Oilaviy gurungda bobomning qishloq oqsoqoli boʻlganini esladik. Oʻn ikki yashar oʻgʻlim ajablanib, “Oqsoqol degani nima? Qanday odam boʻladi?” deb soʻradi. Oʻylab koʻrsam, bolalarim tengi bugungi avlod oqsoqollarni bilmay, tanimay ulgʻayayotgan ekan. Shu haqda oʻylab, beixtiyor bolaligimni esladim. Oʻshanda kimdir bozordan mol olaman desa ham, biron yigʻin oʻtkazmoqchi boʻlsayam, kelin yo kuyov tanlashda ham kayvonilar bilan maslahatlashar edi. Hech kim biron ishni oʻz bilganicha bajarmasdi. Ularning gapi qonunday qabul qilinardi. Menimcha, hozir ana shunday kayvoni insonlar kamyob. Nima uchun ular birdan yoʻqolib qoldi? El orasida oqsoqollarga nechogʻli ehtiyoj bor?

Filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, yozuvchi Olim Toshboyev bilan yuqoridagi kabi savollarga javob topish uchun fikr almashdik.

B.Gʻoziddinov:

– Shomirza aka, biz taniydigan oqsoqollar aslida kim edi? Ular hozir qayerda?

Sh.Turdimov:

– Oqsoqol tabiiy tanlangan odam. Bola tarbiyasi u oʻynaydigan oʻyinga ham bogʻliq. Oʻyin vaqtida bitta bola boshqalardan ajralib yetakchi boʻlib oladi. Bolalarda yolgʻon munosabat yoʻq. Shu bois bu yetakchilik tabiiy shakllanadi. Xuddi shu kabi oqsoqol ham tabiiy tanlanishi, jamiyatning mahsuli sifatida oʻrtaga chiqishi kerak.

Oqsoqollarning kamayishi tarbiya tizimi bilan bogʻliq. Bola uyda asosan onadan tarbiya olayapti. Maktabda ayol oʻqituvchi dars berayapti. Erkak oʻqituvchilar maktabga qaytdi deyildi, lekin kam. Bola erkak tarbiyasini olmasa, unda yetakchilik qobiliyati oʻz-oʻzidan passivlashadi. Toʻgʻrimi, Olim aka?!

O.Toshboyev:

– Rost. Bilasizmi, bizda oqsoqollikning rutbasi atay tushirilgan. Yoʻq qilingan. Uzoq oʻtmishda matriarxat – ona va patriarxat – ota boshqaruvidagi davrlar kechgan. Shoʻro zamonida patriarxat quladi degan tushuncha oʻylab topilgan va bu siyosat muntazam olib borilgan. Oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida ham, elliginchi yillarida ham shu siyosat yuritilgan. Masalan, yaqin tariximiz saksoninchi yillarda davlat rahbarlari maʼruzalarida patriarxat qulaganini alohida taʼkidlaydi. Patriarxat qulashi degani bu – ota maqomining yoʻqotilishi! Bunday holatda jamiyatda nomutanosiblik boshlanadi. Shomirza aka aytganiday, bola faqat ayolning oʻzidan tarbiya ola boshlaydi.

Sh.Turdimov:

– Fikringizga qoʻshimcha qilmoqchiman, momolarimiz yosh bolani ham sen erkaksan deb oldinga oʻtkazgan, yoʻlini kesib oʻtmagan. Bu bilan unda erkak masʼuliyatini, otalik burchini his etishni shakllatirganlar. Bu – otaning maqomi aslida. Hozir ayrim ayollar bulduzir boʻladi-da, hammasini yanchib oʻtib ketadi.

Shoʻro davrida birinchi hujum oilaga boʻldi. Hozir koʻpchilik oilani erkak, ayol va boladan iborat deydi. Aslida bizda oila uch avloddan iborat boʻlgan. Birinchisi katta avlod – bobo, momo, amaki, togʻa, xola, amma. Ikkinchisi er-xotin va uchinchisi bolalar. Oilada bolani er-xotin emas, katta avlod tarbiyalagan. Masalan, etnograf olim Karim Shoniyozovning oʻgʻli “Biz nonga toʻrxalta olib borishdan qoʻrqardik. Guzarda oʻtiradigan chollar buni koʻrib, nonning uvogʻi yerga tushadi-ku, borib butun xalta olib kel deb urishib qaytarib yuborardi” degan edi. Qarang, oʻsha chollar shunga ham eʼtibor qilgan. Tanbeh bergan. Oqsoqollik degani mana shunday tizim aslida.

