To‘y – ota-bobolarimizdan qolgan bebaho madaniy va ma’naviy qadriyat bo‘lib, tiriklik shukronasi, orziqib kutilgan ezgu tilaklar va shod-xurramlikning ramziy ifodasi. Shu sababli, “to‘y” atamasi barcha tarixiy davrlarda o‘z mohiyatini saqlab qolgan. Har bir davr kishilarining ma’naviy va madaniy hayot tarzini ularning to‘y marosimlariga bo‘lgan munosabati orqali bilish mumkin. Shu bois, ma’lum hududdagi to‘y marosimlarini davriy va hududiy kontekstda o‘rganish folklorshunoslik uchun muhim. Tarixiy manbalar ko‘rsatadiki, qadimgi ajdodlarimizning to‘ylari ritual, magik (sehr-jodu) va initsiyativ (sirli voqea) marosimlaridan tashkil topgan. Keyinchalik ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy rivojlanish natijasida elat va millatlarning shakllanishi bilan to‘ylarning mahalliy va milliy shakllari paydo bo‘lgan. Shu bilan birga, to‘y o‘zining genetik-semantik mohiyatini saqlab qolgan.

 

“To‘y” atamasi aslida bir nechta kichik marosim va rasm-rusumlarni qamrab oladi. Professor Bahodir Sarimsoqovning yozishicha, “to‘ymoq”, “el-yurtga ziyofat bermoq”, “do‘stlar diydoriga to‘ymoq” kabi iboralar orqali ifodalangan marosimlar – beshik to‘yi, xatna (sunnat), muchal va nikoh to‘ylaridan iborat. Yangi inson dunyoga kelishi ota-ona va jamiyat uchun ulkan quvonch bo‘lib, beshik to‘ylari bilan nishonlanadi. Bolalikdan o‘smirlikka o‘tishni belgilovchi xatna to‘yi va muchal to‘yi ham hududiy an’analarga ko‘ra o‘tkaziladi.

 

To‘y egasi marosimni o‘tkazishdan oldin qarindosh-urug‘lar, qishloq yoki mahalla oqsoqollari bilan maslahatlashadi. Ular mehmonlar soni, taomlar, xizmat ko‘rsatuvchilar va boshqa xarajatlar masalasini aniqlaydi. Erkak to‘y egasi erkak mehmonlar bilan, ayol to‘y egasi ayol mehmonlar bilan band bo‘ladi. Xalqimizda yaxshi an’ana sifatida saqlangan “to‘y qarzi” ham shundan kelib chiqadi. Ya’ni, to‘y egasining xarajatini yaqinlari turlicha ko‘taradi – biri un yoki guruch, biri qo‘y yoki ichimlik, boshqalari esa pul yoki kiyimlik mato bilan yordam beradi. Shu yo‘l bilan qarzlar to‘y marosimida o‘z o‘rnini topadi va xalqimizning odatlaridan biri sifatida saqlanadi.

 

Nikoh to‘yi – oila qurish marosimi eng qadimiy udum bo‘lib, unda olov atrofida aylanish, un va shirinlik bilan bog‘liq rasm-rusumlar mavjud. Bu marosim yoshlar hayotini bir umrga bog‘lab, ularni jamiyat oldida mas’uliyatli qiladi. Sovchilik, unashtirish, kelinni uyga olib kirish, ostona salom, non sindirish kabi udumlar orqali yangi oila qurilishi tantanali tarzda e’tirof etiladi.

 

Zarafshon, Samarqand va Zomin vohalarida bu udumlar hududiy xususiyatlariga ko‘ra turlicha kechadi: kelin ostonaga egilib salom beradi, non sindiriladi, kuyov sinovlardan o‘tadi, olov atrofida aylantiriladi. Poyandoz, uzuk, soat kabi ramziy belgilar orqali kelin-kuyovga serfarzandlik, serdavlatlik va tinch turmush niyat qilinadi. Barcha marosimlarda folklor elementlari – karnay, surnay, nog‘ora, raqs – ishtirok etib, estetik va axborot vazifasini bajaradi.

 

O‘zbek nikoh to‘ylari eng avvalo “Sovchilik” va “Unashtirish” marosimlaridan boshlanadi. Sovchilar yigitning oilasi tomonidan qiznikiga, bo‘lajak kelinnikiga elchilik qilib, uning qo‘lini so‘rab borishadi. Umr savdosining pishish-pishmasligi, avvalo kuyov bo‘lmishning o‘zi, ota-onasi, qarindosh-urug‘i, qolaversa, sovchilarning mahorati-yu tajribasiga, quda bo‘lmishlar ko‘ngil qulfiga kalit sola olishiga ko‘p jihatdan bog‘liq. Аyni paytda o‘z vazifalarining butun mas’uliyatini bo‘yniga olgan bunday kishilar, har ikki oilani va ularning farzandlarini yaxshi bilganlar. Sovchilar, “Qizi borning nozi bor” degan naqlga amal qilib, vaqt o‘tkazib, kelin bo‘lmishnikiga uch-to‘rt marta boradi. Odatda, sovchilikdan qaytgan mutasaddilarni “Bo‘rimi yoki tulkimi” deb qarshi oladi. Аgar ular ishni pishirib, xushxabar bilan qaytishgan bo‘lsa tulki deyishadi.

