Shaxmat aqliy sport turlari ichida eng keng ommalashgani va nufuzlisidir. Bugungi kunda shaxmat bilan shugʻullanmagan yoki hech boʻlmasa bir marta oʻynab koʻrmagan kishini topish qiyin. Darhaqiqat, shaxmat inson aqlini charxlovchi, mantiqiy tafakkur qilishga va voqelikni kreativ anglashga oʻrgatadigan intellektual oʻyindir.
Shu paytgacha mutaxassislar tomonidan shaxmatning hind, vizantiya, fors, xitoy, yapon va boshqa koʻplab variantlari tilga olinadi. Hindlarda shaxmat chaturanga, yaponlarda syogi, xitoyda syangxi, forslarda shohmot yoki chatrang, arablarda shatranj deb atalgan. Ammo turkiy xalqlarning shaxmatlari haqida yetarlicha maʼlumot topish qiyin. Xususan, oltoylarda shatra, xakaslarda toʻbit, tuvalarda shidira, yakut (saxa)larda olonxo, moʻgʻullarda xiashatar, qalmiqlarda shatr kabi shaxmat variantlari saqlangani haqida esa koʻpchilik bilmasa kerak. Quyida oltoylarning shatrasi haqida gaplashamiz.
Avvalo shaxmat tarixi haqida soʻz yuritsak. Shaxmat turlari orasida hindlarning chaturangasi eng qadimiysi deb topilgan va uning tarixi VII asrga borib taqaladi. Syogi haqida ilk maʼlumotlar VIII asrga tegishli. Forslarda chatrang VIII asrda sosoniylar shohi Xusrav I Anushirvon davrida ommalashgan va shohmot (shoh oʻldi) deb atala boshlagan. Manbalarda, xususan yevropalik mutaxassislarning asarlarida ham arablarning shaxmatni forslardan oʻzlashtirgani aytilgan.
Eng qizigʻi, hech bir manbada turkiylar shaxmati haqida maʼlumot yoʻq. Meni doim shu fikrlar qiynagan. Turkiylar shaxmat oʻynamaganmi? Axir, butun tarixi jang-u jadallar ichida oʻtgan xalq jang strategiyasi va taktikasi uchun zarur boʻlgan oʻyinni oʻrganmasligi mumkinmi? Bu savollarga javob topish uchun doim manbalardan turkiylarning shaxmati haqida maʼlumotlarni izladim.
Birinchi bor meni qiziqtirgan maʼlumot shu boʻlganki, shaxmatning vatani Hindiston emas, Oʻzbekiston, aniqrogʻi Surxondaryo boʻlgan ekan. 1972-yili Dalvarzintepadan I–II asrlarga oid shaxmat donalari topilgan va bu shuni koʻrsatadiki, Hindistondan 5-6 asr oldin Oʻzbekistonda shaxmat boʻlgan.
Fil va buqa tasvirlangan shaxmat donalari. Dalvarzin, 1972-y.
Taassufki, na ilmiy manbalarda, na ensiklopediyalarda bu haqda maʼlumot berilgan. Vaholanki, I–II asrlarda Surxondaryoda Kushonlar hukmronlik qilgan boʻlib, ular asl koʻchmanchi boʻlishgan, qolaversa bu davrda Surxon vohasiga qanglilarning ham taʼsiri katta boʻlgan.
Shaxmat donalari Afrosiyob xarobalaridan ham topilgan boʻlib, ular VII–VIII asrlarga tegishlidir. Afrosiyob shaxmat donalari boshqa topilmalardan farqli oʻlaroq deyarli toʻliq saqlangan. Shuningdek, unda jang aravasi va arslon obrazidagi toshlar ham saqlangan. Qiziqarli jihati, xuddi shunday toshlar tuvaliklarning shidirasida ham bor.
Shaxmat donalari turkiylar yashaydigan turli hududlar, xususan Oltoy, Markaziy Osiyo, Kavkaz yerlaridan ham topilgan. Va ularning tahlili shuni koʻrsatadiki, islom yetib borgan yerlarda shaxmat figuralarining obrazlari siyqalashib borgan va ulardan imkon qadar inson va hayvonlar qiyofasi yoʻqotilgan. Shuning uchun islom kirib bormagan hududlarda obrazlilik yaxshiroq saqlangan.
