Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularning nomini e’zozlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahridagi Shahidlar xotirasi maydonida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Botu Alimov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori va “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi raisi Baxtiyor Xasanov so‘zga chiqdilar. Shuningdek, ustozlar, talabalar hamda maktab o‘quvchilari ham tadbirda faol ishtirok etdilar.

O‘z nutqlarida ma’ruzachilar siyosiy qatag‘on yillari qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning jasorati, ularning milliy ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi fidoyiligini yodga olib, bu tarixiy haqiqatni avloddan-avlodga yetkazish muhim vazifa ekanini ta’kidladilar.

Xususan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Otabek Mahkamov o‘z nutqida mustaqillikning 34 yillik bayrami va yangi o‘quv yili munosabati bilan ishtirokchilarni tabriklab, qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish – har bir avlodning muqaddas burchi ekanini alohida qayd etdi.

“Qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va ibratli hayotidan o‘rnak olish – har birimiz uchun ham farz, ham qarzdir. Bugungi tinch va obod kunlar qadriga yetish, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimiz ruhini shod etish bizning muqaddas burchimizdir”, – dedi O.Mahkamov.

Tadbir doirasida ishtirokchilar Qatag‘on qurbonlari muzeyi ekspozitsiyalari bilan tanishdilar.