Dunyo oʻzgarib borayapti. Bu jarayonda tomir tushunchalarga qarashlar va munosabatlar ham oʻzgarayapti. Ayrim yoshlar bilan suhbatlashsangiz, xorijga ketmoqchi ekanini aytadi. Ular yashash sharoiti qulay boʻlgan joylarga koʻchib yurish toʻgʻri yoʻl, deb hisoblaydi. Ammo Boburning “Hind sori yuzlandim...”, degan hasratini eslab, javobsiz savollar girdobida qolasiz. Xoʻsh, yoshlarda xorijga ketish istagi paydo boʻlishining sababi nima? Bu qanchalik toʻgʻri yo chalkash yoʻl? Bu kabi savollarga javob topish uchun taniqli publitsist, tarjimon, yozuvchi Qulman Ochil va jurnalist, “Mahalla” telekanali direktori Ikrom Choriyevlarga yuzlandik.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Vatanparvar insonni qanday tasavvur qilasiz?
Qulman Ochil:
– Hamkasblarimiz bilan maʼrifatli bir anjumanning birinchi kuni ajoyib maʼruza tingladik. Tinimsiz savol-javob qildik. Ertasi kuni ha deganda voizimiz kelavermadi. Ilhaq kutdik. Kelmadi. Maʼlum boʻldiki, Andrey (afsus, familiyasi yodimda qolmabdi) 24-fevral kuni erta tongda ona yurti – Ukrainaga joʻnab ketibdi. Vatanida urush boshlanganidan xabar topgan yigit aytibdiki, qalamimni endi qurolga almashtirishga majburman. Notinch yurtidan xiyla uzoqda – osoyishta oʻzbek diyorida huzur-halovatda, kattagina maosh olib, oʻz ishini bemalol davom ettiraversa, birov uni ayblay olmasdi. Nufuzli xalqaro tashkilotning obroʻli vakili edi. Lekin Vatanining, xalqining boshiga kulfat tushganini koʻrib, chin farzand, iymonli inson sifatida qarab turolmadi: “Mabodo, boshqa koʻrisholmasak, uzr soʻrayman!” Koʻp oʻtmay shum xabar tarqaldi: “Ogʻir janglarning birida dushman oʻqiga uchibdi!” Iymonli, masʼuliyatli va tiynatida fidoyilik alomatlari barq urib turgan inson edi, oʻsha hamkorimiz.
Ikrom Choriyev:
– Men masalaning boshqa jihati haqida gapirmoqchiman. Bu soʻz va tushunchani uzoq yillardan beri kerak-kerak emas joylarda shu qadar koʻp va xoʻp istifoda etdikki, endi u lab jiyirish, ensa qotirish bilan qabul qilinadigan boʻlib qoldi. Savolingizdan kaminaning ham peshonasiga tirish tushganini yashirmayman. Buni zinhor vatansuymaslikka yoʻymang, boʻldi-boʻlmadi, xalta-xurjunini koʻtarib, allaqayga surib qolishni ayuhannos soladigan baʼzi injiq yoshlar kayfiyatiga ham mengzamang. Muqaddas soʻz va tushunchalarni hech qachon siyqalashtirmaslik kerak. Endi savolingizdagi “vatanparvar inson qiyofasi”ga kelsak, nuqul koʻz oldimga Ochildi bobo keladi, deng. Bobo moʻjazgina shaharchamiz biqinidagi qishloqda yashardi. Uning ellik tanobcha yeri boʻlib, biz oʻqiydigan maktabning shappatida joylashgan edi. Har tanaffusda boboning boʻyidan ikki baravar yuqori koʻtarilib, har koʻtarilib tushganida quyosh shuʼlasida yarqirab ketadigan ketmon bilan yer chopayotganini koʻrardik. Jazirama kunlarda ham egnida chopon bilan bobo ketmon urardi. Albatta, shaharning ishyoqmas bolasi sifatida boboga havas bilan qaramaganimiz aniq.
