Shov-shuvlarga boy oʻtgan 46-Shaxmat olimpiadasining soʻnggi turida Oʻzbekiston terma jamoasi oʻyinini hindlarning mashhur YouTube kanallaridan biri orqali kuzatdim. Menga har doim “fidbek” (chetdagi munosabat)lar qiziq. Oʻzimiznikilarning fikri oldindan maʼlum: taxminan “yorib tashladik” qabilidagi gaplar. Rostini aytganda, bu safar bu gap sira mubolagʻa emas edi.
Ammo hindlarning reaksiyasini kuzatish butunlay boshqacha zavq ekan. Ularning shaxmat kanallari orqali xalqlar, xarakterlar va madaniyatlarning erkin toʻqnashuvini koʻrish mumkin. Oʻyin Samarqanddagi doskada kechdi, shavqi va vahimasi esa YouTubeʼda boʻldi, desam xato boʻlmaydi.
Masalaning hindlar uchun qanchalik hassos ekanini tushuntirib o‘tay. Oxirgi tur oldidan Oʻzbekiston 18, Hindiston 17 ochko bilan kelayotgan edi. Agar Hindiston oʻz uchrashuvini yutib, Oʻzbekiston esa durang oʻynasa, ochkolar tenglashib, chempionlik taqdiri qoʻshimcha koʻrsatkichlarga bogʻliq boʻlardi. Agar Oʻzbekiston magʻlub boʻlib, Hindiston yutsa, oltin medal toʻgʻridan-toʻgʻri hindlarga nasib etardi.
Shu sabab onlayn translyatsiyadagi kayfiyatni tasavvur qilavering. Oʻn minglab shaxmat muxlislari ekran qarshisida, chat bir soniya tinmaydi. Bir payt qarasam, hind muxlislari oʻz jamoasini qoʻllash bilan cheklanmay, Oʻzbekistonga qarshi oʻynayotgan afsonaviy ukrain grossmeysteri Vasiliy Ivanchukka ham chin dildan muxlislik qila boshlabdi.
Bu yoqda Javohir Sindorov odatdagidek xotirjam, hatto jilmayib oʻtiribdi. Narigi tomonda Ivanchuk sochlarini asabiy silaydi, doskaga tikiladi, najot yoʻlini qidiradi. Hindistonlik sharhlovchilar esa har bir yurishdan umid izlaydi. Shaxmat doskasi Samarqandda, Dehlida esa asablar tarang. Voy-dod!
Oʻzbek muxlislari kabi qiziqqon odamlar dunyoda kam boʻlsa kerak. Qarab tursam, biznikilar hind platformasida ingliz tilida hindlarga aqlli bosim oʻtkazyapti. Birorta noravo gap yoki fikr aytilsa, oʻsha zahoti oʻnlab oʻzbekcha familiyalardan “oʻyib-oʻyib” oladigan javoblar yozilyapti. Lekin har ikki tomon ham madaniyat bilan tortishyapti, kanal adminlari haddidan oshganlarni darhol bloklayapti, ogohlantiryapti.
Mana, hal qiluvchi onlar yaqinlashdi. Oʻyin taqdirini toʻrtinchi doskada Muhiddin Madaminov hal qildi: u Roman Dextyarovni magʻlub etib, jamoaga hal qiluvchi ochkoni olib berdi. Qolgan uch doskadagi duranglar bilan Oʻzbekiston Ukraina ustidan 2,5:1,5 hisobida gʻalaba qozondi va chempionlikni rasmiylashtirdi. Gʻalabadan umidvor boʻlib, yulduzli tarkibi bilan musobaqaga kelgan Hindiston jamoasi aʼzolari esa esankirab, maʼnosiz ravishda atrofga tikilib oʻtiribdi. Chunki tarkibida amaldagi jahon chempioni boʻlgan jamoa uchun bu alamli holat-da baribir. Qizigʻi deng, ular oʻzlari ham Oʻzbekiston-2 jamoasi bilan oʻyin oʻtkazayotib, bu manzarani kuzatarkan, goʻyo bizning gʻalabamizga muhtasham fon boʻlib xizmat qildilar.
Hindiston terma jamoasi ikki tur avval bizga magʻlub boʻlganida bu qadar tushkun emasdi. Oʻshanda yuzlarida hali oldinda uch tur bor va vaziyatni oʻnglab olishlariga ishonchni bildiruvchi sokin nimtabassum bor edi. Hozir esa ahvol oʻzgacha – oxirgi tur! Oʻzbek va hind shaxmatchilari birinchilik uchun bahslasharkan, bu maqomga hali yaqin ham kelolmagan AQSh, Ukraina, Germaniya, Xitoy singari kuchli maktab sohiblari “faol tomoshabin” boʻlib doskaga tikilib turardilar.
Magʻlublarning alamli nigohlariga dosh berish qiyin, gʻoliblarning nigohlariga termulish esa zavqli. Biz bugun gʻoliblar safida edik va buyuk maktab vakillarining surobini doskaning oʻzidayoq bitta-bitta toʻgʻirlab qoʻygan edik. Oʻyin tugar-tugamas amerikalik taniqli grosmeyster Hikaru Nakamura YouTubeʼda strim ochib, oʻzbeklarning partiyalarini sharhlay ketdi, mahallay media – biznikilar esa tushunganicha jarayonni olqishlab, yorita boshladi. Tarmoqlar portladi. Buning chinakam katta gʻalaba ekanini tushungan mutaxassislar hayajonini zoʻrgʻa bosib intervyu berishga tushdi.
Oʻyindan keyingi qisqa matbuot anjumanida oʻzbek shaxmatchilaridan oʻz ideali haqida soʻrashganida: “Rustam Qosimjonov tufayli shaxmatga kirib kelganmiz”, deya bir ovozdan javob berishdi. Shu tariqa afsona xalq qalbiga yana qaytdi. Qaytgandayam toʻrtta yangi afsona – shaxmat daholari bilan qaytdi. Federatsiyamiz rahbari, bosh vazir Abdulla Aripov yigitlarga medallarni topshirar ekan, birga suratga tushishni iltimos qildi. Shaxmat qirollari shoxsupadan pastga tushib, Federatsiya rahbari bilan esdalik uchun suratga tushdilar. Fotokameralar bu manzarani tarixga muhrladi. Federatsiya rahbarining oʻrinbosari – navqiron va mehnatkash Alisher Saʼdullayev shu yerdayam yana tashkiliy ishlarga bosh-qosh boʻlib turibdi.