Markaziy Osiyoda xattotlik sanʼati Temur va Temuriylar davrida keng taraqqiy etgan. Husnixat sanʼati dastlab Movarounnahr poytaxti Hirotda rivojlanib, bu yerda Sulton Ali Mashhadiy boshchiligida yirik xattotlik maktabi yaratilgan. Ushbu maktabning oʻziga xos jihati shundaki, XIV asrda Mir Ali Tabriziy tomonidan yaratilgan nastaʼliq xat uslubi Hirot maktabida Sulton Ali tomonidan takomillashtirilgan. Nastaʼliq xati yirik va mayda kitobat ishlarida keng qoʻllanilib, badiiy va tarixiy asarlar faqat shu uslubda koʻchirila boshlangan.
Koʻfiy, riqo’, suls va nasx xatlari esa asosan meʼmorchilik, naqqoshlik sanʼati va Sharq qadimgi yozuvlarini oʻrganishda qoʻllanilgan. Bu xatlar oʻzining mazmuni va shaklida mukammal uygʻunlikka erishgan, ular nafaqat badiiy ifoda, balki ilmiy va madaniy merosni saqlashda ham katta ahamiyat kasb etgan.
Maʼlumki, badiiy qoʻlyozma xattot, naqqosh, muzahhib, rassom va sahhof kabi qator mutaxassislar hamijodligida yaratiladi.
Temuriylar davri badiiy qoʻlyozmalar turiga miniatyurali qoʻlyozmalardan tashqari koʻproq faqat xattot va naqqosh tomonidan bezatilgan qoʻlyozmalar kirgan. Bu davrdagi qoʻlyozmalar sanʼatning boshqa turi kabi oʻtmish sanʼat ustalarining eng yaxshi anʼanalarini ijodiy oʻrganish asosida rivojlangan. XIV–XV asrlarda koʻhna Samarqand, Hirot, Buxoro, Tabriz va Sheroz kabi shaharlarning jamoat va shaxsiy kutubxonalarida XIII–XIV asrda koʻchirilgan va rasmlar bilan bezatilgan Firdavsiyning “Shohnoma”, Rashididdinning “Jome ut-tavorix”, Nizomiyning “Xamsa”si singari noyob qoʻlyozmalar saqlangan boʻlib, bular temuriylar davri badiiy qoʻlyozma sanʼatida vujudga kelgan yangi uslubning shakllanishiga va taraqqiyotiga taʼsir etgan.
Qoʻlyozmada rasmning mavjudligi yoki yoʻqligi uning badiiy qiymatini belgilovchi yagona oʻlchov boʻlolmagan. Oʻrta darajadagi rasmlar bilan bezatilgan qoʻlyozmalarni koʻplab uchratish mumkin. Lekin ular badiiy qiymati nuqtai nazaridan rasmsiz qoʻlyozmalardan ham anchagina past turgan.
Tarixiy hujjatlarda taʼkidlashicha, nafis kitoblar koʻpincha davlatmand kishilar yoki Shohruh, Ulugʻbek, Boysunqur, Sulton Husayn kabi shaxslarning kutubxona boshliqlari buyurtmasi bilan yaratilib, katta pul evaziga sotib olingan. Biroq buyurtmachi qoʻlyozmani bezatishda uning badiiylik masalasini, estetik meʼyorlarni va boshqa shu kabilarni oldindan hal qilish imkoniga ega boʻlmagan. U faqatgina tayyor holga keltirilgan kitobning badiiy sifatiga muvofiq baho bera olgan va kitobni yaratishda qatnashgan mutaxassislarning xizmatiga yarasha taqdirlagan.
Qoʻlyozma shakllantirish va bezatish gʻoyalari, asosan, kitobat sanʼati ustalari va boshqa mutaxassislarning hamjihat mehnati va malakasi natijasida vujudga kelgan. Qoʻlyozma ijodkorlari yangi asar yaratishga kirishganida, boʻlajak qoʻlyozma, bezatish uslubi, hatto shakli ham, eng avvalo, uning mazmuni va vazifasiga qarab belgilangan.
