Bundan oʻttiz yilcha avval amerikalik siyosatshunos Semyuel Hantington “Sivilizatsiyalar bir kuni shubhasiz toʻqnashadi va bu, insoniyat tarixida oxirgisi oʻlaroq, Gʻarb sivilizatsiyasining hal qiluvchi gʻalabasi bilan yakun topadi” degan fikri bilan jahonga mashhur boʻlgan edi. Xulosa asosli yoki asossiz ekanidan qatʼi nazar, oʻshanda men bu shov-shuvli bashoratga ishonmagan edim. Yashirib nima qildim, marksizm-leninizm, tarixiy materializm ruhida tarbiya topgan koʻpchilik odamlar singari pirovardida Gʻarb sivilizatsiyasi emas, kommunizm toʻliq qaror topishiga iymonim komil edi.
Yillar oʻtdi, asr almashdi. Insoniyat taraqqiyotining “oʻqi”, “qutb”lari ham oʻzgardi. Oʻsha damlarda oʻz “zafarli yurishi”ga qatʼiy ishongan ayrim kuch markazlarida bugun sarosima, parokandalik hukm surmoqda. Ular yoʻqotilgan mavqeni qayta tiklash ilinjida hozircha uzil-kesil bir toʻxtamga kelmagan xalqlar ong-u tafakkurini oʻziga ogʻdirishdan durustroq yoʻl topolmay qoldi. Yoʻlini keskin oʻzgartirgan tarixga xalal berishga qodir kuch endi deyarli yoʻq.
Keng miqyosli ijtimoiy evrilish, bir bosqichdan ikkinchisiga oʻtish pallalarida muayyan sivilizatsiyani roʻkach qilish, uning nomidan yoʻl tutish usuli harakatga kelar ekan. Muammo shundaki, sivilizatsiyalar bir necha yoki undan koʻproq sotsium va xalqlarning hamjihat boʻlib yashash istagi oʻlaroq bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilmoqda. Ziddiyatdan manfaatdor siyosiy-mafkuraviy kuchlar esa voqea-hodisalar maromini bamaylixotir orqavoratdan kuzatayotir. Avvallari ularning manfaatlari-yu ambitsiyasi uchun ijtimoiy sinflar qurbon etilgan boʻlsa, bu gal butunboshli sivilizatsiyalar barham topadiganga oʻxshaydi. Hantington bashariyatni bunga daʼvat qilmagan, undan ogohlantirgan edi, xolos. Ammo insoniyat bugun “gibrid urush” timsolida sivilizatsiyalar toʻqnashuviga guvoh boʻlayotgani – achchiq haqiqat.
Sivilizatsiyalar muhorabasi obyektiv ravishda, birovning xohish-irodasisiz kelib chiqyaptimi yoki uni harakatga keltirayotgan subyektiv turtki bormi? Dangalini aytganda, ixtilof chiqarishga oʻrganib qolgan subyektlar keragidan-da koʻp. Xoʻsh, ular nima sababdan har doim shu yoʻlni tanlaydi, asl maqsad-muddao nima oʻzi? Bu savolga javobni bugun yoki kechadan emas, balki tarix qatlamlaridan – xalqlarning xohish-irodasini sindirish, ularni oʻz izmiga boʻysundirib, birxillashtirish mafkurasining ildiz otish pallalaridan izlamoq lozim. Nima boʻlganda ham, Yer kurrasining turli mintaqalarida roʻy berayotgan katta-kichik toʻqnashuvlar vaqt-soatini kutib, hayot-mamot jangiga otlangan imperiyaviy zehniyatning xususiy koʻrinishidan boshqa narsa emasligi aniq.
Sirtdan turli-tuman, ammo mohiyatan birbutun bu fenomen odamlarga jozibali tuyulishi, hatto manipulyatorlik (chalgʻitish) kuchi orqali oʻziga rom etishi mumkin. Alqissa, bu oʻrinda ham individuumga xos maʼlum vaqt kesimini sayoz diaxronik idrok etish, har bir davr vertikal va gorizontal oʻlchamga ega qatlamlardan iborat ekanini bilmaslik xastaligi yana yuzaga chiqmoqda. Vaholanki, zukko mutafakkirlar ijtimoiy-siyosiy jarayonlar maromida sezilarli oʻzgarishlar boshlanayotgani, mafkuraviy jabhada chuqur evrilish bilan bogʻliq yangi davrga oʻtilayotganini aytganiga yarim asrcha boʻldi. Kimdir-birov uni idrok etishdan butkul yiroq, kimdir “bu hol soat millarining shunchaki navbatdagi siljishi oʻlaroq hech narsani oʻzgartirmaydi” deb biladi. Vaqt maromini qatʼiy chiziqli deb hisoblovchi boshqa bir toifa jarayonni shunchaki eskining oʻrnini yangi egallashiga oʻxshatadi. Ularning tasavvurida tarix gʻildiragi mutlaq mavhumlik tomon harakatlanmaydi, balki oldindan hisob-kitob qilingan manzilda toʻxtab, makon va zamon oʻzgarishi effektini beradi, vassalom.
