Lotin alifbosiga asoslangan hozirgi yozuvimiz 1993-yil 2-sentabrda tasdiqlangan. Oʻtgan chorak asr davomida yangi alifbo borasida turli fikrlar bildirildi. Bugun ham ushbu mavzudagi muhokamalar ommaviy axborot vositalari, xususan, internetda bir koʻtarilib, bir pasayib turibdi. Biz bu borada matematik yondashuvga asoslangan mulohazalarimizni bayon qilishga jazm etdik. Zotan, xalq deydiki, maslahatli toʻy tarqamas.

Bir zamonlar ajdodlarimiz oʻz alifbolariga ega boʻlib, olis oʻtmishga oid yozuv namunalari ancha-muncha saqlanib qolgan. Qadimgi turkiy alifbo qachon ixtiro qilingani – hozircha nomaʼlum. Arxeologlar uni “Oʻrxun-Yenisey yozuvi” deb ham ataydilar. Uning yaratilish davri esa 500-yillar atrofi deb belgilanadi. Undan ham qadimiyroq davrlarda xorazmiylar va soʻgʻdlar (ular ham oʻzbeklarning ajdodi) oʻz yozuviga ega boʻlgan.

Oʻrta Osiyoda islom dini tarqalgach, arab alifbosi joriy boʻldi va IX-X asrlarga kelib, u barcha mahalliy yozuvlar oʻrnini deyarli egalladi.

Tabiiyki, arab alifbosi arab tili fonetikasiga asoslangan va arab tili grammatikasi bilan muvofiqlashgan. Chunonchi, bu alifboda oʻzbek tilida “z” deb oʻqiladigan toʻrtta, “s” deb oʻqiladigan uchta, “t” va “h” deb oʻqiladigan ikkitadan harf bor. Bu oʻzbek tili uchun ortiqcha boʻlsa, ayni choqda, tilimizga xos boʻlgan bir necha tovush uchun arab alifbosida maxsus harflar mavjud emas.

Demak, arab alifbosi oʻzbek tiliga muvofiq emas. Shunga qaramasdan, salkam bir yarim ming yil (!) davomida ota-bobolarimiz bu alifbodan bemalol foydalanib kelgan, hujjatlar, yozishmalar bitilgan. Alisher Navoiy aynan shu alifboda oʻzbek tilining butun boyligi va nafosatini dunyoga koʻz-koʻz qilgan.

Qiziq holat: arab alifbosi oʻzbek tili fonetikasiga mos boʻlmasa ham, to XIX asrgacha biror yozarman uning noqisligidan shikoyat qilmagan. Bu bejiz emas. Jahon tajribasi kuzatilsa, alifboning tilga nomuvofiqligi keng tarqalgan hodisa ekaniga guvoh boʻlamiz. Ayniqsa, lotin alifbosida atigi 26 ta harf boʻlib, u bugun shu yozuvni qoʻllayotgan dunyodagi biror xalq tiliga toʻla mos emas. Misol uchun, ingliz tilida rasman 44 ta, olmon tilida 43 ta, fransuz tilida 50 dan ziyod tovush bor va ularni atigi 26 ta lotin harfi vositasida ifodalashga toʻgʻri keladi (24 ta desa ham boʻladi: “x” va “s” ortiqcha harflardir). Hatto lotin tilining vorisi boʻlgan italyan tili alifbosi ham lotincha bilan ustma-ust tushmaydi.

Xulosa: alifbo tilga qay darajada muvofiq yo nomuvofiqligi undan voz kechish yoki qoʻshimcha harf qoʻshish, ortiqchalari boʻlsa, chiqarish, yaʼni alifboni albatta isloh qilish kerak, degan hukmga asos boʻla olmaydi.

Agar biz VIII asrdan buyon ajdodlarimiz qoʻllab kelgan arab alifbosiga asoslangan yozuvni saqlaganimizda, savodxonlik darajasiga taʼsir qilmas edi. Arab alifbosida oʻqib-yozishni oʻrgangan kishi uchun xorijiy tilni oʻrganish maqsadida lotin va kirill alifbolarini oʻzlashtirish mashaqqat tugʻdirmas ham edi.

Ushbu mulohazalar mushtariyda “Arab alifbosiga qaytishni targʻib qilmoqchimisiz? Bu alifboning lotin yoki kirillga nisbatan noqulayligi ochiq-oydin fakt emasmi?” qabilida eʼtiroz uygʻotishi mumkin. Yoʻq, maqsadimiz arab yozuviga targʻib emas, balki alifbo masalasida atroflicha mulohaza yuritish. Aslida “arab alifbosi – qiyin, noqulay” degan iddao toʻgʻri emas. Hozirgacha nafaqat arab mamlakatlari, balki Pokiston, Eron, Afgʻoniston, XXRning Sinszyan-Uygʻur avtonom rayoni va qisman Hindistonda arab alifbosidan foydalanib kelinmoqda.

Soʻzsiz, arab yozuvi milliy alifbomiz nuqtai nazaridan bugun oʻz dolzarbligini yoʻqotgan. Hali arab alifbosida savodxonlik keng tarqalgan bir davrdaki lotinchaga oʻtilgan ekan, bugun endi bu haqda soʻz yuritishning maʼnosi yoʻq.

Sirasi, XX asr oʻzbek alifbosi uchun islohotlar asriga aylandi – bir asr davomida alifbomiz uch marta almashtirildi, undan ham koʻproq marta “tuzatildi”! Mana, oʻsha islohotlar:

I. Oʻzbek tilida gazeta va jurnallar bosila boshlashi bilan arab alifbosini isloh qilishga kirishildi. Maʼrifatparvarlardan biri Elbek alifbodan arab tiliga xos boʻlgan 9 harfni chiqarib, 24 harfli alifbodan foydalanishni taklif etgan (qolaversa, arab alifbosida yoʻq, ammo Navoiy davrida qoʻllangan “ch”, “p”, “g” qatorida “ng” uchun alohida harf qoʻshilgan (q.: Jamolxonov H., Umarov A. Oʻzbek yozuvining XX asr tarixi. Toshkent, Alisher Navoiy nomidagi OʻzMK nashriyoti, 2017. 29-bet. Bundan keyingi oʻrinlarda shu manbadan olingan havolalarning faqat sahifasi koʻrsatiladi).

Shundan soʻng matbuotda alifbo va imlo masalasida jangi jadalni eslatadigan qizgʻin muhokama boshlangan. 1920-yili alifbo va imlo islohotini amalga oshirish uchun maxsus kengash tuzilgan. Kengash 1921-yil 5-yanvarda 6 ta unli va 23 ta undoshdan iborat alifboga oʻtish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi (68-bet). Oʻzbek alifbosidan “f” harfi chiqarib tashlanadi.

