27-mart – Butunjahon teatr kuni!

Teatr sanʼati sintetik sanʼat boʻlgani uchun ham jamiyat hayotida – tomoshabinlarning maʼnaviy va estetik tarbiyasida muhim oʻrin tutadi. Bugungi shiddatli, kiber olamda ushbu klassik sanʼat turining oʻrni, nufuzi qay darajada. Oyina.uz muxbiri sanʼatshunos Maftuna MUHAMMADAMINOVA bilan sohaning bugungi “ob-havo”si, muammo va ogʻriqlari haqida gaplashdi.

– Tartibsiz zamonda insonlar diqqatini, vaqtini boʻlaklab olayotgan vositalar talay. Ammo shaxsdagi maʼnaviy va moddiy ehtiyoj muvozanati buzilmasligi kerak. Shu maʼnoda bugungi oʻzbek teatri xalqimizning maʼnaviy ehtiyojini qondira olyaptimi?

– Savolingiz qisqa, lekin men uchun katta savol. Avval siz nazarda tutayotgan Shaxsning maʼnaviy ehtiyojlari haqida emas, shunchaki bugungi zamon kishilarining hayot tarzi, intilishlaridan kelib chiqib, sanʼatning, teatrning oʻrni borasida gaplashsak. Xoʻp, moddiy ehtiyojning-ku nimaligi maʼlum. Lekin maʼnaviy ehtiyoj izoh talab qiladigan tushuncha. Yaʼni, bu ehtiyoj muqarrar mavjud, lekin uning shakl-u shamoyili oʻzgarib turadi. Avval odamlar filmni kinoteatrga borib koʻrishgan, teatrga ehtiyoj sezib atay kelishgan. Bugun hammasi boshqacha. Biz axborot asrida, texnik va kiber olamda yashayapmiz. Bu olamning qulayliklari ham, aytganingizdek, bizning vaqtimizni va diqqatimizni oʻgʻirlaydigan, chalgʻitadigan narsalar ham koʻp. Bugun har birimizning qoʻlimizda smartfonlarimiz bor. Uyida televizori yoʻq odam yoʻq hisobi. Yana shu ham muqarrarki, endi bu narsalarni cheklab, yoʻqotib boʻlmaydi. Internet va televideniyeda hamma narsa topilsa, odamlar nega ovora boʻlib teatrga borsin?! Rejissor Olimjon Salimovning bugun odamlarda teatrga ehtiyoj yoʻq, degan achchiq iqrorida jon bor. Qolaversa, hozirgi jamiyat gʻoyat band, tik oyoqda fast-fud yeb, tirikchilik yoʻlida yelib-yugurayotgan, teatrga hafsalasi qolmayotgan vaqti tigʻizlar jamiyati. Shunga qaramasdan teatr hali ham bor ekan, teatrsiz yasholmaydigan ijodkorlar, uni sevguvchilar borligi uchun mavjud. Lekin bu masalaning bir tarafi. Boshqa tomondan jamiyat hayotida teatrning nufuzi pasayishiga ijodiy inqirozlar sabab boʻlgani ham bor gap. Teatr zamonaviy insonning ehtiyojini keragiday qanoatlantirolmayotgandir? Demak, teatr har jihatdan yangilanishi kerakdir? TV va internet bera olmaydigan boshqa bir taassurot bera olish qudratiga qaytishi zarurdir?  Bunday kuch teatrda boʻlgan. Bilasizmi, men koʻplab ziyolilardan, yozuvchi-shoirlardan soʻraganman. Nima uchun teatrga borgingiz kelmaydi, deb. Ularning aksariyatidan “teatrdagi spektakllardan koʻnglim toʻlmaydi”, “kutgan narsamni ololmayman”, “meni qanoatlantirmaydi”, degan mazmundagi javoblarni olganman. Demak, teatrlarimizning faoliyati fikrlovchi insonlarning talabiga javob berolmaydi, qay bir maʼnoda ziyoli qatlamning ishonchini yoʻqotgan... Lekin, har bir teatrning oʻziga yarasha tomoshabini bor. (Viloyatlardagi teatrlar haqida bunday deyolmayman, albatta.) Ommaga yoqayotgan spektakllarning saviyasi esa koʻp hollarda tanqidga sabab boʻladi. Muqimiy teatrining taniqli rejissorlaridan biri teatrshunoslar tanqid ostiga olgan bir spektakl muhokamasida “Tomoshabin guldiros qarsaklar bilan juda yaxshi qabul qilyapti. Spektaklni biz tomoshabin uchun qoʻyamiz. Uning haqiqiy bahosini tomoshabin beradi” deganiga oʻzim guvoh boʻlganman. Sezyapsizmi, masala qayerda? Teatr odamlarning saviyasini koʻtarishga emas, tomoshabin darajasiga moslashib borayotganida va shu holidan mamnunligida.