90-yillarning boshida hammaga tomorqa uchun yer berildi. Bizga ham Ochildi boboning yeriga qoʻshni hududdan tomorqa ajratildi. Yakshanba kunlari bir toʻp ishyoqmas aka-ukalar oʻsha yerga borib bir nimalar qilgan kishi boʻlib qaytamiz. Shu asnoda bobo bilan gurung qiladigan boʻldik. Men keyinchalik, talaba boʻlib, odamning farqiga bora boshlagan kezlarimda Ochildi boboni ataylab qidirib boradigan, suhbatini oladigan boʻldim. Boboning gurunglari shu qadar sodda va samimiyki, hozir bundayini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. Bobo yer haqida, ekin-tikin, hosil toʻgʻrisida gapiradi, umrida bir bor koʻrmagan men oʻqiyotgan katta shahar haqida maydalab soʻraydi. Tabiiyki, Ochildi bobo bilan gurunglarimizda “vatan” soʻzi aytilmasa-da, aslida hamma gap shu mavzu atrofida boʻladi. Men otaning biror marta noligani, turmush qiyinchiliklari-yu, dehqonning kosasi oqarmayotganidan zorlanganini eshitganim yoʻq. Tez-tez “Xudogʻa shukur”, deb qoʻyguvchi edi. Holbuki, zamon ogʻir, bir tishlam non “arzanda” vaqtlar edi. Boboning turmushida ham kemtikliklar koʻpligini har-har zamonda otamdan pul qarz soʻrab turganidan bilaman. Yana men koʻp eslab yuradigan gap esa mana bu: “Ulim, qish oylari juda qiyin oʻtadi, sovuqdan emas, ish joʻqligidan, jer chopolmaganimdan.” Hozir oʻylab qarasam, dunyodagi eng vatanparvar, elsuyar odam Ochildi bobo boʻlib koʻrinadi. U kishi bu tuygʻularning hammasini yer bilan, uni obod qilish ishqi bilan birga tasavvur qilgan boʻlsa kerak. Bobo maktab koʻrgan, televizor koʻrgan va albatta, koʻp balandparvoz soʻzlarni eshitgan. Lekin bunday odamlar siz-u bizdan farqli oʻlaroq, davralarda yangroq ovoz bilan bu soʻzni aytmaydi, minbarlardan turib chinqirmaydi. Yurtni, eldoshlarni jimgina sevadi. Bir hovuch boʻlsa ham el rizqini undirishni oʻzining hayotiy burchi deb biladi. Faqat Ochildi boboga qish qiyin oʻtadi, chunki ishlayolmaydi, rizq-roʻz yaratolmaydi, vatanni ketmon bilan obod qilolmaydi. U zorlansa, faqat shundan zorlanadi...
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Yoshlar oʻrtasida biron adolatsizlik yoki ijtimoiy muammoga duch kelsa, rivojlangan mamlakatlarga qarab “surish” koʻyiga tushadiganlari uchrab turadi. Boshqacha aytganda, muammoni hal qilishga bosh qoʻshishdan koʻra, juftakni rostlash yoʻlini maʼqul koʻradi. Bunday kayfiyatning paydo boʻlish sabablari nimada?
Qulman Ochil:
– Bunday kayfiyat oʻz-oʻzidan paydo boʻlmasligi ayon. Qayerdaki, adolat tamoyillari buzilsa, oʻsha yerda, ayniqsa, hali hayotiy tajribasi kamroq yoshlar koʻnglida, oʻkinch paydo boʻlishi tabiiy. Bunda yoshlarga xos maksimalizmning alomatlari ham yoʻq emas. Ayni jarayonda muammoning oqibatini emas, sababini – soʻz va aʼmol birligini, qonunga itoat va qonun oldida barchaning tengligini, qilmish uchun jazoning muqarrarligini taʼminlashga eʼtiborni yanada kuchaytirgan jamiyat yutadi. Ijtimoiy tarmoqlarda mutaraqqiy mamlakatlarga “surishga shay” yoshlarning fikrlariga unda-bunda koʻzim tushganida, shunchaki jilmayib qoʻya qolaman. Bu nevaraning bobosiga: muzqaymoq olib bermasangiz, bugun bogʻchaga bormayman, degan xarxashasini eslatadi. Farzandlarimiz baʼzan erkalik yoki sarkashlik qilsa, toʻnimizni darhol teskari kiyib olmaylik. Ular birovning emas, oʻzimizning zurriyodlarimiz. Bugungi yoshlar buzilib ketdi, deb vahimaga tushib, ularni xoinga chiqarishga shoshilmaylik. Avvalo, oʻzimiz ularga hayotda ibrat-u namuna boʻlib, insoniylig-u adolatdan saboq beraylik.
