“Oʻrda” soʻziga koʻp duch kelganmiz. Oltin Oʻrda, xonning eski oʻrdasi, Oq oʻrda, Koʻk oʻrda va hokazo. Garchi bugun bu soʻzdan u qadar faol foydalanmasak-da, batamom isteʼmoldan chiqib ketgani yoʻq. Mazkur maqolamizda “oʻrda”ning kelib chiqish tarixi, avval va hozir anglatadigan maʼnolari, shuningdek, qaysi hududlarda muntazam ishlatilgani haqida soʻz yuritamiz.

“Devoni lugʻatit-turk” asarida bu soʻz “Ordu” (Oʻrdu) shaklida uchraydi. Birinchi maʼnosi – Shoh turadigan shahar. Shuning uchun Koshgʻarni Oʻrdukent deyishgan, yaʼni “shohlar shahri”. Ikkinchi maʼnosi – Bolosogʻun yaqinidagi shahar. Shuning uchun ham bu shaharni Quzoʻrda ham deyishgan. Asarning yana uch oʻrnida “Ordu” soʻziga izoh berilgan:

1.                 Ordu (Oʻrdu) – Ordubashi – Shohlar xizmatidagilarning oti.

2.                 Ordu (Oʻrdu) – Sichqon, kalamush kabi yer ostida yashovchi hayvonlar ini.

3.                 Ordu (Oʻrdu) – Ordutal. A) Moʻyni tushirish uchun hammomda ishlatiladigan aralashma, ohak. B) Yosh koʻkrakka uriluvchi tamgʻa. Bu soʻz oʻgʻuz va turk tillarida keng qoʻllanilgan.

Yuqorida keltirilgan soʻzlarning soʻngisini shakldosh deya bemalol ayta olamiz. Chunki, bu atamaning na xonlarga va na ularning qarorgohiga aloqasi yoʻq. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida  esa “Oʻrda” soʻziga quyidagicha taʼrif berilgan: Oʻrda – (tarixiy soʻz). 1. Turkiy va moʻgʻul xalqlarida hukmdor, xon qarorgohi, qalʼa. 2. Qoʻshin qarorgohi, lashkargoh. Xuddi shu kitobda Oltin Oʻrdaga ham taʼrif berib oʻtilgan: Oltin Oʻrda –  XIII asrning  40-yillaridan XVI asrning boshlarigacha mavjud boʻlgan. Poytaxti turli shaharlarda joylashgan, aholisi, asosan, turkiy va moʻgʻul koʻchmanchi qabilalari ittifoqidan tashkil topgan yirik davlat.

Endi esa biz oʻrda soʻzini asos va qoʻshimchalar jihatidan tahlil qilamiz. Sh.Rahmatullayev tuzgan etimologik lugʻatda “Oʻr” soʻzi uchraydi: Oʻr – Chuqur, handak. “Front chizigʻida oʻrlar qazilgan”. Qadimgi turkiy tilda chuqur maʼnosini anglatgan. Bu ot asli “Kovla” maʼnosini beruvchi or feʼlining ism eshi boʻlib,  hozirgi oʻzbek tilida deyarli ishlatilmaydi.

1.                 Oʻr – Doʻnglik, tepalik. “Oʻr kelsa oʻrmaladi”. Bu ot qadimgi turkiy tilda “Tepaga harakatlan” maʼnosini anglatgan. O:R feʼlining ism eshi boʻlgan. Oʻsha davrdayoq O‘‘ unlisining choʻziqlik belgisi, Oʻzbek tilida esa yumshoqlik belgisi yoʻqolgan. O‘‘R >OʻR>OR

2.                 Oʻr – Bir-biriga chirmashtir, esh. Sochini oʻrmoq. Qadimgi turkiy tilda ham shunday mazmunni bildirgan. Bu feʼlning unli tovushi asli yumshoq va choʻziq talaffuz qilingan. Oʻsha davrlardayoq choʻziqlik belgisi yoʻqolgan. O‘‘R>OʻR>OR.

Bunda uchinchi soʻz “Oʻr” shakldoshlik xususiyatiga ega. Uning hozirgi tilimizda oʻrmoq – eshmoq va oʻramoq – chirmashtirmoq maʼnolari bor. Misol uchun, sochini oʻrdi; koʻrpaga oʻrandi.

Hozirgi oʻzbek tilida oʻrmoq soʻzi yana bir oʻrinda omonimlik hosil qiladi: Bugʻdoyni oʻrmoq, bedani oʻrmoq. Demak, bu ikkala ifodaning “Oʻrda” soʻziga mutlaqo aloqasi yoʻq.