Teatrning maʼnaviy hayotimizdagi oʻrnini, taʼsirini kengaytirish rejalarda, orzularda bor, baholi qudrat harakatlar ham toʻxtagani yoʻq. Lekin har qanday gʻoya tuygʻuga aylansagina u kuchga aylanadi. Xuddi jadid bobolar davrida boʻlgani kabi teatr tuygʻuga aylanishi kerak. Oʻz ahlining qalbidagi otashin tuygʻuga.

– Repertuarlardagi aksariyat “sahna asarlari” yengil-yelpi. Tomoshabin sifatida bir gʻashingiz kelsa, bir ne-ne aktyor, aktrisalar izi botgan sahnaga va rol ijro etayotgan isteʼdod egalariga achinasiz. Bugunning tomoshabini dangasami, dramaturglar yozolmayaptimi yoki boshqa sabablar bormi? Teatr sahnalarida shov-shuv koʻtarayotgan spektakllar nega yoʻq?

– Tafakkur qilishdan qochish, koʻngilochar tomoshalarga moyillik aslida insonning tabiatida bor. Shuning uchun kitobdan koʻra, sportning ixlosmandi koʻp. Yoki odamlar jiddiyroq spektaklga emas, estrada xonandalarining konsertlariga tushishni afzal koʻrishi ham bir misol.  Albatta, zavq kerak odamga, lekin bu zavqqa oʻchlikni ragʻbatlantiraverish bilan tomoshabinni fikrlashga noqobil qilish kerak emas. Meʼyor boʻlishi kerak. Teatrlar repertuarida koʻngilochar spektakllarning “yashovchan”ligiga kelsak, bu ijtimoiy sharoitning mahsuli deb oʻylayman. Mustaqillikning dastlabki yillarida teatrlar uchun tomoshabin jiddiy muammoga aylangan. Odamlarni teatrga qaytarish uchun yengil qabul qilinadigan maishiy komediyalar qoʻyilgan. Keyinchalik repertuarlar janr jihatdan ancha rang-baranglashdi, mazmun jihatdan kengaydi. Lekin tomoshabinda oʻsha “oʻrganish”  saqlanib qoldi. Yuqorida aytilganidek, teatrlar tomoshabin bilan hisoblashadi, kassabop spektakllarni qoʻyishda davom etadi. Aktyorlarga kelsak, ular oʻzi ishlayotgan teatrda shtatda turadi, maosh oladi, tanlangan asar, berilgan rol oʻziga yoqsa-yoqmasa oʻynaydi. Ular ham koʻngillarida buyuk asarlarda ajoyib qahramonlarni oʻynash orzusi bilan yashashadi. Rejissor shunday spektaklni sahnalashtirsa va uni rolga munosib topsa – baxti, yoʻqsa nachora.  Bugungi tomoshabin dangasami yoʻqmi, bilmadim-u, menga yetarlicha “toʻqdek” tuyuladi. Bu toʻqlik aktyorlarni teleekranlarda, yana tadbirlarda kun ora uchratishi, hatto toʻylariga chaqirib olishga qobilligi ham bir sabab. Yanayam aniqrogʻi, teatrga, sanʼatkorlarga nisbatan odamlarning hayrati oz. Boshqa tarafdan ularning boshi turfa turmush gʻavgʻolari bilan toʻla. Jiddiy, oʻylantiradigan, iztirob beruvchi spektakllarga toqatsizligi ehtimol shundandir. Lekin sanʼat uygʻotadigan iztirob xayrli, hayotbaxsh boʻladi. Dunyoga mashhur bir aktyor  “toʻqqizdan toʻqqizgacha ishlaydigan inson chin inson boʻlib yuksalolmaydi. Negaki uning oʻzi, odamlar haqida oʻylashga, suhbatlar qurib, falsafa yuritishga,  rasm chizib, qoʻshiqlar aytishga vaqti boʻlmaydi”, degandi. Oʻshanday gap. Umuman, ijodkorlarni ham, tomoshabinni ham har vaziyatda tushunish mumkin. Lekin sanʼat yaralmayotgan joyda hech kimni oqlab ham boʻlmaydi.

