilgan boʻlib, unda raqqosalar osmonni quchoqlab aylanadi, ularning harakatlari orqali ichki ruhning yuksalishi ifodalanadi. Bu taʼsir oʻzbek va turkman raqslarida ham oʻz aksini topgan, masalan, “Dilxiroj” raqsida ramziy ravishda ruhiy yuksalish va Tangriga iltijo aks etadi.
Bundan tashqari, maʼlumot oʻrnida yana shuni taʼkidlash lozimki, raqsdagi sof turkiycha harakatlar – bosh, boʻyin, yelka va qoʻl harakatlari hisoblanadi. Keyinroq esa madaniyatlar aralashuvi natijasida boshqa turdagi harakatlar ham kirib kelgan. Masalan, gʻarbdan oyoq, arablardan bel harakatlari olingani buning yaqqol isbotidir.
Turkiy xalqlar raqsi – bu faqatgina musiqaga mos harakatlar majmuasi emas, balki ming yillar davomida shakllangan ramziy til, ruhiy tajriba va madaniy xotiraning harakatdagi aksidir. Har bir harakat, libosdagi har bir unsur, hatto rang va bezaklar ham oʻziga xos maʼnoga ega – ular orqali xalq oʻz tarixini, eʼtiqodini, tabiatga boʻlgan munosabatini va yashash falsafasini ifoda etadi. Quyida ularni tahlil qilamiz:
Yuqoriga qaratilgan qoʻl – Tangriga munojot, duo, ilohiy kuch bilan bogʻlanish.
Yerga choʻzilgan qoʻl – ona zaminga hurmat, tabiat bilan uygʻunlashuv.
Kaftni yurakka bosish – sadoqat, muhabbat, hurmat ifodasi.
Aylanish – bu hayot sikli, fazo harakati va ruhiy poklanish ramzi.
Yer tepinish yoki sakrash – jasorat, harbiy tayyorgarlik yoki erkinlik timsoli.
Koʻz, bosh va barmoqlar harakati – nazokat va tuygʻular ifodasi.
Hilpiragan etak – shamol, erkinlik, tabiat kuchini ifodalaydi.
Harakatdagi shamol, suv, olov yoki jonzotlarga taqlid – tabiat bilan uygʻunlashuv ramzini ifodalaydi.
Liboslar rangida qizil – ehtiros va muhabbatni; koʻk – farovonlikni; yashil – yangilanish va kelajakka umidni; oq – ruhiy xotirjamlikni yoki oʻlimni; qora esa aksincha tushkunlikni ifodalagan.
Keling, bularni “Dilxiroj” raqsida koʻrib chiqamiz.
Turkiy xalqlar raqs sanʼatida eng inja tuygʻular, soʻz bilan aytilmaydigan iztiroblar harakat vositasida ifodalanadi. Ana shunday ramziy ifodalarning yorqin namunasi “Dilxiroj”dir.
“Dilxiroj” raqsi oʻzbek raqs maktabining lirika bilan yoʻgʻrilgan shakllaridan biri boʻlib, ayol qalbining harakatdagi izhoridir. Raqs boshlanishi bilan raqqosaning qoʻllari osmon sari yoʻnaladi – bu iltijo, duodir. Soʻngra qoʻllar yurak ustiga qaytadi – bu qalbda kechayotgan dard, orziqishning belgisi. Harakatlar mayin, yoqimli va sukunatli. Har bir egilish, har bir aylanishda bir dard, bir umid yashiringan. Bu raqsda jasorat yoʻq – bu raqsda ayolning ichki kuchi, sabri, sadoqati bor.
Koʻplab sanʼatshunoslar bu raqsni maqom musiqasining harakatdagi talqini deb baholaydi. Ayniqsa, “Segoh” yoki “Bayot” maqomlari ostida ijro etilgan “Dilxiroj” musiqadagi ohanglar bilan raqqosaning yuragi sinxron urayotgandek taassurot qoldiradi. Bu raqs tomoshabinni tashqi harakat emas, balki ichki tuygʻu bilan larzaga soladi.
Afsonalarga koʻra, bu raqs ilk bor bir ayol tomonidan sevganidan ayrilgan tunlarda yaratilgan. Oy nurida yalinib turgan har bir harakati osmon bilan suhbatga oʻxshagan. U soʻzlamagan, faqat harakat qilgan. Soʻzlar sukut boʻlib qolgan, harakat esa hikoya aytgan. Shu tariqa “Dilxiroj” dunyoga kelgan.
“Dilxiroj” harakatdagi sheʼr, harakatdagi iltijo. Bu raqsda ayol sogʻinchdan yigʻlamaydi, u raqsga tushadi. Chunki turkiy ayolning koʻz yoshlari ham estetik boʻlishi kerak. U yuragida oʻrtangan tuygʻularini goʻzallikka aylantirib olamga izhor qiladi.
