Qadimgi Yunonistonning gʻubor bosgan soʻqmoqlarida, zaytun daraxtlari soyasida Ezop ismli donishmand qul tinglovchilariga joʻngina bir rivoyat soʻzlab beradi. Uning qahramonlari shohlar yoki ilohlar emas, balki ikki mitti kemiruvchidan iborat boʻladi. Hikoya balki sizga tanishdir: Bir kuni qishloq sichqoni shaharlik qarindoshini mehmonga chorlaydi. Dasturxonda faqat kamtarona neʼmatlar — arpa, loviya va toza suv tortiladi. Shaharlik mehmon burnini jiyirib: "Doʻstim, sen shunchaki tiriksan, xolos. Yashamayapsan. Yur men bilan, haqiqiy lazzat nima ekanligini koʻrasan!", deya xitob qiladi. Ular shaharga, boy zodagonning hashamatli xonadoniga yoʻl olishadi. Dasturxon usti haqiqiy jannatni eslatadi: eng sarxil pishloqlar, asal, goʻsht, anjir... Qishloqi sichqon hayotida bunday noz-neʼmatni koʻrmagan boʻladi. Ammo ular endigina bir tishlam yeyishganda, ogʻir eman eshiklar gʻichirlab ochilib, xonaga ulkan itlar va odamlar bostirib kiradi. Sichqonlar jon talvasasida devor kovagiga oʻzini uradi. Yuragi qinidan chiqqan, nafasi boʻgʻziga tiqilgan qishloq sichqoni oʻsha lahzada oʻzining mashhur xulosasini aytadi:

"Men ketdim. Sening asaling ham, goʻshting ham oʻzingga siylov. Menga oʻzimning tinchgina arpam afzal. Qoʻrquv ichida yeyilgan asaldan koʻra, xotirjam tanovul qilingan loviya ming marta shirinroqdir”.

Masal shu yerda yakunlanib, Ezop sukut saqlaydi. Ammo insoniyat mana 3000 yildirki, bu hikoyaning soʻnggi nuqtasini qoʻya olmayapti. Bu shunchaki ertak emas, balki inson ruhining eng ogʻriqli dilemmasi: Xavfsiz zerikishmi yoki xavfli lazzat? Keling, bu savolga javob izlab, tarix va tafakkur boʻylab xayoliy vaqt sayohatiga otlanamiz.

1-bekat: Epikur bogʻlaridagi sukunat (Mil. avv. 300-yil)

Vaqt mashinamizni eramizdan avvalgi III asrga, Afinadagi sokin bogʻga qoʻndiramiz. U yerda bizni faylasuf Epikur qarshi oladi. Koʻpchilik bugun "epikurizm" deganda maishatni, kayf-safoni tushunadi va bu tarixning eng katta tuhmatlaridan biridir, desam yolgʻon boʻlmas. Aslida Epikur qishloq sichqonining eng katta himoyachisi va uning "advokati" boʻlgan.

Epikur dasturxonida goʻsht yoʻq, faqat non va suv mavjud. U shogirdlariga qarab shunday deydi: "Lazzatning eng oliy darajasi bu – tanadagi ogʻriq va ruhdagi bezovtalikning yoʻqligidir". U buni "Ataraksiya" deb atardi.

Epikur nazdida shaharlik sichqon badavlat emas, u shunchaki baxtsizdir. Sababi uning lazzati "qoʻrquv" valyutasida xarid qilingan. Faylasufning mantigʻi oddiy: agar bir tishlam pishloqni yeyish uchun siz ozgina boʻlsa ham xavotirni his qilsangiz, u pishloqning taʼmi zahar bilan tenglashadi. Demak, qishloq sichqoni qoʻrqoq boʻlib qochib ketmadi, aksincha, u antik dunyoning eng donishmand qarorini qabul qildi. U anglab yetdiki, "tinchlik" taʼmi dunyodagi eng shirin asal taʼmidan ustunroqdir.

2-bekat: Rim saroyi va Seneka (Milodiy I asr)

Ammo... sayohatimiz hali ancha davom etadi. Endi Rim imperiyasining oltin davriga, imperator Neronning hashamatli saroyiga yoʻl olamiz. Bu yerda bizni stoik faylasuf Lutsius Anney Seneka kutib oladi. Seneka Epikurdan farqli oʻlaroq, kambagʻal boʻlmagan. Aksincha, u imperiyaning eng boy kishilaridan biri sanalgan. U shaharlik sichqon kabi yashab, lekin qishloq sichqoni kabi fikrlagan. Qiziq paradoks, shunday emasmi?

Seneka Ezop masaliga boshqa rakursdan nazar tashlaydi. U shaharlik sichqonni boyligi uchun emas, balki uning bogʻlanib qolgani uchun ayblaydi. Stoiklar nazdida muammo "pishloq"da emas, balki "pishloqni yoʻqotishdan qoʻrqish"dadir.

 

Seneka oʻzining Lusiliyga bitgan maktubida buni shunday aniq taʼkidlaydi: “Kambagʻal – bu oz narsaga ega boʻlgan odam emas, balki koʻp narsani xohlaydigan odamdir”.

Agar shaharlik sichqon oʻsha boylik ichida yashab turib, "bugun bor, ertaga yoʻq" degan xotirjamlik bilan ovqatlanganda, u itlar bostirib kirganda qoʻrqmasdi. U shunchaki, "Xoʻsh, ziyofat tugadi, endi ketish vaqti keldi," deya xotirjam kovakka kirib ketgan boʻlardi. Seneka bizga uchinchi yoʻlni taklif qiladi: Shaharda yashash, lekin qalbda qishloqlik boʻlib qolish. Boylikka ega boʻlish, lekin uning quliga aylanmaslik.

