Turon hududida maktab taʼlimi, maorif tizimi qachon shakllangani haqida aniq maʼlumot boʻlmasa-da, oʻzbek davlatchiligining paydo boʻlishi sanasidan boshlab 3000 yillik tajriba yoʻlini bosib oʻtgan, deb bemalol ayta olamiz. Jadid bobolarimiz 20-yuzyillik boshlarida taʼlim islohotiga alohida eʼtibor qaratdi va yangi usul maktablariga asos soldi. Ayniqsa, Turkiston jadidlarining otasi Mahmudxoʻja Behbudiyning bu boradagi xizmatlari tahsinga sazovordir.

Mahmudxoʻja Behbudiy Ismoilbek Gʻasparalini oʻz ustozi, maslakdoshi deb bilgan hamda uning yangi usul maktablarini tashkil qilishga oid tajribasini qunt bilan oʻrgangan. Samarqandlik jadidlar Siddiqiy Ajziy, Abduqodir Shakuriy va Hoji Muinlarning 1903-yili jadid maktablari ochishlariga koʻmaklashib, maktabda darslarni tashkil qilish va oʻqitish boʻyicha tartiblarni ishlab chiqqan. Maktablarda quyidagilarga rioya qilinishi lozim boʻlgan:

1.                Sinfda (maktabda) bolalar soni 30 dan oshmasligi kerak;

2.                Bolalarni yilida ikki marta – yoz va qish boshlaridagina qabul qilish mumkin;

3.                Har qabul necha boʻlishidan qatʼiy nazar birta sinf boʻlishi lozim;

4.                Har bir muallimda koʻpi bilan 3-4 sinf boʻlsin. Agar maktab 3 sinfdan iborat boʻlsa, darslar ketma-ket, maʼlum uygʻunlikda qoʻyilmogʻi kerak;

5.                7-8 yoshlardagi bola 7-8 soat uzluksiz oʻqiy olmaydi. Kuniga dars soati 5 soatdan oshmasligi, har darsdan soʻng 10 daqiqa tanaffus boʻlishi lozim;

6.                Juma va bayram kunlari dam olinishi kerak;

7.                Oʻn oylik oʻqishdan soʻng yozning issiq kunlarida taʼtil boʻlishi maqsadga muvofiq;

8.                Bir kunda oʻquvchiga birta fanni oʻqitish zehnini buzishini inobatga olib, 5 ta fanni oʻqitish kerak;

9.                Shogirdlarni urmay, soʻkmay tarbiyalash lozim;

10.           Sovuq xonada dars va ilm bermaslik lozim;

11.           Iqtidorli oʻquvchilarni har hafta soʻngida ragʻbatlantirish lozim va hokazo.

Mahmudxoʻja Behbudiy anʼanaviy maktablar zamon talabiga javob bermay qolgani, oʻquv dasturlari eskirganini taʼkidlab, yangicha oʻqitish davr talabi ekanini uqtirgan: “Usuli jadid xohlamaydurgʻon, yo yangi nima ekanini bilmay, oʻrusiy ataydurgʻon avom, bidʼat ataydurgʻon mullalardin har kimki kelib, ushbu maktabni koʻribdur. Bolalarni husni qiroati, tajvid, hisob, ahkom va aqoid musulmoniyni bilgʻoni va aniq muddatga oʻqib, yozgʻoni xulosa, oʻqigan sabogʻini qoidasi ila bilib, javob bergʻonini koʻrib, tahsin qilib, hamma koʻrgan va bilgan kishilar ushbu tariqa maktab toʻgʻrisida sofdil fikr bildirdilar”.

Behbudiy Kavkaz, Istanbul, Misr, Hijoz, Arabistondagi maktab va madrasalarni koʻrib, biroz tajriba orttirgan. Maktabda dars berish  tartiblari va oʻquv dasturlarini koʻzdan kechirgan. Darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar bilan tanishib, Samarqandga olib kelgan.

Maktablar uchun “Alifbo maktabi islomiya” (1904), “Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy” (Qisqacha umumiy joʻgʻrofiya, 1906), “Kitobat ut atfol” (Bolalar uchun kitob, 1908, 1914), “Muxtasari tarixi islom” (Islomning qisqacha tarixi, 1909), “Amaliyoti islomiya” (1908), “Madxali joʻgʻrofiyai imroniy” (Aholi jugʻrofiyasiga kirish, 1905), “Muxtasari jugʻrofiyai Rusiy” (Rusiyaning qisqacha jugʻrofiyasi, 1905), “Hisob” (1918)  darslik va oʻquv qoʻllanmalarini yozgan.

Behbudiy xalqni savodli va maʼrifatli qilish uchun yangi usul maktablarini eng ishonchli vosita, matbuotni maʼrifatni keng targʻib qilish quroli deb hisoblagan. Oʻzi asos solgan “Samarqand” gazetasi va “Oyina” jurnalida muntazam ravishda taʼlim va tarbiya masalalariga bagʻishlangan maqolalar chop qilib borgan. U “dunyoda turmoq uchun dunyoviy ilm va fan lozim”ligini uqtirgan. Jugʻrofiya, geometriya, matematika, tabiat va chet tillarni oʻrganishni dunyoni bilish kaliti deb hisoblagan.

