Bugun istiqlolimizga oʻttiz yil boʻldi, Mustaqil mamlakatimiz chindan ham shon-shukuh bilan jahonga chiqib bormoqda. Yangi Oʻzbekistonda tarixni yangicha kashf etish davom etib, yangicha qarashlar paydo boʻlyapti. Shunday bir paytda jahonda biz haqimizda, aniqrogʻi, bizning tariximizga, ulug‘ bobolarimizga, xususan, Sohibqiron Amir Temurga qanday qarashlariga bir nazar tashlab oʻtishni lozim topdim. Jahon matbuotida Amir Temur haqida pozitiv qarashlar koʻpayib, boshqa mamlakatlarda anjumanlar oʻtkazilib, ularda Oʻzbekiston olimlari ishtirok etayotgani Amir Temur haqidagi haqiqatni dunyoga yoyishda minbar vazifasini oʻtayapti desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Bu quvonarli hodisa! Chunonchi, Rossiyaning “Аргументы и факты” nomli dunyoga mashhur gazetasi tarixda birinchi marta bobomizning ismini toʻliq yozib, “Амир Темур: узнат и отсенит” nomli katta maqola eʼlon qildi. Unda Amir Temur davlat arbobi, reformator (islohotchi) sifatida talqin etildi. Sohibqironni reformator, uning nomini “Temur” emas (hatto oʻzimizda ham shunday deguvchilar bor!) balki hurmat bilan toʻliq “Amir Temur” deb yozdilar, u haqda yozganda, albatta, “bilib, keyin baho berish kerak”ligini taʼkidladilar.
Lekin bosqinchi mafkuraning uzoq yillar davomida Amir Temurga, demakki tariximizga munosabati qanchalar salbiy boʻlgani doim esimizda turishi lozim.
Yashirishning hojati yoʻq, jahonda chiqadigan turli kitoblarda, darslik va ensiklopediyalarda, ommaviy axborot vositalarida ataylab notoʻgʻri, asosan, soya tashlaguvchi maʼlumotlar koʻplab chop etildi, targʻib-u tashviq qilindi, bu hol davom etyapti.
Gapni choʻzib oʻltirmay, misollarga murojaat qilamiz. Tasavvur toʻlaroq boʻlishi uchun avvalroq nashr etilgan mashhur kitoblarni varaqlaymiz. Mana, qoʻlimizda 1901-yilda bosib chiqarilgan F.A.Brokgauz va I.A.Yefronlarning mashhur “Ensiklopedik lugʻat”i oʻttiz uchinchi tomi. “Temur (Tamerlan)”, deb yoziladi unda. – Jahonning buyuk jahongirlaridan biri. 1336-yil 11-martda(?) Buxoro xonligida yoki uning chekkarogʻida Kesh (hozirgi Shahrisabz)da tugʻilgan. Turklashgan barulas degan mongol qabilasidan... (“Turklashgan barlos qabilasi” degan ibora ana shunday paydo boʻldi. Ammo bu fikr qayerdan olinganligi aytilmaydi. Bu yogʻi surishtirilsa, barlos urugʻi oʻzbeklarda ham bor-ku). Temur Chingizxondan katta bilim sohibi ekanligi bilan ajralib turadi. ...Temur oʻz ona (turk) tilidan tashqari fors tilini ham bilardi. ...Oʻzi faol ishtirok etib qurdirgan bino-imoratlari koʻp. Ularda (Temurning) nozik didi, sanʼatni teran anglashi koʻrinib turadi...”
Oʻttiz tomlik “Britannika ensiklopediyasi” (1902) 23-tomida shunday taʼrif beriladi: “Temur. Temur Bey yoki Temur Lang, “Oqsoq Temur” – buzilib Tamerlan boʻlgan – mashhur Sharq jahongiri... Uning otasi Taragʻay barlos qabilasining boshligʻi boʻlgan…” (399-bet). Shu kitobning uchinchi tomida Bobur haqida oʻqiymiz: “Baber. Zahiri-ad-din Muhammad… Nomi yoʻlbars yoki Baber, Hindistonning mashhur jahongiri va Moʻgʻul(?) sulolasi asoschisi... Chingizxon va Temurning avlodi…”
“Oksford Referens dikshioneri” (1986) kitobining sakkiz yuz oʻttiz sakkizinchi beti: “Tamerlan (vafoti 1405), Temur lenk yoki lang (Oqsoq Temur), XIV asr oxiri XV asr boshlarida Osiyoning katta qismini zabt etgan mongol podshosi. Hindistonda moʻgʻul sulolasiga asos solgan...” (Ana xolos! – M.A.) “Babur (1483-1530) Tamerlanning avlodi boʻlgan birinchi Moʻgʻul imperatori(!). U 1523-yilda Hindistonga bostirib kirib Oksusdan Patnaga qadar joylarni zabt etdi...”