Bizningcha, har bir yangi davr butkul yangi mezon-oʻlchamlar, yangi ijtimoiy-maʼnaviy ufq sari eltuvchi tendensiyalarni vujudga keltiradi. U, oʻz navbatida, ijtimoiylik, hamjihatlikning turli variantlarini shakllantiradi. Shunday ekan, barcha umumjahoniy burilishlarni koʻpvariantlilik kontekstida idrok etmoq lozim. Bu – obyektiv reallik. Hayotiy faoliyatni “besh bosqichli toʻgʻri chiziq”, yaʼni formatsion talqin qilish, xalqlar, millatlarni mifologik “prokrust oʻrindigʻi”ga zoʻrma-zoʻraki oʻtqazish usuli esa umumbashariy tabiiylikka soya soladi.
Tarixning har bir yangi odimi taraqqiyotning son-sanoqsiz yoʻllariga boshlashi, ulardan biriga ustuvorlik berishda har bir xalq erkin, suveren ekanini inobatga olish lozimligi allaqachon aksiomaga aylangan. Bundan bexabarlik yoki uni mensimaslik qanday oqibatlarga olib kelishiga postkolonial jamiyatlar kechmishi guvohlik berayotir (Л.Бондаренко. Историко-культурные аспекты формирования наций в постколониальных государствах Африки // Вестник Российской АН. 2022, №1. Т. 92. Стр. 86 – 96).
Keyingi izlanishlarda dunyo bir markazli emas, aksincha, koʻp markazli ekani asoslandi. Natijada, “XXI asr boshlaridayoq insoniyat jahon tarixini oʻrganish va talqin qilishda ijtimoiy-gumanitar fanlarda radikal burilish tomon, uni global birbutunlik sifatida idrok etish sari yuz burdi. Dunyo dinamikasi markazlarining har biri yangi davrda makonini oʻzgartirishi – nochiziq koʻp markazli yaxlitlik deb eʼtirof etiladigan boʻldi” (Ю.Гранин. Бесконечная имперскость России, цивилизационная измерение // Вопросы философии. 2022, №9. Стр. 78).
Yevropaning gʻarbiy nuqtasi (Buyuk Britaniya, Fransiya va Gremaniya) bir necha yuz yil mobaynida umumjahoniy dinamikaning markazi boʻlgani sir emas. Bugunga kelib “Yevroatlantika” deya jugʻrofiy qamrovi kengaytirilgan makon hamon globalistik daʼvodan voz kecha olmayapti. U xayolan 100–150 yil avvalgi mashhur Viktoriya davrida yashayotgandek. Bizningcha esa, jahon siyosati va iqtisodiyoti kuch markazi u yerni tark etib, Sharq sari ixtiyor qildi. Ushbu umumsayyoraviy tektonik siljishning zamirida jumlai jahonning bir necha asrlik tajribasi yotadi. Bu tajriba asrlar davomida hamjihatlikda yashashning ibtidoiy shaklidan inson zotiga yarashiqli yuqori maqomga muttasil intilish natijasi oʻlaroq tarkib topgan sivilizatsiyalararo tabiiy sogʻlom raqobat, maʼrifiy muloqot hamda bir-birini yaqindan bilish istagida namoyon boʻladi. Ularni tabiiy maromidan mosuvo etib toʻqnashtirayotgan taʼlimotlar, mafkuralar, strategiyalar ham mavjud.