II. Ammo alifbo ustidagi bahs toʻxtamagan. Shu bois 1921-yil yanvarda maxsus qurultoy chaqirilgan. Mashvarat ahli Fitrat taklifini yoqlab, “oʻzbek tilida 23 undosh va 6 unli bor” degan toʻxtamga kelgan. Bu alifboda endi “f” va “ng” tovushlari alohida harflar bilan aks etgan (100-101-betlar).  Ayni islohotning sababi ikkita edi: birinchisi – maktablarda alifboni oʻrganish muddatini qisqartirish, savod chiqarishni yengillashtirish; ikkinchisi – bosma yozuvni osonlashtirish, yaʼni matbaada litografiyadan tipografiyaga oʻtish. Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar” romani aynan shu alifboda bosilgan edi. Qurultoy qaroridan soʻng bahslar birmuncha susaygan, ammo baribir toʻxtamagan.

III. Turkiy xalqlar tili va adabiyoti, jumladan, alifbo masalasi 1926-yil aprelda Bokuda chaqirilgan turkologiya qurultoyining kun tartibiga “Turk millatlari alifbosining islohoti” mavzusi bilan kiritilgan. Bu davrga kelib arab alifbosidan lotin alifbosiga oʻtish tarafdorlari toʻliq ustunlikka erishgan edi. Shuning uchun bahs alifbo qanday harflardan tashkil topishi masalasi ustida borgan. Qurultoyda barcha turkiy xalqlar uchun yagona alifbo tavsiya etilgan. Unda singarmonizm toʻliq aks etgan, jumladan, keng (yoʻgʻon, tiloldi, oldingi qator) va tor (ingichka, tilorqa, keyingi qator) “u” va “o‘” tovushlari uchun alohida harflar koʻzda tutilgan. Tavsiya 1926-yil may oyida Samarqandda oʻtkazilgan maxsus konferensiyada maʼqullangan.

Nafsilamrini aytganda, bu konferensiyada qabul qilingan oʻzbek alifbosi ancha mukammal edi, jumladan, unda barcha turkiy xalqlar lisonida mavjud va oʻzbek tiliga ham xos boʻlgan singarmonizm inobatga olingan. Agar uning amaliyotga tatbiqi davom etganda, oʻzbek tili imlosi va uni oʻqitish butunlay izga tushib ketgan, alifbo ustidagi keyingi bahslarga oʻrin qolmagan boʻlar edi.

IV. Ammo tarix hukmi oʻzgacha boʻldi. Alifbo ustida bahs davom etdi – endi u “oʻzbek tilida singarmonizm bormi yoki yoʻqmi?” degan mavzuga koʻchadi. Elbek yetakchilik qilgan bir taraf “singarmonizm oʻzbek tilining tub sifati, uning birdan-bir bezagi, demak, u yuz foiz saqlanishi kerak” degan pozitsiyada turadi (210-bet). Elbek hatto unlilar sonini 12 taga yetkazishni ham taklif qiladi. Boshqa bir guruh bunga qarshi edi. Shoir Botu “oʻzbek tiliga singarmonizm xos emas” degan fikrni yoqlaydi. Ayniqsa, oʻzbek tili alifbosi, imlosi va grammatikasini imkon qadar joʻnlashtirish tarafdori boʻlgan tilshunos Yevgeniy Polivanov bu yoʻnalishda qaltis iddaolar bilan yoʻgʻrilgan chiqish qiladi (“Pravda Vostoka”, 1928-yil 22-oktabr). Natijada bahs siyosiy tus olib, singarmonizm taqdiri qarshi tomon foydasiga hal boʻladi.

1929-yil mayda Samarqandda alifboga bagʻishlangan plenum oʻtkazilib, toʻqqiz unlilikdan olti unlili yozuvga oʻtildi, “ng” tovushi uchun kiritilgan maxsus harf olib tashlandi. Shu davrdan singarmonizm oʻzbek alifbosiga begonalashdi. Xususan, oʻzbek tilida bittadan “u” va “o‘” tovushi bor, degan tezis ustuvor boʻlib kelmoqda. Vaholanki, un (bugʻdoy uni) va un (unib-oʻs), boʻl (ehtiyot boʻl) va boʻl (ikkiga boʻl) soʻzlarida unlilar aynan bir xil emas. Alisher Navoiy “Muhokamat ul-lugʻatayn” asarida oʻzbek tiliga  unlilar xilma-xilligi xos ekanligini qayd etgan edi: “Va turkiy alfozda bu maʼruf, majhul harakat (yaʼni yozuvda aks etishi ham, etmasligi ham mumkin boʻlgan unlilar) toʻrt nav’ topilur: ham “voviy”si, ham “yoyiy”si (“vov” va “yo” harflari bilan yoziladigan, ammo turlicha talaffuz qilinadigan tovushlar toʻrt xildan)... toʻrki domdur, yana toʻrki, andin daqiqroqdurki, qush oʻlturur yigʻochdir (yaʼni, Navoiy davrida qush tutadigan toʻr keng “o‘” bilan, uchayotgan qushni urib tushiradigan uchi sershox tayoq oʻrtacha kenglikdagi “o‘” bilan aytilgan) va toʻrki, andin daqiqroqdur: uyning toʻridur va toʻrki, barchadin ariqdur (eng ingichkadir): toʻrlugni yo eshikni toʻrmak uydur”.

Demak, Alisher Navoiy oʻzbek tilida toʻrttadan “o‘” va “i” tovushi bor deb hisoblagan. U oʻz ona tilidagi bunday koʻpunlilikni iftixor bilan zikr etgan.

Ha, hazrat taʼkidlaganidek, tovushlarning xilma-xilligi – til boyligidir.

Dunyoning barcha tillarida talaffuzi bir-biriga yaqin tovushlar mavjud boʻlib, bu hol ana shu til fonetikasida qayd etiladi. Alifbo va imloning vazifasi – tovushlarni yozuvda aks ettirishdan iborat. Arab yozuvida bu prinsip amaliyoti yuqorida “z”ga oʻxshash tovushlar misolida qayd etildi. Rus tilida har bir undosh ikki xil – qattiq va yumshoq talaffuz etilishi mumkin. Holbuki, shu omil sababli maʼnosi farqlanadigan soʻzlar (угол – уголь kabi) koʻp emas. Boshqa hollarda yumshoqni qattiq aytish chalkashlik tugʻdirmaydi: большойни болшой, тень emas тен deyilsa yanglish tushunilmaydi. Shunga qaramay, rus alifbosiga yumshoqlikni koʻrsatuvchi maxsus belgi kiritilgan.

Bular nisbatan soddaroq misollar. Venger alifbosi 44 ta belgili, jumladan “o‘” ga yaqin tovushlar uchun “o”, “ó”, “ö”, “ő” harflari qabul qilingan. Tay alifbosi esa 44 ta undosh va 28 ta (!) unlidan iborat, unlilarning tonini (ohangini) farqlash uchun 4 ta diakritik belgidan ham foydalaniladi.

