“Qayerda soʻzlar ish bermasa, musiqa tilga kiradi” degan edi daniyalik xassos ijodkor Hans Krestyen Andersen. Darhaqiqat, insonning eng ichki hislari, hatto oʻzidan ham yashiringan, eng tubda yotgan asil tabiatini kuy orqali yuzaga chiqarish mumkin. Bejiz kinosanoatda eng taʼsirli lahzalar yoki voqealar rivojini tomoshabinga his qildirish uchun turli ovoz effektlari hamda soundtreklardan foydalanilmaydi. Bunga oddiygina, ammo eng tanish misollardan biri – Murodjon Ahmedovning “Oʻrtar”i. Kuyni eshitgan kishining xayollari bir zum boʻlsin Margʻilon – Toshkent yoʻllariga, olis xotiralar tumanida gʻira-shira miltirab, shirin entikish qorishigʻida simillagan ogʻriq beruvchi yotlashgan yor tasviriga ketadi. Asil sanʼat mana shunday – bir kunlik dofamin emas, bir umrlik xotirot toʻzonini uygʻota oladigan kuchdir.
Sanʼat – yaxshi qurol
Sanʼat odamlarni boshqarish va ergashtirish uchun eng yaxshi vositalardan bir boʻla oladi. Sobiq ittifoq davrida ijodkorlar uchun maxsus imkoniyat-u imtiyozlar ham bejiz berilgan emas. Illo, bu orqali ichidan qonga botgan qattol tuzumni avom uchun eng baxtli, shonli ham qudratli bir davlat ekaniga ishontirish, ularni “porloq kommunizm sari” undab borish osonroq kechgan. Bunga misollarni qidirsak, oz emas. Ammo, eskining ogʻrigʻidan koʻra bugungi kunda ham bunday madaniy targʻibotlar mustaqil yurt ruhiga moslanib, uning tinchlikparvar gʻoyalariga muvofiq tarzda qaytadan yoʻlga qoʻyila olmayotgani ogʻriqliroq. Holbuki, buni boshqalar – birovning tinchini buzib, bundan istihola etmayotganlar doʻndirib eplashyapti. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda kundamlikka chiqqan qoʻshiqlardan biri Tatyana Kurtukova ijrosidagi “Matushka” (“Onaginam”)ni ham ana shunday asarlardan. Davomiyligi uch daqiqaga ham yetmaydigan ashula 2022-yil 24-mart sanasida ommaga taqdim etilgan. Sanasiga eʼtibor qilsangiz, Rossiya tomonidan Ukraina hududiga “maxsus harbiy operatsiya” nomi ostida olib borilayotgan tajovuz boshlanganidan roppa-rosa bir oy keyinga toʻgʻri keladi. Tasodifni qarang!.. Matnda ijrochi oʻz vatanini shunchaki chiroyli taʼriflash bilangina cheklanib qolmaydi, aksincha, uni bosqinchi deyotganlarga murojaat ham qiladi – “Матушка-земля, белая берёзонька. Для меня — Святая Русь, для других — занозонька” (“Ona tuproq, oq qayin degani boshqalar uchun bir chaqirtikandek, ammo men uchun muqaddas Rus bu”) degan nozik, ammo puxta oʻylangan ishora bor. Dalalar, asalari-yu asal haqida qanchalar gapirilmasin, ildizdagi gʻoya butun soʻzlarga birdek taʼsirini tarataveradi. Bu ashulada bosqinchilikni oqlash kayfiyati bor. Ammo, shunday boʻlsa-da ular buni eplashgan. Xoʻsh, biz-chi?
Jannat geolokatsiyalari yoxud biz qanday sevamiz Oʻzbekistonni?
Afsuski, biz bu borada oʻzimizni koʻpda aʼlomiz deya olmaymiz. Rost, bizda ham Abbos Ubaydullayev ijrosidagi “Mutrabo”, Jasur Mirsagatovdan bolalik xotiralarini yodga soluvchi “Oʻzbek bolasi”, Yulduz Usmonova tomonidan kuylangan “Oʻzbekiston”-u, Ozodbek Nazarbekovga bir vaqtlar yaxshigina olqish keltirgan “Bolam dema Vatanim meni” kabi birmuncha toshli-yukli qoʻshiqlar ham bor. Biroq, bugungi kundagidek butun dunyo oyogʻi osmondan kelayotgan bir davrda asil oʻzlikni esga soluvchi, bizning bir millat, xalq ekanimizni anglatuvchi taronalarga ehtiyojimiz har qachongidan ham koʻproq.
