Tovuq
Avvalgi maqolalarimizdan birida kurka (gʻul-gʻul tovuq) soʻzi tilimizga ovroʻpa tillaridan oʻzlashgan, degan fikr bildirgan edik. Ammo tovugʻimiz aksincha, jahongashta boʻlib ketgan.
Deylik, gʻarb davlatlaridan biriga safar qildingiz, halol yemak istasangiz, albatta tovuqqa ham duch kelasiz. Tovuq musofirlikda duch kelgan ilk turkiy soʻz boʻlib sizni qarshi oladi. Eʼlon yoki yemakxona peshtoqidagi “taouk”, “shish taouk” kabi yozuvlarni uchratganda esa xuddi eski qadrdoningizni koʻrganday suyunasiz. Chet ellarda “oʻzbek” yoki “Oʻzbekiston” desangiz, odamlar “bilmayman”, deb yelka qisishlari mumkin, ammo “tovuq”ni bilishadi (har holda, men xorijda “taouk” yoki “shish taouk”ni bilmaydigan odamni hali koʻrmadim).
Ancha yillar ilgari Monreal metrosining bir bekatidan chiqishda “Taouk du Québec”, yaʼni “Kvebek tovugʻi” degan yozuvga koʻzim tushgan. Bu mening “taouk” bilan xorijdagi ilk “uchrashuvim” edi, fransuz tilida “tovuq goʻshti” – “poulet”, ammo yemakxona peshtoqiga “Taouk du Québec” deb yozilganligi menga gʻaroyib tuyulgan, keyinchalik “taouk”, “shish taouk” kabi yemakxonalar aslida koʻp ekanligini bilganman. Men bilgan bunday yemakxonalarning egalari asosan livanlik arablar, shu bois “taouk” yoki “shish taouk”ni baʼzilar arab milliy taomi deb ham oʻylaydi. Ammo shu yemakxonalar egalari boʻlmish livanliklardan “taouk” – nima oʻzi?” deb soʻrasangiz, uning turkiy soʻz ekanligini bilishmaydi, ular “tovuq”ni, xuddi biz “chuchvara”, “lagʻmon” deganimizdek, shunchaki taom nomi deb oʻylashadi.
Xoʻsh, shish tovuq qanday qilib livanliklarga oʻtib qoldi? Maʼlumki, boshqa shom oʻlkalari qatori Livan ham tarixda dastlab Misrning turk hukmdorlari – mamluklar qoʻli ostida, keyinchalik, qariyb toʻrt asr mobaynida Usmonli davlati tarkibida boʻlgan. Shu bois Usmonli davlati hududida shakllangan yemak tayyorlash anʼanalari livanliklar oshxonasiga ham oʻtgan.
Shish tovuq
Shish tovuq – bu tovuq goʻshti burda-burda kesilib, yogʻochdan yasalgan maxsus choʻp, yaʼni shishga tortilib olovda pishiriladigan kabob, oʻzbek tilida “tovuq shashligi” deyilsa, yaxshiroq tushuniladi. Hozirda “shish taouk”, “shish kebab” nimaligini koʻpgina dunyo xalqlari, ayniqsa, ovroʻpaliklar yaxshi bilishadi.
“Shish” – aslida qadim turkiy soʻz boʻlib, hozir ham turk, ozarbayjon, qirimtatar qardoshlarimiz uni muloqotlarida qoʻllaydilar va ular orqali bu soʻz dunyoga yoyilgan. Afsuski, oʻzbek tilida “shish” unutilib, uning oʻrnini forscha “six” egallagan. Bu soʻz “Devonu lugʻotit-turk”da ham bor, Koshgʻariy bobomiz unga: “shїsh – tutmoch tayyorlash uchun qoʻllanadigan maxsus choʻp”, deb izoh bergan (DLT. Indeks. 338-bet; II t. –T. 1967. 326-bet).
XIV asrda Xorazmda yashagan adib Sayfi Saroyining “Gulistoni bit-turkiy” asarida ham “shish” soʻzi “six” maʼnosida ishlatilgan: “nukarlari tutub sanchar yigirmi qazni bir shishka”, maʼnosi “navkatlari yigirma gʻozni tutub bir shishga sanchadi” (Э.Фазылов. “Староузбекский язык Хорезмийские памятники XIV века”. II т. –T. 1971. 538). Qadimgi turkiyda “shish” soʻzi, shuningdek, “xivich”, “novda” maʼnolarini ham bildirgan.