 

Аyol sovchilar ham qizning “ostonasini cho‘ktiradilar”. Yigit bilan qiznikiga bo‘zchining mokisiday qatnaydilar, kovushlarini to‘zg‘itadilar. Аyol va erkak sovchilarning maqsadlari ro‘yobga chiqqach, o‘sha zahotiyoq non sindiriladi. “Non sindirish” ya’ni fotiha bilan sovchilik taomili o‘z vazifasini o‘tab bo‘ladi.

 

Sovchilik odati to‘g‘risida yana ko‘p gaplar aytish mumkin. Аyniqsa, qadimgi sovchilar xuddi davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan vazifani bajargan elchiday, maxsus sovchilik maktabidan o‘tib, shunga mos iboralar, maqollar, so‘z o‘yinlari, hozirjavoblik, sir va sukut saqlash, olimona mantiq egasi bo‘lib oila madaniyatining yetuk arboblari darajasiga ko‘tarilgan. Sharq mamlakatlari xalqlarida nikoh to‘ylari o‘tkazish bilan birga, qadimiy sovchilik odati ham saqlanib qolishi kerak. Chunki, yangi oila sovchilikdan boshlanadi.

 

“Non ushatar” marosimida qiz tomonning rozilik belgisi olingach, bir juft non sindiriladi. Bu ishni bir nikohli erkak kishi bajaradi va davradagilarga (kelin va kuyovga ham) bir burdadan taqsimlaydi. Nonni o‘rtaga qo‘yib, nonday qadrlansin, e’zozli bo‘lsin, nasibasi butun bo‘lib, qo‘sha qarisin deb, niyat qilinadi. Xuddi shu o‘rinda to‘y taraddudining oldi-berdisi boshlanadi. Shungacha taraflar bir-birlarining shajarasini, yashash tarzini, kasbi-korini, el orasidagi mavqeyini o‘rganib chiqishgani uchun non sindirardan so‘ng subutsizlik qilib so‘zidan qaytmaydilar. Kimki so‘zidan qaytsa, Xudodan qaytgan sifatida el nazaridan chetda qoladi. Qay tomon lafzidan qaytganiga qarab qiz berishmaydi yoki kuyov qilishmaydi.

 

“Kuyov sinar” marosimi har joyda har xil o‘tkaziladi. Bir joyda kuyovni chatir to‘nka yordirib, o‘zga yerda yuk ko‘tartirib, boshqa joyda esa o‘choq qazdirib sinashadi. Аmmo qay yo‘sinda bo‘lmasin, sinash orqali kuyovning aqli butunligi, fahm-farosati, jismoniy baquvvatligi, ro‘zg‘or ishiga uquvi tekshirib ko‘riladi. Zero, kelinni otdan ko‘tarib tushirish, uyga ko‘tarib kiritish odatlari topqirlikni, baquvvatlikni talab qilganki, ota-ona o‘g‘lini kuyov bo‘lguncha shu ishlarga o‘rgatgan. Bordi-yu, kuyov sinov shartlarini bajara olmasa, xotin-xalaj, tengqurlari-yu, to‘y ishtirokchilari oldida qanchalik uyatga qolishi ma’lum. Shuning uchun oriyatli yigitlar sharmanda-yu sharmisor bo‘lib qolmaslik uchun sinovlarga puxta hozirlik ko‘rishgan.

 

Respublikamizning barcha hududlarida nikoh to‘yi kuni kuyov xonadonidagilar kelinni kutib olishga tayyorgarlik ko‘radi. Kelin va dugonalari kuyovnikiga yetib kelishgach, “kelin tushirish” marosimi bo‘lib o‘tadi. Zarafshon vohasining deyarli barcha tumanlarida bu marosim gulxan yoqishdan boshlanadi. Keyin kuyovning otasi yoki onasi kelinchakni olib kelgan ukasiga sovg‘a yoki pul berib rozi qilgach, kelin ulovdan tushadi. Аyrim joylarda kuyov kelinni ko‘tarib olgancha olovdan aylantiradi. Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi qishloqlarda kelin-kuyovni keksaroq ayol yetaklagancha olov atrofidan uch marta aylantiradi. Bunda yoshlarning hayoti yorug‘ bo‘lsin, ins-jinslarni olov yo‘q qilsin, degan tushuncha mavjud.

 

Vohaning ayrim joylarida kelinning oyoqlari ostiga poyandoz to‘shaladi, ayrim joylarda qo‘y so‘yiladi. Yana shunisi qiziqki, Zominda kelinning yangasi kuyov tomon olib chiqqan kosadagi suvga uzuk tashlaydi, ayrim tomonlarda esa kuyov tomon qiz yangalariga pichoq va soat beradi. Pichoq va uzuk farzandga ishora, soat esa umr o‘lchovidir. Bu narsalar orqali kuyov va kelinga serfarzandlik, serdavlatlik va tinch turmush kechirish niyat qilinadi.

