Oʻzbek tilida ifoda etganimiz jumlalar “bobo” va “dada” turk tilida teskari aytiladi. Yaʼni, turkchaga bobo “dede” deya, dada esa “baba” deb tarjima qilinadi. Bir qarashda bizda toʻgʻri qoʻllangan soʻzlar turklar Old Osiyoga siljigach oʻzgarib qolgandek. Aslida esa unday emas.
Rus tilida ota “papa” deyiladi, bobo esa “dedushka”. Bizning tilimizdagi soʻzlar hozirda butun dunyo taniydigan Rim papasi, dengizchi Papay (aslida, boboy) kabi nomlar yaralishiga sababchi boʻlgan. Muarrixlarning asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur bir muddat Toshkentda, xon dodasi Yunusxon huzurida istiqomat qilgani yozilgan. Yunusxonning Qutlug‘ Nigorxonimga otaligi, Boburga boboligini inobatga olsak, bizda qadimda bu soʻz hozirgi turk tilidagidek ishlatilgani ayonlashadi. Hozir ham poytaxtimizning Eski shahar qismida boboni “doda” deya chaqirishadi.
Endi tilimizda mavjud boʻlgan “momo” istilohiga ham toʻxtalsak. Bu kalima dastavval onani anglatgan. Odam Ato va Momo Havo deganda Odam Ota va Havo Ona tushunilgan. Rus tilida ham bu kalom “mama” deyiladi.
Ehtimol, siz Hind-Yevropa tillar oilasida shunaqa, buning turkiy asosi yoʻq dersiz. Siz haqsiz. Ammo bilmaganingiz bir narsa bor: Xitoy tilida ham otani “baba”, onani “mama” deyishadi. Xitoychaning esa ingliz, rus tillariga aloqasi yoʻq. Darvoqe, anglo-saksonlar “granddad” deganda boboni, “grandmom” deganda momoni nazarda tutishadi. Ushbu atamalar oʻzbekchaga katta ota va katta ona deya oʻgiriladi.
Hozirgi turk tilida bizning tilimizda isteʼmoldan chiqib ketgan, arxaik va tarixiy maqomga oʻtib olgan soʻzlar keng qoʻllanadi. Baʼzan esa yuqoridagi kabi oʻrin almashish hodisasi yuz berganini koʻrishimiz mumkin. Bunda oʻzgarishlar Ona Doʻli Saljuqiylarning emas, Oʻrta Osiyo Chigʻatoylarining avlodlari tomonidan amalga oshirilgan.
Turk tilida “babajim” (babacim) degani oʻzbekchaga “dadajon” deya oʻgiriladi. Soʻzning ikkinchi qismidagi “jim” bizning tildagi “jon”ga toʻgʻri keladi. Hind tilida aynan shu qoʻshimcha “je” deya talaffuz qilinarkan. Hindlar “babuje” deganda otaxon deya murojaat qilayotgan boʻlarkan. Oʻxshashlikni qarang.
Hindistonga turkiy soʻzlarning koʻpi turk-moʻgʻul istilosi bilan kirib borgan. Dastavval, kushonlar, keyinchalik eftaliylar, kidariylar, xioniylar, gʻaznaviylar, gʻuriylar, xorazmshohlar, temuriylar va boburiylar bu sirli diyorni ishgʻol qilishgan. Aholining soʻzlashuvi orqali tillar oʻzaro omixtalashib, qorishib borgan.
Rus tiliga esa eng katta taʼsir Oltin Oʻrda davrida yuz berdi. Koʻpchilik tarixchilar gapni nuqul Turk xoqonligi atrofida aylantirsalar-da, ammo tan olish kerakki, aynan Oʻzbekxon va Jonibekxonlar yuritgan adolatli siyosat slavyanlarning turkcha soʻzlarni oʻzlashtirishiga olib kelgan.
Ushbu maqola etnogenez, millatlar aralashuvi haqida emas. Turli tillarda yaqin qarindoshlarning nomlanishidagi oʻzaro oʻxshashliklar haqida:
1. Har bir oilada tugʻilgan chaqaloq eng avval onasi va otasi bilan muloqotda boʻladi.
2. Goʻdakning ilk talaffuzidagi tovushlar lab-lab va til-tish kombinatsiyasi orqali amalga oshadi.
3. Goʻdak labga labni tegizish bilan baba, papa, bobo, mama, momo, oma, babu, ummi, abu kabi soʻzlarni aytadi.
4. Goʻdak til undoshlari orqali ona, ena, oyi, aya, oya, ocha, dada, ota, ata, doda, dede, ded (dad) kabi soʻzlarni talaffuz qiladi.
5. Oiladagi ota-onadan keyingi oʻrindagi qarindoshlar nomlari ham bir yoki ikki boʻgʻinda: aka, uka, opa, amma, xola, togʻa, dayi, dyadya, tyotya, abla, aba, ogʻa, ini, ant (aunt).
6. Tillarning ildizi bitta: u ham boʻlsa goʻdak tili. Eng ibtidoiy soʻzlar aynan chaqaloq nutqi orqali paydo boʻlgan. Bolakaylar ulgʻaygan sari boshqa narsalarni ham nomlab ketaverishgan. Yaqin qarindoshlarni ifodalaydigan soʻzlar tilimizdagi eng qadimiy kalimalardir.
Hozir ham dunyoning istalgan burchagidagi tili chiqayotgan goʻdak shu soʻzlarni aytadi. Biroq atrofdagi kattalar keyinchalik ular aytgan soʻzlarga emas, boshqa jumlalarga tushunchalarni kodlashni oʻrgatadilar. Bola ulgʻaygan sari tili, millati, dini, madaniyati farqlana boradi.
Anvar ESHNAZAROV