Nyu-Yorkda nashr etilgan “Oʻquvchining bezakli ensiklopediyasi” (1989): “Tamerlan… Tamburleyn yoki Taymur ham deyishadi(?). Mongol jahongiri. U oʻzining koʻchmanchi oʻrdasini Markaziy Osiyodagi poytaxti Samarqanddan to Eron, Turkiya, Rossiya va Hindistongacha boʻlgan katta maydonlarga boshlab bordi...” Bobur haqida: “Ba-ber yoki Ba-bar yoki Ba-bur, asil ismi Zahiriddin Muhammad. Hindistonning mongol jahongiri. Chingizxon bilan Tamerlanning avlodi... Hindistonda 1857-yilgacha hukm surgan moʻgʻul sulolasiga asos soldi...”
“Kolumbiya ensiklopediyasi” (1993) bunday yozadi: “Tamerlan yoki Temur – Mongol jahongiri... Samarqandga yaqin Keshda tugʻilgan. …Uning ijobiy yutuqlari odamlar uchun sanʼat, adabiyot, ilm-fan va bunyodkorlik ishlarini qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliqdir...” “Babur (turk. yoʻlbars) Hindistondagi moʻgʻul imperiyasi asoschisi… U Tamerlan va Chingizxon avlodi...”
Endi oʻttiz tomlik “Yangi Britannika ensiklopediyasi”ga nazar tashlaylik. Shuni aytish lozimki, ushbu nashr ilk marta 1768-yilda amalga oshirilgan. Biz 1994-yilda chiqarilgan oʻn beshinchi nashri haqida soʻz yuritamiz. “Temur… Temur Lenk, yoki Temurlenk (turkcha: “Temur oqsoq”). Inglizcha: Tamerlan yoki Tamburleyn… Islom diniga mansub turk jahongiri... Asosan, vahshiyona urushlari tufayli eslanadi...” “Babur (arabcha: yoʻlbars) Hindistonda moʻgʻul sulolasi asoschisi va imperatori, mongol jahongiri Chingizxonning, shuningdek, Temurning avlodi...”
“Rendom Xaus vebsters” (Nyu-York, 2000-yil): “Tam-yer-lan (Temur Lenk) – Janubiy va Gʻarbiy Osiyodagi tartar jahongiri... Samarqandda hokimlik qilgan. Yana uni “Tamburleyn, Taymur, Temur” deb ham ataydilar...” Boburni bu yerda ham moʻgʻul sulolasi asoschisi deb taʼriflaydilar.
1829-yildan birinchi marta nashr qilina boshlagan oʻttiz tomlik “Amerikana ensiklopediyasi”ning 2001-yildagi nashrini varaqlaymiz. “Temur… Chingizxon imperiyasini tiklamoqchi boʻlgan Markaziy Osiyolik jahongir... Turklashgan mongol barlos qabilasiga mansub...” “Babur… Hindistonda moʻgʻul sulolasi asoschisi. “Yoʻlbars” maʼnosini berguvchi mongolcha soʻzdan Babar yoki Baber ham deyishadi. Chigʻatoy turk boʻlgan Babur Temur (Tamerlan) va Chingizxon avlodidir...” (Fursatdan foydalanib, Bobur Mirzo haqidagi maʼlumotlarni ham koʻrib qoʻyish foydadan holi emas, deb hisobladik – M.A.)