Oltoy shaxmati ham oʻzida obrazlilikni saqlab qolgan va “shatra” deb ataladi. Shatra – oltoyliklarning milliy oʻyini hisoblanib, u ishtirokchidan kuchli fikrlash va mantiqiy yechimlar topishni talab qiladi. Bu oʻyin Oltoy xalqlarida qadim davrlardan oʻynab kelingan. Koʻpgina xalq afsona va ertaklarida shatra haqida maʼlumotlar saqlangan. Misol uchun, “Qoʻzin Erkesh” dostonida quyidagi misralar bor:
|
Jajыl tozrko chibi bo‘rile Keen jarash janash etken Qo‘zыn-Erkesh baatыr la Bayыm-Suur– keen qыs Shatra oynop, jыpgan oturdы. |
Qarag‘ayning ipakdek mayin, yashil butog‘idan Kung va chiroyli o‘tov tikkan Qo‘zin Erkash va suluv qiz Bayimsuur Shatra o‘ynab, quvnab o‘tirardi. |
Bundan koʻrinadiki, erkaklar ham, ayollar ham, xususan saroy xonimlari ham oʻynagan. Ular bolalariga oʻrgatgan. Natijada, shaxmat keng ommalashib borgan va milliy oʻyin darajasiga koʻtarilgan.
Oltoylik olimlarning taʼkidlashicha, yigitlarga uch sifati: botirligi, doʻmbira chalib doston aytishi va shatrani qanday oʻynashiga qarab baho berilgan. Shuning uchun yigitlar nafaqat jang maydonlarida, balki shatra taxtasi ustida ham bellashishgan. Qizlarga esa chevarligi, uy-roʻzgʻor tutishi va shatrani qanday oʻynashiga qarab baho berilgan.
Shatra jang sanʼatini oʻrganish uchun muhim vosita sanalgan. Shuning uchun uni oqsuyak xonlar, biylar, jangchi botirlar jiddiy yondashib oʻynashgan. Saroylarda shatra boʻyicha bellashuvlar tashkil qilingan. Xonlarning buyruqchi (vazir)lari koʻpincha shatra ustalaridan tayinlangan.
Shatraning tarixi ancha oldindan boshlansa-da, u haqda ilk yozma maʼlumotlar XIX asrga tegishli. V.Verbitskiy oʻzining 1884-yili chop etilgan “Turkiy tillarning aladag lahjasi lugʻati”da “Shatraa oyno” – “shaxmat oʻynash” degan iborani ishlatgan.
Oltoy Chor Rossiyasi tarkibiga kirgandan keyin shatra deyarli unutilib ketgan. XX asrda klassik shaxmatning kirib kelishi esa shatrani chetga chiqarib qoʻyadi. 1960-yili Togʻli Oltoy Tarix, til va adabiyot ilmiy-tekshirish institutining ilmiy jurnalida S.Y.Paxayevning shatraning tavsifi berilgan maqolasi eʼlon qilinadi. S.Paxayev ushbu maqolani yozish uchun maqsadli izlanishlar olib boradi va shatrani unutmagan chollarni topib ularning oʻyinlarini kuzatadi. Qoʻshogʻochlik Sur Taxanov va Nikita Parayevlarning oʻyinini kuzatib, shu orqali oʻyinning toʻliq tavsifini beradi va tartibini ishlab chiqadi. Shundan soʻng 1970-yillarda Togʻli Oltoy Tarix, til va adabiyot ilmiy-tekshirish instituti mutaxassislari tomonidan tavsif qayta ishlab chiqilib, “Oltoyding cholmoni” (Oltoy choʻlponi) gazetasida bu oʻyin tartibi bilan eʼlon qilingan.
60–70-yillarda shatra boʻyicha musobaqalar yoʻlga qoʻyiladi, va nihoyat Oltoy jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasining qarori bilan shatra boʻyicha chempionat oʻtkaziladi. Togʻli Oltoy pedagogika instituti talabalari A.Nabitov va N.Nikitinlar hamda oʻquvchilar orasida N.Selekova va N.Luchkin shatra boʻyicha birinchi chempionlikni qoʻlga kiritishadi.