Dramaturgiya har zamonning muammosi boʻlib kelgan. Oxirgi paytda publitsistik ruhdagi dramalar avj oldi. Bular maʼlum bir maqsadlarga xizmat qilar, lekin teatrni badiiy jihatdan boyitolmaydi. Maʼlum vaqt oʻtib sahnadan tushib ketadi. Oʻtkinchi mavzularga oʻralashib qolish  ham  sohani orqaga tortadi. Xoʻp, yaxshi pyesalar yozilmayotgan boʻlsa, yozilganlari talab darajasida boʻlmasa, teatrlarni boqadigan nasr bor, jaranggi har davrga mos klassika bor. Teatr ijodkorlarining izlanishi, rejissorlarning oʻqimishliligi koʻp narsani belgilaydi. Teatrda birlamchi asos dramaturgiya boʻlsa, birinchi shaxs – rejissor. Spektaklni rejissor ijod qiladi. Bizning teatrlarda kuchli rejissorlar koʻp emas, lekin yoʻq ham emas. Bahodir Yoʻldoshev bor edilar, Olimjon Salimov, Karim Yoʻldoshev, Valixon Umarov, Nabi Abdurahmonov, Avliyoquli, Shomurod Yusupov, Sayfiddin Meliyev kabi taniqli rejissorlar qoʻygan aksariyat spektakllar oʻzbek teatrini jonlantirgan. Hatto xalqaro maydonga olib chiqqan. Hozir ham teatrlarda hayot davom etyapti, koʻrishga arziydigan spektakllar butkul yoʻq emas. Ammo eng shoh asarlar qoʻyilganida ham odamlar yopirilib teatrga kelarmikan? Bunga mening ishonchim  hozircha komil emas.

– Oʻzbek kinosi atrofidagi “gap”larga qulogʻimiz qotdi. Davlat muassisligidagi “proyekt”larning “filtr”ini roʻkach qilsak, xususiy kinostudiyalar ham yamoq boʻladigan karomat koʻrsatayotgani yoʻqdek.   Jahon kinosiga birdek fanatmiz. Bir gal chet el xususiy teatrlariga tomoshabinlar falon pulga talashib bilet olib kirishlarini aytgan edingiz. Biznikilar eplolmayotgan “ishlab chiqarish sanʼati” yoki bizga yetishmayotgan “tomoshabinlik madaniyati”ga nimalar sabab deb oʻylaysiz?

– Yaqinda sizlarning saytingizda Shuhrat Rizayevning “Kino sanʼatmi yo sanoatmi?” degan maqolasi eʼlon qilindi. Unda ayni shu muammolardan soʻz ochilgan, toʻgʻrimi? Sanoatdan sanʼatga oʻsish boʻlish kerak. Lekin oʻzbek zamonaviy kinosining sanoatdan sanʼat darajasiga koʻtarilishi ayni vaqtda qiyin kechayotgan jarayon. Xususiy sektorning kengayib borayotgani bugungi davrda normal holat. Lekin saviya, sifat masalasi har qadamda koʻndalang turibdi. Sababi, xususiy kinochilarning katta qismi tajribasizlar, havaskorlar. Kam xarajat qilib, yaxshi daromad koʻrish maqsadida olinayotgan filmlarning badiiy darajasi ham shunga yarasha. Bunday filmlar kinoteatrlarda katta ekranlarga prokatga chiqarilgani bilan oʻzini oqlamay qoʻydi. Odamlar deyarli koʻrmay qoʻydi. Endi unday arzon filmlarni telekanallarga sotish boshlandi. Va shu jarayonda xususiy studiyalarning seriallar biznesi avj oldi. Saviya oʻsha-oʻsha. Mediabozordagi bu munosabatlar haligacha toʻla tartibga solinmagan. Ularni efirga beradigan nodavlat kanallarning badiiy kengash, qandaydir mezonlari bor-yoʻqligini bilmayman. “Tomoshabin madaniyati” deganda oʻzimiznikilar ishlayotgan film va seriallarni koʻrayotgan  odamlarning holini nazarda tutayotgan boʻlsangiz, ular ham ekranda nima bor boʻlsa, shuni koʻrishyapti. Tabiiyki, didi oʻtmaslashgan tomoshabin yuki bor asarlarning qiymatini bilolmaydi.    