Oilaga hujum jamiyatga hujum degani. Oila tizimining izdan chiqishi jamiyat, etnos parokanda boʻldi degani. Buni qanday saqlab qolish kerak degan savol tugʻiladi. Qadriyatlarni eski holatda asrab boʻlmaydi. Uning mohiyatini saqlagan holda zamonga qarab modernizatsiya qilish kerak. Masalan, chetdan oʻzlashayotgan soʻzni ohangi bilan qabul qilsak, bu oʻzlashtirish emas, taqlid boʻladi. Bunday soʻzlarning koʻpayishi tilning yoʻqolishiga olib keladi. Qadriyatlar ham xuddi shunday moslashishi kerak. Bunday tizim ishlashi uchun har bir sohaning oqsoqoli boʻlishi shart. Oqsoqol faqat koʻchada, toʻy-maʼrakada emas, jamiyatning har bir jabhasida, barcha sohada boʻlishi kerak. Ular millat nuqtai nazaridan fikrlaydigan odamlar boʻladi. U boshqalarga toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib turuvchi mayoq hisoblanadi. Masalan, Habib Abdullayev, Vohid Zohidov, Vosil Qobilov, Aziz Qayumov va Hodi Zarif degan fan arboblari oʻz sohasining ana shunday oqsoqollari edi.

Millat nuqtai nazaridan oʻylaydigan odamlarning borligi genofondning saqlanganidan, aksi esa millatning parokandaligidan dalolat beradi.

B.Gʻoziddinov:

– Nega bugun shunday odamlarimiz kamayib borayapti? Oqsoqollik maktabining yoʻqolishi faqat erkaklar tarbiyasining ikkinchi oʻringa tushgani bilan bogʻliqmi?

O.Toshboyev:

– Bu maktabning yemirila boshlashida oqsoqollarning ham aybi bor. Bilasiz, dinimizda munofiqlik, yolgʻonchilik qoralangan. Bu haqda hadis ham bor. Unda musulmon kishi ziqna, qoʻrqoq boʻlishi mumkin, ammo yolgʻonchi boʻlishi mumkin emas deyiladi.

Afsuski, ayrim oqsoqollarimiz kiprik qoqmay yolgʻon gapiradi, munofiqlik qiladi. Shaxsan shunday odamlarni taniganim uchun aytayapman. Ularni kuzatib, oʻylayman, yoshi saksonga yaqinlashgan cholga hokimning, vazirning oldida yolgʻon gapirib nima zaril?! Sababki, unda taʼma, nafs bor. Oʻz foydasiga yolgʻon gapirib boʻlsa ham nimanidir undirish, hech boʻlmaganda oʻsha odamning koʻziga yaxshi koʻrinishni istaydi. Mana shunday odamlar sabab oqsoqollarga munosabat oʻzgaradi, ishonchsizlik paydo boʻladi.

B.Gʻoziddinov:

– Shomirza aka, oqsoqollik odamning tabiatida boʻlishi kerak dedingiz. Tabiatida haqiqiy kayvonilik boʻlgan odamlarni taniysizmi? Ular qanday sharoitda yashayapti?!

Sh.Turdimov:

– Agar haqiqiy oqsoqollar boʻlmasa, jamiyat izdan chiqib ketadi. Kattami-kichikmi yutuqlarga erishayotgan ekanmiz, kayvoni odamlarimiz bor, garchand ularni biz payqamayotgan boʻlsak-da. Endi ularning qay holatda yashayotganiga kelsak, bu haqda biroz mulohaza yuritish zarur. Masalan, biron sohaga, institutlarga rahbar boʻladigan odam albatta fan arbobi, juda katta bilim egasi boʻlishdan ham oldin oqsoqol boʻlishi kerak. Buni Gʻarb lider deb ataydi.

Bobom oddiy choʻpon edi. Yoshligimda u kishiga aql “oʻrgatmoqchi” boʻlib (kuladi), hadis oʻqib berdim. “Bobo, hadisda yozilishicha, katta daraxtlarni kesish ayb boʻlar ekan” dedim. Bobom “Nima deb oʻylaysan?” dedi. “Katta daraxtlarni kesish ayb ekan-da” dedim. “Yoʻq, bolam. Shunday odamlar boʻladiki, ulardan el manfaat koʻradi. Bunday kishilar katta darxtlarga oʻxshaydilar. Oʻsha odamlarning ishdan nohaq olib tashlanishi ham katta gunoh” dedi bobom. 

Xuddi shuningdek, tabiatida oqsoqollik boʻlmagan odamlarning biron joyga rahbar boʻlib olishi  ham shu sohaning “oʻlishi”ga olib keladi. Jamiyatda haqiqiy yetakchilarning oʻz oʻrnini topa olmasligi oqsoqollikka Yortiboylar kelishi bilan bogʻliq. “Alpomish” dostonida Boysari oqsoqollardan ikki marta maslahat soʻradi. Birinchisida Boysari bilan Boyboʻrining orasiga sovuqchilik tushish arafasi, etnos ikkiga boʻlinishga kelib qolgan vaqt edi. Oqsoqollar unga javoban “Maslahat bermaymiz Boysariboyga, / Osilmaymiz Boyboʻrining doriga” deydi. Oqibat oqsoqollik Yortiboylarga qoldi. Boysari Qalmoqqa ketdi. Keyin qalmoqlar Barchinga ogʻiz solganida yana maslahat soʻradi. Endi Yortiboylarning ovozi baralla eshitildi: “Bolalarni togʻa-jiyan qilamiz, / Bu yerlarda erkin boʻlib yuramiz”.

