Barchamiz Navroʻzni katta ishtiyoq va toʻy-u tomosha bilan oʻtkazdik. Bayram bahona boʻldi-yu, anchadan beri aytishni niyat qilgan bir mavzuda fikr bildirishning ayni mavridi ekanini tushundik. Gap – raqs sanʼati, xususan, oʻzbekcha raqs haqida.

Bilmadik, qachon va qay tarzda bu odat paydo boʻldi, ammo yoshlar oʻrtasida gruzincha, chechencha raqs ommalashdi. Kim shu raqs elementlarini yaxshiroq eplasa, harakatlari oʻxshasa, oʻsha yigitcha bundan gʻururlanadigan ahvolga keldik. Yomonmi? Albatta, bir qarashda beziyon. Naqd gap shuki, biz, aslida, boshqacharoq odamlar edik, yurak hovurini aks ettiradigan juda goʻzal va noyob raqs sanʼatimiz bor edi. Qiziq, qayoqqa gʻoyib boʻldi u?

YouTubeʼni koʻring. “Lazgi” deb qidiruvga bersangiz, yigitlar, ulfatlar shayton raqsiga oʻxshagan, umuman tushunarsiz harakatlar bilan, shahvoniy qiliqlar qoʻshib eshilayotganini koʻrasiz. Holbuki, Xorazm sanʼatining gultoji boʻlgan “Lazgi” ohanglarida haqiqiy yigitlardek, chapani, gʻururli, beqiyos usullarga ega raqs yoʻli bor edi. Bugun u davra, toʻy-hashamlardan yoʻqolib ketgan... “Dilxiroj”ni oling, aslida, bu haqiqiy ulfatlar davrasidagi vaziyatni namoyon qiladigan raqs turi. Laganda osh koʻtarib kiradigan yigit doʻstlarini raqsga chorlaydi, taomdan avval besh daqiqa davra qurib oʻyin koʻrsatadi, ammo taomga gard yuqmaydi, bir dona guruch toʻkilmaydi, buning zavqiga boshqalar ham qoʻshilib raqsga beriladi... Ammo bugun “Dilxiroj” oʻzbek yigitlarining raqs uslubi sifatida deyarli yoʻqolib ketgan. Rasmiy tadbirlarda diplomli raqqoslar oʻynaydi, qarsak chalamiz va shu bilan tugadi: salom “Lezginka”, salom kavkazcha raqs.

“Andijon polkasi” esingizdami? Orif Toshmatov kuy yaratdi, Abdugʻaffor Qodirov raqs yoʻlini topdi va bu kuy, raqs misli koʻrilmagan darajada ommalashdi. Yigitman deganning yetmish ikki suyagini oʻynatib, vujudini yayratadigan, oʻziga yarashadigan, usullari ham juda yarashiqli bir raqs bu. Ammo nimagadir yigitlar orasida bu raqs turiga boʻlgan qiziqish, oʻrganish ishtiyoqi yoʻqolib qolgan. Bu kichkina masala emasligiga bir misol aytay. Yoshlar, ayniqsa, oʻsmirlar doimo oʻziga ideal qidiradi. Bugungi Oʻzbekiston oʻsmirlarining bu jabhadagi ideali kim? Chechenlar, dogʻistonliklar, gruzinlar va hokazo. Qisqasi, biz bolalarimizning did va ideallarini milliy oʻzanlarimizga qaratishni eplolmayapmiz.

Eng xavotirlisi nima, bilasizmi? Vaqt oʻtgani sari musiqiy tobelik, orzumandalik hayotga koʻchadi, bolaning ideal jamiyat va ideal shaxs haqida tasavvurlari oʻsha chechen raqqos yigitlari atrofida qolib ketadi. Yoʻq, men milliy mahdudlik tarafdori emasman, lekin har ishda meʼyor boʻlishi kerak, deyman. Eslaysizmi, 90-yillarda “Breyk” yoʻnalishidagi raqs postsovet hududida shitob bilan ommalashgan edi. Jamiyat qanday boʻlsa, uning kun tartibi ham shunday boʻladi, deydilar. Shu maʼnoda, oʻsha tartibsiz, tushunarsiz, bachkana kunlarga mos, oʻxshash bu raqs oʻsmirlar orasida keng ommalashib, goʻyo oʻsha kunlarning yoshlar hayotidagi aksi boʻlgandi.

Bu hali hammasi emas. Oxir-oqibat 90-yillar avlodi chuqur depressiyani boshidan kechirdi, qancha yosh-yosh yigitlar terrorristlar qarmogʻiga oson ilindi, yana qanchasi sal qiyinchilik koʻrgandayoq, xorijga ishlash va yashash uchun ketib qoldi... Bu mafkura jabhasidagi alamli magʻlubiyat edi! Bu voqealar oʻrtasida nozik bir bogʻliqlik borligini tushungan tushunadi. Zotan, ular ildizidan beixtiyor uzilib qolgan, ota-bobolarining oʻzanidan boshqa yoqlarga nazar tashlagan avlod edilar. Bugun ham shu tendensiya izchil davom etyapti, ishoning. Musiqada, raqsda yangi trendlar paydo qilish, keyin uni muayyan hududlarga realizatsiya qilish – oʻylangan propaganda kampaniyasining bir qismi.

Xoʻsh, biz bu kurashning qayeridamiz? Biz qaysi buloqlardan suv ichyapmiz? Ildizlardan uzoqlashmang, mayda narsalar katta koʻngilsizliklarning debochasidir.

Said BOBOYEV