Qoʻmita tomonidan muntazam ravishda tashqi yozuvlar, xususan, peshlavhalar, reklama va boshqa eʼlonlar hamda axborot matnlarining davlat tili qoidalariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganishlar olib boriladi.


Jumladan, respublika hududlarida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida 16 057 ta monitoringlar oʻtkazilgan. Shundan 4 496 ta holatda turli kamchiliklar aniqlangan. Bunda, 2 344 ta holatda peshlavhalar, tashqi yozuv va boshqa eʼlonlar matni, 975 ta tashqi reklamalar matni boshqa tillarda berilganligi, 841 ta peshlavha, tashqi yozuvlar va boshqa eʼlonlardagi hamda 336 ta tashqi reklama vositasidagi reklama va axborotlari matnida lugʻaviy maʼnosi buzilganligi va imloviy xatolar mavjudligi aniqlangan boʻlib, kamchiliklarni tezkor bartaraf etish choralari koʻrilgan hamda ularni davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilishi taʼminlangan.

Raqobat qoʻmitasi tomonidan olib borilgan oʻrganishlar davomida goʻzallik salonlari, avtoservislar hamda qurilish materiallari savdosi bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlariga reklamani joylashtirishda davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.

“Shu oʻrinda, tadbirkorlik subyektlari tomonidan reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatishda davlat tili hamda reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga amal qilishlari lozim.

Oʻzbekiston Respublikasining “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmunining tarjimasi belgilangan talablarga rioya etilgan holda boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin.

Shuningdek, tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan boshqa belgilarning asl shakli va tilini saqlash bilan bogʻliq talablar ham inobatga olinishi lozim.

Tashqi reklamani joylashtirishda ularning mazmuni, imloviy va uslubiy jihatdan toʻgʻri rasmiylashtirilishiga, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligiga eʼtibor qaratish zarur.

Raqobat qoʻmitasi tadbirkorlik subyektlarini tashqi reklama, peshlavha va axborot koʻrsatkichlarini joylashtirishda davlat tili va reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablarga rioya etishga chaqiradi,” deyiladi xabarda.

Shuningdek, qoʻmita tomonidan tashqi reklama va axborot obyektlarining qonunchilik talablariga muvofiqligini oʻrganish ishlari davom ettirilayotani taʼkidlangan.