Kinozaldagi shovqin tobora kuchaydi, oldi oʻrindiqlardan hafsalasiz xitoblar yangray boshladi: “Bugun film tomosha qilamizmi?”. Seans boshlanish vaqtidan endigina 5 daqiqa oʻtgan. Birdan chiroqlar oʻchdi, ovoz kuchaytirgichlar allanechuk pishqirdi, ekran yorishdi. Ana, atrofni chulgʻagan zulmat ichra bahavo dengiz manzarasi ochildi, toʻlqinlarning yengil shovqini yangradi. Koʻrkam yigit va goʻzal qiz sohil boʻylab ketib boryapti. Xushsurat aktyorlar, koʻzni quvnatuvchi manzaralar, dilga yaqin dialoglar. Naqadar yaxshi! Artistlar biram ajoyib oʻynadiki, ularga qoʻshilib sayr-u sayohat qildik, yigʻladik, kuldik. Xuddi sehrli ertaklardagidek. Barchasiga ishongisi keladi odamning.

Yoki allaqachon ishontirib ulgurishdimi?..

Ekrandagi har bir qahramon, har bir tabiiy tuyulgan syujet burilishi chindan ham oʻz-oʻzidan, rejissyorning savqi tabiiysi bilan paydo boʻlgan deb oʻylaysizmi? Menimcha, har birining ortida kimningdir qarori turadi, garchi bu qaror koʻpincha ssenariy muallifi ish stolida emas, prodyuser xonasida qabul qilingan boʻlsa ham. Quyida beshta misol orqali ayni shu mexanizmni birma-bir, bosqichma-bosqich ochib beramiz.

Sanʼat hech qachon siyosatdan holi boʻlmagan, balki boʻlishi mumkin ham emasdir. Har bir film, roman yoki rangtasvir asari — muallifning (yoki uni moliyalashtirayotgan studiya, davlat, platformaning) dunyoqarashiga tayanilgan tanlovlar yigʻindisi, xolos. Muammo mafkuraning oʻzida emas, xohlaymizmi-yoʻqmi, u har doim boʻladi. Muammo – uni turli tuman majozlarga burkagan holda, biz ilgʻamay qoladigan niqoblar ostida taqdim etishlari. Tomoshabin gʻoya bilan emas, qahramon bilan tanishadi. Unga nima toʻgʻri, kim yomon ekani ochiqdan ochiq aytilmaydi, muxlis uni his qiladi, unga nisbatan hamdardlik tuyadi, ishonadi. Aynan tomoshabinning ichki empatiyasi bu kabi targʻibotni oddiy reklama plakatidan farqlab turadigan narsa. Reklama bannerlari sizni undaydi, chorlaydi, film esa sizni ishontiradi, avraydi. Bu ancha xavfliroq usul.

Mexanizm qanday ishlaydi?

Mafkura asarga bir necha yoʻl bilan kiritilishi mumkin yoki bu usullarning bari bir vaqtning oʻzida qoʻllanadi.

Birinchisi – qahramon tanlovi: kimning nuqtayi nazaridan hikoya qilinayotgani, kimga hamdard boʻlishga majburlanayotganingiz. Buni siyosiy saylovga ham qiyoslasa boʻladi. Sizga faqat bitta nomzod koʻrsatiladi.

Ikkinchisi – ziddiyat qurilishi: kim oʻyinbuzuqilik qilyapti, kim bu buzilgan muvozanatni qayta tiklayapti? Haqiqat, adolat kim tomonda? Kim baxtga koʻproq munosib?

Uchinchisi – nima aytilmayapti: qaysi savollar berilmaydi, qaysi muqobil yoʻl umuman koʻrsatilmaydi. Bu eng ayyor usul hisoblanadi, chunki berkitilayotgan muammoni sezish, borini ilgʻashdan ancha qiyin.

Toʻrtinchisi – estetik kodlar: musiqa, yorugʻlik, kamera rakursi – bularning barchasi tomoshabinning kimga ishonishi, kimdan choʻchishi kerakligini oldindan, hatto dialog boshlanmasidanoq belgilab qoʻyadi.

Qisqasi, mafkura sizga hech qachon nima haqida oʻylash zarurligini uqtirmaydi, u faqat qaysi tuygʻuni tuyishingiz kerakligini belgilaydi, qolganini esa ongingiz oʻzi mantiqiy xulosa oʻlaroq qabul qiladi.

Yuqorida keltirilganlar koʻngilni biroz xijil qilishi tabiiy. Tomoshabinni ekran ortidan maftun etgan qahramon nahot qoʻzichoq terisini yopingan boʻri boʻlsa? Biz uning dardiga hamdard boʻlib dard chekdik, ogʻriqlaridan ogʻrindik, iztiroblariga sherik boʻldik va alaloqibat unga muhabbat qoʻydik. Film qahramonlariga nisbatan vizual simpatiya yoki obrazga nisbatan empatiya – qahramon atrofida sodir boʻlayotgan voqelik va asl gʻoyani teranroq anglashga xalaqit qiladi, chalgʻitadi. Tomoshabin esa koʻngilchanlik qilib unga ergashadi, ishonadi.

Quyida beshta asar orqali shu mexanizmni amalda koʻrib chiqamiz.

1. Sotsialistik realizm SSSR, 1930-yillardan boshlab

Bu tarixdagi eng ochiq misol, chunki bu yerda mafkura yashirin emas, aksincha, qonuniylashtirilgan edi. 1934-yilda Sovet Yozuvchilar uyushmasi sotsialistik realizmni yagona toʻgʻri uslub deb eʼlon qildi. Sanʼat zahmatkash ishchilar mehnatini eʼtirof etishi, sotsializmning inqilobiy rivojlanishiga madhlar yogʻdirishi kerak edi. Amalda bu nimani anglatishi koʻpchilikka maʼlum. Ishchi doim kuchli va nurli, dehqon mehnatsevar va baxtli, partiya rahbari dono oqsoqol sifatida koʻrsatilishi shart. Eski zamonlar esa qoloqlik, feodallar oddiy xalqqa zulm koʻrsatgan qorongʻu davr, boylar baxil, ochkoʻz, dindorlar ikkiyuzlamachi va fahshga botgan holda tavsif etilgan va albatta, yakunda yengib oʻtiladigan yovuz kuch oʻlaroq koʻrsatilardi. Oʻsha davrlarning barcha filmlarini bunga misol qilish mumkin.

Filmda hech kim “Yashasin, partiya!”, deya hayqirmaydi, Lenin shaʼniga madhlar oʻqimaydi. Bu yerdagi ayyorlik ham shunda: ekranda shunchaki baxtli traktorchi qiz koʻrsatiladi. U qoʻriq yerlarni ochishda jonbozlik koʻrsatgan, eng koʻp paxta tergan, mukofotlangan va suyuklisi bilan farogʻatli turmush kechiryapti. Bari risoladagidek. Tomoshabin esa oʻzi xulosa chiqaradi: “Demak, bu tuzumda hayot yaxshi ekan”. Mafkura xulosa sifatida emas, fon sifatida beriladi, aynan shuning uchun u eng kuchli taʼsir.

2. “Zootopia” (2016) Walt Disney Animation Studios

Hayvonlar shahrida yirtqichlar va ularning oʻljalari birga yashaydi, deyarli hech kim buni gʻayritabiiy hodisa sanamaydi. Aslida bu – zamonaviy multikulturalizm va irqiy stereotiplarga qarshi manifest, quyon va tulki tilida aytilgan zamonaviy “zarbulmasal”. Bosh qahramon kichkina quyon politsiyachi “sen buni uddalay olmaysan” qabilidagi stereotipni sindiradi, asosiy ziddiyat esa “yirtqichlar tabiatan xavfli” degan keng tarqalgan tarafkashlikdan kelib chiqadi. Film buni toʻgʻridan toʻgʻri irqchilik metaforasi sifatida talqin qiladi.

Animatsion film mahorat bilan yaratilgan, syujet ziyraklik bilan tanlangan, chunki u yerda “irqchilik yomon” degan ochiq fikrga umuman koʻzingiz tushmaydi. Bolalar bu filmni tomosha qilib, kattalar tilidan aytilganda tushunmaydigan narsa – ayirmachilikning insonlarga qanday salbiy taʼsir koʻrsatishini ichki ishonch bilan qabul qiladi.

Shu bilan birga, baʼzi tanqidchilar bunday yechim haddan tashqari soddalashtirilganligini, real irqiy va ijtimoiy nizolar koʻlamini “ular uzoq va baxtli hayot kechirishibdi” formulasi toʻlaligicha oʻzida aks ettirolmasligini taʼkidlashgan. Balki, bu tanqidda ham jon bordir.

3. “Barbie” (2023) Greta Gerwig, Warner Bros.

Bu film – qoʻgʻirchoq haqida komediya niqobi ostidagi gender-diskurs boʻyicha manifest. Barbielendda hamma narsani ayollar boshqaradi, Ken esa faqat Barbiga hamrohlik qilish uchun mavjud. Bu esa klassik patriarxal tuzumning aksi sifatida talqin qilinadi. Qahramonlar haqiqiy dunyoga chiqqach, rollar teskarisiga aylanadi. Aynan shu kontrast orqali film tomoshabinga “mana, sizning haqiqiy dunyongiz shunday ishlaydi”, degan xulosani jinsiy kamsitishlar va genderlar haqidagi ijtimoiy-falsafiy maʼruzalarsiz tushuntirib beradi.

Qizigʻi, film gʻoyaviy mazmunini tijorat bilan mukammal uygʻunlashtirgan. Feminizm haqidagi tanqidiy monolog milliardlab dollarlik oʻyinchoq brendini sotayotgan kompaniyaning oʻzi tomonidan moliyalashtirilgan. Bu ayni paytda filmning eng koʻp muhokama qilingan tomoni boʻldi. Baʼzilar uni haqiqiy jasorat, yana boshqalar mafkurani ham pullashning yorqin namunasi, deb baholadi. Ikkala tomon ham asosli argumentlarga ega va aynan shu bahsning oʻzi filmning qanchalik kuchli gʻoyaviy quvvat tashiganini isbotlaydi.