Mutafakkir murabbiy-pedagog sifatida bola tabiatini chuqur oʻrgangan, oʻz oʻquv dasturlariga bolaga puxta bilim beruvchi odob, jugʻrofiya, tabiatshunoslik, til, fiqh, handasa va bir qancha zamonaviy fanlarni kiritgan. Behbudiy bolada boʻlishi lozim boʻlgan tarbiyani quyidagi guruhlarga ajratgan:

1.                Aqliy tarbiya;

2.                Axloqiy tarbiya;

3.                Diniy tarbiya;

4.                Estetik tarbiya;

5.                Huquqiy tarbiya.

Aqliy tarbiya maktabda berilishini urgʻulab, u yerda diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur oʻrganish kerakligini ham taʼkidlaydi. Axloqiy tarbiya dastlab ota-ona tomonidan berilib, maktab yoshiga yetgach bu jarayonda ustozlar ham qatnashishini koʻrsatib bergan. Ota-onalarga farzandlarini toʻyga olib bormaslik lozimligini uqtirib, toʻydagi ichkilikbozlik va boshqa nooʻrin ishlar bola axloqiga salbiy taʼsir qilishini aytgan. Maktab oʻqituvchilariga bolalarga ishqiy mazmundagi gʻazallarni oʻqitmaslikni shart qilib qoʻygan. Bunday gʻazallarga bolaning aqli yetmay, toʻgʻri tushunmasligi oqibatida noxush holatlar kelib chiqigi mumkin, deb hisoblagan.

Behbudiy bolada diniy tarbiya boʻlishi shart, deb uqtirgan. Maktab uchun tayyorlagan ikkita darsligi ham diniy taʼlim va Islom tarixiga bagʻishlangani bejiz emas. Uning fikricha, bolaga yoshligidan musulmonlar uchun farz boʻlgan barcha amallarni oʻrgatish lozim. Behbudiy shogirdlarining diniy bilimdonligi koʻplab ulamolar tomonidan eʼtirof etilgan.

Behbudiy asarlarida aynan estetik tarbiya soʻzi qoʻllanmagan boʻlsa-da, bu tarbiyani berishga oid aniq tavsiyalari mavjud. Masalan, “Kitobat ut atfol” darsligida insonning goʻzal xulq-atvoriga odatlanishi zarurligi, insonlar bir-biriga maktub yozganda chiroyli husnixat bilan, xushmuomala soʻzlardan foydalanishi lozimligini uqtirgan. Ota-onaga xat yozganda “muhtaram”, “hurmatli”, “aziz” soʻzlari bilan boshlangan maktublarni namuna sifatida koʻrsatgan.

Behbudiy har bir inson oʻz haq-huquqini bilishi zarurligini koʻplab maqolalarida tilga olgan. Bu uning huquqiy tarbiya borasidagi taʼlimoti boʻlib, bolalar va ayollarga tegishli huquqlar, meros huquqi boʻyicha islomiy huquqiy bilimlarni taqdim qilgan.

Mahmudxoʻja Behbudiy vatanparvar, millatparvar avlodni tarbiyalash gʻoyasini ilgari surgan va buni faqat maktab orqali amalga oshirish mumkin, deb hisoblagan. Mutafakkir “Oyina” jurnalining 1914-yil 11-sonidagi “Maktab” maqolasida ushbu muqaddas maskanga juda yuksak taʼrif bergan: “Maktab – jannat va istiqbolning eshigi, maktab – jaholatga dushman qilichi, maktab – dunyo imoratlarining eng muqaddasi va qadrlisidur”. Ammo Turkiston aholisi maktabning bu qadar azizligini bilmasligidan afsuslangan. Arzimagan pul topish uchun farzandlarini kunlik ishlarga jalb qilayotganlaridan qaygʻuga tushgan. Oʻzining “Samarqand” gazetasining 1913-yil 3-sentyabrda chop qilingan “Tahsil oyi” maqolasida aynan shu masalalarga eʼtibor qaratib, Turkiston xalqini maktab taʼlimiga chorlaydi: “Agar avgust va sentyabr oylaridan boshlab koʻchaga razm solgan kishi ikki xil odamlarni koʻradi. Birisi oppoq koʻylaklar kiyib yasanib olgan, qoʻllarida oʻnlab nusxa kitoblar koʻtarib, saodatlik yurish bilan hukumat maktablariga ketayotgan rus, yahudiy armani bolalari. Ikkinchi xil odamlar esa ertalabdan ustlariga ogʻir yuk, qoʻllarida bel, ketmon, korxona va qadoqxonalarga hammollikka yollanib, 20 tiyindan bir soʻmgacha topmoq ilinjidagi Turkiston bolalari...”. Behbudiy Turkiston bolalari aziz umrlarini koʻcha ishlariga sarflamay ilm oʻrganishlari kerakligini, ota-onalar bolasiga hech boʻlmaganda toʻrt yillik ibtidoiy bilimlarni olishga koʻmaklashishi lozimligini taʼkidlagan.

Behbudiy millatning taraqqiy etishi uchun ilmli yoshlar zarurligini taʼkidlab, ularning maʼrifiy, madaniy, siyosiy jihatdan yuksalishiga yoʻlboshchilik qilgan. Yangi usul maktablarini, yangicha taʼlim tizimini mutaassib ulamolardan himoya qilgan. Turkistonni zamonaviy, mukammal va komil insonlar orqali tiklash mumkinligini uqtirib, vatanparvar, millatparvar yoshlarni jipslashtirish yoʻlidan borgan va maʼlum maʼnoda oʻz maqsadiga erishgan.

Vazira SA’DULLAYEVA,

 tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori