Umar Rajabovning kartinalarini birinchi bor koʻrganimda Oʻzbekistonda ham impressionist rassomlar bor ekan, deb hayron boʻlgandim. Aslida rassomni Oʻzbekistondan koʻra koʻproq Rossiyada tanishadi. Sababi ijodkor asosiy koʻrgazmalarini ushbu mamlakatda oʻtkazgan. 1985-yili Xorazmning Hazorasp tumanida tugʻilgan Umar Rajabov bolaligidanoq rasm chizishga qiziqar, lekin ota-onasi farzandi hayotini ijod bilan bogʻlashiga qarshi edi. Birinchidan, bu yuqori haq toʻlanadigan faoliyat emas, ikkinchidan, sanʼatni hamma ham tushunavermaydi, deb hisoblashardi ular.

Biroq rassom umidini soʻndirmadi va rasm chizishda davom etdi. 16 yoshli Umarning suratlari 2001-yili Chexiyada oʻtkazilgan “Yosh isteʼdodlar” tanlovida oltin, oradan bir yil oʻtib, Hindistonda oʻtkazilgan xuddi shu tadbirda kumush medalga sazovor boʻladi. Kamoliddin Behzod nomidagi Toshkent rassomlik va dizayn institutini tamomlagan Umar Rajabov ayni vaqtda shu yerda talabalarga dars beradi.

“Avvaliga Ilya Repindan meros qolgan realizmni yaxshi koʻrardim. Lekin asta-sekin bu janrdan zerikib ketdim. Tabiatimda sabrsizlik bor, har doim hamma narsani tez bajarishni xohlayman. Realizmda esa siz uzoq vaqt yolgʻiz oʻtirishingiz kerak. Va men impressionizm bilan tanishdim. Mane va Dega kabi shu uslubda ishlashga ahd qildim”, deydi u oʻz uslubi haqida gapirarkan. Rassomning qoʻshimcha qilishicha, 10 yildan keyin uning uslubi yana oʻzgarishi va boshqa yoʻlda rasm chizishni boshlashi mumkin. Ammo hozircha Umar Rajabov impressionizm tarafdori. Uning fikricha, hozir sanʼat mafkurasi juda oʻzgargan. Ilgari rassomlar koʻrganlarini tasvirlashardi. Hozir esa rassom tafakkur, gʻoya, tushunchani ifodalaydi.

"Oila banki" 

Umar Rajabov jamiyatda rassomlar haqida notoʻgʻri fikr shakllangani, shuning uchun aksar ota-onalar farzandini bu yoʻldan ketishiga qarshilik qilishlari mumkinligini aytadi:

– Odatda rejissyorlar ham, yozuvchilar ham asarlarida rassomlarni kambagʻal, kartinalarini sota olmaydigan nochor insonlar sifatida tasvirlashadi. Aslida har doim ham unday emas. Masalan, Pablo Pikasso oyda bir necha marta ochiq eshiklar kuni oʻtkazib turgan. Unga kirish uchun yuzaga kelgan navbat qatori juda uzun boʻlgan. Bir kuni Pikasso sheriklari bilan oʻtirgan ziyofat yakunida girgitton hisobni olib keladi. Shunda rassom qogʻoz sochiqqa rasm chizib, “Mana bu hisobning puli” deydi. Buni koʻrgan restoran xoʻjayini "Janob Pikasso, rasmga imzo qoʻymabsiz" desa, buyuk ijodkor “Men restoraningni sotib olmoqchi emasman, bu faqat yegan-ichganimiz hisobi" – deb javob beradi.  Bugun ham bunday mashhur va puldor rassomlar dunyo boʻylab yetarlicha topiladi”.

Rassomning "Ozod qalblar" nomli suratiga tomoshabinlar "Gʻazo bolalari" deb nom bergan. Rassomning oʻzi esa kartinani dunyoning barcha notinch hududlaridagi bolalarga bagʻishlagan. 

"Ozod qalblar"

"Yoʻqotilgan bolalik" nomli surat haqida gapirarkan, u “Bu dunyoda har bir bolaning baxtli yashashga haqqi bor. Farzandlarimizning bolaligi suratning oʻng tomonidagidek yorqin ranglarda boʻlishini xohlaymiz, ammo aksariyat davlatlarda begʻubor bolalik yoʻqolgan”, deydi.

"Yoʻqotilgan bolalik"

Ijodkorning milliylik ruhi yoʻgʻrilgan "Meros" nomli kartinaning asosiy markazida keksa inson va uning nabirasi turadi. Orqa fonda milliy anʼanalarimiz aks etgan bosh kiyimlarimiz. Ular turli mintaqalarimiz uslubi boʻyicha tikilgani sabab ayricha maʼno yuklaydi suratga.

"Meros"

"Sharq goʻzallari" 

"Oʻzbek otaxonlari"

Ushbu kartinalar seriyasida asosiy mavzu – oʻy. Inson ulgʻaygani sari koʻp oʻylaydigan, sukunatni yoqtiradigan boʻlib qoladi. Rassom ana shu lahzalarni suratlarga muhrlagan.

"Tinchlik" 

"Oʻtkinchi dunyo"

"Yoʻqolayotgan tarix"

Cheshir mushugi haqida eshitgansiz. U sekin-asta ruhi yoʻqolib boruvchi mavjudot. “Tariximizning bir boʻlagi hisoblangan ushbu obida ham goʻyo Cheshir mushugi kabi yoʻqolib bormoqda. Tariximiz yozuvlari oʻchib bormoqda”, demoqchidek rassom bu asarida. Suratlarini tomosha qilarkansiz, rassomning kartinalari sizni birmuncha vaqtga bolalikka qaytaradi, oʻylashga majbur qiladi, estetik zavq beradi va sanʼatning beqiyos kuchini his qilishga yordam beradi.

Joʻrabek MEHMONOV