“Dilxiroj” raqsi Buxoro raqs maktabiga mansub boʻlib, dastlab u saroylarda, bazmlarda va nozik did egalari orasida ijro etilgan. Bu raqsda harakatlar asosan yuqori tananing ishtirokida kechadi – ayniqsa qoʻl, kaft, boʻyinni ifodali ishlatish muhim. Harakat goʻyo yurakdan boshlanadi va tanani titratib, havoga sizib chiqadi. Bugun “Dilxiroj” raqsi zamonaviy sahnalarda ham ijro etilayotgan boʻlsa-da, uning asl goʻzalligi ichki sukut, nafis harakat va dardli musiqaning uygʻunligida yashaydi. Bu raqsni tushunish uchun koʻrish kifoya emas, uni his qilish kerak.
Fargʻona maktabining nafis raqs namunasi esa “Tanovor”dir. U butun turk madaniyatida ayol obrazining maʼnaviy goʻzalligi, ichki ohangdorlik va tuygʻularning estetik harakati sifatida talqin etiladi. “Tanovor” – bu soʻzsiz sheʼr, harakati bilan dardni, orzuni, muhabbatni, hayrat va sukunatni ifoda etuvchi ramziy sanʼat asaridir.
“Tanovor” – bu oʻziga xos ruhiy safar. Raqsning harakatlari:
Sokin suzish – hayot daryosida oqib borayotgan ayol hayotining ramzi;
Kaftni yurak ustiga qoʻyish – sadoqat va muhabbat;
Qadamlarning asta siljishi – taqdirga boʻysunish, sabr;
Koʻzlar bilan yuqoriga qarash – ilohiy kuchga murojaat, umid.
Bu raqs orqali ayol oʻzini jamiyatga emas, osmon va yurak orasidagi makonga tutashtiradi. U sukutda soʻzlaydi, harakatda sukutni quchoqlaydi.
Raqs orqali xalqning ruhi, yurak zarbi va tabiati ifodalanar ekan, demak, Xorazm xalqining ruhi “Lazgi” raqsiga jo boʻlmishdir. Lazgi – bu raqs emas, bu bir olov, joʻshqinlik, hayotiy kuch. Bu raqsda har bir harakat alanga kabi – oldinga sachraydi, chekinmaydi, yurakdan otiladi. Lazgi Xorazmning tili, yuragi va timsolidir.
Lazgi qadimiy Xorazm hududida ming yillar davomida shakllangan xalq raqsidir. U dastlab marosimiy va diniy koʻrinishda boʻlgan – odamlar olov atrofida raqsga tushib hayot, kuch va himoya soʻraganlar. Bu raqs zamirida tabiat kuchlariga sigʻinish, qushlar, hayvonlar harakatini oʻxshatish, jangovar tayyorgarlik va ruhiy poklanish kabi qadimiy eʼtiqodlar mujassam etgan.
Zamonaviy sahnaga moslashtirilgan shakllarida ham Lazgi oʻzining joʻshqin, kuchli, erksevar ruhini yoʻqotmagan. Lazgi – harakatdagi tabiat bilan muloqotdir:
Pat oʻynatish yoki qush harakatlari – ozodlik, ruhning uchish istagi.
Olovli aylanmalar – ehtiros, qudrat, tozalanuvchi kuch.
Nayza yoki qilich zarbalarini eslatuvchi harakatlar – jangovar ruh, kurashchanlik.
Qoʻllarni yuqoriga koʻtarish – Tangriga murojaat, ilohiy kuch bilan birlashish.
Bu harakatlarning barchasi xalqning yashash falsafasiga asoslangan – kuchli, lekin pokiza; joʻshqin, lekin oqkoʻngil boʻlib yashash.
Lazgi erk va gʻurur raqsi. Ayol raqqosa bu raqsda zaif emas, balki oʻziga ishongan, hayot bilan kurashayotgan, ammo goʻzallikni unutmagan timsol sifatida gavdalanadi.
Bu raqsda bir vaqtning oʻzida:
Ayol oʻz oromini topadi;
Xalq oʻz irodasini anglaydi;
Tomoshabin hayot maʼnosini his qiladi.
Shu bois Lazgi 2020-yilda UNESCO nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan. Bu raqs endi nafaqat Xorazmning, balki butun insoniyatning sanʼat xazinasi sifatida eʼtirof etilgan.
Bugun bu raqslar sahnalarda, toʻylarda, festivallarda ijro etilar ekan, ular oʻz tarixi, ramzi, ruhini yelkalab yurishda davom etmoqda. Har bir qoʻl silkinishi, qadam titrogʻida oʻtmishdan kelayotgan ovoz yangraydi: bu raqslar xalq koʻnglining tilidir.
Ziyodaxon TURDIBOYEVA