Bu haqda Samarqandda boʻlib oʻtayotgan Jahon sammiti hamda bolalar onkologiyasi boʻyicha II xalqaro kongressning qoʻshma ochilish marosimida AQShning “St. Jude” bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti, “St. Jude Global” direktori Karlos Rodriges-Galindo eʼlon qildi.
Global tarmoq ogʻir va hayot uchun xavfli, jumladan, onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash yoʻlida xalqaro hamkorlik va tajriba almashish uchun birinchi xonimlar hamda davlat rahbarlarining turmush oʻrtoqlarini birlashtiradi.
Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva ikki yil muddatga Global tarmoq raisi boʻldi. Uning raislikka kirishish marosimi Bolalar onkologiyasi boʻyicha xalqaro kongress doirasida oʻtkazildi.
Bu qaror Oʻzbekistonda bolalar onkologiyasi xizmatini rivojlantirish borasida erishilgan yutuqlar, shuningdek, Ziroat Mirziyoyevaning saratonga chalingan bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy yordamdan foydalanishini taʼminlash hamda hayotiy holatidan qatʼi nazar, har bir bolaning oʻsishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratishdagi faol va yetakchi oʻrnining eʼtirofidir.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining nufuzli mukofoti — “JSST Bosh direktorining global sogʻliqni saqlashga qoʻshgan hissasi uchun mukofoti” (WHO Director-Generalʼs Awards for Global Health) bilan taqdirlandi.
Mukofot onkologik kasalliklarga chalingan bolalarga tibbiy yordam tizimini rivojlantirishdagi yetakchilik va har bir bolaning sogʻlom hayot kechirish huquqini global miqyosda ilgari surgani uchun berildi.