Qurʼon va boshqa diniy kitoblar, shuningdek, koʻplab ilmiy va falsafiy asarlar koʻpincha diniy taqiq tufayli rasmsiz yaratilgan. Tarixiy va badiiy asarlarni miniatyura bilan bezash odati esa uzoq davrlardan beri davom etib kelgan. Shu sababli Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Hofiz, Sharafiddin Ali Yazdiy va boshqa mashhur yozuvchilarning asarlari badiiy rasmlar bilan bezatilishi jihatidan dunyoning barcha yirik qoʻlyozma fondlarida birinchi oʻrinni egallagan.
Qoʻllanish doirasi tor boʻlgan miniatyuralarga nisbatan qoʻlyozmani naqsh bilan bezash sanʼati keng rivojlanib, naqqoshlik Qurʼondan boshlab barcha diniy va dunyoviy adabiyotlarda katta oʻrin egallagan. Sulton Ali Mashhadiy, Mir Ali Hiraviy, Mir Imod va boshqa mashhur xattotlarning kichik qitʼalari musavvir-naqqoshlar tomonidan goʻzal bezatilgan va rasm sanʼati ham yuqori baholangan.
Yaratilayotgan qoʻlyozmaning janr xususiyatlari, tarkibiga kirishi lozim boʻlgan asarlar soni, hajmi bilan birga badiiy bezagining xarakterini ham belgilagan. Xat uslubi (katta, oʻrta yoki mayda) matnning toʻrt ustunda joylashtirilishi, frontispis (titul beti yoniga joylashtirilgan rasm) turi, kitobning boshi yoki bob boshidagi rasmlar (lavha), sahifalarga jadvallar ishlash, rasmlar mavzusi, syujeti, hatto muqovaning xarakteri ham kitobat sanʼati ustalari, mohir mutaxassislar yigʻinida hal qilingan.
XV asr kitobat sanʼati ustalari ijodining uzviy bogʻlanishi va beandozaligi Temuriylar davrining yuqori estetik talablariga javob bera oladigan yagona kitobat sanʼatini yaratdi. Turkiy tilda (oʻzbeklar, ozarboyjonliklar, turkmanlar, uygʻurlar), fors tilida soʻzlashuvchi xalqlar (eronliklar, tojiklar) va Boburiylar sulolasi davrida hindlar Temuriylar davri sanʼatining taraqqiyotida muhim rol oʻynagan.
XV asrning ikkinchi yarmida Hirotda saroy kutubxonasining boshida Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzod, Sulton Ali Mashhadiy, Mirak Naqqosh, Mavlono Yoriy kabi ulkan kitobat sanʼati ustalari yetakchilik qilgani bois boshqa sohalar singari xattotlik va husnixat sanʼati ham yuqori kamolot bosqichiga koʻtarildi.
XV asrda Samarqand, Tabriz va Sherozda xattotlik maktablari mavjud boʻlib, ularning orasida Hirot maktabi oʻzining uslubi, janri xilma-xilligi va katta mahorati bilan dunyo boʻylab mashhur boʻlgan. Jumladan, “Xattotlar shohi” Sulton Ali Mashhadiy, Hirot miniatyura maktabining asoschisi Kamoliddin Behzod va kitob naqsh ustasi, mashhur naqqosh Mavlono Yoriy badiiy qoʻlyozma durdonalarini yaratish ustida yuzlab ustalarga ustozlik qilishgan.
Temuriylar davrining mashhur xattotlaridan biri Amir Muhammad Badruddin Temur oʻrdasida xattotlik qilgan. Misr shohi Malik Farrux, Amir Temurga elchi yuborib, “Sulton Ahmad Jaloirni va Qora Yusuf Turkmonini tutib, band qildim. Bu toʻgʻrida buyruqni bildirsangiz” deb maktub yoʻllaydi. Amir Temur eni uch, uzunligi 70 gaz boʻlgan nasx xatida Misr malikiga javob berishni Badruddinga buyurdi. Maktub 1750 yoʻldan iborat boʻlib, unda “Sulton Ahmad Jaloirni band qilingan holda oʻz saroyiga yuborib, Qora Yusuf Turkmonini hibsdan ozod qilish” buyurilgan.