Xususiy teatrlar borasida ham xuddi shunday holat. Oʻzbekistonda professional faoliyat yuritayotgan ikki-uchta nodavlat teatrni bilaman: Mark Vayl asos solgan “Ilhom” teatri, Sayfiddin Meliyevning “Turon” teatri, nemislar bilan hamkorlikda ochilgan “Silk Route” marionetka teatri. Lekin mavsumiy spektakllar koʻrsatadigan MChJ, YaTT shaklidagi havaskor teatr studiyalar koʻp. Men bir necha yillar avval sobiq “Oʻzbekteatr” birlashmasida ishlagan paytlarimda ularning soni yigirmatadan ortiq edi.  Yana koʻpaygan boʻlishi mumkin. Lekin hali ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan, sahnalashtirilayotgan tomoshalarining saviyasini mezonlaydigan tizim yoʻlga qoʻyilgani yoʻq. Men bir muddat xorijda kuzatishga muvaffaq boʻlganim xususiy teatrlar ustidan qattiq nazorat yoʻq, lekin ularga bosh boʻladigan tashkilot, muvofiqlashtiradigan tizim bor. Teatrlar oʻrtasida shunday yaxshi raqobat muhiti paydo boʻlgan ekanki, hech bir xususiy teatrning yomon spektakl qoʻyishga haqqi yoʻq.  Saviyali spektakl koʻrsatmasa, u teatr yashab qololmaydi.  Chipta  narxi, uni sotish tizimi ham, tomoshabini ham shunga yarasha. Bizdagi xususiy kino va teatr studiyalar sifatga ishlashi uchun kerakli tashkiliy ishlar amalga oshirilishi va erkin muhit yaratilishi kerak. Xususiy teatr, mualliflik teatrlari koʻpaygani yaxshi. Bu maʼlum vaqtlarni talab qilsa kerak.

– Adabiyotning boshqa yoʻnalishlarida turli tanlovlar oʻtkazilib turiladi. Dramaturgiyada esa yoʻq. Oʻzbekiston teatr arboblari ijodiy uyushmasi faoliyati qoniqarlimi? Davlat rahbarining eʼtibori shartmi?

– Madaniyat vazirligi yilda bir marta dramatik asarlar tanlovini eʼlon qilib turadi. Lekin bunday tanlov bor-yoʻqligini tizim ichidagi odamlardan boshqalar bilmaydi, ochigʻi. Nimagaki, bu tanlov yetarli daraja  keng targʻib qilinmaydi. Bundan tashqari,  oʻtkaziladigan tanlovning aniq maqsadi, nufuzi ham boʻlishi kerak-da. Loyiha mualliflarda qiziqish uygʻotishi kerak. Deylik, tanlov eʼlon qilingach, eng yaxshi deb topilgan asarlar mualliflarini ragʻbatlantirish masalasi ham muhim omil. Tanlovda gʻolib deb topilgan asar uchun muallifga ragʻbat oʻsha asarni teatrga tavsiya qilish boʻlsa-yu, oʻsha asar qachonki sahnalashtirilgandan keyin qalam haqi berilsa, unda tanlov oʻtkazishdan maʼno-maqsad nima boʻladi? Pyesasini qoʻltiqlab yurgan dramaturg tanlov deb yurmasdan toʻgʻri rejissorlarning eshigini taqillatgani yaxshi emasmi? Oʻzim kuzatganlarimga tayanib shuni ayta olamanki, mualliflarni oʻz atrofiga yigʻib olish uchun xorijiy teatrlarning oʻzi  pyesalar tanlovini eʼlon qiladi. Qolaversa, turli ijodiy tashkilotlar ham xalqaro miqyosda dramaturgik tanlovlar eʼlon qilishadi. Loyihalar bir madaniy bayram darajasida oʻtkaziladi. Demoqchi boʻlganim shuki, har qaysi tanlov nomigagina oʻtkazilmasligi, mualliflarga ham, teatr uchun ham ahamiyatga ega loyiha boʻlishi kerak. Bunday loyihalarni ijodiy tashkilotlar amalga oshirgani yaxshi. Oʻzbekiston teatr arboblari esa yopilib ketgan edi. Yaqin yillarda qayta tashkil etildi. Lekin  faoliyati hali toʻliq iziga tushib ketolgani yoʻq.