Shundan keyin shatra Oltoy va Sibirdagi turkiy ellar orasida tez ommalasha boshlaydi. Oʻyin qoidalari Y.P.Malkov, O.R.Arbinov, B.V.Kortin, A.A.Selbikov, N.Sorochaykin, A.F.Danov, V.L.Taushqanov kabi mutaxassislar va shatrachilar ishtirokida qayta-qayta koʻrib chiqilib, oʻzgartirishlar kiritiladi. Shatraning keng ommalashuvida ayniqsa V.L.Taushqanov koʻp jon kuydiradi. U RSFSRning “Shatra kodeksi”ni ishlab chiqib, Rossiya jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasidan tasdiqdan oʻtkazadi va shu tariqa shatra butunrossiya oʻyiniga aylanadi.
1991-yildan keyin Oltoy Respublikasi tashkil etilgach, shatra yanada keng ommalasha boshlaydi. Har yili shatra boʻyicha chempionat, xalqaro turnirlar va boshqa musobaqalar oʻtkazib kelinadi. 1988-yildan shatra “El oʻyinlari” mintaqalararo festival dasturidan oʻrin olgan.
Oʻyin tartibi
Shatra oʻziga xos taxtada oʻynaladi va oʻyin tartibiga koʻra unda ham shaxmat, ham shashka oʻyinining elementlarini koʻrish mumkin. Shatra taxtasi oltmish ikkita oq va qora kataklardan iborat boʻlib, uch boʻlakka boʻlinadi. Boshqa shaxmat variantlaridan farqli oʻlaroq shatrada 62 katakning hammasi raqamlanadi. Taxtaning 11–52 raqamlari bilan belgilangan qismi markazi yoki jang maydoni, ikki chetdagi 1–9 hamda 54–62 raqamlari bilan belgilangan qismi raqiblarning platsdarmi boʻlib, ular Oq qalʼa va Qora qalʼa deb nomlanadi. 10 va 53-kataklar qalʼalarning darvozalari hisoblanadi. Bunda 25–31 va 32–38-kataklarda joylashgan qism gorizontal oʻralar, 2–61-kataklar orasidagi kataklar katta yoʻl, 1–3 va 60–62-kataklar shatraning boshqa figuralarga almashinuvi joyi hisoblanadi.
Shatrada figuralar sof turkiy nomlar bilan nomlanadi: biy, botir, toʻra, yolqin, shatra.
“Biy” bitta dona boʻlib, nomi boshqa turkiy xalqlarning shaxmat versiyalarida “xan” yoki “noʻyon” shaklida ham keladi va u oʻyindagi eng asosiy figura – shoh oʻrnida oʻynaydi. Biy taxtada 10 va 53-katakda, yaʼni darvozada turib oʻyinni boshlaydi. Biy xuddi shoh kabi har qanday tomonga va faqat bir katakka siljiy oladi. Hamma tomondagi toshlarni yuta oladi va yutmasligi ham mumkin. Ammo biyga tosh yutish uchun berilsa-yu, raqibning boshqa yurish yoʻli boʻlmasa biy ortga chekinishga majbur boʻladi. Toshlarni ketma-ket yutish protsessini ortda turib toʻxtatishi mumkin. Qalʼadan oʻz maydonining xohlagan joyiga, raqib qalʼasidan raqib maydonining xohlagan joyiga koʻchib oʻtishi mumkin. Biy qancha oʻynasa ham oʻz qalʼasiga qaytib kira oladi.
Biyning yutilishi yoki yurish yoʻlining tugashi oʻyinning tugashi hisoblanadi. Shatrada “pot” tushunchasi yoʻq.
“Botir” bitta dona boʻlib, u klassik shaxmatdagi farzin kabi harakatlanadi va taxtada 2 va 62-kataklarda, yaʼni qalʼaning oxirgi qatori oʻrtasida joylashadi. Yutayotganda esa xuddi shashkaning damkasi kabi yutadi. Oʻyin vaqti botir qalʼadan jang maydonidagi oʻz qismida xohlagan joyga koʻchib oʻtishi mumkin. Raqib qalʼasida turganda esa faqat raqib maydonining xohlagan joyiga koʻcha oladi.