Shu bilan birga, maktubda Chin, Uygʻuriston, Hindiston, Eron, Rus, Frantsiya va boshqa mamlakatlar hukmdorlarining Temur bilan munosabatlari ham yoritilgan.
Badruddin maktubni sanʼatkorona yozib tugatgach, Temur unga faxrli kiyim va inʼomlar bergan. Shahrisabzlik munshiy Hoji Abdulloh maktubni Misr Sultoniga olib borgan. Amir Muhammad yetti qalamda, yaʼni suls, nasx, muhaqqaq, riqo’, rayhoniy, tavqi’ va taʼliqda ustod boʻlgan. Xatti koʻfiyda ham shunday goʻzal yozardiki, hech kim unga barobar kelolmagan. Nastaʼliq xatida esa uning ixtirochisi Mir Ali Tabriziyning yetuk shogirdlaridan boʻlib, Mir Ali uning sanʼatini oʻz oʻgʻli Mir Abdulloh xatidan yuqori baholagan. Shuning uchun u oʻz qizini Badruddinga loyiq koʻrgan. Badruddin Temur davrida Tabrizda vafot etgan. Nastaʼliq xatining ixtirochisi Xoja Mir Ali Tabriziy Amir Temur va Shohrux Mirzo xizmatida boʻlgan. U “Qiblat ul-kutob” (Kotiblarning oldingisi) laqabi bilan shuhrat qozongan. Mir Ali Tabriziy olti turli xat asosida yangi xatni ixtiro qilgan. Devon, risolalar va maktublar taʼliq xati bilan koʻchirilayotgan bir vaqtda Mir Ali nastaʼliq xatini ixtiro qilgan. Bu xatga “nasxi taʼliq” nomi berilib, yengillik uchun “nastaʼliq” deb atalgan.
Mir Ali nastaʼliq xatining qonun-qoidalarini bayon etgan risola yaratgan. Koʻplab xattot-shogirdlar uning uslubida yozishgan. Uning shogirdlaridan biri Mavlono Jaʼfar Shohrux Mirzo zamonida xushxatlikda nom chiqargan, ikkinchisi esa Mir Abdulhay boʻlib, Abu Saʼid davrida yashab, kitobat sanʼati, insho va tahrirda tengi yoʻq kotib boʻlgan.
XV asrda Hirot xattotlik maktabining yirik namoyondasi Sulton Ali Mashhadiy 1437-yili Mashhadda tavallud topgan boʻlib, nastaʼliq xatining rivoji va keng tarqalishiga ulkan hissa qoʻshgan. U “Sulton ul-xattotin” (Xattotlar sultoni) va “Qiblat ul-kuttob” (Kotiblar qiblasi) unvonlariga ega boʻlgan. Xattotlikka bolaligidan ishtiyoqi baland boʻlgan. Dastlab madrasada oʻqib, soʻngra unda dasr bergan.
Sulton Ali Mashhadiy Husayn Boyqaro davrining mashhur xattoti boʻlib, Alisher Navoiy asarlarini koʻchirgan. Yoshligida uning xati ikkinchi Yusuf darajasida goʻzal boʻlgan. Mavlono Azhar Hiraviy uni farzandlikka olgan. Bir nafas nazaridan uzoq qoʻymay, unga doimo shu baytni takrorlar ekan:
Dar manq taqsiri makun payvasta, ey Sulton Ali,
Dar roʻz kun mashqi xafiy, dar shom kun mashqi jaliy.
(Maʼnosi:
Ey Sulton Ali, har dam xat mashq qilishda kamchilik qilma.
Kunduz kuni mayda qalamda, oqshomda yoʻgʻon qalamda mashq qil.)
Sulton Ali Mashhadi nafaqat oʻz davrining yetuk xattotlaridan biri, balki sodda, dono, zukko va tadbirkor shaxs sifatida ham tanilgan. Tarixiy manbalarda uning Husayn Boyqaro bilan boʻlgan suhbati quyidagicha rivoyat qilinadi: bir kuni podshoh unga “Men uchun bir nechta qabr toshi yozib qoʻy”, deb murojaat qilganida, muloyimlik bilan: “Shohim, har qancha farmonlaringiz qulingiz tomonidan sadoqat bilan ado etilishi lozim, ammo bu ishning natijasi uzoq muddatli istiqbolga qaratilgani maʼqulroqdir”, deb javob bergan. Shunda Husayn Boyqaro kulib: “Biz ham yaqin kunlarda vafot etmoq niyatida emasmiz. Siz ham bu ishda shoshilmang”, deya hazil bilan javob qaytargan.