– Yechimini kutayotgan, koʻnglingizga botib yuradigan muammolar, masalalar nimalar? Bu sohadan tashqaridagilar uchun ham qiziq?

– Bilasizmi, bizda jamoaviy  futboldan koʻra  shaxmat, boks, tennis kabi individual  sport turlari yaxshiroq rivojlandi. Sanʼatda ham shunaqa. Musiqa, tasviriy sanʼat, sheʼriyat ancha oldinda, teatr va kino yaʼni, jamoaviy sanʼat sohalarida  bu borada muammolar koʻp. Nega shunday?  Buning sabablarini jiddiy oʻrganish kerak. Kadrlar masalasi, sanʼat taʼlimi va boshqa tashkiliy-ijodiy ishlarda hal qilinishi kerak boʻlgan muammolar koʻp.  Teatr sohasida oʻsish-yangilanishlar boʻlishi uchun, menimcha, ijodiy muhit yaxshilanishi kerak. Har bir teatr oldinga intilishi, izlanishi uchun festivallarning ahamiyati katta. Hozir Oʻzbekistonda “Seni kuylaymiz, zamondosh”, “Debyut”, Qoʻgʻirchoq teatrlari festivallari bor. Lekin ularning shakl-u mazmunini oʻzgartirish, saviyasiga katta eʼtibor berish kerak. Bu loyihalar  butun ziyolilarning eʼtiborini teatrga qaratadigan madaniy bayramga aylanishi lozim. Oʻtgan yili Alisher Navoiy asarlari asosida sahnalashtirilgan spektakllar festivali oʻtkazildi. Lekin bu festival tor doirada, moliyaviy-tashkiliy siqiqlikda oʻtkazildi. Viloyatdan kelgan teatr ijodkorlarida boshqa teatrlarning spektakllarini koʻrish imkoni boʻlmadi.  Mana, xalqaro teatrlar kuni munosabati bilan shu  kunlarda  mamlakatdagi 38 ta teatrda ochiq eshiklar haftaligi oʻtkazildi. Buni ham birov bilib-birov bilmay qoldi. Shu haftalikka teatrlarning eng yaxshi spektakllari qoʻyilib, xalq va butun madaniyat, fan, adabiyot ahli kengroq jalb etilsa, qiziqarli ijodiy loyihalar tashkil etilib, targʻiboti ham joyiga qoʻyilsa, jarayon  har jihatdan yanada qizgʻinlashardi. Bir-biri bilan ijodiy muloqot, kuzatish kam boʻlgan muhitda yangilanish boʻlishi qiyin. Festivallar ilhom va tajriba almashish imkonini beradi.  Oʻzbekistonda  xalqaro festival  tashkil etilishi kerak. Dunyo teatrlari bilan muloqot oʻzbek teatrini turgʻunlashib qolmasligi,  oʻz qobigʻiga oʻralib qolmasligi, ijodiy iqlimning kengayishi uchun  zarur, deb oʻylayman.

– Insonning sevgan qahramonlari oʻziga yaqin shaxslar boʻladi. Eng yaxshi koʻrgan film va spektaklingiz, qahramonlari, ularning boshqalardan farqli jihatlari haqida gapirib bersangiz.