Sivilizatsiyalar, geografik qamrovidan qatʼi nazar, fozil ijtimoiy guruhlarning ilohiy va dunyoviy koʻrsatmalar asosida tarkib topgan murakkab strukturali nosiyosiy, tarixiy-madaniy birikmasidir. U – odamzodning marraga yetmoq uchun ming yilliklar mobaynida bexatar qoʻnimgoh izlashi natijasidir (В.Федотова. Меняющаяся современность: всемирность и социальность // Вопросы философии. 2020, №11. Стр. 5–14). Afsuski, mohiyatan ijtimoiy-ruhiy turtki hosilasi boʻlmish sivilizatsiyani ayrim kuchlar oxir-oqibat siyosiylashtirdi, oqibatda tabiiy rivojlanish maromiga darz ketdi. S.Hantingtonni xavotirga solgan ehtimoliy xatar bugun deyarli voqelikka aylandi. Natsizm, shovinizm, militarizm, irqchilik kabi aksilinsoniy oqimlar vaziyatdan uddaburonlik bilan foydalandi. Oxir-oqibat eng koʻp zarar koʻrgan subyekt – sivilizatsiyaning oʻzi boʻlib chiqdi.
Yer kurrasining qaysi nuqtasini qamrab olishidan qatʼi nazar, ilgʻor tamaddunlar bashariyatga hamjihat yashash modelini tavsiya etishi maʼlum. Ming yillar burun Xitoyda oʻrnatilgan noyob Yao va Shun komil inson boshqaruvi (meritokratiya), qadimgi hind zaminida paydo boʻlgan Artxashastra, Sharq-u Gʻarb tutashgan makonda ildiz otib, umumbashariy kuchga ega boʻlgan ellinizm kabilar hamon insoniyat xotirasida. Turli elatlarning hamnafaslikda yashashiga ozmi-koʻpmi sharoit yaratgan moziy ijtimoiy tartibot modellari hozirgi avlod qalbida ham umid va ishonch nurini sochayotir. Demak, bugun tarixiy ijtimoiy-siyosiy tartibot, ijtimoiylikning tamomila yangi uslublari sahnaga chiqayotgani obyektiv qonuniyat ekan. Yangi mezon-andazalar esa tarixiy taraqqiyotni yanada yuqori bosqichga olib chiqsa ajab emas.
Sivilizatsiya mohiyatan madaniy-maʼnaviy fenomen. Biroq uning ijtimoiy-maʼnaviy kuchi roʻyobga chiqmogʻi uchun quvvat markazi – yadro zarur. Bu zalvarli yukni oʻsha tamaddun mansub ijtimoiy-siyosiy birlashmalarning yaqqol yetakchisi, yaʼni toʻlaqonli suveren davlatlardan biri oʻz zimmasiga olishi mumkin. Ilgʻor siyosiy kuchlar oʻz vaqtida maydonga chiqadi, albatta. Biroq tasavvurimizdagi quvvat markazi endilikda oʻtmishdagilarga oʻxshamasligi tayin.
Hozirgi davrda dunyo aholisining katta qismi oʻz eʼtiborini Xitoydagi chuqur ijtimoiy-siyosiy transformatsiyaga qaratayotir. Bu borada soʻnggi xulosani aytmoqqa hali vaqt bor. Biroq turli jabhada yuksalayotgan zamonaviy Xitoyning ideallari-yu qadriyatlari, xususan, “Buyuk hamjihatlik” taʼlimoti, aksincha, Yevroatlantika sivilizatsiyasining qadriyatlardan yiroqlashuvi Chin oʻlkasi jahon tamaddunini tubdan oʻzgartirishi haqidagi farazlarni tugʻdirmoqda.
Taʼkidlash joizki, dunyo koʻpqutblilik tomon yuzlanayotgan ekan, sotsiumlardan birining yetakchi-avangard maqomga erishishi boshqa davlatlar ruhiyatiga taʼsir qilmasligi lozim. Poygada barcha ishtirokchilar soʻnggi chiziqni birvarakay kesib oʻtishi imkonsiz. Bunday sharoitda yetakchi jamiyat yoki davlatning maqomi oʻzgacha boʻlishi tabiiy. Axir, u – yangicha hamjihat yashash timsoli, yangi sivilizatsion tartibot tashuvchisi! Kuchdan qolgan sivilizatsiya bunday zalvarli missiyaga qodir emas. Insoniyatning istiqboli xususida gap borar ekan, muqobil tamaddun global “vesternlashtirish”dan asrlar mobaynida aziyat chekkan mintaqalardan birida vujudga keladi, degan taxmin xayolga keladi.
Qalamga olingan global omil, yaʼni ijtimoiy tartibot tashuvchi jamiyatga qaytsak, u peshqadam ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy markaz, aksar sohalarda karvonboshi boʻlmogʻi lozim. Shundagina u dastlab oʻz mintaqasi, soʻngra boshqa sotsiomakonlar uchun ulgi boʻla oladi. Jahon hamjamiyatining boshi berk koʻchadan chiqib, yangi tartibotga oʻtishida maqbul yoʻl bu!..
Dunyo hamjamiyati son-sanoqsiz imkoniyatlar makoni ekanini unutmaslik kerak. Ulardan eng samaralisini tanlash esa elatlar, sotsiumlarning vazifasigina emas, masʼuliyati hamdir. Bugungi ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-ruhiy holat oʻzgacha: insoniyat istiqboli xususida masʼul shaxslar chuqurroq oʻylashiga toʻgʻri kelyapti. Oʻzimboʻlaychilik, oʻylamay-netmay andak jozibali tuyulgan yoʻlni ixtiyor qilish, javobgar institutlarning masʼuliyatni soqit etishi, “barchaning barcha bilan urushi” holati bora-bora sivilizatsiyalar toʻqnashuviga olib kelishi tayin. Inson intellekti va uning imkonsizlikni imkoniyatga aylantirishdek buyuk kuchi esa taraqqiyotning ilgʻor yoʻlini topishi shubhasiz.
Boya jahon hamjamiyati oʻziga yarashiqli oʻzanga tushishida yetakchi kuch zarurligiga urgʻu berdik. Ammo ilgʻor ijtimoiy-siyosiy munosabatlar tizimiga oʻtishda yoʻllar shu qadar koʻpki, ulardan maqbul-u manzurini tanlash oson emas. Bu borada jahon hamjamiyati bir necha maʼnaviy yuksak davlatlar atrofida birlashish va shu asosda dunyoni oʻzgartirish yoʻlini tanlashi ham mumkin.
Voqealar maromi shuni koʻrsatmoqdaki, Yer kurrasining turli mintaqalarida zarur ijtimoiy-tarixiy muhit, qiyinchilik bilan boʻlsa-da, shakllanmoqda. Bu oʻrinda xalqaro siyosat maydonida vujudga kelgan qitʼalararo va tamaddunlararo birlashma – BRICS faoliyati toʻgʻrisida muxtasar maʼlumot berib oʻtmoqchimiz. Suverenitetni bayroq qilgan ushbu ittifoqni tuzgan davlatlar – yevroosiyo, konfutsiychilik, hinduviylik, afrosiyo hamda iberoafrika tamaddunlari vakillaridir. Rasmiy hujjatlariga eʼtibor qaratilsa, BRICS endigina ildiz otayotgan yangi sivilizatsiyalararo ijtimoiy tartibotga yoʻnaltirilgani oydinlashadi.
Besh sivilizatsiyaning besh mamlakatini (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika) birlashtirgan bu siyosiy ittifoq ochiqlik, boʻysunmaslik, etnik va lisoniy bagʻrikenglik, tenglararo tenglik kabi qadriyatlarga tayanadi. Ehtimol shu boisdir, tuzilma koʻplab davlatlarda qiziqish uygʻotmoqda. Argentina, Turkiya, Eron, Misr, Jazoir kabi oʻnlab davlatlar BRICS safiga qoʻshilish niyatida.
Boshqa tomondan, taraqqiyotning “Yevroatlantika modeli” bugun sinovli damlarni boshdan kechirmoqda. Buning sababini esa davlatlar oʻzidan izlashi kerak. Oʻtgan asrning birinchi choragida olmon faylasufi va sotsiologi Maks Sheler mazkur sivilizatsiya haqida “ularning ong-u tafakkuri, ruhiyatida oʻzini shunchaki oddiy millat emas, balki umumsayyoraviy imperiya egasi deb hisoblash ustuvor boʻlib kelgan” degan ediki, mazkur xulosa XXI asrga kelib yana bir karra isbotini topdi.
Insoniyat qay bir sivilizatsiyani tanlaydi – aytish mushkul. Tamaddun loyihasini oldindan laboratoriyada yaratish va amaliyotga zoʻrma-zoʻraki tatbiq etish inqilob, fuqarolik urushi va boshqa fojialarga sabab boʻlishi mumkin. Bashariyat yangicha munosabatlar tizimini ommaviy majburlov orqali oʻrnatilishini endi koʻtara olmaydigan koʻrinadi. Keng qamrovli global ijtimoiy-siyosiy evrilishni amalga oshirishning durust yoʻli – insoniyat ong-u tafakkuri hamda rejalarining ezgulik tomon tadrijiy siljishidir. Bu borada ilmiy tafakkur, yangi ijtimoiygumanitar izlanishlar-u tadqiqotlar turtki boʻlishi tayin.