Mazkur voqea Sulton Alining nafaqat sanʼatkorga xos tafakkuri, balki ogohligi va ehtiyotkorligini ham yaqqol namoyon etadi. U bu buyurtmani oʻziga xos sanʼatkorlik bilan bajargan: nozik va yoʻgʻon qalamlar orqali yuqori va past qismlarni mukammal oʻlchab, qabr toshini nafis xat bilan ziynatlagan. Yaratuvchanlik, mahorat va estetikaning uygʻunligi bu asarni bugungi kunga qadar saqlanib qolgan durdona namunaga aylantirgan. Uni koʻrgan kishi sanʼatkorning beqiyos isteʼdodiga qoyil qoladi.
Alisher Navoiy Sulton Ali Mashhadiyga katta hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlgan. Bu ulug‘ shoir Sulton Alining sanʼatini qadrlabgina qolmay, oʻz asarlarining koʻchirilishidagi xizmatidan ham minnatdor boʻlgan. Sulton Ali Navoiy asarlarini husnixat bilan koʻchirishda butun mahoratini ishga solgan. Hatto u 63 yoshga yetganida ham, husnixat sanʼatida benazir ijodkor sifatida tan olingan.
Husnixatdagi isteʼdodini meʼmoriy obidalar bezagiga ham tatbiq etgan Sulton Ali Hirotdagi “Bogʻi Murod” nomli muhtasham imorat va uylardagi devoriy yozuvlarni chiroyli xatlar bilan bezagan. Bu yozuvlar hozirga qadar Sulton Alining nozik didi va betakror qalamiga dalolat qilib turadi. U 1513-yili Mashhad shahrida vafot etgan.
Sulton Ali Mashhadiy koʻplab shogirdlar yetishtirgan. Ulardan ayrimlari oʻz davrida mashhur boʻlib, ilm-fan va sanʼat ahli eʼtiborini qozongan mumtoz xattotlar sifatida tarixga muhrlangan:
Zayniddin Mahmud – nastaʼliq xatining yetuk ustasi. Alisher Navoiy bilan bir qancha adabiy va ilmiy majlislarda qatnashgan. U 1512-yilda vafot etgan.
Sulton Muhammad Nur – Navoiy hammajlislaridan boʻlib, oʻz davrida ingichka qalam bilan nastaʼliq xatini eng goʻzal tarzda koʻchira olgan xattot sifatida tanilgan. Husnixatdagi benuqson mahorati va sheʼriyatdagi yutuqlari uni “Nur aʼlo nur” (“nur ustiga nur”) degan laqab bilan mashhur qilgan.
Sulton Muhammad Xandon – yoshligidan Alisher Navoiyning xizmatida boʻlgan. U xushfeʼl, xushchaqchaq va sanʼatkorona tabiatga ega boʻlgani sababli “Xandon” (“kulguvchan”) laqabini olgan.
Mavlono Muhammad Qosim – nastaʼliq xatining puxta bilimdoni, nafis yozuvlari bilan mashhur boʻlgan.
Mavlono Alouddin – ilm-maʼrifatga oid asarlarni goʻzal xatlar bilan koʻchirgan taniqli shogirdlardan biri.
Shuningdek, Sulton Ali Mashhadiyning yana bir mashhur shogirdi – Muhammad Abrishiniy ham ustoz darajasiga yetgan xattot sifatida tilga olinadi.
Mashhadiy maktabining yana bir qator vakillari qatorida Rustam Ali Xurosoniy, Mir Huniy, Sabz Ali, Pirali Jomiy, Abdulvohid Mashhadiy, Mahmud Jaloluddin, Maqsud Ali va Mir Hibbatulloh Kosoniylar ham bor. Ularning barchasi Sulton Ali Mashhadiyning ilmi, mahorati va ijodiy maktabidan bahramand boʻlgan.