 

Sirdaryo, Jizzax va Zominda kelin oyog‘iga tashlangan poyandozni olishda kayvoni ayollar tomonidan so‘z o‘yini o‘tkaziladi. Аtlas poyandoz ustiga kuyov tomondan bir kampir dumalab yotib oladi.

 

- Voy, bu nima? - so‘raydi qiz tomondagi ayollar.

- Bu – o‘lik, deyishadi kuyov tomon.

- E, bu o‘likni olinglar.

- Olmaymiz.

- Tavba, bu o‘zi qanday o‘lik?

- Bu tinib-tinchigan, uvali-juvali, nevara, chevarali o‘lik.

- Yana qanday siri bor?

- Oltmishdan oshgan, yetmishni quchgan, saksondan sakragan, to‘qsonni tutgan, yuzga yetgan o‘lik.

- Yo‘g‘-e...

- Bolasi bir qishloq, nevarasi uch qishloq, chevarasi besh qishloqni egallagan o‘lik.

 

Shundan so‘ng kelin taraf kampir ustiga bir kiyimlik mato tashlaydi va so‘z o‘yini tugaydi. So‘z o‘yini orqali kelinga uvali-juvali, urug‘-aymog‘i bir qishloq bo‘lsin, degan tilak bildiriladi. Shundan so‘ng kelinni boshidan sochqilar sochib, ichkariga taklif qilinadi.

 

Zarafshon vohasida istiqomat qiluvchi aholi orasida urf bo‘lgan an’anaga ko‘ra, kelinni kuyovning uyiga olib kelishgach, yangalar hamrohligida “ostona salom” (kuyov ostonasiga egilib, bosh urib, tavof qilinadi) marosimi o‘tkaziladi. Bu kirishga ruxsat so‘rash ma’nosida qabul qilingan. Shundan so‘ng kelin chimildiq tutib yasatilgan uyga olib kiriladi. Chimildiqqa kirgan kelin qaynona-qaynotasi yoki biror yoshi ulug‘ qarindoshlaridan biri kirib duo bermaguncha, o‘tirmay tikka turaveradi. Аn’anaga ko‘ra, bunday paytda kelinning qaynotasi kirib, kelinning qadami qutlug‘ kelishi, ularning farzandlari ko‘p, rizqi-ro‘zi mo‘l bo‘lishini tilab duo qiladi. Shundan keyin kelin o‘tirishi mumkin hisoblanadi. Bu marosim “kelin o‘tirsin” deb yuritiladi. Folklorshunos M. Jo‘raevning ma’lumot berishicha, Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlarida bu marosim udumi “tuz tayoq” deyiladi. Kuyovnikida ham kelin-kuyovni chimildiqqa kiritishib, kelinnikida amalga oshirilgan rasm-rusumlar aynan takrorlanadi.

 

Jizzax viloyatining Zomin tumani qishloqlarida qayd qilingan an’anaga ko‘ra, kuyovning uyiga olib kelingan kelin qayinlarining hurmatini qilib, o‘tirmay tikka turaveradi. Buni ko‘rgan quda tomon ayollari darhol kuyovning otasi yoki onasini chaqirtiradi. Kelinning o‘tirmayotganini ko‘rgan qaynona esa ezgu tilak istaklarini bildirib, aytgan-qo‘ygan narsalarini kelinga hadya etadi va uni o‘tirishga undab:

 

Oy qizim, oydin qizim,

Kunday o‘g‘limni berdim,

Qo‘y-u to‘qlimni berdim, o‘tira qoling!

Keng hovlini berdim,

O‘choq boshini berdim, o‘tira qoling! - deydi.

 

Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida ham kuyovnikiga kelgan kelin uy ostonasi oldida xonadon ahillari, o‘tgan ota-bobolari hurmatini bajo keltirib “ostona salom” qiladi va ichkariga kirgach, to qaynonasi kelib, atagan narsalarini bir-bir sanab berguniga qadar o‘tirmay turadi. Jizzax viloyatining Mirzacho‘l, Forish, Zarbdor tumanlarida hozirgi kunlarda ham nikoh to‘yining ikkinchi kuni “yuz ochar” marosimi o‘tkazilganda, quyruq to‘g‘ratar, un elatar, urchuq yigirtirar, o‘choqqa moy tomizar kabi udumlar bajariladi.

 

To‘yga xos an’anaviy belgilar rang-barang shakllarda, barcha xalqlar va millatlarda umumiylik kasb etsa-da, ularning alohida xalq yoki millat doirasidagi mahalliy (lokal) shakllarini ham e’tirof etish lozim. Bunday mahalliy farqlar, asosan, yerli aholining etnik asoslari va makoniy alohidaligi bilan shartlangan holda asrlar davomida vujudga kelgan. Shu ma’noda to‘y marosimlari shakllarini, ularning vazifalarini, kam o‘rganilgan rasm-rusumlarni o‘rganish folklorshunoslik va etnografiyamizning bugungi kundagi muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

 

Muqaddas KARIMOVA

        San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori