“Bu faqat bolalar uchun emas, balki har birimizning ichimizdagi bola uchun. Farqi yoʻq, olti yoshdamizmi yoki oltmish.” Mazkur soʻzlarni Uolt Disney oʻz animatsion tasvirlarini dunyoga taqdim etganida aytgan edi. Haqiqatan ham shunday. Bolaligimizning eng yorqin xotiralari orasida albatta kamida bitta Disney ertagi bor. Oʻsha ertakni birinchi koʻrganimizda yuragimiz hayajonlangan, hayot va sevgi haqidagi tasavvurlarimiz shakllangan edi.
Sehrli oʻpich bilan uygʻongan Uyqudagi Malika, dengizdagi hayotini tark etib inson sevgisi uchun ovozini qurbon qilgan Ariel (Suv parisi), qahrli maxluq qoʻlini ushlagan Bel... Bular bizning yoshligimizning qahramonlari edi. Ammo bugun Disney filmlarini tomosha qilar ekansiz, gʻalati bir tuygʻu paydo boʻladi – “Shu yerda nimadur yetishmayapti...”
Soʻnggi oʻn besh yillikda Disney studiyasi ajoyib oʻzgarishni boshdan kechirdi. “Ular uzoq va baxtli hayot kechirdilar” yoki “birinchi koʻrishda sevib qolish” kabi anʼana asta-sekin yoʻqolib, oʻrniga yangi tushunchalar paydo boʻldi: shaxsiy kuch, oilaviy rishtalar, doʻstlik va oʻzligini anglash.
Bu oʻzgarishlar ortida nimalar turibdi? Nima uchun Disney oʻzining eng mashhur formulasidan voz kechdi?
Romantika: Kecha va bugun. Oʻtmishda qolgan sehr
Disney filmlarining oltin davri bir sehrli formulaga asoslangan edi: goʻzal yosh qiz, unga oshiq boʻlgan bahodir shahzoda va ularni ajratuvchi toʻsiq. Bu chiroyli, oddiy va ishonchli formula turli avlodlarning yuragini zabt etdi.
“Sindrella”ni eslang: kambagʻal, qiynaladigan qiz shahzoda bilan raqsga tushadi, soʻngra oyoq kiyimini tushirib qoʻyadi. Shahzoda butun qirollikni kezib, uni izlaydi. Nima uchun? Chunki ularning taqdiri birlashishi kerak. Yoki “Oppogʻoy”ni olaylik: unda zaharli olmadan oʻlib qolgan qizni faqat “haqiqiy sevgi oʻpichi” qutqaradi. Bu filmlarning asosiy gʻoyasi shunday edi: “Haqiqiy sevgi har qanday toʻsiqni yengadi”.
Bu ertaklarda qizlar faol emas, ular passiv. Ularning baxtli hayoti shahzodaga bogʻliq. Sevgi esa oldindan belgilangan, taqdir tomonidan yozilgan, birinchi koʻrishdayoq yuzaga keladigan moʻjiza sifatida tasvirlanadi.
Bugunning yangicha qahramonlari
Yangi Disney qizlari bizning zamonamiz qizlari kabi: mustaqil, kuchli, oʻz taqdirini oʻzlari belgilashni istaydigan. 2010-yillardan boshlab Disney filmlarida jiddiy oʻzgarish yuz berdi. Romantik sevgi hikoyalari ikkinchi planga tushib, boshqa mavzular koʻtarildi: