Bir asar tarixi

Oʻzbek kinosi ogʻir ijtimoiy-siyosiy muhitda shakllandi. Ilk kino tomoshasi boʻlib oʻtgan (1897) vaqtdan bugungi kungacha davr oraligʻidagi eng murakkab, ziddiyatli, ayni paytda ijodiy jihatdan eng qizgʻin palla oʻzbek kinosining ovozsiz davri – 1925-1937 yillarga toʻgʻri keladi. Bu davr bir tomondan yangi badiiy ijod turi Turkiston oʻlkasida paydo boʻlib shakllanayotgan va shoʻro hokimiyati tetapoya  qilayotgan davr boʻlsa, ikkinchi tomondan yangi hokimiyat teatr, kino va adabiyot ahlidan oʻz siyosatini targʻib etishni talab etgan, boshqa tarafdan esa xalq kim haqu, kim nohaqligini anglamagani ortidan xoʻlu quruq barobar yongan bir davr edi.

Aslida, “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Kecha va kunduz” kabi asarlarda hayotning real koʻrinishi boʻrttirilmay, badiiy mahorat bilan ifodalangani, asardagi voqeʼlik haqiqatga zid emasligi bugungi tadqiqotlar oyinasida yanada yorqinroq koʻrinmoqda. Shoʻrolar siyosati “sotsialistik realizm” metodini sanʼat va madaniyat xodimlariga dasturilamal sifatida belgilab bergani, shu bois muammolar va ularni bartaraf etishga boʻlgan harakat ham bir tomonlama yoritilganligi, bu yoʻldan yurmagan ijodkorlar esa ijtimoiy-siyosiy maydondan yoʻqotilganligini bugun qayta-qayta taʼkidlash oʻrinsiz.

Biz esa bugungi kun choʻqqisidan oʻtmishga bir tomonlama nazar tashlashdan, badiiy asarlardagi  tarixiy haqiqat va badiiy toʻqima orasidagi nozik chegarani buzib talqin etishdan choʻchiymiz. Zotan, mafkuraviy bosim boʻlishiga qaramay, XX asrning 20-30 yillarida sanʼatning barcha talablariga javob beruvchi, binobarin, reallik badiiy mahorat bilan, haqiqatga xos ravishda aks ettirilgan asarlar ham bor edi. “Bir asar tarixi rukni”da ana shunday, real hayotdan uzoq boʻlmagan “Avliyo qizi”  filmi haqida soʻz yuritamiz.

“Avliyo qizi” (“Дочь святого” Drama, 1931. Oʻzbekdavkino)

Ssenariy muallifi – M.Ruderman. Rejissyor – O.Frelix. Rollarda: S.Xoʻjaev, R.Toʻraxoʻjaev, I.Miryusupov, L.Jalilova, Z.Shukurova.

Filmda farzandsizlikdan davo istab Abdunabi eshonning huzuriga kelgan ikki yosh er-xotinning taqdiri yoritiladi. Behisob muridlari bilan shifo istab kelganlar orasida  Xakimjonning rafiqasi Zulfiyaga koʻzi tushgan eshon, hufya muridlari orqali uni oʻz huzuriga chorlaydi. Ammo, Xakimjon eshonning yovuz niyatda rafiqasini ichkariga chaqirtirganini oradan 15 yil oʻtib, yolgʻiz farzandi balogʻatga yetganidagina biladi. Abdunabi eshon Xakimjonning yolgʻiz qizini (aslida oʻz qizi) xotinlikka soʻrab sovchi qoʻygach, qizning otasi Hakimjon emas, eshon ekanligini Zulfiya koʻpchilik oldida aytishga majbur boʻladi... 

Bu kinosyujetning ssenariy muallifi M. Ruderman garchi mahalliy millatga mansub boʻlmasa-da, Turkiston xalqining tarixi bilan bogʻliq hodisani ssenariyga asos qilib olgandek, tasavvur uygʻonadi. Maʼlumki, xalq ogʻzaki dramaturgiyasida, xususan masxarabozlar komedik tomoshalarida mutaassib kimsalarning sodda aholini aldab kelishi masxaraboz va qiziqchilar tomonidan uzoq muddat muqallid etib kelingan.