Darhaqiqat, moziy – hikmatlar xazinasi, ideallar koni, u muhim kechmishlardan voqif etib, kelajak tilsimini ochishga koʻmak beradi. Nimaga qoʻl urish va nimaga qoʻl urmaslikni ham uqtiradi u. Shundan kelib chiqsak, bugungi ijtimoiy tartibot kelajakda qanday metamorfozani boshidan kechiradi, u qanday shakl-u shamoyil kasb etadi? Tarixning bir bosqichdan ikkinchisiga oʻtish qonuniyatiga tayanib aytsak, boʻlajak gumanistik hamjamiyatda milliardlab insonlarning hamnafas yashash madaniyati samarali xoʻjalik yuritish va ilmiy-texnik taraqqiyot uchun zarur sharoit yaratishga bogʻliq holda kechadi.
Yangi davrda axloqiy-huquqiy kodekslar, maʼnaviy muhit isloh etilishi, xalqaro va ichki institutsiyaviy oʻzgarishlar roʻy berishi aniq. Bularning bari tamaddunlar toʻqnashuviga oʻrin qoldirmaydi.
Tafakkur-u tasavvurda gavdalanayotgan ideal jamiyat yoki tartibotga chizgilarni Yer kurrasining turli oʻlkalarida yashab oʻtgan buyuk mutafakkirlar ilmiy merosidan topish mumkin. Sirasini aytganda, umumsayyoraviy maʼrifiy tartibotga doir utopiya Homer, Yao va Shun, Zardoʻshtdan to bugungacha mutafakkirlar ijodida yashab kelayotgan metatarixiy fenomendir. Aksar taʼlimotlarning utopiyaligicha qolgani, tarix qaʼriga unsiz shoʻngʻigani rost. Ammo baʼzilari hayotiyligi bois nafaqat tafakkurda makon tutdi, amaliyotga izchil tatbiq ham etildi.
Dunyodagi jarayonlar, ezgu niyat-maqsadlarning yakuni xususida soʻz borar ekan, insoniyat uchun qaysi yoʻl yaxshi va qay biri yomon degan jumboqli savol koʻndalang boʻlaveradi. Taassufki, hatto olamda nimalar roʻy berayotganidan boxabar kishilar davrasida ham anʼanaviy “ilgʻor mamlakatlar” modeliga moyillik kayfiyati saqlanib qolmoqda. Koʻhna dunyo taraqqiyotning behisob shakl va usullari xazinasi ekanini faromush etmagan maʼqul. Yoʻl-yoʻnalishlardan qay biri yaxshi yoki yomonligini aniqlashda esa umumeʼtirof etilgan mezon mavjud: taklif etilayotgan tamaddun insonning, siz-u bizning osoyishta va farovon hayotimizni taʼmin etmogʻi lozim. Achchiq boʻlsa-da, tan olaylik, anʼanaviy “izm”lardan birortasi ijtimoiy-siyosiy uygʻunlik orzusini roʻyobga chiqara olmadi. Savol ketidan savol tugʻiladi: afsonaviy Shambaladek saodatli goʻshani qayerdan qidirmoq kerak?
Postnoklassik falsafaga koʻra, uni bir vaqtning oʻzida bugun va kelajakdan axtarmoq noravodir. Binobarin, inson zoti necha asrlardan buyon izlayotgan oʻzaro hamjihat yashash modeli bir necha mintaqada emas, balki bugungi voqelikning oʻzida mavjud.
Nechogʻli murakkab va ziddiyatli boʻlmasin, bugun dunyo yaxlit gipertizimga aylandi. Oddiy nigohdan panadagi chuqur qatlamlarda azaliy va abadiy kurash kechayotir. Hayotdek betakror neʼmatni asrashda jahon ahlining hammaslak, hamfikr ekanini hisobga olsak, globallashuv va mintaqalashuvning koʻlami-yu shiddati oydin boʻladi-qoʻyadi. Alqissa, olamning ravish-raftori, kayfiyati uning botiniy qatlamlaridagi betinim harakat, siljishlarga bog‘liqdir.
Temur JOʻRAYEV
“Tafakkur” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Hantington haq edimi?” maqolasi