 

3-bekat: Germaniya va Shopengauer mayatnigi (XIX asr)

Epikur tinchlikni ulugʻladi, Seneka boylikdan qoʻrqmaslikni oʻrgatdi. Lekin keling, oʻzimizga rostini aytaylik: Nega qishloq sichqoni baribir shaharga intilaveradi? Nega biz tinchgina "arpa" yeb oʻtirolmaymiz?

Vaqt mashinamizni XIX asr Germaniyasiga, “pessimizm qiroli” boʻlmish Artur Shopengauerning xonasiga yoʻnaltiramiz. U bizga Ezop masalining yechimi yoʻqligini, bu shunchaki tugamas aylana ekanligini uqtiradi. Shopengauer shunday yozadi: "Hayot – bu azob va zerikish orasida tebranib turuvchi mayatnikdir".

 

Mulohaza qilib koʻring: Qishloq sichqoni xavfsiz joyda, uning qorni toʻq, itlar yoʻq. Lekin tez orada unga nima boʻladi? U zerikadi. Hayot maʼnosiz va bir xil tuyula boshlaydi. Shunda u oʻzgarishlarni va "asal"ni qoʻmsab qoladi (shahar tomon intiladi). Shahar sichqoni esa lazzat ogʻushida, lekin u doimiy stress va raqobat iskanjasida. U tinchlikni orzu qiladi (qishloq tomon intiladi).

Demak, inson tabiati shunday yaratilganki, biz hech qaysi dasturxonda uzoq oʻtirolmaymiz. Qishloqda zerikishdan qochamiz, shaharda esa stressdan. Biz xuddi oʻsha ikki sichqon kabi, bu ikki qutb oʻrtasida umrbod sarson boʻlishga mahkummiz. Balki, Ezopning fojiasi ham shundadir? Tanlovning oʻzi yoʻqdir?

4-bekat: Parij kanalizatsiyasi va "Ratatuy" isyoni (XXI asr)

Lekin keling, tan olaylik, tinchgina arpa yeb oʻtirish ham kimlar uchundir oʻlim bilan barobar. Axir inson faqat xavfsizlik uchun yaralmagan-ku? Bizda yana bir ochlik bor – ambitsiya, yaʼni  nimadirga erishish ochligi. Vaqt mashinamizni zamonaviy Parijga, "Pixar" studiyasi yaratgan olamga olib boramiz. Bu yerda biz Ezop masaliga eng kuchli raddiyani bergan boshqa bir kemiruvchini, kalamush Remini uchratamiz.

Yodingizdami, Remining otasi Jango (klassik qishloq sichqoni) oʻgʻliga nima degandi? "Ovqat – bu shunchaki yonilgʻi. Agar yonilgʻini tanlayversang, ochingdan oʻlasan". Remi esa bunga rozi boʻlmaydi. Uning uchun xavfsiz chiqindidan koʻra, oʻlim xavfi ostidagi lazzat va qoʻziqorin hidi afzalroq. Uning mashhur javobi esa shunday yangraydi: "Odamlar shunchaki tirikchilik qilmaydi, ular kashf etadi, yaratadi... Ularning ovqat bilan nimalar qilishini bir koʻr!"

 

Agar hamma Epikurga quloq solib, tinchgina arpasini yeb oʻtirganda, insoniyat gʻordan chiqarmidi? Buyuk sanʼat, ilm-fan va kashfiyotlar har doim "qulaylik zonasi"ni tark etgan, itlar va qopqonlardan qoʻrqmagan "tentak"lar tomonidan yaratilgan-ku? Remi bizga xavf bu – lazzatning narxi emas, balki hayotning taʼmi ekanligini eslatadi.

 

 

Yakuniy bekat: Choʻntakdagi shahar

Sayohatimiz oʻz yakuniga, bugungi kunga yetib keldi. Hozirgi manzara qanday? Bugun biz "Shahar sichqoni" boʻlish uchun uzoqqa borishimiz shart emas. Shahar shundoqqina bizning qoʻlimizdagi qora oynada, smartfonimizda yashaydi.

Ijtimoiy tarmoqlar – Ezop tasvirlagan oʻsha cheksiz, toʻkin dasturxon. Har kuni Instagram va LinkedIn orqali bizga oʻzgalarning "mazali hayoti", muvaffaqiyati va dabdabasi namoyish etiladi. Biz ham oʻsha dasturxondan bir tishlam olishga, "layk"lar va eʼtirof koʻrinishidagi pishloqni tatib koʻrishga intilamiz. Lekin uning badali nima? Xavotir.

Biz xuddi oʻsha sichqon kabi, har bir bildirishnoma kelganda, "kimdir mendan oʻtib ketmadimikin?", "birov meni muhokama qilmayaptimikin?" degan doimiy talvasada yashayapmiz. Bizning dopaminimiz koʻp, lekin kortizolimiz (stress gormoni) undan ham koʻproq.

Xoʻsh, kim haq edi?

Tinchgina arpasini yeb, asablarini asragan Epikurmi? Boylik ichida zohid boʻlishni oʻrgatgan Senekami? Yoki "yonilgʻi yegandan koʻra och qolganim yaxshi" degan isyonkor Remimi?