Boysari nimaga shunday javob eshitdi? Chunki bu yerda qorin manfaati turibdi! Qachonki qorin manfaati boʻlgan odamlar maslahat berishni boshlasa, oqsoqollik tizimiga darz ketadi. Haqiqiy oqsoqollar, qoʻrqmasdan haqiqatni aytib, toʻgʻri maslahat beradiganlar chetda qolib, labbaychilar oldingi safga chiqib oladi. Bugun atrofimizda jonkuyar, fidoyi oqsoqollar bor, lekin koʻpincha ular oʻz oʻrnini topa olmayapti deb oʻylayman.

O.Toshboyev:

– Shomirza aka, toʻgʻri aytdingiz, oqsoqol uchun soʻz va amal birligi muhim. Yoshligimda bunday misollarni koʻp eshitganman. 1950-yillarda kolxoz gʻallasi qoʻlda oʻrilgan. Oʻshanda kolxoz raislari bugʻdoy oʻrimiga birinchi boʻlib oʻz oilasini chiqargan ekan. Rais “Senlar soyada dam olib oʻtirsalaring odamlarning koʻziga qanday qarayman?” degan. Or-nomus kuchli boʻlgan. Hozir aksariyat hollarda buning teskarisi. Ibrat yoʻqoldi. Xalq zukko. El orasida bir qarashda odamning koʻnglidan nimalar oʻtayotganini biladigan odamlar bor. Ramziy qilib aytganda, ular bolam oʻroq oʻrmasin, ariq qazmasin, bu ishlarni boshqalar qilsin deydi. Ozgina vakolati boʻlsa, oddiy odamlar yelkasiga oyoq qoʻyib, kasalxonadagi navbatni ham aylanib oʻtadi. Erkin Aʼzam muallifligidagi “Suv yoqalab” filmida “Oqsoqol, davring oʻtdi” deydi. Nega? Chunki uning gapini odamlar pisand etmayapti. Buning birinchi sababi qarashlar, qadriyatlar oʻzgarishi bilan bogʻliq. Ikkinchidan, xalqning oldida boshqacha koʻrinish va masʼuliyatli davrlarda oʻziga ravo koʻrmagan narsani boshqalarga ravo koʻrish. Xalq doim soʻzi va amali boshqa odamdan norozi boʻladi. Qadimda oqsoqollarning soʻzi ham, amali ham, hayotiyam bir boʻlgan. Shomirza aka aytganiday, oqsoqol juda katta olim, mulla boʻlishi shart emasdir. Ehtimol, u choʻpon yo mirob, dehqon yoki bogʻbon boʻlgandir. Lekin odamlarni ergashtira olgan. Nega baʼzi oqsoqollarga hech kim ergashmaydi? Chunki amal yoʻq. Oqsoqollik parokanda boʻlishining sabablaridan biri shu.

B.Gʻoziddinov:

– Olim aka, fikrlaringizni eshitib “beayb Parvardigor” degan gap yodimga tushdi. Bugun ham soʻzi va amali bir boʻlgan odamlar borligiga ishonaman. Lekin ular ham adashadi (atay qilinmagan, kechirsa boʻladigan xato haqida aytayapman). Lekin tengdoshlarim va bizdan kichik avlodda bunday kamchillikka murosasiz munosabat shakllanib borayapti. Masalan, siz bugun toʻgʻri yoʻlni koʻrsatib tanqid qilsangiz, menga yoqmaydi. Keyin xato qilishingizni kutib turaman. Zigʻirday aybingizni topishim bilan ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy sazoyi qilaman. Buning sababi nimada?

Shaxsan oʻzimdan kelib chiqsam, ota-onam yaxshi tarbiya berdi. Qadriyatlar qadrlangan muhitda oʻsdim. Lekin bugun birdan oʻzgarib qolgandayman. Boshqalar-ku mayli, hatto otamning gapiga quloq tutgim kelmaydi. Koʻzimga faqat katta avlodning xatolari koʻrinaveradi. Nega men bunchalik oʻzgardim? Nima uchun biz birdan quloqsiz avlodga aylandik?!

Sh.Turdimov:

– “Avesto”, ehtimol, undan ham avvaldan kelayotgan gap bor: “Oʻying, soʻzing, amaling bir boʻlsin” degan. Butun falsafaning, dinlarning mohiyati shundan iborat.

Maʼnaviyat eng muhim narsa. Qoʻl yuvmasdan ovqat yeyishga taʼbingiz tortmaydi. Bu yemak-ichmakka boʻlgan munosabat. Inson qachonki maʼnaviy ozuqasini qoʻlini yuvmasdan olsa, virus yuqadi, mohiyat oʻzgaradi. Chunki inson ruh, tan va jondan iborat. Biz tan va jonimiz hurmatini joyiga qoʻyamiz, lekin ruhni koʻpincha unutamiz. Aslida tan va jonimiz ruhning kamoli uchun yigirma, ellik, boringki, bir yuz yigirma yil xizmat qiladigan vosita. Insonning jismi va ruhi bir-biri bilan bogʻliq ekani ertak, dostonlar zamirida aytilgan. “Alpomish”dagi oʻtda yonmaydi, qilich chopmaydi, suvda choʻkmaydi degan gapning mazmuni shu. Qachonki shu mohiyatga zid harakat boshlansa, siz aytgan holat vujudga keladi.

Doim fashistlar asir olgan 101 askar haqida oʻylayman. Bilasiz, oʻzbekistonlik bu asirlar uzoq vaqt och saqlanadi. Keyin 101 nafar asirga bitta nonni kuchukka tashlaganday otadi. Ular asirlarni non talashib urushadi deb oʻylab, holatni kinoga olishga tayyor turishgan edi. Lekin ular non talashmadi. Kattasi aytdi, kichigi borib nonni 101 boʻlakka boʻlib tarqatdi. Bu 1942-yili boʻlgan voqea. Endi diqqat qiling, 2017-yilda Toshkentda yetti tonna palov tayyorlandi. Oʻsha palov tarqatilganini internetda kuzatdim. Bitta olma, bir kosa osh uchun baʼzilar stollar ustida emaklab yuribdi. Ularning uyida olma yoʻqmi, oshga qurbi yetmaydimi?! Nega ular osh deb bunchalik talashayapti? Uyiga borib koʻrsangiz hamma narsasi bor.

1942-yilda asir tushgan odam taxminan 1920-yillarda tugʻilgan. Uning otasining tarbiyasi va halqumi toza edi. Ular shu bois olomonga aylanmadi, quvvat topdi. Lekin 1950-yildan keyin shoʻroviy gʻoyalar sabab xudodan qoʻrqmaydigan, bandadan uyalmaydigan, halqumiga harom aralashgan avlod paydo boʻldi va bularning bolalari arzimagan narsalar uchun hamma narsani sotib yuboradigan darajaga keldi. Chunki umumiy suv shunday loyqalangan edi. Umumiy suv loyqalangandan keyin sizning tarbiyangiz ham kuch bermay qoladi.

Bu qachon tozalanadi? Avvalo xudo qoʻllashi kerak. U yoqdan amr boʻlmasa, hech narsa boʻlmaydi. Lekin oʻsha amr ham bandaning harakatiga bogʻliq. Aytadi-ku, neki koʻngilda kechar, tabiatga ham koʻchar.

Inson koʻnglidan nimaiki kechsa, tabiatda oʻz aksini koʻrsatadi. Shuning uchun ofatlar birinchi tabiatda sodir boʻladi. Masalan, bir sovuq kelib hamma hosilni yoʻq qiladi. Bundan xursand boʻlish kerak. Kimningdir yaxshi amali, tilagi bois ofat tabiatga keldi. Agar u tabiatda sodir boʻlmaganida, ofat odamlarga urardi. Ofatga sabab boʻladigan narsalar koʻpayib ketsa, bu dahshat!

Bugun, mana, kuzatayapsiz, ijtimoiy tarmoqlarda yalangʻoch sheʼrlar, hikoyalar koʻpayib ketdi. Nega? Chunki jamiyatning oʻzi shuni qabul qilayapti. Tarozi pallasi teng turishi kerak. Dinda chuqurlashib ketmanglar deyilgan. Bu xoslarga emas, avomga aytilgan gap. Avom bilib-bilmay dinni chuqurlashtirib yuborsa, qilichga aylanadi. Agar oʻzlikdan uzoqlashsa, insoniy tuygʻularini yoʻqotib qoʻyadi. Tarozi pallasining muvozanati yoʻqolishi bu. Siz tengi avlod bilan bogʻliq holatni shunday tushunaman.

O.Toshboyev:

– Shomirza aka, gapingizga qoʻshimcha qilmoqchi edim...

