Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda qizamiqqa gumon qilingan 290 ta holat qayd etilgani, bemorlar bilan muloqotda boʻlgan 10 ming nafardan ortiq shaxs roʻyxatga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Maʼlumot berilishicha, Toshkent shahrida qizamiq bilan kasallanish koʻrsatkichi 2026-yilning dastlabki toʻqqiz oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaydi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasining Toshkent shahar boshqarmasi maʼlum qildi.
Sanepidqoʻmita ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan raqamlar 2026-yilning oʻtgan toʻqqiz oyi davomida qayd etilgan jamlanma koʻrsatkichlar ekanini bildirdi. Ular qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni kundagi holatlarni anglatmaydi.
Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, hozirda nafaqat Toshkent shahrida, balki butun Oʻzbekiston boʻylab qizamiq bilan bogʻliq epidemiologik vaziyat barqaror.
Shuningdek, 2026-yilning yanvar–sentyabr oylarida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida 47 ming 494 nafar bir yoshli hamda 42 ming 767 nafar olti yoshli bola qizamiq, epidemik parotit va qizilchaga qarshi KPK vaksinasi bilan emlangan.
Sanepidqoʻmita ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini kasallanishga oid statistik maʼlumotlarni notoʻgʻri talqin qilmaslikka chaqirdi.