Shashlik
Hozirgi oʻzbek tilida “shish” ishtirokida yasalgan “shashlik” soʻzi ishlatiladi. Oʻtgan asrlarda Qirim tatarlari, shuningdek, Dashti Qipchoq, Hoji Tarxon (Astraxan) va Kavkazda yashagan turk qavmlari shishga tortib olovda pishiriladigan etni – “shishliq” deb atashgan. Rossiya Imperiyasi bu hududlarni bosib olgach, turkiy xalqlarning bu taomi – “шашлык” nomi bilan ruslarga ham oʻtadi, sovet davrida esa shashlik sobiq ittifoq miqyosida sevimli taomlardan biri edi. Shuni ham aytish kerakki, sovet davridan oldin mamlakatimiz hududida fors-tojik tili taʼsirida koʻproq “six”, “six kabob” deyish udum boʻlgan. “Shishlik” rus tili orqali tilimizga “shashlik” boʻlib qaytdi, deyish mumkin.
Yogʻurt
Koʻpchilik turkiy qavmlar oʻtmishda koʻchmanchi boʻlganligi uchun ularning turmushida chorva, et-sut mahsulotlari muhim oʻrin tutgan. Shunday mahsulotlardan biri – yogʻurt – bugun nafaqat turkiy, balki dunyodagi barcha til va lugʻatlardan baynalmilal soʻz sifatida oʻrin olgan.
“Yogʻurt” soʻzi “Devonu lugʻotit-turk”da ham bor. Koshgʻariy bobomiz “Devon”da: “suvuq” (“suyuq”) soʻzini izohlar ekan, “yogʻurt”ni ham tilga oladi: “سُوُقْ suvuq – har bir suyuq narsa, chunonchi, suyultirilgan qatiq, suzma, shirinliklar. “سُوُقْ يُغُرْتْ” suvuq yogʻurt – suyuq qatiq” (DLT. III t. –T. 1963. 179-bet).
“Староузбекский язык Хорезмийские памятники XIV века” lugʻati muallifi Ergash Fozilov “yogʻurt”ga misol tariqasida “Gulistoni bit-turkiy” asaridan ushbu misolni keltiradi: “keturdi bir gʻarib er ul yogʻurtni”, yaʼni “bir notanish kishi yogʻurt keltirdi” (Э.Фазылов. “СУЯ”. I т. –Т. 1966. 544).
Shuningdek, “yogʻurt” soʻzi XIII-XIV asrlarda ovroʻpalik missionerlar tomonidan tuzilgan “Kodeks kumanikus” lugʻatida ham “yogurt” shaklida qayd etilgan. Qadimda bu soʻz turli turkiy lahja va shevalarda: yogʻurt, yourt, yuvurt, juvurt, jugrat, jurgʻat, zuvurt va hokazo shakllarda keng qoʻllanilgan.
Shavurma
Endi yuqorida tilga olingan yemaklarni bir yupqa nonga “chevirsak” (yaʼni, oʻrasak), shavurma paydo boʻladi. “Shavurma” – arabcha, hatto yahudiycha soʻz, deguvchilar ham bor. Ammo bu nom turkcha “chevirma”ning arab va boshqa tillarda buzib talaffuz etilishi oqibatida paydo boʻlganligini bugun koʻpchilik biladi. Umuman, “-ma” qoʻshimchasi bilan tugaydigan: qovurma, doʻlma, bostirma, dimlama kabi barcha taomlarni turk xalqlariga oid desak, yanglishmaymiz. Shu kabi “-(o)ba”, “-bo” (“-va”) bilan tugaydigan: mastava (forscha: “mast” – qatiq, “obo” – suyuq ovqat), shoʻrva (shoʻr+bo), piyova (piyoz+obo), qurutoba (“qutur” – turkiy soʻz) kabi taom nomlari esa etimologik jihatdan fors tiliga borib taqaladi.
Abduvohid HAYIT