Bizda alifbo tarkibi masalasida aks yondashuv hukmron boʻlib kelmoqda: keng va tor unlilar har xil fonema emas, portlovchi va sirgʻaluvchi “j” uchun ikkita harf shart emas, “ng” tovushi uchun alohida harfga hojat yoʻq, “’”, “ng‘” degan tovushlar yoʻq va hokazo. Porso Shamsiyev va Sobirjon Ibrohimovning “Navoiy asarlari lugʻati”da, “oʻt” soʻzining uch xil talaffuzini bildirish uchun transkripsiyaga murojaat etishga majbur boʻlishgan. Haqiqatan, mumtoz adabiyotda qoʻllangan, ammo hozir istifodadan chiqqan soʻzni bugungi oʻquvchi qanday talaffuz qilishni nimaga qarab aniqlaydi? Xorijlik odam oʻzbek tilini hozirgi alifbo boʻyicha oʻrgansa, keng va tor “o‘” tovushlarini toʻgʻri talaffuz qilishni qanday oʻrganadi? Axir, til oʻrganishda yozuvning ahamiyati kattaligi ayon-ku.

Alhol, 1929-yili amalga oshirilgan islohot sof mafkuraviy maqsadga – oʻzbek yozuvini kambagʻallashtirish hamda oʻzbek tilini boshqa turkiy xalqlar yozuvi va tilidan ham, mumtoz adabiyot tilidan ham uzoqlashtirishga qaratilgan edi.

Xulosa: alifbo qanday boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzbek tilining tovushlar tizimi fonetikada toʻliq aks etishi lozim.

V. 1940-yili oʻzbek alifbosini toʻmtoqlashtirish yoʻlida yana bir qadam qoʻyildi – kirill alifbosiga asoslangan yozuv joriy etildi. Bir tomondan, unga oʻzbek tiliga mutlaqo yot boʻlgan “ts” harfi, “ь” belgisi, oʻzbek tili nuqtayi nazaridan ortiqcha “yo”, “ya”, “yu” harflari, qoʻllanishi sunʼiy boʻlgan “ye” harfi kiritildi, ikkinchi tomondan esa, eski oʻzbek yozuvi uchun zarur ‘ (apostrof) qoʻshildi.

VI. 1956-yili kirilldagi alifboga “tuzatish” kiritildi – apostrof oʻzbek tilini ancha milliylashtirayotgandek tuyulgan boʻlsa kerak, uning oʻrniga “ъ” harfi kiritildi. Bu-ku, mayli. Ammo bu harf soʻz oxirida kelsa, yozilmaydigan boʻldi. Misol uchun, manba’ oʻrniga manba’ emas, manba. Buning oqibatida oʻzbek yozuvi mumtoz oʻzbek adabiyotidan yanada uzoqlashdi. Misol tariqasida “Lison ut-tayr” dostonidan quyidagi baytlarni olaylik:

To fuzuli oʻrgatib ul jamʼni,

Koʻzungizdin yoshurub ul shamʼni...

Kimsaga avvalgʻi ham mamnuʼdur,

Odamiydin soʻnggi gʻam matmuʼdur.

Doston aruz vaznining 11 hijoli ramali musaddasi mahzuf vaznida yozilgan (qolipi: foilotun foilotun foilun). Soʻz oxirida “’” yozilmasa, har bir misra 10 hijoli boʻlib qoladi, “’” tovushini (ayn) talaffuz qilmay, baytlarni vaznga solib oʻqib boʻlmaydi. Shuning uchun oʻzbek mumtoz adabiyoti vakillari asarlarining nashrlarida soʻz oxirida “’” harfi yozilmoqda. Bu hol imloga zid, ammo toʻgʻri. Oʻz-oʻzidan savol tugʻiladi: imlo tuzganlar nohaqmi yo noshirlar?

Boshqa hollarda “’”ni qoʻllash cheklangan. Bugun endi taassuf bilan aytishga majburmiz: xalqimizni mumtoz adabiyotdan uzoqlashtirishga intilgan islohotchilar deyarli niyatiga yetdi.

VII. 1993-yili yana lotin yozuviga qaytildi. U qisman 1929-yilgi alifboga yaqin edi. Xususan, “ng” tovushi uchun “ñ”, hatto sirgʻaluvchi “j” uchun “ɉ”, “s” uchun “s” harflari hamda diakritik belgi (‘) joriy etilgan. Shu bilan birga keng va tor “o‘” tovushlari “o” va “õ” harflari bilan farqlangani holda, keng va tor “u” tovushlari uchun bir harf olingan.

VIII. Oradan hech qancha oʻtmay yangi alifboni ham tuzatishga majbur boʻldik – “q” tovushi uchun harflar “Q”, “Q” shaklida boʻlib qolgan ekan, Q, q tarzida toʻgʻrilandi. (Alifboni gazetada eʼlon qilishda bosmaxona xodimlari kichik Q harfini qayerdan topgani ajablanarli – hatto eng zamonaviy kompyuterning mingdan ziyod harf shakllari zaxirasida bunday harf yoʻq.)

IX. 1995-yili lotin alifbosi keskin oʻzgartirildi: “s”, “ɉ” va “õ” harflari olib tashlanib, “ҫ”, “ş”, “ñ” harflari “ch”, “sh”, “ng” juftliklari (digraflar) bilan almashtirildi. Bu alifboning birgina afzallik tomoni – u kompyuter klaviaturasiga toʻliq moslashtirilgan edi. Bugungi gajetlar (qoʻl telefoni, planshet va hokazo) zamonida bu afzallikning ahamiyati yanada kuchaydi (“ҫ”, “ş” belgilariga qaytishni taklif qilayotganlar bu jihatni oʻylab ham koʻrmayotgan boʻlsa kerak).

Achchiq, ammo inkor qilib boʻlmas xulosa: XX asrdagi alifbo islohotlarining hammasi puxta va atroflicha oʻylanmasdan, ayrim hollarda hatto shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan.

Yana bir noxushroq xulosa: barcha talablarga javob beradigan benuqson alifbo boʻlishi mumkin emas.

Shuning uchun, “alifboni unday qilish kerak, bunday qilish kerak” deya taklif tashlayverish durust emas. Bizningcha, joriy alifboni yangisiga almashtirish, keskin oʻzgartirish mutlaqo yaramaydi, yarashmaydi ham.    

Bugun ommaviy axborot vositalari va turli davralarda yana alifbo xususida bahslar yuzaga chiqa boshladi. Buning bir sababi – yangi alifboga oʻtish davri choʻzilib ketgani boʻlsa, ikkinchisi – bu alifboga hamon bir qator kamchiliklar xos boʻlib qolayotganidir. Ulardan bir nechasini zikr etaylik.