Manbalarda Sulton Muhammad Nur haqida turlicha fikrlar keltirilgan. Xondamir va baʼzi boshqa muarrixlarning yozishicha, u “junun kayfiyatidan xoli boʻlmagan” shaxs boʻlgan. Alisher Navoiy esa uni “oʻzini devonalikka solib yuradigan” odam sifatida taʼriflagan. Shunga qaramay, uning husnixatdagi isteʼdodi yuksak baholangan.
“Rayhoni nastaʼliq” risolasida keltirilishicha, Sulton Muhammad baʼzan koʻchirgan qoʻlyozmalarga oʻz ismini yozmagan. Qachonki uning yozuvini Sulton Ali Mashhadiy koʻrib qolsa, “Bu bizning devonaning xati”, deb tanib, muallif nomini yozib qoʻygan. Bu bir tomondan Sulton Muhammadning tanilgan yozuv uslubi, ikkinchi tomondan esa uning beparvo tabiati haqida maʼlumot beradi.
Mashhadiyning yana bir shogirdi – Sulton Muhammad Xandon ham oʻzining serqirra isteʼdodi bilan ajralib turgan. U nafaqat xattot, balki sheʼriyat, muammo, musiqa kabi sanʼat turlariga ham qiziqqan. Nay chalishda mohir boʻlgan. Xondamir “Xulosat ul-axbo” asarida yozishicha: “Xandon nastaʼliq xatida juda isteʼdodli, nay chalishda ham mohir, ammo junun kayfiyati sababli bu ikki sanʼatdan birortasida barqarorlik bilan shugʻullana olmaydi”.
“Gulistoni hunar” asarida aytilishicha, Xandon butun umrini Hirot shahrida oʻtkazgan. Uning vafoti sanasiga oid manbalarda qarama-qarshiliklar mavjud. “Mirʼot ul-olam” muallifi Baxtovarxon uni 1509-yili, Sipehr esa 1525-yili, Mirhabib va Kirmon Husar esa 1543-yili vafot etgan deb yozganlar. Biroq bu maʼlumotlar baʼzan shubha ostida boʻladi. Chunki “Habib us-siyar” asarining 1524-yilgi nusxasida Xandon hali tirik ekani aytiladi. Biroq, Alisher Navoiy zamondoshi boʻlgan shaxsning 1550-yillargacha yashaganini taxmin qilish mantiqan toʻgʻri kelmaydi.
Xandon Hirotda, Alisher Navoiy dafn etilgan joy yaqinida – “Vaqfiya” deb atalgan xon arigʻi boʻyida koʻmilgan.
Xandon ustozining anʼanalarini chuqur oʻrganib, ayniqsa qitʼa yozishda katta mahorat koʻrsatgan. Mirzo Habib va Kirmon Husar uni “rangli yozuvchi” deb ataganlar. Bu atama Xandonning turli ranglarda bezab yozilgan qitʼalariga ishora qiladi. Uning mana shunday nafis, rangli yozilgan bir qancha qitʼalari hozirgacha saqlanib qolgan.
Sulton Muhammad Xandon yuqori xattotlik mahorati bilan birga shogirdlarining taʼlim va tarbiyasiga katta eʼtibor bergan. “Munoqibi hunarvaron” kitobi muallifining yozishicha, uning shogirdlari orasida ustodlik darajasiga yetganlar koʻp boʻlgan. Jumladan, Yoriy Sheroziy, Muhammad Husayn Boxarziy va Qosim Podshoh kabi mashhur xattotlar ham uning shogirdlari boʻlgan.
Sulton Boysunqaro xattotlik sanʼati va sheʼriyat sohasida oʻz davrining eng mashhur shaxslaridan biri sifatida tanilgan. Davlatshoh Samarqandiyning tazkirasida qayd etilishicha, uning kitobxonasida 40 nafar mashhur xattotlar tun-u kun kitobat bilan shugʻullangan. Sulton Boysunqaro davrida (oltin hallash) naqsh, miniatyura va boshqa badiiy sanʼat turlari ham yuqori darajada rivojlanib, hozirda Istanbulning kutubxonalari va boshqa joylarda namunalariga duch kelish mumkin. Uning buyrugʻi bilan koʻchirilgan qoʻlyozmalar, jumladan, “Faraj baʼda al-shiddat” (“Ogʻirlikdan keyingi xursandlik”) va “Nushat al-arvoh” (“Ruhlar nasihatlari”) asarlari alohida eʼtiborga sazovordir.