3.                 Oʻra – Maxsus qazilgan chuqurlik. “Kuzda bu oʻraga kartoshka va sabzilarni koʻmamiz”. Bu ot qadimgi turkiy tilda “Kovla” maʼnosini anglatgan. Or feʼlidan – u qoʻshimchasi bilan yasalgan. Keyinchalik U unlisi A ga, A unlisi oʻz navbatida A’‘ unlisiga almashgan. OR+U=ORU>ORA>ORA’‘

Izohli lugʻatda “Oʻr” soʻzi ikki xil maʼnoda izohlangan:

I.                  OʻR - 1. Jarlik, chuqurlik, oʻra; 2. Tepalik, balandlik. Oʻr tortmoq – Balandlikka yoʻnalmoq. “Olovni qancha alangalatsak, tutuni shuncha oʻrladi”; 3. Koʻchma: Yuqori, baland. “Birodarlar, oʻzbek eli oʻr keladi, Oʻzi oʻjar zoʻr keladi” (Togʻay Murod. “Ot kishnagan oqshom”).

II.               OʻR – Folklor. Oʻjar, johil. “Hali bu bola boʻsh boʻlsa ham, yomon oʻr bola ekan” (“Ravshan” dostonidan).

Endi esa biz “Oʻr” va “Oʻrda” soʻzlariga aloqador nomlarni koʻrib chiqamiz. Maʼlumki, Pokiston Islom Respublikasining rasmiy davlat tili urdu tili hisoblanadi. Urdu esa oʻz navbatida Hindistonda hukmdorlik qilgan Boburiy podshohlar va saroy aʼyonlari oʻzaro soʻzlashgan, asosan, musulmon aholi gapiradigan, kelib chiqishiga koʻra forschaga yaqin til. Turkiya mamlakatida “Oʻrxon” ismi keng tarqalgan. Bu ism qalʼadek mustahkam oʻsuvchi, yuksaluvchi degan maʼnoni anglatadi. Varianti – “Orxan”. Shuningdek, bu nomdagi joy ham bor – “Oʻrxun”. Orskmeseum.ru internet saytidan foydalangan holda Rossiya Federatsiyasida joylashgan Orenburg va Orsk shahri kabi joy nomlarini oʻrganib chiqdik: Orsk – Or daryosi boʻyidagi shahar. Orenburg – Markazi Orsk shahri boʻlgan Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. Or – Daryo. Turkiy tilda yuqori, baland maʼnosini beradi. Bundan maʼlum boʻladiki, Or daryosining mazmuni yuqoridagi daryo, balanddagi daryo boʻladi. Qozogʻistonda ham Ordabashi degan joy nomlari uchraydi. Bu atama elboshi, yurtboshi kabi oʻrdaning boshchisi maʼnosini bildiradi.

Demak, Oʻr soʻzining toʻrt xil maʼnosi bor ekan:

1. Yuqori, balandlik. “Osmonga tutun oʻrladi”;

2. Quyi, pastlik. “Oʻraga sichqon tushdi guldur-gup”.

3. Biror tolani oʻramoq, eshmoq. “Sochini oʻrdi”.

4. Biror oʻsimlikni poyasining osti qismidan qirqmoq, kesmoq: “Pichan oʻrdi”.

Shuningdek, uch xil tarixiy shakli bor:

1.Or;

2.Oʻr;

3.Ur.

Birinchi maʼnosiga Or (yuqoridagi daryo), Orenburg, Orsk shaharlarini, Oʻrxun manzilgohini, Oʻrxon ismini misol qila olamiz. Ikkinchi maʼnosiga esa Oʻratepani. Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, “Oʻrda” soʻzining kelib chiqishi “Oʻr” soʻziga borib taqaladi. Bunda “Oʻr” soʻzining faqatgina balandlik maʼnosini asos qilib olishimiz mumkin. Yaʼni “Ulugʻvorlik” maʼnosida. Bundan tashqari shakli oʻxshash soʻzlardan yana koʻplab misollar topishimiz mumkin. Ular quyidagilar:

1.Order (yuqori darajali vazifa);

2.Orden (yuqori darajali mukofot);

3.Organ (yuqori darajali tashkilot);

4.Orol (suvdan yuqoridagi yer);

5.Oriy (yuqori irq).

Oʻrxun va Oʻrxon atamalari negizida Rossiyaning Arxangelsk shahri nomi ham kelib chiqqanini taxmin qilish mumkin (darvoqe, turklar Oʻrxonni, Orxan deyishadi).

Uchinchi shaklda ham bir qancha nomlar mavjud degan fikrga kela olamiz. Ammo ularni aniq dalil-isbotlarsiz daʼvo qilish ham nooʻrin. Shunday boʻlsa-da, bu farazlarni oʻrtaga tashlashga qaror qildik. Ular quyidagilar:

1.Ur;

2.Uruk;

3.Urmiya;

4.Urartu;

5.Urumchi.

Anvar ESHNAZAROV