“Yolqin”lar ikki dona boʻlib, xuddi fil kabi diagonal boʻylab harakatlanadi. Taxtada 1, 3 hamda 54, 56-kataklardan oʻyinga kiradi. Shatrada oq yolqin yoki qora yolqin tushunchasi yoʻq. Uni qalʼadan olib maydonga joylashda qaysi rangdagi katakka qoʻyishni oʻyinchi belgilaydi.
“Toʻra”lar ikki dona boʻlib, uning nomi oʻzbek shaxmatida saqlanib qolgan yagona turkiy nomdir. Toʻralar taxtada 5, 8 hamda 55, 58-kataklarda joylashadi. Oʻyinda u ham xuddi farzin kabi harakatlanadi. Toʻraning ustunligi qalʼadan qalʼaga toʻgʻri hujum qilishi ham mumkin.
“Shatra”lar oddiy askar sanaladi va uni oltoylar “juuchildar”, yaʼni jangchilar deb ham ataydi. Ularning soni 11 ta boʻlib, taxtada yettitasi oldingi qatorda saf boʻlib joylashadi. Qolgan 4 tasi esa qalʼadagi 4, 6, 7, 9 hamda raqib tomonda 57, 59, 60, 62-kataklarda joylashadi. Shatralar oʻyinda dastlab xuddi klassik shaxmatning piyodasi kabi oldinga faqat bir katak, birinchi yurishda esa ikki katak siljiy oladi. Oʻrtadagi oʻraga yetsa diagonal boʻylab, undan oʻtib olgach esa oʻng yoki chapga harakatlanishi ham mumkin boʻladi. Shatra orqaga qaytib yura olmaydi.
Shatra raqib toshlarini yutib olishni shashkadagi kabi uning ustidan oshib oʻtish orqali amalga oshiradi. U orasi ochiq turgan figuralarni ketma-ketlikda yuta oladi, ammo bir yutilgan tosh ustidan ikkinchi bor sakrab oʻtolmaydi. Shuning uchun, toshlar yutilganda jarayon toʻliq tugaguncha toshlar taxtadan olinmaydi.
Qalʼada zaxirada turgan shatralar kerak boʻlganda maydondagi oʻz tomonining xohlagan joyiga chiqarilishi mumkin. Raqib qalʼasiga kirib borgan shatra ham zaxira toshiga aylanadi va u ham raqib tomondagi xohlagan katakka qaytib joylashishi mumkin. Ammo qalʼadan chiqqan shatra qalʼaga qaytib kira olmaydi. Garchi toshlarni yutish oʻsha tomonga qarab davom etsa ham bu mumkin boʻlmaydi, ammo qalʼada raqib toshlari butunlay qolmasa oʻz qalʼasiga kirishi mumkin boʻladi. Raqib qalʼasiga kira olgan shatralar eng soʻnggi qatorga yeta olsa oʻyindan chiqqan botirga yoki boshqa istalgan toshga aylanadi. Agar hech bir figura yutilmagan boʻlsa, birontasi yutilguncha kutiladi.
“Ot”. Shatrada ot ishtirok etmaydi. Bu tushunarsiz holat boʻlib, jangni otlarsiz tasavvur qila olmaydigan turkiylarning shaxmatida otning yoʻqligi ajablanarli holat. Bu borada shaxmat tarixchilari shatrada avval ot boʻlganligiga ittifoq qilishgan va qalʼadagi toʻrtta piyodaning ikkitasi oʻrnida ot joylashgan boʻlishi mumkin.
Shatra oʻyini mazmunan shashka va shaxmatning sinteziga oʻxshaydi. Shu sababli unda sodda va murakkab oʻyin turlari mavjud.
Sodda shatrada Biy, Botir va 23 shatralar ishtirok etadi. Bu oʻyinni oddiy shashka toshlari bilan ham oʻynash mumkin. Faqat bunda biyni damka holatida toʻnkarib qoʻysa kifoya qiladi.
Murakkab shatrada bitta biy, bitta botir, ikkita toʻra, ikkita yolqin va oʻn bitta shatra ishtirok etadi.
Murakkab shatrani oʻrganib olish ancha qiyin, ammo juda qiziqarli kechadi.