Mumtoz adabiyotimizda xudparastlik – butparastlik degan tushuncha koʻp uchraydi. Hozir butun dunyoda ana shu xudparastlik avj oldi. Oqsoqollarga ehtiyojning susayib ketishiga ham faqat oʻzini oʻylash – xudparastlik sabab. Individualizm targʻib qilingan joyda hamma oʻzicha bilagʻon, oʻzicha oqsoqol! Donishmandning gapini ham bir tiyinga olmaydi. Bu Sharq uchun mutlaq yot. Ehtimol, individualizmning maʼlum qismidan foydalanish mumkindir. Lekin uni Sharq xalqlari toʻlaligicha qabul qila olmaydi. Avliyo shoirlar, mujtahid olimlar bekorga xudparastlikni butparastlikka tenglashtirmadi. Buning fojiali ekani nimada koʻrinadi? Masalan, bola maʼnaviy, ruhiy jihatdan otaga muhtoj emas. Vaqt oʻtib moddiy tomondan ham mustaqil boʻlgach, endi ota kerak boʻlmay qoladi. Oʻz-oʻzidan bolada otamdan zoʻrman degan gʻurur paydo boʻladi. Bugun baʼzi oʻzbek oilalarida, “Ota, siz bilmaysiz, tushunmaysiz” degan gaplarni eshitib qolamiz. Bu bizga mutlaqo yot mafkuralar targʻib qilgan individualizmning jamiyatimizda ildiz otib borayotganidan darak.

Ikkinchi jihat, Patrik Byukenenning “Gʻarbning oʻlimi” asarida juda koʻp global muammolar yoritilgan. Unda 1950-yillardan boshlab Gʻarb va AQShda erkinlik gʻoyasi kino, adabiyot, sanʼatda keng targʻib qilingani yozilgan. Feministlarning harakatini eslang. Gʻarb va AQSh 1950-yillardan keyin tasvirga olgan kinolarda aksariyat hollarda yolgʻiz ayol qahramon qilingan. Oila qurish bunday ayollarning tabiatiga zid. Uning oʻzi karyera qiladi, moddiy tomondan ustunlikka ega boʻladi. Bu fahshni, milliy axloqqa tashlangan oʻlatni ragʻbatlantirishning madaniy shakli boʻlgan. Shuning oqibatida Gʻarbda ham, Osiyoning rivojlangan davlatlarida ham tugʻilish pasayib ketdi. Bu oltmish yil avvalgi gʻoyaning mahsuli. Urug‘ hamma narsani hal qiladi. Donni yerga tashlaysiz, bir qish oʻtgach gurillab koʻkarib chiqadi. Maʼnaviyatdagi, mafkuradagi urug‘ taxminan oʻn yildan keyin oʻzini koʻrsatadi. Bu kabi mafkuraviy xurujlarga faqat jamiyatda immunitetni kuchaytirib qarshi turish mumkin.

Sh.Turdimov:

– Xalqimizda “Bola suysang beshikda suy, xotin suysang – toʻshakda” degan maqol bor. “Yor-yor” degan kinoni bilasizlar, oʻtgan asrning 60-yillarida tasvirga olingan. Bu kino komsomol toʻyining targʻibiga bagʻishlangan. Oradan oltmish yil oʻtib “gorko-gorko”ga kelib qoldik. Toʻylarda bu odat yoʻqdir, lekin koʻchada bu bizni ajablantirmay qoʻydi. Xuddi shunday bugun targʻib etilayotgan noinsoniy gʻoyalar haqida gapiraverish odamning yuzini ochib tashlaydi (shuning uchun uni yomonlab ham gapirishni kamaytirish kerak). Shunday ekan, yana oltmish yildan keyin dunyoda Lut qavmiga moyillik kuchayib ketmasligiga kafolat yoʻq. Shu bois Olim aka bugun xalqning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish kerak dedi. Endi faqat maʼnaviyatni yangicha, meʼdaga tegmaydigan usullar bilan tashviqot qilish kerak.

Hozir bolalarimiz telefondan ajralmayapti. Ular koʻproq urdi-soʻkdi kabi tasvirlarni koʻrayapti. Mana shu qiziqishdan toʻgʻri foydalanish kerak. Mablag‘ ajratib, maʼnaviyat targʻibotini bolalarimiz qiziqayotgan, koʻproq vaqtini sarflayotgan joyda olib borish kerak. Masalan, telefonda.

O.Toshboyev:

– Elning oldida turadigan kayvonilarni badnom qilib, obroʻsizlantirilsa, eldan putur ketadi. Shu bois sobiq tuzumda imkoni boricha oqsoqollikka Yortiboylar olib kelingan. Imkonsiz vaziyatdagina fikri teran, xalqparvar odamlar rahbarlikka tayinlangan.

Yaqinda Piter Hopkirkning “Katta oʻyin” nomli kitobini oʻqidim. Ikki imperiyaning Markaziy Osiyo uchun kurashi ochib berilgan mazkur kitobda bu imperiyalar oʻz aygʻoqchilarini etnograf, geolog kabi turli soha olimlari qiyofasida yuborgani faktlar asosida aytilgan. Mana koʻrayapsizmi, ular 150 yil avval bizni rosa oʻrgangan. Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyoga yurish qilganida bu xalqni qanday boshqarish haqida aniq tasavvurga ega edi va shu reja asosida tizimli ish olib borishdi. Bizni xudo suygani shu boʻlsa kerak, shuncha zulmga qaramay millat sifatida yoʻq boʻlib ketmadik.

