“Yomon shoirlar oʻzlashtirishadi, yaxshi shoirlar esa oʻgʻirlashadi”.
T.S.Eliot1
Tarixdagi eng buyuk adabiy daho aslida adabiyotdagi eng buyuk plagiatchi boʻlishi mumkinmi? Adabiyot dunyosida hech qanday nom Uilyam Shekspirning nomi qadar hurmat bilan tilga olinmaydi. Uning asarlari insoniyatning eng nozik tuygʻularini, jamiyatning eng chuqur ziddiyatlarini aks ettiradi. Ammo asrlar davomida adabiy tanqidchilar va olimlar orasida ikki savol doim muhokama qilinmoqda:
1. Shekspir oʻzining mashhur asarlarini yaratishda boshqalarning ijodidan foydalanganmi?
2. Shekspir firibgar boʻlganmi, yaʼni asl shaxsiyati boshqa kishi boʻlganmi?
Bu savollarga javob qidirish bizni nafaqat adabiyot tarixiga, balki ijodiy gʻoyalar qanday paydo boʻlishi haqidagi fundamental savollarga ham yetaklaydi.
Shekspir paradoksi: Qoʻlqopchining oʻgʻli qanday qilib adabiy moʻjizalar yaratdi?
Uilyam Shekspir (1564–1616) jahon adabiyotida oʻzining 37 ta pyesasi, 154 ta soneti va boshqa sheʼriy asarlari bilan oʻchmas iz qoldirgan. Uning asarlari dunyoning deyarli barcha tillariga tarjima qilingan va hozirgi kunga qadar teatr sahnalarida namoyish etilmoqda.
Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, Stratford-on-Avondan chiqqan bu siymoning otasi oddiy qoʻlqopchi boʻlgan, rasmiy taʼlim esa ularga mumkin emasdi. Qanday qilib bunday kelib chiqishi yuqori sinfdan boʻlmagan odam dunyoning eng buyuk adabiy asarlarini yarata olgan? Bu savol esa koʻplab fitna nazariyalari paydo boʻlishiga olib kelgan.
Shekspir asarlari va ularning manbalari
Shekspir oʻz davrining koʻpgina adabiy asarlaridan, tarixiy manbalardan va xalq ogʻzaki ijodidan foydalangan. Ayniqsa, Plutarxning “Parallel hayotlar” asari, Xolinshidning “Angliya, Shotlandiya va Irlandiya xronikalari” va Choserning “Kenterberiy hikoyalari” kabi manbalardan keng foydalangan. Bu manbalardan foydalanish oʻsha davr uchun oddiy hol boʻlib, hatto maʼqullanadigan amaliyot edi.
Adabiyotshunos Stiven Grinblat oʻsha davr haqida shunday deydi: “Oʻn oltinchi asr oxiri va oʻn yettinchi asr boshlarida adabiy ijod tushunchasi bugungi kundan butunlay farq qilardi. Dramaturglar va shoirlar uchun mavjud materiallardan foydalanish va ularni qayta ishlash odatiy amaliyot edi. Ular koʻproq “oʻgʻirlab” emas, balki “oʻzlashtirish” va “qayta yaratish” bilan shugʻullanardilar”.2
Professor Harold Blum esa, “Shekspir asarlarining ajralib turadigan jihati ularning syujetida emas, balki ularning badiiy qimmatida, tilning oʻziga xos goʻzalligida va inson tajribalarini aks etishidadir”, deya fikr yuritgandi.3
Shekspirnning “oʻgʻirliklari”: “Hamlet” va Skandinaviyadagi eski dostonlar
“Hamlet” Shekspirning eng mashhur va chuqur falsafiy asarlaridan biridir. Ammo bu asar toʻliq uning tasavvur mahsuli emas. Tragediyaning asosiy syujeti Sakson Grammatikusning “Daniya tarixiy xronikalari” (taxminan 1200-yillar) kitobidagi “Amleth” haqidagi afsonaga asoslangan.4
Bu qadimgi rivoyatda ham otasining oʻlimi uchun qasos olaman deya aqldan ozgan shahzoda haqida hikoya qilinadi. Ammo Shekspir bu oddiy qasos hikoyasini chuqur falsafiy asar darajasiga koʻtardi. Asl manbadagi oddiy syujetga falsafiy muammolar, oʻlim va hayot maʼnosi haqidagi savollar va albatta, Hamletning mashhur “Boʻlish yoki boʻlmaslik” monologini qoʻshdi.
“Romeo va Julyeta” – originalmi?
“Romeo va Julyeta” sevgi haqidagi eng mashhur tragediyalardan biri hisoblanadi. Ammo bu asarning syujeti ham Shekspirning toʻliq oʻz gʻoyasi emas. Asar asosan Artur Brukning “Tragik tarix” (1562) va Uilyam Peynterning “Zavq saroyi” (1567) kitoblarida berilgan “Romeus va Juliet” hikoyasiga asoslangan.5 Bu hikoya oʻz navbatida italiyalik yozuvchi Matteo Bandeloning shu nomdagi qissasiga borib taqaladi.
Adabiyotshunos Robert Lomaxning taʼkidlashicha: “Shekspir syujetni koʻchirgani yoʻq, balki uni qayta yaratadi. U obrazlarga yangi hayot berdi, munosabatlarni yanada chuqurlashtirdi va sevgi tushunchasiga yangicha maʼno kiritdi”.6 “Romeo va Julyeta” asari oʻz davrida juda mashhur boʻlgan sevgi qissasi hisoblangan boʻlsa-da, Shekspir uni abadiy sevgi va tragediyaning timsoli darajasiga koʻtardi.
Shekspirning boshqa asarlari ham turli manbalardan olingan. Masalan, “Otello” Jiovanni Jiraldining “Hekatommi” (1565) toʻplamidagi bir hikoyaga asoslangan.7 “Qirol Lir” esa Jofrey Monmoutning “Britaniya qirollari tarixi” va Edmond Spenserning “Peri qirolichasi” asarlaridan bir qancha elementlarni oʻz ichiga oladi.8
“Yozgi tunning orzusi” asari esa yunon mifologiyasi va ingliz xalq ertaklaridan ilhomlangan. “Mahbuslar boʻroni” esa Mishel de Montenning “Tajribalar” asaridagi bir parchaga asoslangan boʻlishi mumkin.9
Adabiyotshunos Emma Smitning soʻzlariga koʻra: “Shekspir adabiy materialni qayta ishlash boʻyicha ustasi farang edi. U mavjud hikoyalarni olardi-da, ularni shunday qayta ishlar ediki, natijada yangi, noyob va abadiy asarlar yuzaga kelardi”.10