“Avliyo qizi” filmida keltirilgan voqeaga oʻxshash muqallidlik tomoshasi ham Qoʻqon xoni Xudoyorxon davrida mashhur qiziqchi Zokir gov truppasida oʻynalgani haqida maʼlumotlar bor. Manbalarga koʻra Qoʻqon xonlari Muhammad Alixon  (Maʼdalixon – Nodiraning Buxoro amiri Nasrulloxon  tomonidan qatl etilgan oʻgʻli) va Xudoyorxon davrida saroyning yetakchi ayonlaridan boʻlgan Miyon Buzruk eshon bilan shunga oʻxshash voqea sodir boʻlgan.

Xudoyorxon davrida Miyon Buzruk eshonning nufuzi juda baland boʻlib, bunga sabab u Buxoro amirining eʼtiborini qozongan eshonlardan edi. (Maʼlumotlarga koʻra, Nasrulloxonning Qoʻqonga bostirib kelishida Miyon buzruk eshonning taʼsiri katta boʻlgan.) Bir kun Chimkentga borgan eshonning huzuriga bir necha ayollar ziyoratga keladilar. Ular orasida chimkentlik xon amaldorlaridan Aliboyning Zulayho ismli goʻzal rafiqasi ham farzand umidida shifo istab borgan boʻladi. Miyon Buzruk eshon yosh ayolni aldab, tunda farishta qiyofasida Zulayhoning yoniga kiradi. Eshonning bu ahloqsizligi Xudoyorxonning hufyalari tomonidan aniqlangach, xon saroyida “Avliyo” nomi bilan tomosha koʻrsatilgan va gunohkor hibsga olingan.

Bu voqea xalq orasida juda keng tarqalganidanmi, yohud shunga oʻxshash hodisalar tez-tez uchrab turganidanmi, har holda xalq ogʻzaki ijodi namunalarida, qoʻgʻirchoqbozlarning qoʻgʻirchoq oʻyinlari repertuarida va keyinroq, jadid dramaturgiyasida ham mazkur mavzuga murojaat etilganligini koʻramiz. Xususan, teatrshunos olim M. Rahmonovning “Oʻzbek teatri tarixi” kitobida saroy ayonlaridan boʻlgan yoki xon tomonidan eʼzozlangan baʼzi dindorlarning xalqni turli yoʻllar bilan aldab kelgani, oʻz nufuzidan foydalanib, Miyon Buzruk eshon kabi  adabsizliklar qilgani va bunday hayotiy haqiqatlar qiziqchilar tomonidan kichik-kichik lavhalar koʻrinishida xalq va saroy kishilari oldida ijro etib kelingani xususida faktlarga asoslangan maʼlumotlar bor. Koʻrinadiki, shoʻro hokimiyati davrida aksar ruhoniylar obrazi badiiy ijodning turli koʻrinishlarida qora rangda aks etganini faqat siyosiy mafkura bilan bogʻlayverish bugungi kunda ham haqiqatning buzib talqin etilishiga olib kelishi mumkin. 

Fitrat, Choʻlpon, H.H.Niyoziyning ijodiy namunalarida ham soʻz yuritilayotgan syujetga xos asarlar bisyor. Xususan, Fitratning  “Qiyshiq eshon” hikoyasi, “Roʻzalar”, “Arslon” dramalari, Choʻlponning “Qor qoʻynida lola” hikoyasi va H.H.Niyoziyning deyarli barcha dramatik asarlarida mazkur mavzuning turlicha badiiy talqinlarini koʻrish mumkin. Eʼtiborga molik tarafi shundaki, bu adiblar shoʻro hokimiyatining mafkuraviy bosimi ostida emas, oʻz zamonasining mavjud illatlariga qarshi badiiy isyon darajasida  haqiqatga asoslangan voqealarni qalamga olganlar.  

“Avliyo qizi” filmi markazida turgan Abdunabi eshon obrazini aktyor (keyinchalik, ssenariynavis va rejissyor) Sulaymon Xoʻjaev ijro etgan. Oʻziga xos yuksak aktyorlik iqtidorini namoyon etgan Sulaymon Xoʻjaev eshon obrazida ulugʻvor qiyofasi, ayyorona, burgut koʻzidek oʻtkir nigohi bilan oʻljasini ovlash harakatida boʻlgan yirtqichni eslatadi. Eshon huzuriga kelgan ziyoratchilar uning qoʻllarini oʻpadilar, oyoqlariga yiqilib, goʻyo unga sigʻinadilar. Bunday holatda uning oʻljasiga aylangan Zulfiyaning dardini birov tinglamasligi tomoshabin uchun ochiq ayon boʻladi. Albatta, oradan chorak asr vaqt oʻtgach, Zulfiya baribir, sirni oshkor etishga majbur boʻladi. Bu orada uning qizi Oynisa shaharga ketib, fabrikaga ishga kirgan, oʻz huquqini anglash darajasiga yetgan, yosh shoʻro hokimiyatining panohida boʻlgan xotin-qizlar qatoriga qoʻshiladi.