Yangi alifboga ham ’ (apostrof – tutuq belgisi), ham ‘ (diakritik belgi) kiritilgani chalkashlik keltirib chiqarmoqda. Kompyuterda har ikki belgi koʻpincha ˊ yoki ˋ tarzida yoziladiki, bu imlo buzilishini odat tusiga aylantiradi. Boshqa tomondan, apostrofning ikki xil shakli kompyuterdagi ayrim shriftlardagina mavjud boʻlib, imloga qatʼiy amal qilish lozim hollarda boshqa shriftdan topib qoʻyishga toʻgʻri keladi.

Shuningdek, bu belgilar bir soʻzni bir necha boʻlakka boʻlib qoʻyishi ham matn koʻrinishini buzadi. Misol uchun qoʻrgʻon soʻzi “qoˋrgˋon” tarzida yozilishi – odatiy hol. Agar bunday soʻz qoʻshtirnoqqa olingan jumlaning oxirida kelsa, tirnoqlar qatorlashadi: “Bu tizmaning nomi “Qoratogˊ”.

Sof turkiy “ᶇ” tovushining ham “baxti ochilmayapti”. Uni “ng” va “ng” tarzida yozish oqibatida hamda rus va tojik tillari taʼsirida si-ngil, ko‘-ngil, kitobi-ngiz, oʻtiri-ngiz kabi soʻzlar sin-gil, koʻn-gil, kitobin-giz, oʻtirin-giz tarzida xato talaffuz etilmoqda. Holatni quyidagi bayt bilan qiyoslaylik:

Meni shaydo qiladurgʻon bu koʻnguldur, bu koʻngul,

Xor-u rasvo qiladurgʻon bu koʻnguldur, bu koʻngul.

Ushbu misralarni oʻqiganda koʻn-gil-dir, koʻn-gil deb talaffuz qilish Mavlono Lutfiy kabi ajdodlarimiz ruhini chirqiratishiga shubha yoʻq.

Xulosa: agar alifbo yana isloh qilinadigan boʻlsa, bu safar juda-juda puxta oʻylanishi kerak; yetarlicha mukammal variant topilmaguncha izlanish va bahslarni davom ettirish lozim.

Xususan, “Alifbo qanday harflardan tarkib topishi kerak?” degan masaladan avval “Milliy alifbomiz qanday prinsiplar asosiga qurilgani maʼqul?” degan savolni qoʻyish kerak. Afsuski, hozirgacha qilingan islohotlarda masalaning bu tomoniga jiddiy eʼtibor berilmagan. Holbuki, prinsiplar turlicha boʻlishi mumkin.

Prinsiplardan biri – alifboni imkon qadar soddalashtirish. Biz uni minimalizm deb ataymiz. Bunda imlo ham shu qadar soddalashadi. Aynan shu prinsipga muvofiq keng “u”, “o‘” unlilari ham, ularning tor variantlari ham bir harf bilan yozilmoqda, “ng” tovushiga alohida harfni qizgʻanish tagida ham aslida shu prinsip yotadi. Minimalizmning yana bir oqibati – portlovchi “j” (jajji, joʻja soʻzlaridagi) va sirgʻaluvchi “j” (ajdar, jurnal soʻzlaridagi) tovushlarining, talaffuzida yer bilan osmoncha farq boʻlishiga qaramay, bitta harf bilan belgilanishi.

Minimalizm tarafdorlari “x” va “h” tovushlari uchun bir harf kifoya, deb hisoblaydi. 

Bunda bu ikki harf imlosi qiyin ekani roʻkach qilinadi. Holbuki, kirill alifbosiga oʻtilganda bu ikki tovush uchun oʻxshash harf tanlangani oqibatida ularni chalkashtirish holati vujudga kelgan. Bugungi alifboda “x” va “h” shakllari qabul qilingani buning oldini olishiga shubha yoʻq.

Agar minimalizm prinsipi asos qilib olinsa, alifbomiz uchun 20 tacha harf ham kifoya qilar edi. Arab alifbosi qoʻllangan davrda shunday boʻlgan – unlilar atigi uch harf bilan, “k” va “g”, “j” va “ch”, “b” va “p” tovush juftliklari bittadan harf bilan yozilgan. Shunga qaramay, ota-bobolarimiz matnni oʻqiganda chalkashtirmagan, chunki savodli odam matnni harfma-harf oʻqimaydi, kontekstga qarab toʻgʻri oʻqib ketaveradi.

“Minimalizmda ham meʼyor lozim-da”, deyishingiz mumkin. Toʻgʻri, ammo qayerda oʻsha meʼyor? Nima uchun bir holda minimalizm meʼyorga muvofiq boʻladi-yu, shunga oʻxshash boshqa holda meʼyorga sigʻmaydi?

Meʼyorni ham topdik, deylik. Ammo baribir minimalizm alifboga toʻgʻri yondashuv emas. Bundan ikki yilcha muqaddam doʻstlarimdan biri xitoylik mehmonlar bilan uchrashuvga taklif qilib qoldi. Ularga bir oʻzbek yigiti tarjimon sifatida hamrohlik qilayotgan ekan – u xitoy tilida ravon soʻzlashar edi. Men oʻzimcha uni sinamoqchi boʻlib “Nechta iyeroglif oʻzlashtirdingiz?” deb soʻradim. Uning javobi hayratomuz boʻldi: “Sakkiz mingtaga boradi”. Axir, oliy maʼlumotli xitoylik kundalik amaliyotida 5000 tacha iyeroglif qoʻllaydi, xolos-da. Jami iyerogliflar soni esa 80 000 tadan ziyod. Bu holat minimalizm prinsipini butunlay inkor qiladi – savod chiqarish uchun xitoyliklar kamida mingta iyeroglifni oʻrganishi shart. Yaponlarda ham shunday. Fransuzlar lotin alifbosini 10 ta qoʻshimcha harf bilan kengaytirganlar, masalan, “ye” dan tashqari è, é, ê harflari, œ kabi belgi ham ishlatiladi, yana 20 tacha “sn”, “um”, “sch” kabi bir necha harfli birikma ham alohida harf vazifasini oʻtaydi.

Minimalizm tarafdorlari “talaffuzi bir-biriga yaqin tovushlarni alohida harf yoki harf birikmalari bilan yozish imloni murakkablashtiradi” deya iddao qiladi.

Minimalizm prinsipi tarafdorlarining katta qismi ingliz tilini yaxshi biladi, bilmaganlari ham maʼlum darajada xabardor. Axir, bugungi kunda u millatlararo soʻzlashuv tiliga aylangan. Holbuki, ingliz tilida rasman 44 ta tovush farqlanadi. Ular orasida oʻzbek tilidagi “a”, “o” tovushlariga yaqin 5 ta tovush bor. 44 tovushning 26 ta lotin harfi vositasida yozilishi ingliz tilini oʻrganishni nihoyatda murakkablashtiradi. Ammo shunga qaramay bugun butun dunyo ingliz tilini oʻrganmoqda, inglizcha soʻzlamoqda. Aniq va tabiiy fanlarda-ku ilmiy maqola yozish 90 foiz ushbu tilga oʻtib boʻlgan. Ayni vaqtda xalqaro miqyosda katta-kichik biznes bilan shugʻullanayotgan kishilar ham inglizchani oʻrganib, shartnomalar tuzmoqda. Alifbo sababidan imlosi va orfoepiyasi oʻta murakkab boʻlganiga qaramay, ingliz tili millatlararo soʻzlashuv vositasiga aylangan va aynan shu maqsadda ixtiro qilingan esperanto tilini yerga koʻmib boʻldi. Holbuki, esperanto oʻta sodda alifbo, undan ham soddaroq imlo va grammatika bilan yasalgan edi...

Xulosa: alifbo imkon qadar sodda boʻlishi kerak, degan fikr uchun obyektiv asos yoʻq.

Qolaversa, hech bir savodli odam hayoti davomida amaldagi alifboga kirgan katta-kichik 60 tacha harfni oʻrganish bilan cheklana olmaydi: bu harflarning qoʻlda yoziladigan shakllari (turli kishilarda turlicha), tinish belgilari, raqamlar va bir qancha matematik belgilar, yoʻl harakati belgilari, sxema va diagrammalarda qoʻllanadigan belgilar va shu kabi minglab yozuv unsurlaridan foydalanadi.

Shu oʻrinda yana bir muhim mulohaza bor. Soddalikka intilish har doim ham ijobiy hodisa boʻlavermaydi. Xususan, alifboda minimalizmning ijobiy tomoni bilan bir qatorda salbiy jihati ham yoʻq emas.

Hozirgi zamon psixologiyasi va neyrofiziologiyasida qiyin narsalarni oʻrganishga intilish miyani charxlashi, ayniqsa, bolalarning aqliy qobiliyati va tafakkurini oʻstirish vositasi ekani isbotlangan. Bugungi kunda toʻrt-besh yoshli bolalar bir necha tilda baravar soʻzlash, oʻqish va yozishni bemalol oʻrganayotgani hamda bunday bolalar bitta tilda soʻzlashib voyaga yetayotgan tengdoshlaridan jadalroq rivojlanayotganini kuzatish mumkin.

Odam qancha koʻp belgidan foydalansa, u oʻz fikrini shu qadar aniqroq, injaroq ifoda etish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu, hech shubhasiz, alifbodagi belgilar soniga bevosita taalluqli. Hatto alifbo qancha murakkab boʻlsa, taʼlim oluvchilarning intellektual salohiyati shuncha oshadi.

Xulosa: “Alifbo imkon qadar sodda va qulay boʻlishi kerak”, degan prinsip durust emas, hatto zararlidir.

Minimalizmning aksi – alifbo ogʻzaki nutqni imkon qadar toʻkis aks ettirmogʻi lozim, degan yondashuv. Biz buni maksimalizm deb ataymiz. Mazkur prinsipning asosiy ijobiy jihatlari: birinchidan, oʻquvchilarni adabiy til meʼyorlariga muvofiq soʻzlashga oʻrgatish uchun qulay; ikkinchidan, boshqa tilda soʻzlashuvchilar uchun oʻzbek tilida toʻgʻri soʻzlashga oʻrganishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Misol uchun, ingliz tilidagi tovushlar 44 ta deb olinmaganida, bu tilda soʻzlashni oʻrganish ancha qiyin boʻlar edi.

Tabiiyki, maksimalizm imloning murakkablashuvini talab etadi. Biz boya bundan choʻchimaslik kerak, dedik. Arab, ingliz, fransuz va olmon alifbolari qisman shu prinsip asosida tuzilgan.

Bizda maksimalizm tarafdorlari koʻp emas, tilshunos olimlarning bir qismigina ushbu prinsipni yoqlaydi. Alifbo islohotida bu toifaga mansub olimlarning fikri albatta tinglanishi kerak. Soʻnggi davrda maksimalizm prinsipiga qarshi yana bir omil vujudga keldi – informatsion texnologiyalar asri boshlandi. Endi yoppasiga matnni kompyuterda terish, bosma mahsulotlarni ham kompyuterlashgan poligrafiya uskunalarida chop etishga oʻtildi. Albatta, bugun kompyuterga yuzlab harfli alifbolar, minglab turdagi shriftlar, oʻn minglab iyerogliflar, yuz minglab maxsus belgilar zaxirasi joylangan. Mana, muallif kompyuteridagi “a” harfi modifikatsiyalarining ayrimlari: à, á, â, ã, ä, å, æ, ā, ă, ą, ǡ, ȁ, ȃ, ȧ, ά, ᶏ, ḁ, ẚ, ả. Bu harflar dunyoning qaysidir bir oʻlkasida maksimalizm prinsipi asosida tuzilgan milliy alifbolarda qoʻllanadiki, kompyuterga joylangan. Bir qarashda, maksimalistlar uchun ayni muddao – nutqda istalgancha tovush, hatto tovush tovlanishlari ham alohida harf bilan ifodalanadi.

Muhtaram oʻquvchida “Demak, oʻzbek alifbosini ham maksimalizm prinsipiga muvofiq tuzsa boʻlar ekan-da? Axir, oʻzbek tilida minimalistlar oʻylaganidek, tovushlar 30 tacha emas, balki 40 dan ziyod – agar choʻziq unlilar qisqa unlilardan farqlansa, yana kamida 6 ta tovush qoʻshiladi”, degan fikr tugʻilishi mumkin. Shundaylikka-shunday-ku, ammo tanganing ikkinchi tomoni ham bor-da – standart klaviaturaning lotincha rejimi 26 ta harf bilan ishlaydi. Albatta, klaviaturani murakkab alifboga moslashtirish mumkin, buning uchun yo hozirgiga nisbatan tugmalari koʻproq klaviatura ishlab chiqarish yoki bitta harfni terish uchun ikki-uch tugmani bosish kerak boʻladi. Mobil telefonlarda esa bundan ham koʻproq amal bajarishga toʻgʻri keladi. Alifboda harf va belgi qancha koʻp boʻlsa, matnni terish shuncha koʻp vaqt talab etadi, tasodifiy xatolarning koʻpayishiga sabab boʻladi, klaviaturada ishlash malakasini hosil qilish muddati sezilarli darajada choʻziladi.

Xulosa: maksimalizm prinsipi bilan alifbo tuzish – axborot texnologiyalari tendensiyasiga zid.

