Oʻn ikki farzandning otasi, 76 yoshli

dono moʻysafid Charli Chaplin 1965-yili

qizi – Parij sahnasida raqs tushib dong taratish orzusida

 yurgan 21 yashar Jeraldinaga maktub yoʻllaydi. Ehtimol,

bu xatni daho sanʼatkor shaxsan bitmagandir.

Muhimi bu emas, chunki his­hayajonga toʻliq ushbu

 bitikdagi oʻgit-nasihatlarni

har bir ota farzandiga aytishi mumkin...

Ona qizim!

Hozir tun. Mavlud kechasi. Moʻjazgina qalʼamning jajji askarlari allaqachon uyquga ketgan. Ukang ham, singling ham shirin tush koʻrib yotibdi. Hatto onang mudrab qoldi. Qushchalarimni uygʻotib yubormayin deb, nimyorug‘ boʻlmamga oyoq uchida yurib keldim.

Mendan qanchalar yiroqdasan-a, qoʻzichogʻim! Biroq ishon, qiyofang har soniya koʻz oʻngimda, agar yolgʻon soʻzlayotgan esam koʻr boʻlay. Surating stolimda va yuragimda doim. Sen-chi, sen qaylardasan? Ertakmonand Parijda, Yelisey maydonidagi ulugʻvor teatr sahnasida charx urayotirsan. Buni-ku aniq bilaman, lekin oqshom sokinligida qadamlaring tovushini eshitayotgandek, qish osmonida charaqlagan yulduz misol koʻzlaringni koʻrayotgandek boʻlaman.

Eshitishimcha, tantanavor tomoshada tatar xoniga asir tushgan fors goʻzali rolini ijro etayotirsan. Barchani maftun etib xirom ayla! Yulduz boʻlib yal-yal yon! Ammo tomoshabinning olqish-u maqtovlari seni mast qilib qoʻygudek boʻlsa, taqdim etilgan guldastalar iforidan boshing aylansa, xoliroq joyga oʻtgin-da, shu maktubimni oʻqi, qalbingga quloq sol. Men sening otangman, Jeraldina! Men Charliman, Charli Chaplin! Goʻdak ekaningda uyqudagi malika-yu mijja qoqmaydigan ajdar haqida ertaklar soʻylab, ne-ne kechalar belanchak boshida bedor oʻtirganimni bilsang edi, jon qizim! Keksa otang koʻzlari uyqudan yumilib-yumilib ketayozganda, “Meni tinch qoʻy, xalal berma! Qizimning orzusi, qizginamning kelajagi – shirin xayollarimni toʻzgʻitma!” deya uni bazoʻr aritardim.

Men sening orzularingni koʻrardim, Jeraldina, istiqbolingni, bugungi kuningni koʻrardim. Sahnada raqs tushayotgan qizginani, samolarda charx urayotgan malakni koʻrardim. Qulogʻimga odamlarning shivir-shiviri kelardi: “Anavi raqqosani koʻryapsizlarmi? U haligi qari masxaraboz bor edi-ku, oʻshaning qizi. Charli edi ismi, esingizdami?” Ha, men oʻsha Charliman! Qari masxaraboz! Davring keldi, qizim, xirom ayla! Men beoʻxshov, yirtiq-yamoq cholvor kiyib raqs tushganman, sen esa malikalarning shoyi-ipak libosida charx urayotirsan. Bu raqs va gulduros qarsaklar seni baʼzan osmonlarga olib chiqib qoʻyadi. Uch! Koʻklarga parvoz qil! Lekin oyogʻing zamindan uzilmasin! Sen oddiy xalq turmushini, sovuqdan, ochlikdan tishi takillab tomosha berayotgan koʻcha raqqoslari hayotini koʻrishing kerak. Otang shularning bittasi edi, Jeraldina. Huv bir vaqtlar – sen ertak tinglab shirin uyquga ketgan gʻaroyib kechalarda otang mijja qoqmasdi. Sening farishta yanglig‘ chehrangga boqib, jajji yuraging duk-dukiga quloq tutar ekanman, oʻzimga oʻzim “Charli, shu norasida bir kun kelib, nahotki, sening tarixingdan xabardor boʻladi?“ der edim. Yoʻq, Jeraldina, sen mening kechmishimdan bexabarsan. Goʻdakligingda senga koʻp choʻpchaklar soʻzlab berganman-u, oʻz ertagimdan ogʻiz ochmaganman. Bilsang, u ham maroqli – Londonning yoʻqsillar yashaydigan qasabasida qoʻshiq kuylab, raqs tushib sadaqa yigʻib yuradigan och-yupun bir masxaraboz haqidagi ertak. Mening ertagim shu! Men ochlik bepanohlik, xor-zorlik neligini koʻrdim. Koʻksida ummon qadar cheksiz gʻururi boʻlaturib, daydi-masxaraboz edim men. Shunisidan kuyardim, shunisi alam qilardi. Sadaqaga otilgan sariq chaqalar jarangi bu gʻururni battar sindirardi. Ammo qara, otang nomusdan oʻlib qolgani yoʻq, shunday ekan, bu gaplarni eslashga ne hojat!

