Amerikalik yozuvchi Margaret Mitchellning “Shamollarda qolgan hislarim” romanini oʻqigan yoki ekranizatsiyasini koʻrganlar Skarlett O‘xara obrazi orqali ingliz tilidagi Scarlet soʻzi bilan yaxshi tanish. Lugʻatlarda bu soʻz “yorqin qizil” yoki “alvon” rang sifatida izohlanadi. Xoʻsh, mazkur soʻz qanday etimologiyaga ega?
“Kodeks kumanikus” lugʻatida qadimgi kumon-qipchoqlar tilidan “isqarlat” (“yscarlat”) soʻzi qayd etilgan. Bunga toʻxtalishdan oldin “kumonlar kim?”, “Kodeks kumanikus” qanday lugʻat?” kabi savollar yuzasidan qisqacha toʻxtalish lozim.
X-XI asrlardan boshlab Sharqiy Ovroʻpo, Qirim yarimoroli hududlarida yashagan turkiy qavmlar kumon-qipchoqlar, kunlar deb atalgan. Ular hozirgi Qirim tatarlari, qaraimlar va boshqa turkiy qavmlarning ajdodlari, shu bilan birga, ularning aksariyati majorlar va boshqa Sharqiy Ovroʻpo xalqlari tarkibiga singib ketgan. Oʻsha davrlarda kumon-qipchoqlar ovroʻpoliklar va musulmon Sharqi oʻrtasidagi iqtisodiy va madaniy munosabatlarda muhim vositachilik rolini oʻynagan. Bu holat ovroʻpoliklar oʻrtasida ularning tillarini oʻrganish ehtiyojini keltirib chiqargan. Qolaversa, turkiy qavmlar oʻrtasida nasroniylikni yoyish maqsadida XIII-XIV asrlarda ovroʻpolik missionerlar kumonlarning soʻzlarini toʻplab, soʻzliklar tuza boshlagan.
Italyancha, lotincha va qisman olmon tillarida tuzilgan bu manba keyinchalik umumiy nom bilan “Kodeks kumanikus” (Codex cumanicus), yaʼni “Kumoncha bitiglar” deb nomlangan. Lugʻatning tuzilishi quyidagicha: sahifalar uch ustunga boʻlinib, birinchi ustunda – lotincha (italyancha) soʻz, ikkinchi ustunda oʻsha soʻzning forscha muqobili va uchinchi ustunda kumoncha – turkiy soʻz keltiriladi.
Xullas, yuqorida tilga olingan “isqarlat” (“yscarlat”) soʻzi lugʻatning “Savdogarlarga tegishli tovarlar” (“Mercimonia que pertinent ad mcatore”) deb nomlangan boʻlimida joylashgan boʻlib, uning lotinchasi – “scarlata”, forschasi esa “scarlat” deb izohlangan. Koʻrinib turibdiki, bu atama oʻsha davrda uch tilda ham bir xil shaklda boʻlgan ekan, bu uning bir tildan boshqa tillarga oʻzlashganini anglatadi. “Kodeks kumanikus”ni tadqiq etgan va nashrga tayyorlagan major olimi K.G.Kun (C.G.Kuun) matn tagida yana italyancha “scarlatto” va usmonli turkchasidagi “iskarlat” (“اسکرلت”)ni ham qiyosiy tarzda keltiradi. Lugʻatda bu soʻzning “Savdogarlarga tegishli tovarlar” boʻlimida qayd etilishi ovroʻpolik missioner uni bozordagi savdogarlar nutqidan yozib olgani va u bozor rastasidagi muayyan tovar boʻlganidan darak beradi.