Fikrimizcha, jahon afkor ommasi tez-tez foydalanib turadigan yuqoridagi kitoblardan keltirilgan misollar yetarli deb oʻylaymiz. Chamasi, mazkur nashrlarni tayyorlaganlar qoʻl ostida mavjud boʻlgan manbalarni boshqalariga solishtirib oʻltirmay foydalanib qoʻya qolganlar. Yoʻq esa, Amir Temur ayni bir paytda ham mongol, ham turk, ham tartar (yaʼni Oltin Oʻrda, oqibatda – mongol) jahongiri boʻlarmidi? Ismi ham Tamerlan, Tamburleyn, Timurlenk, Taymur, Temur, Temur oqsoq va hokazo shakllarda berilarmidi? Hatto, bundan yigirma yilgina oldin AQShda Nyu-Yorkda chiqqan yuqorida keltirilgan nashrda, uning nomi “Tamerlan” deb olinadi, keyin “Temur deb ham ataydilar” deb taʼkidlanadi. Uning nomini “Temur” ham deb atashar emish! Yoqangni ushlaysan kishi. Holbuki, jahonda keng tarqalgan Klavixoning mashhur kitobida Kastiliya (Ispaniya) elchisi olti yuz yil avval ayni shunga eʼtibor berib, avlodlarni bunday ogohlantirgan edi: “...Tamurbekning haqiqiy ismi Tamurbek, zinhor biz atab yurganday “Tamorlan” emasdir. Tamurbek – temir bek (senʼor) deganidir. Tamorlan (degan nom) bek shaʼniga toʻgʻri kelmaydi, agar uni kamsitmoqchi boʻlsalar shunday ataydilar, chunki Tamorlan – oqsoq deganidir...” (Rui Gonsales de Klavixo. “Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaligi”. I.S.Mirokova tarjimasi, M., 1990. 69-bet)
“Amerikana ensiklopediyasi”dagi maqola Jon Endryu Boyl (Manchester universiteti) qalamiga mansubdir. Muallif qanday manbalardan foydalanganligi ham hammamiz uchun qiziq boʻlishi tabiiy. Maqola uchun maʼlumotlar Jin Du Bekning “Buyuk imperator Tamerlanning tarixi” (1597), Rene Grussening “Sahro saltanati” (1970-yil nashri), Beatrisa Manzning “Tamerlanning davlati va parvozi” (1989), David Nikollening “Mongol sarkardalari: Chingizxon, Qubilayxon, Xulagu, Tamerlan” (1990), Georgiy Vernadskiyning “Mongollar Rossiyada” (1953) kitoblaridan olingan... Koʻrinib turibdiki, muallif asl manbalardan yiroq, uchinchi-toʻrtinchi manbalarga murojaat qilgan. Tasavvur uchun birgina misol keltirdik, xolos.
Xullas, bunday qaralsa, Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Boburlarning ortidan goʻyo izlovchisi yoʻq, ular haqida kim nima bilsa shuni yozaverganday taassurot qoladi. Nima uchun, Sezar, Iskandar, Chingizxon yoki boshqalar haqida jahonda hamma ensiklopediyalarda bir xil maʼlumotlar berilib, nomlari hurmat bilan bir xil yoziladi-yu, Amir Temur haqida xuddi Klavixo aytganday, kamsitmoqchi boʻlganday xilma-xil nomlar, taʼriflar keltiriladi?.. Tarixiy baholar ham xilma-xil beriladi?..
Bunday munosabatga ortiq yoʻl qoʻyib boʻlmasligini anglab yetishimiz kerak. Nazarimizda, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi va Temuriylar tarixi davlat muzeyi shu masalaga bagʻishlab maxsus xalqaro konferensiya oʻtkazishlari va Amir Temurga uning vatanidagi yangicha qarashlar zamiridan kelib chiqib, yagona nuqtayi nazarni barqarorlashtirish, bir xillashtirish (identifikatsiyalash), Sohibqiron ismini “Amir Temur” shaklida toʻliq olish va jami axborot vositalarida bir xil berilishiga, ilmiy muomalaga kiritilishiga erishishlari lozim. Konferensiyaga oʻz tarixchilarimiz bilan birgalikda xorijiy olimlarni va mamlakatimizda mavjud elchixonalar xodimlarini taklif etish maqsadga muvofiqdir.
Muhammad ALI,
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, professor