Yana shukur qilaylikki, ayni sarkashlikning zamirida ulug‘ bir hikmat – yuksalish bor. “Temir qafas” ichida – qizil imperiya davrida suyagi qotgan yoshi ulugʻlardan farqli oʻlaroq, farzandlarimiz oʻzining mustaqil Vatani – Yangi Oʻzbekistonda, dunyoga bagʻrini keng ochgan, demokratik mamlakatda emin-erkin yashamoqda. Bir necha tilni biladi. Chet ellarda oʻqish, ishlash, dam olish – ular uchun odatiy hol. Qarangki, bundan qariyb oʻttiz besh yil avval atoqli shoirimiz Erkin Vohidov suhbatlarimizdan birida armon bilan aytgan gaplar yodimga tushdi. “Robindranat Thokurning bir sheʼri bor, – degan edi Erkin aka. – Ona Hindiston! Farzandlaringni bunchalar sevib bagʻringga bosmasang! Sen ularni qoʻyib yubor. Chiqsin. Dunyo boʻylab parvoz qilsin. El-yurtlarni koʻrsin. Boshi omon boʻlsin. Bir kuni qaytib kelib, sening kuningga yaraydi, ular. Keyinroq Abdulla Oripovning “Qoʻyvor nabirangni, otajonim Sharq” degan sheʼri paydo boʻldi.
Men ham bugun ona Oʻzbekistonimizga shunday murojaat qilgim keladi: sen ham sevikli farzandlaringni hadeb bagʻringga bosib oʻtiraverma. Xorijga chiqsa, kapitalizmning yuqumli kasaliga chalinib, dunyoqarashi oʻzgarib ketadi, aynib qoladi, deb choʻchima. Ularni butun dunyoga yubor… Buning uchun qudrating yetadi. Oʻn besh-yigirma, balki undan ham koʻproq talabani Ovrupo, Amerika, Osiyo mamlakatlariga oʻqishga yuborib, tarbiyalasang, ertaga kuningga yarashi muqarrar…” Oʻzbek donishmandining ezgu orzulari bugun moʻl-koʻl ushalib turganini koʻrib turibmiz. Xorijda tahsil olayotgan qorakoʻzlarimiz 150 mingdan oshganini eshitgandirsiz. Millatimizning eng bebaho boyligiyam, davlati-yu savlatiyam, ertangi kuniyam ilm va bilim yoʻlida zahmat chekayotgan yoshlarimiz! Eslaylik, oʻtgan asrning avvalida Ovrupoda taʼlim olgan va bugun biz jadid bobolarimiz deb faxrlanadigan bor-yoʻgʻi yigirma chogʻli yigit-qiz – maʼrifatparvar fidoyilar – mudrab yotgan butun Turkistonni uygʻotib yubormaganmidi?!.. Endilikda jamiyatimiz boshidan kechayotgan erkinlik jarayonlari milliy yuksalish sari qoʻyilayotgan dadil qadamlardir.
Ikrom Choriyev:
– “Surish” fikrining genezisini sal chuqurroqdan izlash kerak. Jamiyatdan, ulusdan qochish, bugungi til bilan aytganda “surish” istagi zoʻr badiiy talqin topgan mana bu baytga eʼtibor qiling:
Parim boʻlsa uchub qochsam ulusdin to qanotim bor,
Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam to hayotim bor.
Albatta, Hazrat Navoiyning “ulusdan qochish” fikri bilan bugungi yoshlarning “surish” gʻoyasi oʻrtasida farq katta. Ammo men bitta umumiylikni koʻraman. Yaʼni inson qachon bunday kayfiyatga tushadi, qachonki u bir natijadan qattiq umidvor boʻlsa-yu, ul oʻlgur sodir boʻlavermasa... Hazrat ulug‘ ruhoniy maqomga yetishish yoʻlidagi harakatlari natijasidan qoniqmasa, bugungi yoshlar orzu qilgan, oʻzlari koʻrishni istagan hayotning tezroq roʻyobga chiqavermaganidan kuyadi, baʼzan adolatning qaddi bukilib, qonunlardan koʻra dasti uzunlarning aytgani koʻproq tosh bosayotganidan oʻkinadi. Shunday paytda ularning “surgisi” keladi. Yana ongli odamning dunyoni, borliqni komil koʻrish istagi ham borki, shu his ham baʼzan jondan toʻydirib yuboradi. Yoshlar undan “surib” qutulmoqchi boʻlsa, Hazratga oʻxshagan daholar goʻzal sanʼat yaratadilar. Yoshlarning bunday ezgin kayfiyatga tushishini istamasak, davlat va jamiyatni muttasil isloh qilib borishdan, erkinlikni hayotimizning hamma jabhasiga dadil olib kirishdan, hayotdagi nedir bir kemtiklikni koʻrib asoslidir, asossizdir tanqidiy fikr aytsa, unga toqat qilishdan va, albatta, har-har zamonda “surgisi” kelib qolayotgan yoshlarni eshitishdan chekinmasligimiz kerak, vassalom. Aslida, ular juda koʻp narsa soʻrayotgani yoʻq bizdan. Muhimi, ular dunyoning qaysi burjida boʻlmasin, qalbidagi Vatanni yoʻqotib qoʻymasa boʻldi. Qolaversa, ogʻalar, yoshlarning bu gaplarini koʻpam jiddiy olavermaslik, bundan fojia yasamaslikni maslahat beraman.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Jadid bobolarimiz bugungidan koʻra jiddiyroq muammolar girdobida yashagan. Ular jonini xatarga qoʻyib boʻlsa-da, Vatanini ravnaq toptirish, mazlum xalqini ozod qilish uchun kurashgan. Maʼrifarparvar bobolarimiz va bugungi yoshlar oʻrtasida qanday uygʻunlik va tafovut koʻrasiz?