Fransuz tilining izohli lugʻati – “Le Petit Robert” da qayd etilishicha, bu soʻz lotincha “scarlata” orqali XII asrdayoq fransuz tiliga ham oʻtgan va oʻshanda “qimmatbaho mato”, “yorqin ranglardagi toʻqima” kabi maʼnolarni anglatgan. Lugʻatda aytilishicha, lotincha “scarlata” ham aslida forscha “saqarlot” (“سقرلات”) soʻziga borib taqaladi. Mazkur soʻzning hozirgi fransuz tilidagi koʻrinishi “écarlate” boʻlib, “yorqin qizil rang”, “alvon rang” maʼnosini bildiradi. Ammo uning qadimgi fransuz tilidagi dastlabki koʻrinishi “escarlate” boʻlgan va oʻsha davrlarda fransuz tilidan inglizchaga “scarlat” shaklida oʻzlashgan.
Oʻrta asrlar va undan keyingi davrlarda Ovroʻpoda yorqin qizil rang va shu rangdagi kiyim va matolar qimmatbaho, shohona hisoblangan. Nasroniylikda ham bu rang muhim oʻrin tutgan. Ammo oʻsha paytda ovroʻpoliklar bunday rang va matolarni tayyorlashni bilishmagan. Bunday matolar asosan hozirgi Eron va Turkiya hududlarida tayyorlanib, Ovroʻpoga aynan oʻsha hududlardan keltirilgan.
Ovroʻpoda bu soʻz keyinchalik asosan rang maʼnosida qoʻllanilgan boʻlsa, Sharqda mato va toʻqima ifodasida ishlatilgan. Alisher Navoiy ham asarlarida “saqarlot” shaklida qoʻllaydi va Navoiy lugʻatida unga: “سقرلات – jundan toʻqilgan kiyimlik” deb izoh berilgan. Xususan, Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonida quyidagicha keltiradi:
“Vale bodpolargʻa solgʻon kejim,
Saqarlotu borcha yovurqon kejim”, –
Maʼnosi: “Ammo chopqir otlarga maxsus oʻq oʻtmas, jundan toʻqilgan turli xil jabduqlar solingan”.
Bobur “Boburnoma”sida “saqarlot” soʻzini Navoiy singari “jun mato” maʼnosida bir necha oʻrinda qoʻllaydi: “...saqarlot va maxmal chodirlar va shomiyonalar va har uyda xarvor-xarvor sanduqlar” (B. “Sharq”, 2002, 158-b.), – maʼnosi: “jun va baxmal chodirlar, shohona pardali chodirlar va har uyda koʻp-koʻp sandiqlar”. Boshqa bir oʻrinda: “Saqarlot kat zayluchasigʻa chirmab, kat ostigʻa qoʻyib, ustiga gilemlar yoptuk” (259-b.), – maʼnosi: “(kitob va qogʻozlarni namdan saqlash uchun) soʻriga toʻshaladigan jun sholchaga chirmab, soʻri ostiga qoʻyib, ustiga gilamlar yopdik”.
Alqissa, “saqarlot” forscha etimologiyaga ega boʻlsa-da, azaldan turkiy tillarda ham faol qoʻllangan. Jumladan, Sharqiy Ovro‘po va Qirimda yashagan kumon-qipchoqlar, usmonlilar, shuningdek, Navoiy va Bobur asarlari uning bizning hududlarda ham faol isteʼmolda boʻlganini koʻrsatadi. Shuni ham aytib oʻtish kerakki, qadimgi turkiy tilda “soq-” (“soʻqmoq”) oʻzagi “toʻqimoq” maʼnosini anglatib, kiyim, mato, gilam kabi buyumlarni toʻqishga nisbatan ishlatilgan. Ammo uning “saqarlot” soʻziga aloqasi bor yo yoʻqligi hozircha nomaʼlum.
Margaret Mitchell romani qahramoni Skarlett Oʻxara ismi Sharq toʻqimachilik sanʼatidan boshlanib, asrlar osha Ovro‘po tillariga oʻzlashguncha boy tarixiy-etimologik yoʻlni bosib oʻtgan.
Abduvohid HAYIT