Yana bir tabiiy prinsip – minimalizm va maksimalizm oʻrtasidagi moʻtadil yondashuvdir. XX asrdagi islohotlar ana shu yondashuvga asoslangan edi, deyish mumkin: bir tomondan, oʻzbek tilidagi bir necha tovush uchun alohida harf qabul qilinmagan, ikkinchi tomondan, lotin yoki kirill alifbolari bilan cheklanmay, maxsus harflar kiritilgan.

Bir qarashda, moʻtadil yondashuv eng muqobil boʻlib tuyuladi. Ammo avval alifboni qabul qilib, koʻp oʻtmay uni tuzatishga toʻgʻri kelgani moʻtadil yondashuv ham ushbu muammoni hal etolmasligini koʻrsatadi. Gap shundaki, moʻtadil yondashuv bilan tuzilgan alifbo maksimalizm va minimalizm prinsiplarining ijobiy tomonlari bilan bir qatorda kamchiliklarini ham oʻzida jamlaydi. Natijada minimalistlar alifboni “imloni qiyinlashtiradi” deya tanqid qilsa, maksimalistlar “nutqni toʻgʻri aks ettirmaydi” deydi. Bunda har ikki tomonning tanqidi uchun asos mavjud boʻladi.

Xulosa: oʻzbek alifbosi masalasida boshqa yondashuvlarga murojaat etish, hatto yangi prinsiplar izlash lozim.

Xoʻsh, alifbo masalasida yana qanaqa prinsip boʻlishi mumkin?

Qarangki, boʻlar ekan. Masalan, koreys alifbosi. To XV asrgacha koreyslar xitoy iyerogliflaridan foydalangan. 1446-yilda bir guruh koreys olimlari iyeroglifga oʻxshash, ammo unga qaraganda ancha qulay alifbo ishlab chiqib, eʼlon qilishgan. Unda tovushlarni ifodalovchi harflar 2, 3 yoki 4 tadan 2-2 kvadrat kataklarga yozilib, boʻgʻin tashkil etadi. Boʻgʻinlar esa chapdan oʻng tomon yozilib, soʻzlar hosil boʻladi.

Bu misol bilan biz, oʻz alifbomizga shunday prinsipni asos qilib olish kerak, demoqchi emasmiz. Qolaversa, oʻzbek tili sintetik tillar guruhiga, koreys (xitoy, vetnam) tili esa analitik tillar guruhiga mansub boʻlib, biri uchun yaroqli prinsip ikkinchisiga u qadar tushmaydi. Bu misolni keltirishdan maqsad – original yondashuvlar ham boʻlishi mumkinligini taʼkidlash, xolos.

Izlanganga tole – yor, deydilar-ku, nima qilib boʻlsa ham, imkon qadar mukammal alifbo yaratishimiz shart.

Shuncha ogʻzimiz kuygani yetar, axir!

Bugun dunyoda Oʻzbekistonga qiziqish kuchaymoqda, davlatimiz rahbarining saʼy-harakati bilan mamlakatimizning xorijiy aloqalari jadal surʼat bilan oʻsmoqda. Bu, tabiiyki, oʻzbek tiliga boʻlgan qiziqishni kuchaytiradi, oʻzbek tilini oʻrganuvchi xorijliklar soni oshadi. Eng muhimi, bu jarayon yillar oʻtgan sayin kuchayib boradi. Biz alifbo islohoti toʻgʻrisida oʻylaganimizda, izlanganimizda, bu omilni ham nazarda tutishimiz lozim. Toki tilimiz bilan tanishgan kishi uning boyligini koʻrsin, milliy alifbomiz naqadar puxta va mukammal tuzilganiga amin boʻlsin.

Unutmaylikki, alifboning mukammalligi – millat intellektual salohiyatining koʻzgusidir.

Bu boradagi izlanishlarga turtki berish maqsadida yana bir prinsipni ilgari surmoqchimiz. Fikrimizcha, aynan shu prinsip eng muqobil alifboga asos boʻla oladi, chunki u minimalizmning ham, maksimalizmning ham talablariga javob beradi.  

Bunda koʻp sathli alifbo nazarda tutilmoqda. Avval bu xil alifbo namunalari bilan tanishaylik. Bizga juda yaxshi tanish misol – uch sathli arab yozuvidir. Birinchi sath – 28 asosiy alifbo va ﻋ belgisidan iborat. Bu sath alifbosida gazeta va jurnal, yengil badiiy adabiyot chop etiladi, kundalik yozishmalar va ish qogʻozlari yuritiladi. Unda qisqa unlilar yozilmaydi.

Ikkinchi sathda alifbo qisqa unlilar, tanvinlar, tashdid, hamza belgilari bilan kengaytiriladi. Undan lugʻat, darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy asarlarda istifoda qilinadi.

Uchinchi sath – Qurʼoni karim nashrlarida qoʻllanayotgan alifbodir. Unga oyatlarni toʻgʻri tilovat qilishga yordam beruvchi yana 10 dan ziyod tajvid belgisi kiritilgan.

Ikkinchi misol – rus alifbosi. Uni ham uch sathli deyish mumkin. Birinchi sathda matn rus alifbosining 32 harfi bilangina ifodalanadi. Unda “yo” harfi oʻrniga “ye” yozilaveradi. Ikkinchi sathda esa “yo” albatta yoziladi va zarur oʻrinlarda urgʻu belgisi qoʻyiladi: врéменное va временнóе, дýхи va духѝ kabi. Bu sath asosan badiiy adabiyot nashrlariga moʻljallangan. Uchinchi sathda urgʻu barcha oʻrinlarda qoʻyiladi. Undan darslik, qoʻllanma va lugʻatlarda foydalaniladi. Tilshunoslikka oid ilmiy tadqiqotlarda muallif izohlari birinchi sath alifbosida yozilsa, tahlil qilinadigan misol va iqtiboslar uchinchi sathda keltiriladi.

Alifbosi iyeroglifdan iborat barcha xalqlarda ham alifbo koʻp sathlidir.

Yozuvi lotinga asoslangan xalqlarning aksari ikki alifbodan foydalanadi. Birinchi sath – sof lotin alifbosidir. Ammo hatto shu til sohiblari ham ayrim soʻzlarni birinchi sathning oʻzida oʻqiy olmaydi – xalqaro transkripsiya belgilari vositasida qanday talaffuz qilinishiga murojaat etishga majbur boʻladi. Darslik va lugʻatlarda esa ikkinchi sath alifbosidan istifoda etiladi.

Shunday qilib, koʻp sathli alifboda keng ommaga moʻljallangan matn quyi bosqich alifbosida yoziladi va bu minimalistlar uchun ayni muddao. Ammo nutqni yozuvda toʻgʻri aks ettirish muhim boʻlgan matnlarda yuqori sathda ish yuritiladi va bunda maksimalizm prinsipiga istalgancha erk berish mumkin.