– Ular koʻp. Masalan, eron filmlari, Abuladze, Kim Ki Duk, Bergman, Zvyaginsev, Nuri Bilge Jeylan, oʻzimiznikilardan Yusuf Roziqov, Ayub Shahobiddinov kabi rejissorlarning ijodi menga yoqadi. Hammasi oʻziga xos, baridan nimadir olish, oʻrganish mumkin. Ularning filmlarida inson jumbogʻi kengroq, teranroq, tabiiyroq koʻrinadi. Ularning qahramonlari ayb-u qusurlardan xoli boʻlmagan siz bilan menga oʻxshagan odamlar. Ammo ishonishingga, achinishingga, tushunishing va yaxshi koʻrishingga arziydigan qahramonlar. Eronlik rejissor Muhsin Maxmalbafning “Chumolilar faryodi” degan filmi bor. Undagi qahramonlar hayotda ideallarini yoʻqotib qoʻygan bugungi dunyoning vakillari. Shu juftlik dunyoni chir aylanib komil insonni axtarib  yuradi. Oxir-oqibat mukammallik oʻzlarida ekanini anglab yetadi.  Ularning ruhidagi haqiqatga yetguncha boʻlgan evrilishlar menga oʻzgacha taʼsir qiladi negadir. Yana Bergmanning “Kuz sonatasi”, Abbos Kiorastamining “Shirin” filmi... Hammasi inson haqidagi goʻzal qissalar. Spektakllarni ham sanasak roʻyxat hosil boʻladi. Mark Zaxarovning “Yunona va Avos”, B.Yoʻldoshevning “Qora kamar”, O.Salimovning “Turna paytlari”, Valijon Umarovning “Ayolgʻu”, “Daraxtlar tik turib jon beradi”  spektakllarini aytishim mumkin. Meterlink, Chexov, Tennissi Uilyams  dramaturgiyasi, ular qalamga olgan qahramonlar meni doim oʻziga tortib kelgan. Oʻzimizning sevimli dramaturgimiz Sharof Boshbekovning boshqa asarlariday mashhur boʻlmagan “Eshik qoqqan kim boʻldi?” pyesasini alohida yaxshi koʻraman. Asarning bosh qahramoni pyesa voqealarida yoʻq odam. Uning dunyosini ayblash ham, oqlash ham qiyin. Haddan ortiq odamiy, haddan ortiq yaxshi inson  fojiasi  haqida asar u...

– Teatrlarda katta avlod vakillarining asarlari qoʻyiladi, nega yoshlar ijodi koʻrinmaydi.  Uzilishning sababi nima? Yoki bu sohada yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻqmi?

– Yuqorida aytilganidek, koʻp narsa ijodiy muhitga bogʻliq. Muhitda nosozlik bordirki, teatr yoshlarni atrofida ushlab qololmayapti. Koʻryapsiz, kino sohasidagi ozgina oʻzgarishlar, yoshlarbop loyihalarning koʻpayotgani sabab deymizmi, aksariyat yoshlar kinoga qiziqyapti, oʻzini kinoga uryapti. Chunki u yerda oʻz kelajagini koʻrayotgandir, non va shon topish mumkinligiga ishonayotgandir, kino bilan dunyoga chiqmoqchi boʻlayotgandir. Institutni bitirgan yoshlar yoppasiga teatrda qolishga talpinayotgani yoʻq. Yoki koʻpga bormay, boshqa sohalarga oʻtib ketyapti.  Hozir teatr atrofida yurgan yoshlar aktyormi, rejissormi, dramaturgmi, teatrshunosmi – sohadan ketmay yurgan boʻlsa, koʻnglida kasbiga nisbatan sevgisi borligi yoki ketadigan boshqa joyi yoʻqligidan. Men teatrda ishlayotgan koʻp yoshlar, tengdoshlarim bilan suhbatlashaman. Ularning aksariyati “jomadon kayfiyati”da yurganini payqayman. Vaziyatga, muhitga real qaraganda men ularni qoralay olmayman. Hafsalaning pir boʻlishi yomon. Dramaturgning shakllanishi iqtidor, bilimdan tashqari, hayotiy tajriba bilan bogʻliq. Hamma ijodkorlar kabi  dramaturg oʻzini-oʻzi shakllantiradigan “samouchka” boʻlishi kerak.

Katta avlod vakillarining ham hamma asarlari sahnada gullayapti deb boʻlmaydi. Ularning ham necha asarlari taqdirini kutib turibdi. Yaxshi spektakl koʻpchilikning mehnati bilan yuzaga keladi. Fikri fikringga, didi didingga mutanosib tushadigan rejissorning boʻlishi ham muhim. Xuddi Chexov va Stanislavskiy kabi, Boshbekov va Salimov kabi.

Nargiza ODINAYEVA

suhbatlashdi