Sh.Turdimov:

– Olim aka, yana bir jihatga ahamiyat berish kerak. Mahmud Koshgʻariy “Turklar oʻz tilini bilmaganni sumlim deydi. Arab esa ajam deb ataydi. Arab tilini oʻrgansangiz ham ajam boʻlib qolaverasiz. Lekin turkning tilini oʻzlashtirgan odam sumlimlikdan chiqadi” deydi. Bu ijtimoiy tahlil!

Biz tilimizni bilgan odamga jonimizni berib yuboramiz. Qolaversa, turkiylar ochiq xalq. Turk mehrini ichida saqlab, qahrini aytadi va boshqa millatdan uylangan odamning bolasi koʻpincha turk boʻlmaydi. Oʻzligini koʻproq onasidan oʻzlashtiradi. Bosqinchilar mana shu jihatlardan koʻp foydalangan.

Etnos millat emas. Etnos – oʻzini shu sotsial guruhga mansub deb tanlash. Kimdir oʻzbek etnosiga xizmat qilsa, uni qabul qilish zarur. U unday, bu bunday deb qarash kerak emas. Negaki, butun dunyoning siyosati shunday va bundan yutayapti.

Mustabid tuzum zamonida bizda fikri bor, odamlarni ortidan ergashtiradigan oqsoqol shaxslar qilichdan oʻtkazildi. Xudoga shukurki, fikrlaydigan xalqimiz bor. Shular evaziga biz etnosni, oʻzlikni yoʻqotib qoʻymadik. Lekin qullik psixologiyasi asoratlari, afsuski, hamon seziladi. Shuni ongimizdan chiqarib tashlashimiz kerak. Muso ham qavmini qirq yil sahroda olib yurgan. Chunki qullikni koʻrmagan ikkita yangi avlod kelishi kerak boʻlgan.

Dostonlarning yakuni va xulosasiga ishonganim uchun optimistman. “Alpomish”ning xulosasiga ishonaman. Unda besh avlod haqida gap boradi. Besh avlod bu 120 yil degani. Shu davr ichida etnos yana Alpomish, Amir Temurlarini beradi. Lekin bu besh avlodni omon saqlash uchun aʼmolni yomonlikka burmaslik shart. Biz mana shu tanlov, katta chorrahada turibmiz.

B.Gʻoziddinov:

– Adabiyotda oʻzining soʻzini aytishga urinayotgan ijodkor yoshlardan baʼzilarining bu borada fikri biroz boshqacha. Ular yuqorida aytilgan fikrlarni eshitib sizlarni qadimchi degan boʻlardi.

Ular qoliplarni yorib chiqish kerak deb hisoblaydi. Yaʼni, adabiyoti, sanʼati, moddiyati ham rivojlangan mamlakatlarni misol qilib aytadi. Oʻsha diyorlarda ota haq boʻlsagina gapiga quloq tutiladi. Farzand mustaqil fikrini ochiq aytishi, qafaslarni sindirib oʻz bilganicha erkin harakat qila olishi kerak deb hisoblanadi. Agar doim otaning gapiga quloq tutilsa, rivojlanish boʻlmas edi deyiladi.

Bekorga ijodkor yoshlarni misol qilmadim. Ular siz aytayotgan etnos tafakkurining ertangi, ehtimolki, bugungi egalari...

O.Toshboyev:

– Ijtimoiy tarmoqlarda oila, er nimaga kerak degan fikr oʻrtaga tashlanib, rosa muhokama boʻldi. Mana endi maʼnaviyat, axloq nimaga kerak degan fikrlar ham ilgari surilayapti. Bularning barchasini maʼnaviy qoʻporuvchilik deb aytaman. Oila nimaga kerak, axloq zarurmi degan fikrga toqat qilib boʻlmaydi. Bu qarash zamon tanlamaydi, 18-asrmi, 25-asrmi farqi yoʻq. Negaki, bizning yozma manbalarimiz ikki ming yillik, shaharsozlik uch ming yillik tarixga ega deb qarasak, ular bilan yonma-yon kelayotgan adabiyotimiz, xalq ogʻzaki ijodi axloqdan iborat. Biz fahshni targʻib qilgan adabiyotni qabul qila olmaymiz. Axloqiy tanazzulga shunchaki qarab turishning oʻzi uni yoqlash bilan teng.

Abdulla Oripov, Loyiq Sherali va boshqa qardosh xalqlardagi ana shu avlod ijodkorlarini Mirzo Tursunzoda “Literaturnaya gazeta”da qoʻriqchilar deb atagan. Ularni qadimda tepaliklarda olov yoqib xalqni xatardan ogoh qilgan qoʻriqchilarga oʻxshatgan. Bugun biz adabiyotimizni xuddi ular kabi qoʻriqlashimiz zarur.

Sh.Turdimov:

– Joʻja tuxumdan chiqishi uchun ichkaridan teshishi kerak. Agar tuxum tashqaridan teshilsa, joʻja oʻlib qoladi. Hamma narsa ichkaridan yetilib keladi. Bu axloq, adabiyot birinchi oʻrinda turishi kerak degani.