Shatrada eng katta eʼtibor mudofaaga qaratiladi. Shuning uchun hamma kuchlarni biyning oldiga yaqin joyda toʻplash yaxshi natija beradi. Biy qoʻldan ketsa magʻlubiyat yozilishini inobatga olgan holda uni darvozada – qalʼada saqlash kerak boʻladi. Agar darvozada turganda unga yetish uchun tosh berilsa, u maydon tomonga koʻchadi, natijada uyushtirilgan hujumga duch boʻladi va bu unga xavf keltirishi mumkin. Shuning uchun biy darvozada turganda uni shatralar himoya qilishi kerak. Shunda ham xavf tugʻilsa ochiq maydonga chiqishi kerak boʻladi.
Yana bir eʼtiborli jihat, raqibning shatralari qator boʻlib turganda biy u yerga yaqinlashmasligi kerak. Chunki saf turgan shatralar ortga chekinolmaydi va bunda faqatgina biyga qiyin boʻlishi mumkin. Biy maydonga chiqqanda esa qolgan figuralar qalʼani qoʻriqlash uchun ichkarida qolishi kerak. Yana bir ehtiyot: dushman shatralarining qalʼa oxirigacha kirib botirga aylanishidan saqlanish kerak. Chunki bu holatda raqib toʻliq ustunlikni qoʻlga oladi va magʻlubiyat aniq koʻrinib qoladi. Chunki ochiq maydonda Biyni qoʻlga olish uchun bir botir va biy kifoya qiladi.
Oltoylarning shatrasi oʻzbeklar uchun yangilik sanaladi. Bu yangilik biz uchun kerakmi? Albatta, kerak!
Birinchidan, forsiy yoki oʻrischa nom bilan ataydiganimiz shaxmat toshlari oʻrnida turkiy nomlarni koʻrishning oʻzi qalbimizda shatraga nisbatan ruhiy yaqinlik uygʻotadi.
Ikkinchidan, shatra soʻzi yana bir yangilik. Shaxsan men to Oltoy bilan qiziqqunimcha “shotir” soʻzining maʼnosini bilmaganman. Janglarda jangchilar botirlar va shotirlarga boʻlinishini shu oʻyinda koʻrdim. Oʻzbek tilida shotir xizmatkor, yugurdak, jilovbardor maʼnolarida qoʻllanib kelishi esa mantiqan notoʻgʻri boʻlishi mumkin.
Uchinchidan, shatra soʻzi chaturanga, chatrang, shatranj kabi soʻzlarning oʻzgargan shakli boʻlishi ham mumkin. Ammo, nazariy jihatdan olinsa, bu soʻz turkiydan boshqa tillarga oʻtgan boʻlishi ehtimoli kattaroq.
Umuman olganda esa, turkiy xalqlarda boshqa shaxmat turlaridan shaklan va mazmunan farqlanuvchi shaxmat saqlanib qolganligining oʻzi bori turkiy el uchun quvonarlidir. Inchunin, men aynan shu oʻyinda haqiqiy jang maydonini, biylarning strategiyasini his qildim. Toʻgʻri, klassik shaxmat har tomonlama mukammal, mantiqiy yechimi ham tugal. Ammo unda bizning sarkarda bobolarimiz ruhi sezilmaydi.
Oltoyda har ikki yilda bir marta “El oʻyinlari” etnofestivali oʻtkaziladi. Unda turli yosh kategoriyalaridagi shatrachilar bellashishadi. “El oʻyinlari”dagi eng muhim jihat shundaki, ishtirokchilar ham, tomoshabinlar ham oʻyinga doim jiddiy yondashishadi. Eng katta eʼtibor esa bolalarning oʻyiniga qaratiladi. Chunki yangi avlodda ushbu milliy sport turiga muhabbat uygʻotish qanchalik muhim ekanini oltoyliklar juda yaxshi bilishadi.
Umuman olganda, Oltoyda shatra oʻyini oddiy oʻyin emas, balki milliy qadriyat sifatida qabul qilinadi va eʼzozlanadi.
Anvar BOʻRONOV,
filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori
Maʼrifat 2024-yil 20-noyabr, № 47(9528).
“Turkiy shaxmat: Oltoy shatrasi” maqolasi