Yaxshisi, sendan soʻzlashaylik, Jeraldina. Isming ortidan mening familiyam – Chaplin keladi. Otang shu nom bilan roʻyi zamin odamlarini qirq yildan ziyod kuldirib yurdi. Oʻzi esa ularning kulgisidan koʻproq yigʻladi.

Jeraldina, sen yashayotgan bu olamda hayot oʻyin-kulgi va musiqadangina iborat emas! Yarim kechasi azim tomoshagohdan chiqqan mahaling boy-badavlat muxlislaringni unutarsan, toʻgʻri. Lekin seni uyga eltib qoʻyadigan taksi haydovchisidan uning bola-chaqasi-yu xotini haqida soʻrash esingdan chiqmasin. Agar ayoli homilador boʻlib, tugʻilajak bolaga taglik sotib olishga qurbi yetmasa, haydovchining choʻntagiga pul solib qoʻygin. Bankdan ana shunday xarajatlar uchun ham pul olishing mumkin – otang buning chorasini koʻrib qoʻygan. Biroq boshqalarga – bariga qatʼiy hisob-kitob bilan haq toʻlaysan. Baʼzan metroga tushib tur yoki avtobusga chiq, piyoda yurib shahar kez. Odamlarni kuzat! Tul qolgan ayollar va yetim bolalarni koʻzdan qochirma! Kunda hechqursa bir marta oʻzingga oʻzing “Men ham shularga oʻxshagan bandaman” deb ayt. Ha, sen shulardan bittasisan, ona qizim!

Sanʼat, odatda, osmonlarga parvoz qilmoq uchun qanot berishdan oldin insonning oyogʻidan chaladi.

Bir kun kelib oʻzingni tomoshabindan yuksakda his qilib qolsang, darhol sahnani tark et. Duch kelgan taksiga oʻtir-da, Parij chekkasiga bor. U yerda oʻzingga oʻxshagan, hatto sendan suluv, xushbichim, gʻururi osmon boʻlgan koʻplab raqqosalarni koʻrasan. Men ularni yaxshi bilaman! Bu maydonlarda teatringdagi kabi koʻzni qamashtirguvchi chiroqlar qayda... Oʻsha raqqosalar oy shuʼlasida xirom etadi, ular uchun chiroq – oydir!

Ularning raqsini kuzat, zehn solib kuzat! Shuginalar sendan qobiliyatliroq emasmi? Tan ol, jon qizim! Sendan yaxshi raqs tushadigani, sendan oʻtkazib tomosha koʻrsatadigani doim topiladi!

Esdan chiqarma: Charli oilasidan aravakashni jerkiydigan yoki Sena qirgʻogʻida oʻtirgan gadoyni mazax qiladigan betarbiya chiqmagan! Mening umrim poyoniga yetib qoldi, sen hali uzoq yashaysan. Kambagʻallik neligini aslo bilmasang deyman. Shu xat bilan chek daftarcha ham joʻnatayotirman: qancha xohlasang, shuncha xarjla, qizim. Lekin ikki frank sarflaganda, uchinchi frank meniki emas, deb oʻzingga oʻzing eslatib qoʻygin. U shunga muhtoj boʻlgan begona odamga tegishli. Bunday bechorani topish qiyin emas – atrofga qara, ularni har qadamda uchratasan. Senga pul haqida gapirayotirman, aybga buyurma, sababi – bu matohning iblisona qudrati menga maʼlum.