Adabiyot rivojlanmaydi. Agar rivojlanganida edi, Navoiyni inkor qilgan boʻlardik. Lekin har bir davrning oʻz choʻqqilari boʻladi. Xoʻsh, qanday asarlar bizgacha yetib keldi? Oʻzagida axloq boʻlgan, insonning kamoliga xizmat qiladigan choʻqqilar qolayapti. Boshqa hammasi yoʻqlikka mahkum. Chunki tepadan tushgan narsa – hukm. U muqaddas soʻz. Kim boʻlishidan qatʼi nazar, bandaning aytgan barcha gapi daʼvo. Lekin oʻsha daʼvolarning hukmga yaqinlashadigan joylari boʻladi. Ana oʻsha boʻylashadigan joydagi adabiyot qoladi.

Men gʻirt qadimchi emasman. Modernga moyil odamman. Lekin modernga moyillik axloqsiz degani emas! Men axloqliman degan odam haq boʻlavermaydi. Mohiyatida axloqi bor odamning oʻzagi but boʻladi. Qachonki millatning oʻzagida axloq boʻlmasa, oʻsha millat yoʻqolib ketadi. Chunki har qanday rivojlanishning oʻzagi axloq hisoblanadi.

Men eng yaxshi koʻrgan va tushunishim qiyin boʻlgan asar “Qutadgʻu bilig”dir. U hali bahosini olmagan asar. Bu asarda juda katta falsafa, davlatchilik, oila, axloq bor. Biz unga yaqin kelganimiz yoʻq. Qachonki xalqimiz “Qutadgʻu bilig”ni anglab yetsa, tilini ham tiklaydi, axloqi ham asliyatiga qaytadi. Yana shunga oʻxshash asarlar bormi deyishsa, ha, Navoiyda, Boburda, Qodiriyda va undan keyingi avlodlarda ham axloq ustiga qurilgan asarlar bor.

Folklorni bitta odam yarata olmaydi. Tabiatda tabiiy koʻchish degan narsa bor. Agar qushlar, termitlar yakka boʻlib koʻchsa, adashib ketar va halokatga mahkum boʻlar ekan. Ommaviy koʻchganida ularda ulkan bilim, qudrat paydo boʻlib, yoʻldan adashmas ekan. Folklorni yaratadigan qudrat ham tabiiy koʻchishga oʻxshaydi. Adabiyot folklordan ulgi olishi, axloq mezonidan chiqib ketmasligi kerak. Shunda ijodkor yakka uchgan qush kabi adashmaydi. Adabiyotdagi shakl va qolip ikkinchi darajali boʻlib qolaveradi.

“Goʻroʻgʻli” va “Alpomish” dostonlari bizning qomusimiz. Oʻtmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz ham oʻsha dostonlar mohiyatida turibdi. Faqat buni anglab, oʻqildizdagi mohiyatini oʻzlashtirish kerak.

B.Gʻoziddinov:

– Eposning mohiyatini, azizligini, bularni inkor etish bilan taraqqiyotga erishib boʻlmasligini xalqqa, asosan yoshlarga qanday tushuntirish mumkin? Agar yoshlarga shu haqda gapirsangiz, ular buning aksini isbotlash uchun rivojlangan mamlakatlar misolida dalillarni qalashtirib tashlaydi.

O.Toshboyev:

– Bizning taqdirimiz ham, aʼmolimiz ham taraqqiyot boʻlishi kerak. Agar mamlakat taraqqiy etsa, oʻz-oʻzidan boshqa millatlar milliy urf-odatlarimizni oʻzlashtira boshlaydi. Choponimizni kiyib urfga, ovqatimizni oʻzining yurtida brendga aylantiradi...

B.Gʻoziddinov:

– Oʻzimdan besh-oʻn yosh kichiklar bilan bahslashsam, ular biz qoliplarni yorib chiqa olmaganimiz uchun shundaymiz deydi. Ular uchun hatto oqsoqollik tizimi ham qolip hisoblanadi.

O.Toshboyev:

– Oʻsha qolip qayerda ekani haqida hozirgina gaplashdik. U miyamizda qolib ketgan. Undan qutulishimiz kerak... Buning uchun qadriyatlar va axloqni xatarga qoʻyish emas, aksincha, ularga tayanishimiz lozim.

B.Gʻoziddinov:

– Xoʻp, asl qolip ichimizda ekanini koʻrsatish, axloq hech qanday toʻsiq emasligini isbotlash, oqsoqolni yana oʻsha rutbasiga chiqarish uchun nima qilish kerak?

Bilishimcha, siz aytayotgan gaplarni bir eshitishda maʼqullaydigan odamlar sanoqli. Lekin buni inkor qiladiganlar ham bor.

