Shavkat Mirziyoyevga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining (FAO) oliy mukofoti – Agricola medali topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, davlat rahbari 6-oktyabr kuni FAO bosh direktori Syuy Dunyuyni qabul qildi. Tashkilot rahbari Butunjahon paxta kuniga bagʻishlangan xalqaro konferensiya hamda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarning agrar va oziq-ovqat tizimlarini rivojlantirishga bagʻishlangan ikkinchi forumda ishtirok etish uchun Oʻzbekistonda boʻlib turibdi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston bilan BMTning mazkur nufuzli tuzilmasi oʻrtasida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha strategik sheriklikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Yangi hamkorlik dasturini samarali amalga oshirish, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, iqlim moliyasi mablagʻlarini jalb qilish, tajriba almashish hamda mutaxassislar tayyorlash kabi yoʻnalishlarda istiqbolli qoʻshma loyihalar portfelini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Muloqot yakunida Syuy Dunyuy Oʻzbekiston prezidentining oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq va suv xoʻjaligini rivojlantirish sohalaridagi tashabbuslari va erishgan yutuqlarining yuksak eʼtirofi sifatida davlat rahbariga FAOning oliy mukofoti — Agricola medalini topshirdi.

BMTning FAO tashkiloti tomonidan 1977-yilda taʼsis etilgan Agricola medali ochlikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash kabi umuminsoniy maqsadlarga erishish yoʻlida fidoyilik koʻrsatgan hamda amaliy choralarni amalga oshirgan atoqli arboblarga beriladi.

Oʻzbekiston ilk bor 2028-yildan 2029-yilgacha boʻlgan davr uchun FAO Kengashi tarkibiga saylandi. Ertaga Toshkentda dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan mamlakatlar uchun Agroinnovatsiyalar xabi ishga tushiriladi.