Qulman Ochil:
– Mehnatsevarlik, adolat va ilmga chanoqoqlik, sabr-qanoat millatimizning qonida bor. Uygʻunlik ana shunda. Baʼzan, eʼtibor bersangiz, nafaqasi doʻkondan arang non-u choy xarid qilishga yetadigan yolgʻiz qariyadan koʻra, oʻsha hashamatli doʻkonning navqiron xoʻjayini koʻproq noliydi. Bu yogʻi endi qanoat-u tafovutga tobin. Inson oʻzi shunday yaralgan – erkinlik, farovonlik, boylik kabi hammaga va hamisha ham nasib etavermaydigan neʼmatlarga tezroq va moʻlroq erishishni istaydi. Qancha doʻrji boʻlsa, shuncha kamdek tuyulaveradi. Ehtiyojning esa had-cheki yoʻq.
Ammo ortimizga birrov nazar tashlasak, dahshatli tush kabi tuyuladigan ayanchli manzaralar yodimizga tushmaydimi?! Eng zarur neʼmatlarni qoʻya turaylik, oddiy non, shakar, tuz xarid qilish ilinjida peshtaxtalari huvillab yotgan magazinlar oldida kallai sahardan yarim tungacha navbatda turmasmidik? Istiqlolimiz bergan imkoniyat oʻlaroq, farovon yurtlarga ilk bor qadam qoʻyganimizda, “hatto moshinlarning magazinlarda sotilayotganini” koʻrib, ogʻizlarimiz lang ochilib qolmasmidi? Asrlar osha mustaqillik nashidasini surib yashayotgan qudratli davlatlar ahliga havasimiz kelishi, ulardan ulgu olishga intilishimiz tabiiy. Faqat qariyb 150 yil davom etgan istibdoddan xalqimiz kuni kecha xalos boʻlgani-yu, har jabhada qaddini dadil tiklayotganini baʼzan unutib qoʻyayotgandekmiz.
Ikrom Choriyev:
– Jadid bobolardan soʻz ochdingiz, rostini aytay, hamma millat oʻtmishida ham shunday tarixiy vaziyatlar boʻladiki, unda xalqning qahramonlari tabiiy ravishda va tabiiy ehtiyoj taqozosi oʻlaroq tarix sahnasiga chiqib keladi. Bizda bu hodisa mustamlakachilar mamlakatni gʻorat qilib, qadriyatlar toptalgan, xalqlar maysaday ezilgan, ming yillik davlatchilik tarixiga ega xalqlarning ustidan kechagina oʻrmondan chiqib kelgan millat hukmfarmolik oʻrnatgan “moziyning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan” pallada boʻy koʻrsatdi. Tarixiy vaziyat taqozosi boʻlib dunyoga kelgan bu qahramonlarning fidoyiliklari, jonnisorliklarini hamma davr odamlaridan talab qilaverish imkonsiz, deb hisoblayman. Dangalini aytganda, biz har qancha orzu qilmaylik, oʻzbekning onasi har yili jadid tugʻa olmaydi. Agar gap ilm egallash, shu orqali yurtni ravnaq toptirish haqida ketayotgan boʻlsa, unda bu hamma davr odamlarining hayotiy aʼmoli boʻlmogʻi lozim. Qolaversa, bugun bu ishni amalga oshirish jonni xatarga, boshni kundaga qoʻyish degani ham emas. Oʻz ilm-zakosi bilan dunyoni lol qoldirayotgan yoshlarimiz ham borligidan koʻz yummaymiz. Lekin 36 millionlik nufuzli xalqqa bu yetarli emasligini ham toʻgʻri tushunamiz.