Mustaqillik ibtidosidan bugunga qadar yaratilgan qoʻshiqlar matniga nazar soladigan boʻlsak, yuksak pafos, ammo puch eʼtiroflardan iborat ashulalar kattagina qismni egallashi tayin. Masalan, Gulsanam Mamazoitova ijrosidagi “Oʻzbekiston”ni bir qur nazardan oʻtkazaylik. Iqbol Mirzo qalamiga mansub sheʼr asosida ijro etilgan bu ashula Oʻzbekiston haqida xorijda turib fikr bildiruvchi “eski olchoq”larga murojaat tarzida boshlanib, katta iddaoni – qanday yashashni yaxshiroq bilish bilan davom etadi. Bir tomondan bu yaxshi, dadil qadam – mustaqil bir davlatga keyingi qadamlarni kimdir oʻrgatib, topshiriq berishi, albatta, xato boʻlardi. Ammo, lekin, biroq… Uning keyingi qatorlarida oʻsha davr rahbarining “Oʻzbekiston kelajagi buyuk davlat” qabilidagi soʻzlari jarang sochishni boshlaydi. Ayniqsa, naqarotdagi “Agar jannat koʻkda boʻlsa, ostidadir Oʻzbekiston, agar jannat yerda boʻlsa, ustidadur Oʻzbekiston” takrorida yashiringan allalovchi mazmun xalqning qudratiga emas, qanoatiga ishlaydi.
Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova Abdurashid Yoʻldoshevlar birgalikda kuylagan “Shu aziz Vatan barchamizniki”, Yulduz Usmonova ijrosidagi “Xalq bilan boʻl” yoki Jahongir Poziljonov aytgan “Jadidlarim” ashulalari ham shu mazmundagi ijrolar qatoriga kiritsak boʻladi. Umuman olganda, “koʻylaklari gulli” qoʻshiqlardan keyin yurt, xalq haqida soʻzlash bu qadar oson boʻlishi erish tuyuladi kishiga. Zero, Vatanni sevish ham bir ibodat va hech vaqt ibodatga poklanmay turib kirib boʻlmaydi
Yoʻq emas, bor
Garchi yuqorida xalqimiz uchun sevimli boʻlgan ayrim sanʼatkorlar va ashulalar haqida keskinroq fikr bildirgan boʻlsak-da, bu – ijod, ijod erkinligi esa har ijodkorning oʻz tanlovi bilan bogʻlanadi. Shunga qaramay, oʻzbek musiqiy fondida qator asil vatanparvarlik ruhidagi qoʻshiqlar yaratilgan va yaratib kelinmoqda. Bunday taronalar safiga yuqorida sanalganlardan tashqari Setora guruhining “Ajdodlar ruhi”, Yulduz Usmonovaning “Oʻzbekiston”i, Sevara Nazarxonning “Vatanim” taronasi, Shoxrux ijrosidagi “Oʻzbegim”, Ozodbek Nazarbekovning “Mendirman” kabi qoʻshiqlarini kiritish mumkin. Umid va taskin beruvchi jihat shuki, bunday namunalar yaratilishi davom etmoqda. Ayni damda madaniyat vaziri sifatida faoliyat olib borayotgan Ozodbek Nazarbekov tomonidan premyera qilingan “Uygʻon, oʻgʻlim” taronasi oʻz nomi bilan millatni uygʻotishga, ildizlarini topishga undovchi ohangi bilan ana shunday qoʻshiqlardan boʻla olgani kishini quvontiradi.
Bundan tashqari, soʻnggi vaqtlarda jonlanib borayotgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan tayyorlangan “Vatan” qoʻshiqlar toʻplami ham fonotekani boyitish uchun xizmat qiladi. Jami 6 ashuladan tarkib topgan toʻplam, gʻoya mualliflariga koʻra, hali birinchi qism va bu davomli boʻladi. Hozir esa shu toʻplamdagi qoʻshiqlar mazmuniga biroz toʻxtalish oʻrinli deb bildim.