Maktabda, ayniqsa, boshlangʻich sinflarda oʻquvchilar bilan yuqori sath alifbosida ishlanadi va natijada ularda toʻgʻri talaffuz malakasi shakllanadi. Xususan, farzandlarimiz Lutfiy gʻazalining radifini “bu ko‘-nguldur, bu ko‘-ngul”, Bobur qalamiga mansub satrni “Kim koʻrubdur, ey ko‘-ngul, ahli jahondin yaxshilig‘” tarzida toʻgʻri oʻqishga oʻrganishlari lozim. Otabek bilan Kumushning:

– Koʻngli-ngiz farishtalar koʻnglidek.

– Sizning ham koʻngli-ngiz... –

degan dialogini “koʻn-g-lin-giz” tarzida oʻqish roman tiliga ham, ruhiga ham zid ekanini his qilmogʻimiz darkor.

Toʻgʻri talaffuz malakasi hosil boʻlgach, quyi sath alifbosidagi matn ham shunga muvofiq oʻqiladi, albatta. Bu esa ayni muddaodir.

Oʻzbek tilini oʻrganayotgan boshqa millat vakillari “oʻzing oʻqi” va “oʻzing, oʻzavering”; “qalamning uchi” va “ikki emas, uch”; “kiyimni ilib qoʻy” va “havo ilib qoldi” kabi jumlalar turlicha talaffuz qilinishini yuqori sath alifbosi yordamida bilib oladi.

Amaldagi lotin alifbosi juzʼiy tuzatishlar bilan birinchi sath uchun yaroqlidir va u minimalizm prinsipiga javob beradi. Ayrim minimalistlarning “h” oʻrniga ham “x” yozishni taklif etayotgani – kirill alifbosida talaffuzi yaqin bu ikki tovush uchun shakli ham yaqin harflar qoʻllanganining oqibatidir. “Mehmonxona” soʻzini maktabda kirill alifbosida oʻqigan avlod vakillarigina “mexmonhona” tarzida yozishi mumkin. Hozirgi lotin alifbosida “x” va “h” harflari tanlangani bu ikki tovushni chalkashtirmaslik uchun kifoya.

Yuqori sath alifbosiga maksimalizm nuqtai nazaridan yondashish har tomonlama toʻgʻri boʻladi. Xususan, u oʻzbek tiliga xos barcha tovushni oʻzida toʻliq aks ettirishi lozim. Bu nuqtai nazardan oʻzbek tilida kamida 40 ta tovush aniq-tiniq farqlanadi: a, o, i, ǝ (tor i), e, ikkitadan u va o‘, b–p, v–f, g–k, d-t, j–ch, z–s, g‘–ch, ‘–h, y, l, m, n, ng, ng‘, r, ’ (qalʼa, surʼat, mudofaʼa soʻzlari talaffuzidagi tutuq tovushi arab tilidagi hamza tovushiga yaqin) hamda unlilarning choʻziq variantlari. (Arab tilida ham, ingliz, roman-german tillarida ham choʻziq unlilar alohida tovush hisoblanadi; oʻzbek tilida ham unlining choʻziqligi maʼnoga taʼsir qiladi: sheʼr–sher, daʼvo–davo, taʼna–tana; hozirgi alifbolarda “ъ” va tutuq tovushi uchun bir xil belgi qoʻllanadi, holbuki, bu ikki tovush asosan arab tilidan oʻzlashgan soʻzlarda uchrab, aslida bir-biridan talaffuzda ham, imloda ham keskin farq qiladi; “ъ” tovushi oʻzbek tilida undoshlik xususiyatini deyarli yoʻqotgan, asosan unlini choʻzish belgisiga aylangan: eʼtibor, eʼlon, Noʻmon, shuʼla, maʼqul. Shu bilan birga, koʻplab soʻzlarda choʻziq unlilar yozuvda aks etmagan: toʻfon–to‘:fon, xoin–xo:’in, mezon–me:zon va hokazo.) Biz har bir tovushni alohida qarab chiqmaymiz, biryoʻla jadval koʻrinishida keltiramiz (yaqin yillar ichida joriy qilish maqsadida emas, balki uzoq yillar davomida muhokama qilish uchun).

Alifbo sathlari borasida soʻz borar ekan, “faqat ikki sath bilan cheklanish yetarlimi yo oʻrta sath alifbosiga ham zarurat bormi?” degan masalani-da yechib olish kerak. Umuman olganda, oʻrta sathga ehtiyoj mavjud; u, xususan, mumtoz sheʼriyat nashri uchun zarur. Aruz vaznidagi sheʼrlarni, hozirgi nashrlardagidek, quyi sath alifbosida chop etishni qabul qilib boʻlmaydi. Gap faqat “ъ” tovushidagina emas. Navoiy oʻz asarlarida singarmonizm qonuniga qatʼiy amal qilgan, jumladan, tor va keng unlilarni alohida ishlatgan:

Yor ila bir xilvat istarmenki, agʻyor oʻlmagʻay

(“Gʻaroyibus-sigʻar”, 611-gʻazaldan);

Kelgan ermish ul Masih oʻlganlarin tirguzgali

(11-gʻazaldan).

Birinchi misrada “oʻlmagʻay” (boʻlmagʻay) soʻzidagi uchala unli ham keng (oʻlmogʻoy tarzidagi talaffuzga yaqin), ikkinchi misrada esa barcha unli, shu jumladan “oʻlmak” soʻzida – tor unli. Endi Navoiyning “Munojot” asaridagi mana bu jumlani olaylik:

Har necha balogʻat lofin urgan dam,

urmasa maʼzur boʻlur.

Bugungi oʻquvchi “urgan” va “urmasa” soʻzlarini urmoq (zarba bermoq) maʼnosida talaffuz qiladi, yaʼni “u” harfini keng (tiloldi) unli tarzida oʻqiydi va shunday tushunadi. Ammo matn bu tarzda oʻqilsa, Navoiy koʻzda tutgan maʼno chiqmaydi. Har ikki soʻzda ham “u” unlisi – tor, aks holda Navoiy “urgʻon” (yoki “urgʻan”) deb yozgan boʻlar edi. “Urmak” feʼli tor “u” bilan “hurmoq”, “vovullamoq” maʼnosiga ega boʻladi: “Ollohga hamd aytish bobida balogʻat-mukammallik daʼvo qilish – hurish bilan barobarki, hurmay oʻtirgan maʼqul”.

Sirasini aytganda, mumtoz sheʼriyat nashrlarida quyi sath alifbosi yetarli emas. Shu bilan birga, maksimalizm prinsipidagi yuqori sath alifbosi ham maʼqul boʻlmaydi – koʻplab qoʻshimcha belgilar bilan matn ogʻirlashib ketadi.