Bu yilgi test natijalari ilm-maʼrifat, taʼlim-maorif ishlaridagi nuqsonlarimizni suv betiga qalqqan moyday yuzaga chiqarib tashladi. Hisoblab koʻring, mustaqil boʻlganimizdan beri oʻtgan 32 yilda taʼlim tizimi necha bor “tub islohot”ga giriftor boʻldi. Xalqning umumiy savodxonligi, maʼrifatida muhim oʻrin tutadigan yozuv-alifbo masalasida hali hamon bir qarorga kelolganimiz yoʻq. Har kuni oʻnlab shunday mazmundagi eʼlon sizning ham telefoningizga kelayotgan boʻlsa kerak: Necha ball toʻplagan boʻlishingizdan qatʼi nazar, bizning xususiy xalqaro universitetimizga kelib oʻqing yoki hech qanday imtihonlarsiz bizda talaba boʻling... Kirish oson-u, bitirish qiyin boʻlgan mamlakatlarnikiday tizimimiz boʻlsa edi, bunday yondashuvni oqlasangiz boʻlardi. Bizda oʻqishga kirgan odamning bitira olmaganini hech eshitganmisiz? Otini yoza olmagan bola ertaga diplom olib xalq xoʻjaligini koʻtarib berishiga hech ishonasizmi? Endi yoshlarning ilmga beragʻbatligiga keladigan boʻlsak, buning ham obyektiv va subyektiv taraflari bor. Nazarimda, maʼrifatga eng katta ragʻbat – intellektning pulga, moddiy mulkka aylanishiga erishish. Yaʼni aqli, ilmi bor odam shu neʼmatlardan bebahra qavmdan koʻra toʻkisroq yashasa, hech kimni targʻib-tashviq qilib oʻqitishga hojat qolmaydi. Rivojlangan dunyo tajribasi shunday.
Bugungi suhbatimizning bosh mavzusi boʻlgan vatanparvarlik tuygʻusi ham ana shu yerdan oʻsib chiqadi, deb oʻylayman. Axir, maʼrifatsiz odamni, qalbi tarbiyalanmagan kimsani vatanvarparvar qilib boʻladimi? U faqat qorin gʻami bilan yashaydigan nafs bandasi, ishkamba asiridan boshqa yana nima boʻladi? Demoqchimanki, sovet demagoglari kabi odamlarni nuqul fidoyilikka, oʻzidan kechishga, deylik olim faqat ilm dargohlarining tuprogʻini yalab, bitta kamzul bilan kifoyalanib yashashga targʻib qiladigan daqqi usuldan emas, zamonaviy dunyo tutgan ilm, bilim – bu mulk, farovon hayot degan tutumlardan ulgu olish pallasi allaqachon yetdi. Shunda hech bir yosh “surish” haqida, boshqa ellarning yoʻl-yoʻlaklarini supurish toʻgʻrisida oʻylamaydi, ozmi-koʻpmi shu yerda olgan bilimini xorijga borib pulga, mulkka aylantirishga shoshilmaydi.
Boboravshan Gʻoziddinov:
– Yoshlar ongiga vatanparvarlik tuygʻusini kengroq singdirish uchun nimalarga koʻproq eʼtibor berishimiz, qanday yoʻl tutishimiz zarur?
