Buyuk mutafakkir olim Abu Rayhon Beruniy “Insonning qadr-qimmati oʻz vazifasini aʼlo darajada bajarishdan iborat: insonning eng asosiy vazifasi va oʻrni esa  qilgan mehnati bilan belgilanadi, inson oʻz maqsadiga mehnat va kurashish  tufayli erishadi”, degan edi. Ming yillar avval aytilgan bu fikr hayotda takror va takror oʻz tasdigʻini topaveradi. Insonning oldiga maqsad qoʻyishi va unga intilishi, harakat qilishi esa, albatta, mevasini beradi. Oʻz maqsadi sari intilayotgan va muvaffaqiyat qozonayotgan  shunday fidoyi yoshlardan biri Hulkar Gʻafforovadir.

Hulkar Gʻafforova 1985-yil 5-mayda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida tugʻilgan. 2015-yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan. U hozirgi paytda Navoiy shahridagi 16 umumiy oʻrta taʼlim maktabida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimida ishlamoqda.

Hulkar 2022-yil 14-15-may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Ijodiy- madaniy masalalar boʻyicha eng yaxshi targʻibotchi” tanlovining respublika bosqichida birinchi oʻrinni  egalladi. Albatta, bu bosqichgacha kelish va unda gʻolib boʻlish kuchli bilim va shijoat, katta iqtidor va tajribani talab etadi. Ayniqsa, olamning nozik hilqati sanalmish ayol uchun ham ishlash, ham oila, farzand tarbiyasini teng yoʻlga qoʻyish anchagina mashaqqatli ekani hech kimga sir emas.

Navoiy davlat pedagogika institutining oʻzbek tili va adabiyoti fakultetini tugatgan Hulkar Gʻafforova dastlab “Kamolot” YOIH Navoiy viloyat kengashida ish boshlagan. Oʻsha paytlardayoq uning yozgan maqolalari va ijodiy ishlari tez-tez markaziy va viloyat nashrlarida chop etib turilgan.

Darvoqe, Hulkar Gʻafforova ushbu tanlovdan oldin ham bunday bellashuvlarda ishtirok etgan. Xususan, u  ishdagi fidoiyligi, tashabbuskorligi bois, 2012-yilda “Kamolot” YOIH tomonidan  taʼsis etilgan tanlovda “Yilning eng yaxshi xushmuomala va odobli ayol xodimasi”, 2013-yilda esa “Yilning eng yaxshi toʻgarak rahbari” nominasiyalarini qoʻlga kiritgan.

Bir necha yillar davomida Yoshlar ittifoqi viloyat kengashida faoliyat yuritgan Hulkar Gʻafforova 2019-yilning dekabr oyidan boshlab Respublika Yozuvchilar uyushmasining Navoiy viloyati boʻlimida bosh mutaxassis lavozimida ish boshladi. Qisqa fursatda u ijodkor yoshlarning boshini bir joyga qovushtirib uyushma viloyat boʻlimi qoshida “Yosh ijodkorlar” klubini tashkil etdi. Hulkar klub ishini olib borarkan, avvalo ijodkor yoshlarning ijodiy ishlarini toʻplab, viloyat va respublika nashrlarida chop ettirishga alohida eʼtibor qaratdi. Klub ishtirokchilari boʻlgan Mashhura Normayevaning “Bahor hech ketmasaydi”, Gulifar Toʻxtayevaning “Atirgulga aytar soʻzim”, Mohinabonu Teshayevaning “Bahor” kabi sheʼriy toʻplamlarini nashr etishga bosh-qosh boʻldi.

Har bir qalamkashga oʻz bitiklarining muxlislar qoʻliga yetib borishi muhim. Bu taʼbir joiz boʻlsa, ijodkorga qanot bagʻishlaydi. Buni yaxshi anglagan Hulkar oʻtgan yili  oʻzi faoliyat yuritayotgan maktab yoshlarining mashqlarini toʻplab, “Ilhomimga qanotsan – Vatan” nomli kitobni nashr ettirishga muvaffaq boʻldi. Yoshlarni adabiyotga, matbuotga qiziqtirish maqsadida “Renessans” nomli maktab ichki gazetasi nashrini yoʻlga qoʻydi.

– Klubimiz mashgʻulotlarida 30 nafar boʻlajak shoir va nosirlar ishtirok etmoqda, – deydi Hulkar Gʻafforova biz bilan suhbatda. – Bulardan tashqari, matbuot, radio-televideniye muxbirligiga qiziquvchilar ham bor. Ijodiy-madaniy masalar boʻyicha targʻibotchilarning maktabga kelishi ijod ahli bilan yoshlarni yanada yaqinlashtirdi. Oʻquvchilar bilan taniqli ijodkorlar, Zulfiya mukofoti sovrindorlari oʻrtasidagi uchrashuvlar muntazam tus oldi. Jumladan, “Saodat” jurnali bosh muharriri, taniqli shoira Munavvara Usmonova hamda nafaqat viloyatimiz, balki respublikada tanilgan Odil Hotamov, Shoyim Shernazar kabi ustozlar bilan uchrashuvlar yoshlarimizda adabiyotga, kitobxonlikka katta qiziqish uygʻotdi. Hozir maktabimizda 102 nafar kitobxon oʻquvchi bor. Maktabimiz oʻquvchisi Mashhura Hakimova shu yil “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichiga chiqdi. Biz bu yutuqlar bilan cheklanib qolmaymiz, oldinda qiladigan ishlar koʻp. Umuman, bugungi yoshlarni adabiyotga, kitobga jalb etish borasida biz targʻibotlar oldida  katta vazifalar turibdi.

Hulkar Gʻafforovaning sheʼrlar va bir nechta hikoyalardan iborat kitobi esa 2021-yilda “Dilbogʻim” nomi bilan nashr etilgan. Oʻtgan yili taniqli jurnalist Abdukarim Mirzayev tomonidan tashkil etilgan “Biz bilmagan hikoyalar” tanlovida “Katta hovuz” hikoyasi bilan ishtirok etgan Hulkar Gʻafforova “Muxlislar eʼtirofi” nominasiyasi gʻolibi deb topilgan.

Yosh ijodkorning keyingi ishlarida kuch-quvvat, shijoat va gʻayrat tilab qolamiz. Hayot intilganlarni sevadi, hayot oʻziga ishonganlarni sevadi. Shunchaki harakatdan toʻxtamang, harakat ortidan natija va yutuqlar kelaveradi.

    Behruz XURRAM,

                                                                                      OʻZDJTU talabasi