Sh.Turdimov:

– Boboravshan, bir narsaga eʼtibor bering, oʻzbek Turkistonda asosiy millat edi. Shuning uchun eng katta tazyiq oʻzbekka boʻlgan. Birinchidan, ichimizdan parchalab tashlashga urinish boʻldi. Ikkinchidan, mafkuraviy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tomondan qattiq tazyiq oʻtkazildi. Masalan, oddiy mixni ishlab chiqara olmaysan degan qarashni miyamizga singdirishdi. Shaxsan men maktabda mix ishlab chiqarishga qurbimiz yetmaydi deb insho yozganman. Bu bizga darslik sifatida oʻqitilgan. Endi mana shu stereotipni yoʻqotish uchun hamma oʻz sohasida ilgʻor boʻlishi kerak. Masalan, men folklor sohasida jon-jahdim bilan ishlashim kerak. Xalq folklordan uzilgan. Negaki, epik bilim degan narsa yoʻqotilgan. Bu bilimni qayta tiklash uchun koʻprik boʻlishimiz kerak. Boshqa sohalar ham xuddi shunday. Hatto bozorda ham! Bozorga borsam, arzon olgim keladi. Sotuvchi qimmat sotishni istaydi. Agar sotuvchi ham, oluvchi ham bu mening millatdoshim, yurtdoshim deb insof bilan savdo qilmasa, oʻzini isloh etmasa, oʻzgarish qiyin kechadi. Agar hammamiz millat rivojlansin deydigan miqyosda fikrlab, soʻz va amal birligiga erishsak, tugunlar oʻz-oʻzidan yechiladi. Prezidentimiz Uchinchi renessans gʻoyasini ilgari surganda nihoyatda ulug‘ maqsadlarni nazarda tutgan.

O.Toshboyev:

– Bunday vaqtda xalqning zehniyatida bor jihatlar boʻrtib chiqadi. Maʼnaviy immunitet tabiiy shakllanishi kerak. Tabiiy!

Ana endi bugun yana milliy mafkura masalasi kun tartibiga chiqib, uning hayotiyligini taʼminlash kerak deyilsa, zamonaviy taʼlim qatori diniy taʼlimdan, maʼrifatga chaqiradigan oyat, hadislardan koʻproq foydalanish kerak degan boʻlardim...

Sh.Turdimov:

– Masalaning nozik jihati bor. Shuni ham aytib oʻtish shart. Xalqimizni fanatizmdan asrash kerak. Targʻibotni taqiqlar orqali emas, maʼrifat bilan yetkazish zarur. Jadidlar dinni qanday yetkazgan? Masalan, Hamzaning darsliklarida din nihoyatda maʼrifiy ochib berilgan. Yana masalan, Moturidiyning buyuk taʼlimotini eski holida emas, bugun odamlar ravon tushunadigan tilda yetkazish shart. Biz yangi narsa yaratishimiz shart emas, bor imkoniyat, nomoddiy boyligimizdan toʻgʻri foydalansak boʻlgani.

B.Gʻoziddinov:

– Shunday qilib, oqsoqollar rutbasini qanday qaytaramiz?

O.Toshboyev:

– Otalarning maqomini tiklagan kunimiz oqsoqollar oʻz-oʻzidan paydo boʻladi.

Sh.Turdimov:

– Maktabga erkak oʻqituvchilar koʻproq qaytishi kerak, oʻgʻil bolalar sinf sardori boʻlsin. Bunga kelishimiz uchun esa eposlarimizdagi timsollarni tushunish zarur. Eposlarda taraqqiyotning ham, tanazzulning ham sabab va oqibatlari ochib berilgan.

* * *

Gurungning boshida oqsoqollik haqida ijtimoiy-maishiy mazmundagi suhbat boʻladi deb oʻylagandim. Ammo u keng koʻlamdagi va ogʻriqli nuqtamiz ekanini angladim. Mahalla tizimidagi oqsoqollar va ularni yoshlarga biriktirish masalalari haqida toʻxtalmabsiz-ku deb shoshilmang, bu jarayonlar haqida masʼul idoralar bilan hamkorlikda alohida suhbatlar tashkil qilish rejamizda bor. Biz bu gurungimizda el orasidagi oqsoqollar rutbasi va uning mohiyati haqida toʻxtaldik, xolos.

Suhbatdoshlarim fikrini aksariyat hollarda quvvatlab, baʼzan tengdosh, uka-joʻralarim nigohi bilan qarashga urindim. Demak, yuqoridagi fikrlarning barchasini xulosa oʻrnida qabul qilishga shoshmaslik lozim. Shunday ekan, siz aziz jurnalxonlardan mavzu yuzasidan fikr va mulohazalaringizni kutib qolamiz. Zero, filologiya fanlari doktori Shomirza Turdimov aytganiday, yakka uchgan qush adashadi.

Suhbatni Boboravshan Gʻoziddinov uyushtirdi.

“Maʼnaviy hayot” jurnali, 2023-yil 2-son.

“Oqsoqollar qayerda” suhbati