Eron manbalarida qayd etilishicha, Sulton Boysunqaro Mirzo suls xatida, Mir Imod taʼliqda, Mirzo Ahmad nasxda, darvesh Abdulmajid Toqoniy esa shikastada ustod boʻlgan.
Mirak Naqqosh, Alisher Navoiy kutubxonasida ishlagan xattot va naqqosh boʻlib, Sulton Husayn Mirzo saroy kutubxonasining boshligʻi sifatida tanilgan. Uning asarlari orasida Saʼdiyning “Boʻston”, Alisher Navoiyning “Xamsa”, Amir Xusrav Dehlaviyning “Xamsa”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” va Nizomiyning “Xamsa” asarlarining qoʻlyozmalari ham mavjud. Shuningdek, Hirot jome masjidi va boshqa meʼmoriy binolarni bezashda ishtirok etgan.
Abduljamil Alisher Navoiy tomonidan shaxsiy kotib etib tayinlangan va Hirotdagi Sultoniya madrasasida nahv va sarfdan dars bergan mashhur xattotdir. U Alisher Navoiy asarlarini koʻchirish, jumladan, “Xamsa”, “Navodir un-nihoya” kabi asarlarni yozish bilan shugʻullangan. Shuningdek, lirik asarlardan “Tuhfat us-salotin” toʻplamini tuzgan.
Azizullo, Samarqandlik mashhur xattot XV asrda yashab ijod qilgan. Uning yodgorliklaridan biri – Mirzo Ulugʻbekning “Ziji Koʻragoniy” asarini nasx xatida koʻchirishidir (taxminan 1439-yilda). Qoʻlyozma sahifalarida Ulugʻbekning tuzatishlari ham saqlangan.
Umuman olganda, Temuriylar davri xattotlik sanʼati oʻzining mahorati, nafisligi va badiiy qadriyatlari bilan ajralib turadi. Ushbu davrda yaratilgan qoʻlyozmalar, nafaqat Oʻrta Osiyo xalqlarining madaniyati va ilm-fanini oʻrganishda, balki badiiy sanʼatga qiziqqan har qanday inson uchun ham nihoyatda katta ahamiyatga ega. Xattotlar nafaqat qoʻlyozma asarlar yaratishda, balki sheʼriyat, tarjimonlik va boshqa badiiy ijod turlarida ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritganlar. Temuriylar davrining xattotlari yaratgan asarlar bugungi kunda ham dunyo madaniyatining yuksak namunasi sifatida qadrlanib, ular nafaqat sanʼat nuqtai nazaridan, balki madaniyat va tarix uchun ham qimmatli merosdir.
Mashhuraxon DARMONOVA,
Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros
ilmiy-tadqiqot instituti boʻlim mudiri,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Muradov A. Iz istorii kalligrafii v Sredney Azii. Avtoreferat diss. kand. filol. nauk. Tashkent, 1967. 18.
2. Abdugʻaffor Razzoq Buxoriy. Sharq xattotlik va miniatyura sanʼati namunalari (VII–XXI asrlar musannif bisotidan). Toshkent: Oʻzbekiston, 2011. 255–257.
3. Hoji Ismatulloh Abdulloh. Markaziy Osiyoda Islom madaniyati / Masʼul muharrir N.Ibrohimov. Toshkent: Sharq, 2005. 250–262.
4. Murodov Abduqodir. Oʻrta Osiyo xattotlik sanʼati tarixidan. Toshkent: Fan, 1971. 58.
5. Muhammad Sharifjon Sadr-I Ziyo. Tazkirat ul xattotiyn. Bayrut: Dorun nashr, 1992. Qoʻlyozma Oʻzbeksiton Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar fondi № 1304.
6. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qoʻlyozmalar fondi № 122\4.