4. “Squid Game” (2021) Netflix, Janubiy Koreya

Qarzga botgan odamlar bolalar oʻyinlari orqali millionlab dollar uchun bir-birini oʻldiradi. Syujetning oʻziyoq metafora. Kapitalistik raqobat oʻyin qoidalari niqobi ostida kambagʻallarni bir-biriga qarshi qoʻyadi, boylar esa musobaqaning tomoshabini. Ishtirokchilarning ustidagi raqamlar, ularni sotib olgan niqoblilar – bularning barchasi tizim seni odam emas, raqam sifatida koʻradi, degan gʻoyani vizual tilda ifodalaydi.

Bu yerda ham paradoks bor: kapitalizmni tanqid qiluvchi serial dunyodagi eng yirik striming korporatsiyalaridan biri tomonidan ishlab chiqarilgan, undan milliardlab dollar daromad topilgan, hatto uning nomi bilan oʻyinchoqlar va kiyimlar sotilgan. Tanqid – oʻzi

tanqid qilayotgan tizimning eng samarali mahsulotiga aylandi... Bundan tushuniladiki, “dushman” mafkura ham, xuddi “tarafdor” mafkura kabi foyda keltirsa, tizim uni qiynalmasdan qabul qiladi.

5. “Odisseya” (2026) Kristofer Nolan, Universal Pictures

Bu roʻyxatdagi eng yangi va eng ziddiyatli misol. Chiqishidan oldin filmga tanlangan aktyorlar qizgʻin muhokama qilindi. Sohibjamol Yelena obrazini qora tanli aktrisa gavdalantirdi, safar vaqti transgender askar xarakteri paydo boʻldi, ochilish qismida reper Travis Scottning ijrosi. Homer muxlislarining bir qismi buni navbatdagi beoʻxshov moslashtirish, deb oldindan tanqid qilishdi, hali film chiqmasdan turib, faqat tashqi belgilar asosida unga mafkuraviy yorliq osildi.

Lekin film namoyish etilgach, manzara kutilganidan ancha murakkab boʻlib chiqdi. Uning markaziy mavzusi “Zevs qonuni”, yaʼni notanish odamga yaxshilik qilish zaruratidir (chunki u niqoblangan xudo boʻlishi mumkin). Film shuni koʻrsatadiki, jamiyat mehmondoʻstlik va oʻzganing ustidan hokimiyatni suiisteʼmol qilmaslikdan boʻyin tovlasa, tanazzulga yuz tutadi. Ikkinchi mavzu esa taqdirga boʻysunish, xudolarga qarshi kurashishning behudaligi. Bular klassik maʼnoda ancha konservativ, hatto diniy ohangdagi gʻoyalar. Ilohiy tartib, taqdir, jazo.

Shu tariqa “Odisseya”da ikki qatlamli, bir-biriga zid mafkuraviy signallar parallel ravishda ishlaydi. Tashqi qatlam: kasting va marketing – zamonaviy inklyuziya va xilma-xillik. Ichki qatlamda esa syujetning oʻzi ilohiy qonun, tartib va taqdirga boʻysunishni ulugʻlaydi, xudolarsiz dunyoning dahshati haqida ogohlantiradi. Tanqidchilardan biri buni aniq taʼriflagan: “Film bizga yangi gʻoya bergandek tuyuladi, lekin aslida yahudiy-xristian axloqini ilgari suradi”. Bu holat tomoshabin koʻpincha faqat ekrandagi qiyofalardangina mafkurani oʻqishini koʻrsatadi. Hikoyaning chuqurroq qatlamida ancha kuchli signallar sezilmay qoladi.

Xulosa

Besh misolning barchasida mexanizm bir xil. Asar hech qachon tomoshabinga nima oʻylashni buyurmaydi. U shunchaki qaysi qahramonga achinishni, kimdan nafratlanishni, qaysi tartibni normal deb qabul qilishni koʻrsatadi. Qolganini tomoshabinning oʻz ongi bajaradi. 

Xavfli jihati mafkuraning oʻzida emas, uni sezmaslikda. Film yoki serial tomosha qilganda oʻzingizga bir savolni berish yetarli: bu hikoya kimning manfaatiga xizmat qilyapti va kim bu voqeadan chetlashtirilgan? Javob har doim ham salbiy boʻlmaydi. Lekin savol berishning oʻzi sizni oddiy tomoshabindan tanqidchiga aylantiradi.

Chiroqlar yonib, ekran oʻchgach, zalni yana ogʻir sukunat qamrab oldi. Odamlar oʻrinlaridan asta-sekin turib, hayotiy haqiqatlar-u xayoliy olamdan yana oʻz realligiga qaytadilar. Film tugadi, biroq kinozaldan chiqayotgan har bir inson qalbida oʻsha “sehrli” ertakning kichik bir parchasi miltillab, yonib turibdi.

Jalol Mirzozoda,

Oyina.uz