Film ovozsiz davrda yaratilgani uchun ham yirik plandagi aktyorlarning yuz ifodalari, koʻz qarashlari katta dramaturgik yukka ega. Shu bilan birga hali sanʼat sifatida toʻliq tan olinmagan kinoning imkoniyatlari kundan kunga kashf etilayotgan, montajning yangi-yangi usullari topilayotgan bir  vaqtda suratga olingan bu film davrimizning  yosh, havaskor kinoijodkorlariga katta badiiy mahorat darsi oʻrnida oʻrganilishi mumkin.  Misol uchun, parallel montaj yordamida yaratilgan Abdunabi eshonning honaqohidagi sirli vaziyat bilan tashqaridagi zikr sahnasi yaxlit epizod koʻrinishida sodir boʻlayotgan jinoyatning tempo-ritmini ovozsiz kadrlarda ifodalay olgan. Umuman, kinoning ovozsiz davrida har bir yaratilgan kinoasardan yangi topilmalar kutilar edi. Oʻzbek kinosining ovozsiz davrida esa shoʻro hokimiyati sarflangan har bir chaqaning ham hisobini soʻrar, yangi film ham mafkuraviy talablarga javob berishi, ham badiiy jihatdan yuksak boʻlishi shart edi. (Bu shartlarga javob bermagan filmlar ham koʻp boʻlgan. Bu keyingi mavzular doirasida yoritiladi) “Avliyo qizi” filmidagi syujet yoʻnalishi esa sof kinematografik dramaturgiya qurilishi va “mafkuraviy” (mavjud tuzum siyosatiga mos) gʻoyaviy yechimning toʻlaqonli yoritilishi bilan ahamiyatlidir. 

Filmning syujeti oʻsha paytda, nisbatan katta tajribaga ega xorijlik ssenariynavis va rejissyorlar tomonidan suratga olingan. Biroq, mahalliy aholining turmush tarzi, oʻzbeklarning oʻziga xos feʼl-atvori, va umuman, ommaning eshon, mullalarga avliyodek munosabatda boʻlishlari toʻgʻrisida yerlik kinochilar qatorida, aktyor Sulaymon Xoʻjaev ham maslahatchi boʻlganmikin, degan taxminimiz bor. Chunki, Sulaymon Xoʻjaev Toshkentda diniy taʼlim olganligidan tashqari, Moskva oliy kinematografiya kursida ham tahsil olgan (1927 – 1930 y.y.) birinchi oʻzbek kinorejissyorlaridan biridir. Ayni film suratga olingan kezlarda u oʻzining “Tong oldidan” mualliflik filmiga materiallar yigʻib yurgan vaqti edi. Oradan koʻp oʻtmay u “Tong oldidan” filmini suratga oladi, lekin filmning premerasi oʻtkazilmay, muallifi qatagʻonga uchraydi. 

Hozirda Oʻzbekiston kino sanʼati muzeyi arxivida saqlanayotgan  oʻzbek ovozsiz filmlari qatorida “Avliyo qizi” kinolentasi ham bor. Ovozsiz filmlar suratga olingan davrning  ijtimoiy-siyosiy muhiti va oʻsha davrdagi kinoga boʻlgan talab va ijodkorlar haqida maʼlum tushunchaga ega boʻlmay turib, bu davr filmlarini dabdurustdan koʻrgan tomoshabin  koʻplab savollar girdobida qolishi mumkin. Zotan, bizning bugungi zamonamizdagi diniy bilim va dunyoqarash bilan XX asrdagi diniy tushunchalar orasida tafovut katta. Shu bois ham, kelgusida kino sanʼati mavzusi doirasida oʻzbek kino sanʼatining shakllanishi, rivojlanishi va dunyoga chiqishi bosqichlarini yoritib borishni niyat qildik.

Shohida ESHONBOBOYEVA.

Oyina.uz

“Oyina.uz”ning Telegramʼdagi rasmiy kanaliga aʼzo boʻling!