Qulman Ochil:
– Bu yoʻl azaldan aniq va ravshan: ilm-maʼrifatga eʼtiborni yanada kuchaytirishimiz zarur. Shukrki, mazkur yoʻnalishdagi ishlarning samaralarini koʻrib, koʻnglim oʻsadi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasiga tez-tez borib turaman. Soʻnggi paytda bu maʼrifat maskanida bir muhim oʻzgarish yaqqol sezildi. Xoh begim, xoh dam olish kuni boʻlsin, qiroat zallarining birortasidan oʻtirgani joy topolmaysiz. Ertalabdanoq band! Liq toʻla! Deyarli hammasi yoshlar! Oʻquvchi, talaba – yoshlar! Shundoq parket polga oʻtirib olib, berilib kitob oʻqiyotganlari, nimalarnidir yozayotganlari qancha. Kutubxona bekalarining esa qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Oʻzim guvohman – ular ilgari boʻm-boʻsh zallarda zerikkanidan esnab oʻtirishar edi. Ey, Xudoyim, deb suyunaman, yoshlarimiz kitob oʻqimay qoʻygan deb tashvish chekayotganlar kelib koʻrsa edi, shu goʻzal manzarani! Yosh avlodning maʼrifatga bu buyuk intilishini hisobga olgan Milliy kutubxonamiz rahbariyati ish tartibini tubdan oʻzgartirdi: qiroatxonalar kun-u tun ishlashga oʻtdi! Albatta, yoshlarning uyida, bizning kechmish davrlarimizda boʻlgani kabi liq toʻla kitob javonlarini uchratmaysiz. Endi u gaplar yoʻq. Chop etilayotgan kitoblarning tiraji ikki-uch ming nusxadan oshmasa, kimning qoʻlidan topasiz. Oʻzining shaxsiy pasportini ham bosma matnda oʻqishni eskilikka yoʻyadigan elektron avlodning topgan-tutgani qoʻlidagi telefonida.
Shunday boʻlsa-da, men yoshlarimizni badiiy mutolaa zavqidan butunlay bebahra deyishdan tiyilaman. Ular qoʻlidagi oʻsha “oʻyinchoq-ovunchogʻi”ni sal kavlasa, yetti iqlimning eng boy kutubxonalaridan istalgan tildagi, istalgan davrda chop etilgan kitob yoki gazeta-jurnalni topishi mumkin. Gap ana shu ganji dunyoga qoʻl uzatishni ranj deb bilmasligida. Binobarin, chakkasiga quloqchin tutgan yigit yoki qizga koʻzimiz tushsa, hadeb ginador boʻlavermaylik. Balki u Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlari” romanini, ehtimol Alisher Navoiy yoki Abdulla Oripovning dilbar sheʼrlarini audiokitobdan tinglab huzur qilayotgandir. Bu yogʻini soʻrasangiz, elektron mutolaaga doxil ana shunday usullar oʻzimga ham qulayroq koʻrinib qolgan.
Ikrom Choriyev:
– Bunga oʻz mulohazalarimni yuqorida qisman bayon qildim. Yana qoʻshimcha shuki, bizning odamlarimiz koʻp narsalarga yondashuvda ilgʻor tajribalar, vaqt sinovidan oʻtgan metodlardan koʻra, suyagimiz qotgan tizim va tuzumlar uslublarini afzal koʻryapti. Gʻarbda bu tuygʻu yoʻqmi? Unda bu ulkan mamlakatlarni tutib turgan ustunlar nima? Vatanparvarlik koʻkrakni avtomatning oʻqiga tutib berish, allaqachon umrini oʻtab boʻlgan eski urf-odatlarga mahkam yopishib qolish, teleminbarlar, ijtimoiy tarmoqlardan chiqib tomoq yirtib “vatan” deb ayqirish emas. Dehqon dalani, bogʻbon bogʻni quritmasa, quruvchi qurgan inshoot ishga tushmay qulab tushmasa, amaldor xalqning mulkiga koʻz olaytirmasa, huquqingizni himoya qilishi kerak boʻlganlar uni oyoq osti qilmasa, korrupsiya ildizi bilan qurib ketsa, xullas, hamma oʻz kasb-korida, oila, bola-chaqasi tepasida halol boʻlsa, sidqidildan ishlasa, huquq va majburiyatlarini bilsa – shu-da vatanparvarlik. Bunga yoshlarni qanday oʻrgatamiz desa, yana xalq naqlida javob borki, katta karvon qayerdan koʻchsa, kichigi ham shu yerdan. Yoshlarimiz biz oʻkinch bilan eslayotgan illatlarning hammasini xorijdan yuqtirgani yoʻq. Aksariyat milliy kasalliklarimiz nasl surib yuribdi. Xulosa shuki, yoshlarni sen undoq boʻl, bundoq boʻl deb emas, oʻzimiz chiroyli namuna boʻlib tarbiyalaylik. Til va dil birligiga erishib ulardan ham sidq-u safoni talab qilaylik.
Suhbatni Boboravshan GʻOZIDDINOV uyushtirdi.
“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 3-son.
“Vatanparvar yoshlar qanday tarbiyalanadi?” suhbati