Pleylistdagi “Oʻzbekiston taqdirim” (“Setora” guruhi) va “Olgʻa, Oʻzbekiston”, (“Setora” guruhi, Jenisbek Piyazov, Shahnoz, Farruh Fazel va xor jamoasi) qoʻshiqlari ayni kunlardagi zamonaviy estrada yoʻlida yaratilgan boʻlib, Vatanni sevishga oshkora undashi bilan toʻplamdagi boshqa ashulalardan farqlanadi. Taqdimotda shipshitilgan soʻzlarga quloq ossak, “Olgʻa, Oʻzbekiston” futbol boʻyicha milliy terma jamoamizning mundialga chiqqani uchun maxsus yaratilgan ekan. Yaxshi, ammo bir narsani unutmaslik kerak – ayni mavsumiy mavzularga bagʻishlangan qoʻshiqlar keyinchalik urfdan qolishi mumkin. Va balki aksincha, futbolimiz madhiyasiga aylanib ham ketar. Buni vaqt koʻrsatadi, albatta. Aytgancha, ashulalarning bastakori va soʻz muallifi Shahnoz. Balki ayni shu narsa – soʻzlarni bastakorning oʻzi yozgani sifatga, mazmunga taʼsir qilgandir. Chunki toʻplamdagi boshqa qoʻshiqlarni yaratishda loyiha tashkilotchilari soʻz egalari – shoirlar, ijodkorlar bilan ishlagan.
Davlatshox tomonidan ijro qilingan “Millatim” taronasi esa nisbatan balandroq, yosh shoir Nurmuhammad Zoirga tegishli soʻzlar turkiy ildizlar, kuchli tarix va xalqning uygʻoq farzandlari ogʻriqlarining qorishiq ifodasi bilan kishini oʻziga jalb etib, xos kayfiyat uygʻota oladi.
Mirshod Elov va Oʻktam Hakimbek muallifligidagi “Botir Tangriqut”ni kishini tarixning eng qadim qatlariga tortib keta oladigan, ham milliy ohang, ham zamonaviy ovozni birlashtira olgan ajoyib musiqiy asar deyish mumkin. Bayonchilik shaklida aytiluvchi mazkur qoʻshiq oʻz tinglovchisi uchun tinchlik uchun nimalar beriladi-yu, el-u er shaʼni qanday himoya qilinishi kerakligini eslatadi. Yakuniga tomon musiqiy surʼatning tezlashishi va qadim turk xalqlarigagina xos urho sadolari fiziologik taʼsir ham koʻrsatadi – tinglovchi ohang taʼsiriga osonroq tushib, asil maqsadni his qila oladi. Buning uchun bastakor Oʻktam Hakimov va sheʼr muallifi Farrux Jabborbekka ham minnatdorchilik bildirish oʻrinli boʻlar edi.
Va nihoyat, yana bir shunday tarona Qosim Muinzoda va Hayriniso juftligida yaratilgan “Ona yerim” hisoblanadi. Sheʼr muallifi sifatida jalb qilingan yosh shoir Muhammad Siddiq ham oʻz vazifasini uddalagan. Qoʻshiq muvaffaqiyatlaridan biri – ham ijrochilardan biri, ham bastakor boʻlgan Muinzodaning qardosh qozoqlar bilan ishlash tajribasi ekanligida deyish mumkin. Tan olish lozim, qoʻshni el milliy ohanglarni zamonaviy ruhda qayta ishlash borasida anchayin ilgarilagan. Ularga shunchaki chetdan havas qilib qolmasdan, boʻylashish borasida katta qadamlardan biri boʻlgan bu tarona Vatan, millat, xalq ruh-u kayfiyatini saqlash, olamga yoyish istagida boʻlgan har bir millatparvarning musiqalar roʻyxatida boʻlishi aniq.
Umid qilamizki, tashkilotchilar loyihani ham davom ettirishadi, keyingi safar ham sinalgan, sevilgan mualliflar bilan ishlab, Vatan haqida asil kuy-qoʻshiqlar yaralashiga sababchi boʻlishadi. Xulosa qilganda, har bir oʻzbek ijodkorining javoni asil sanʼat asarlari bilan boyib borishi kerak. Sanʼatkor faoliyatini kim moliyalashtirishidan qatʼi nazar, u xalqniki, modomiki, xalq ularni tinglayotgan ekan, masʼuliyatni bir zum boʻlsin unutishga haqlari yoʻq.
Kamoliddin AZZAM,
jurnalist