Xabaring bor, men sirkda ozmuncha umr oʻtkazmadim. Mudom dorbozlardan xavotirda, yurak hovuchlab oʻtirardim. Bilib qoʻy: bu qattiq yerga omonat dorda oʻynagan dorbozdan koʻra, tekis yoʻlda yurgan odamlar koʻproq yiqiladi.

Hoynahoy, biror ziyofat yoki bazmda allaqanday olmos koʻzingni qamashtirib, seni oʻziga rom etar. Shu ondanoq u sen uchun muqarrar dorga aylangusi – oyogʻing toyib, yiqilishing hech gap emas. Kunlarning birida biror oʻktam shahzoda aqlingni oʻgʻirlar. Oʻshanda sen tajribasiz, havaskor dorbozga aylanasan – bundaylar esa, maʼlumingkim, har qadamda qoqiladi.

Qalbingni pul, zeb-u zarga almashma. Eng ulkan gavhar bu – boshimiz uzra charaqlab turgan quyosh, unutma. Ajabki, u shoh-u gadoga barobar nur sochadi. Vaqti kelib yuragingda chin muhabbat gʻuncha ochadi, biror yigitga koʻngil qoʻyasan – uni butun qalbing bilan sev, eʼzozla. Onangga bu borada qizingga maktub yoʻlla, deb aytdim. Ishq-muhabbat bobida u mendan donoroq va qiz bola bilan bu xususda ona gaplashgani durust.

Kasb-u koringning oʻziga yarasha qiyinchiligi bor, bilaman. Jismingni bir parchagina ipak mato yopib turadi. Sanʼatni deb baʼzan sahnaga belibos chiqishga ham toʻgʻri keladi, lekin u yerdan nafaqat kiyingan holda, balki pok-toza tushish kerak.

Mendek qari bir odamning gaplari senga erish tuyular, lekin fahmimcha, ayol jismi uning qalbini sevgan, uni boricha – fazilati-yu kamchiliklari bilan qadrlay olgan odamgagina nasib etmogʻi lozim.

Agar bu xususdagi qarashlaring hozirgi zamonnikiga hamohang kelmasa, oʻn yillar ortda qolgan boʻlsa ham, hech bokisi yoʻq. Tashvish chekma, oradagi oʻn yillik farq seni qari qilib koʻrsatmaydi. Biroq nima boʻlgan taqdirda ham, men sening oʻshanday “malaklar oroli“ning soʻnggi fuqarosi boʻlib qolishingni xohlayman.

Bilaman, ota bilan farzandning fikrlari doim ham bir yerdan chiqavermaydi, baʼzan ular bahslashadi, gap talashadi. Aytganlarim maʼqul kelmasa, men bilan tortishaver, qizim. Farzand degani har soʻzga bosh egib turadigan moʻmin-royish boʻlishi kerak qabilidagi tutum otangga yot. Koʻzyoshlarim hali xat ustiga tommay turgan shu fursatda ushbu tun – Mavlud kechasi moʻjizavor ekaniga ishongim keladi. Qani edi, moʻjiza roʻy bersa-yu moʻysafid otang nima demoqchi boʻlganini ipidan ignasigacha tushunib yetsang, jon qizim! Charli endi keksayib qoldi, Jeraldina. Ertami-kechmi, sahnaga kiyib chiqadigan oppoq libosing oʻrniga motamsaro qoraga burkanib qabrim boshiga kelasan. Hozir bu gaplarni aytib koʻnglingni buzmay qoʻyaqolay, bas. Faqat iltimos, vaqti-vaqti bilan toshoynaga boqib oʻzingga ser solib qaragin – unda otangni koʻrasan. Tomirlaringda qaynoq qonim oqayotir. Otang yuragi urishdan toʻxtab, tomirlaridagi qon ivib, sovib qolganda ham uni unutmasang deyman, jon qizim!

Men begunoh farishta emasman, ammo mudom odam boʻlmoqqa intildim, sen ham shunga intil.

Peshonangdan oʻpib qolaman, Jeraldina.

Otang.

1965-yil dekabr.

SHOHSANAM tarjimasi.

“Tafakkur” jurnali, 2022-yil 4-son.

“Mudom odam boʻlmoqqa intildim...” maktubi