Gal kelganda yana bir mulohaza. Bugun mamlakatimizda koʻplab diniy adabiyotlar chop etilmoqda. Xoʻsh, mazkur nashrlarda imlo qoidalariga amal qilish kerakmi yo shart emasmi? Diniy adabiyotda oʻziga xos imlo toʻqilayotganiga sabab – oyat va hadislarni talaffuzda imkon qadar arabchasiga yaqinlashtirish. Bu intilish-ku – yaxshi, ammo, birinchidan, buning aslida imkoni yoʻq – boya aytganimizdek, arab tili fonetikasi oʻzbek tili fonetikasidan juda katta farq qiladi; ikkinchidan, bir tilda ikki xil fonetika va ikki xil imlo boʻlishi ijobiy hodisa emas. Bugun endi diniy adabiyot nashr qilish ommalashgani, mumtoz adabiyotda ham oyat va hadislar koʻp uchrashini hisobga olib, milliy alifbomizga yana bir – oliy sath kiritish masalasini oʻylab koʻrish lozim. Bunda arab tiliga xos tovushlar uchun xalqaro transkripsiya belgilari qoʻllanishi mumkin (qarang: https://ru.wikipedia.org/wiki/ Romanizatsiya_arabskogo_pisma; https://en.wikipedia.org/ wiki/Romanization_of_Arabic).

                             Uch bosqichli milliy alifbo loyihasi

T.r.

Tovush

Misol

Alifbo sathlari

Gajetda

Izoh

quyi 

Oʻrta  

yuqori  

Unlilar

1.

a keng

qaragʻat

a

a

a

a

hozirgacha ajratilmagan

2.

a  tor

kamalak

ạ

a,

3.

a choʻziq

vaʼda

ā

ā

a:

mumtoz sheʼriyatda muhim1

4.

o keng

olomon

o

o

o

o

hozirgacha ajratilmagan

5.

o tor

hoy

ọ

o,

6.

o choʻziq

shohona

ō

ō

o:

mumtoz sheʼriyatda muhim

7.

i keng

chiniqish

i

i

i

i

“havo ilib qoldi”–“kiyimni ilib qoʻy”

8.

i tor

kiyinish

ї

I,

9.

i choʻziq

iymon

ī

ī

i:

mumtoz sheʼriyatda muhim

10.

э qisqa

sher;

e

e

e

e

11.

э choʻziq

sheʼr

ē

ē

e:

mumtoz sheʼriyatda muhim

12.

u keng

uzun, tur

u

u

u

u

turkiy tillarning deyarli barchasida ajratilgan

13.

u tor

uzum, tur

ụ

u,

14.

u choʻziq

koʻzgu, shuʼla

ū

ū

u:

mumtoz sheʼriyatda muhim

15.

o‘ keng

qoʻl, boʻl

o’

ơ

ơ

o’

turkiy tillarning deyarli barchasida ajratilgan

16.

o‘ tor

koʻl, boʻl

ӧ

o”

17.

o‘ choʻziq

toʻfon, moʻtabar

ō

ō

o:

mumtoz sheʼriyatda muhim

Undoshlar

18.

b

b

b

b

b

19.

p

p

p

p

p

20.

v

avval

v

v

v

v

lablangan va lablanmagan (hozirgi arab alifbosida farqlanadi: و va ڤ)

21.

v

quvur, tuvak

ṿ

v,

22.

f

f

f

f

f

23.

g

g

g

g

g

24.

k

k

k

k

k

25.

d

d

d

d

d

26.

t

t

t

t

t

27.

j

 joʻja

j

j

j

j

portlovchi

28.

j

ajdar

j’

j’

sirgʻaluvchi

29.

ch

c

c

c

c

30.

z

z

z

z

z

31.

s

s

s

s

s

32.

sh

w2

w

w

w

33.

g‘

g’

ğ

ğ

g’

34.

x

x

x

x

x

35.

‘

 ‘

^

^

 ‘

arab alifbosida ayn, mumtoz sheʼriyatda muhim3

36.

h

h

h

h

h

37.

l

l

l

l

l

38.

m

m

m

m

m

39.

n

n

n

n

n

40.

ng

si-ngil

ng

ŋ

ŋ

n,

til sofligi uchun muhim

qoʻshimcha tovushlar

41.

ng‘

qo‘-ngʻiz4

ng’

ng’

ɧ

ng’

yuqori sathda farqlanishi kifoya

42.

‘

maʼvo

‘

‘

‘

‘

arab alifbosida ”hamza”5

43.

ц

цex6

ts

ts

ts

ts

1Aslida keng va tor unlilarning choʻziq variantlari uchun yuqori sathda alohida belgi kiritilishi mantiqan to‘g‘ri boʻlar edi. Bunda unlilar soni 18 taga yetadi! Ammo bunday maksimalizm meʼyordan ziyod hisoblandi.

2Gajetlarda “sh” tovushini ifodalash uchun koʻpdan buyon “w” harfi qoʻllanmoqda.

3Mumtoz adabiyotda toʻlaqonli undosh hatto ikkilanadi: “Navodir ush-shabob” devonidagi “Laʼlicha emas og‘zi qilur vaqti takallum” misrasi bilan boshlanadigan g‘azalda qofiyadoshlar: takallum, tabassum, tazallum, tavahhum, tarannum, tana’’um. Hozir ikki xil funksiya bajaradi: unlidan avval kelsa – ayiruvchi belgi, keyin kelsa – shu unlini choʻzish belgisi.

4Quyi va oʻrta sathda ajratilishi shart emas, ammo tovushlar tizimida qayd etish maqsadga muvofiq.

5Maʼvo va daʼvo soʻzlaridagi “’” (ъ) tovushi aslan boshqa-boshqa – birinchisida portlovchi (maʼmur – buyurilgan soʻzidagi kabi; oʻzbek tilida unli bilan boshlanuvchi barcha soʻz boshida shu tovush talaffuz etiladi), ikkinchisida sirgʻaluvchi – “x” tovushining jaranglisi (maʼmur – obod soʻzidagi kabi). Hozirgi oʻzbek tili fonetikasida bu ikki harf funksiyasi chatishib ketgan. Shuning uchun quyi sathda farqlanishi shart emas deb hisoblaymiz.

6Bu tovush 1993-yilgi alifboga kiritilgan, 1995-yili chiqarilgan. Oʻzbek tiliga xos emas, ammo baynalmilal soʻzlarda qoʻllanadi. Alifboning yuqori sathiga kiritilishi maqsadga muvofiq, zotan, “f” va “h” tovushlari ham boshqa tillardan oʻzlashgan.

Abdulla AʼZAM

“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 1-son.

“Milliy alifbo: tafsil va tahlil” maqolasi