Is’hoq Gʻoziyev 1896-yil Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida tugʻilgan. Avval eski maktabda – jadid maktabida taʼlim oldi. Soʻng rus tuzem maktabida oʻqib rus tilini oʻrgandi. 1910-yilgacha Fargʻona shahrida xususiy doʻkonlarda savdo ishchisi, 1910–1917-yillarda xususiy doʻkondorlarga ish yurituvchi (prikazchik) boʻlib xizmat qilgan. 1917-1918-yillar Andijon shahrida yirik paxta savdosi idoralarida idora xodimi-prikazchik boʻlgan. Turkiston Muxtoriyati eʼlon qilinganda uning xizmatiga shoshildi. Afsuski, Turkiston Muxtoriyati qonga botirilganidan soʻng 1918-yil kuzida Qizil armiya safiga oddiy askar sifatida kirishga majbur boʻldi. Yoshligidan koʻzi mehnatda pishgan, tajribali Isʼhoq Gʻoziyev harbiy xizmatdan Fargʻona shahar inqilobiy komitetiga komissar sifatida ishga olinadi. U 1920–1923-yillarda VCHK organlarida tergovchi, Fargʻona va Jalolobod shahar komitetlarida siyosiy byuro boshligʻi, keyinroq Andijon uyezd inqilobiy komitetining rahbari vazifalarida ish olib boradi.

1923-yil noyabr oyida XII Turkiston oʻlka musulmonlar qurultoyiga delegat boʻlib kelgan Isʼhoq Gʻoziyev 1924-yilni 14-yanvaridan Turkiston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Xalq komissarlar sovetida Adliya xalq komissari va Respublika Bosh Prokurori sifatida ish boshlaydi. Shundan soʻng onasi, ukasi va singlisi bilan Toshkentga koʻchib keladi.

Qahramonimiz Adliya xalq komissari boʻlgan davr Turkistonda ulkan siyosiy oʻzgarishlar yuz berdi. Moskvada Shoʻrolar davlati rahbarlari Turkistonni turli respublikalarga boʻlib tashlash uchun milliy-hududiy chegaralanish oʻtkazish harakatini boshlaydi. 1924-yilning 12-iyunida Stalin taklifiga asosan RKP (b) Markaziy komiteti siyosiy byurosining “Oʻrta Osiyo respublikalarini milliy-hududiy chegaralash toʻgʻrisida”gi maxsus qarori chiqarildi. Qaror 1924-yil 27-oktyabrda Moskvada qabul qilindi. Mazkur qaror asosida 1925-yil 17-fevralda Buxoroda “Oʻzbekiston sovet sotsialistik respublikasini tashkil etish toʻgʻrisidagi deklaratsiya” eʼlon qilindi. Deklaratsiyaga muvofiq Oʻzbekiston SSR tarkibiga Toshkent, Samarqand, Fargʻona, Qashqadaryo, Zarafshon, Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Tojikiston ASSR kiritildi. 1926-yil 29-sentyabrda Oʻzbekiston SSRda yangi maʼmuriy chegaralanish oʻtkazilib, Xorazm, Buxoro, Oʻrta Zarafshon, Samarqand, Toshkent, Xoʻjand, Qoʻqon, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryodan iborat 10 ta okrug, 87 ta tuman va 1720 ta qishloq shoʻrosi tuziladi. Respublikani boshqaradigan oliy organ Oʻzbekiston SSR Markaziy ijroiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlar soveti tuziladi. Ularning rahbarlari qilib Yoʻldosh Oxunboboyev va Fayzulla Xoʻjayevlar saylanadi. Oʻzbekiston SSR tashkil topgan paytda, 1925-yilning fevral-aprel oylarida Buxoro shahri poytaxt boʻldi. 1925-yilning aprelidan 1930-yilning 20-sentyabrigacha Samarqand shahri respublikaning poytaxtiga aylantiriladi. Bu paytda Toshkent shahri Shoʻrolar davlatining Oʻrta Osiyodagi yangi tuzilgan respublikalarni nazorat qiladigan tashkilotlari – VKP(b) Markaziy komiteti Oʻrta Osiyo byurosi, Oʻrta Osiyo inqilobiy kengashi, Turkiston fronti, Oʻrta Osiyo harbiy okrugi joylashgan markaz vazifasini oʻtadi.

1924-yilning 26-noyabrida Turkiston ASSR Adliya xalq komissarligi oʻrnida Oʻzbekiston SSR Adliya xalq komissarligi tashkil etiladi. Isʼhoq Gʻoziyev Oʻzbekiston SSR Xalk Komissarlar Sovetining tavsiyasiga muvofiq Oʻzbekiston SSRning birinchi Adliya xalq komissari qilib tayinlanadi va ayni paytda respublika Davlat Prokurori vazifasini ham bajarishga kirishadi. Oʻsha vaqtda Adliya xalq komissariati uchta: sud qurilishi va nazorat, prokuratura, qonunchilik boʻyicha takliflar kiritadigan boʻlimlardan iborat edi.

1925-yilning mayida Adliya Xalq Komissariatining yangi Nizomi tasdiqlanadi. Bu Nizomga koʻra komissariat barcha sud muassasalari, prokuratura, tergov organlari, notariat, sud ijrochilari ustidan boshqaruv ishlarini bajaruvchi va ularga koʻrsatmalar beruvchi mahkama, deb belgilangan edi. Shu bilan birga komissarlik zimmasiga sud xodimlarining vazifalarini tasdiqlash, yer ishlari boʻyicha komissiyalar va sudlar faoliyati bilan bogʻliq boshqa tashkilotlarning faoliyatini nazorat qilish, aholiga huquqiy jihatdan yordam beradigan muassasalar va advokatlar ishlarini kuzatish, adliya sohasidagi muammoli masalalarni hal etish, Respublika Sovetlarining Markaziy Ijroiya Komiteti va Xalq komissarlar soveti tomonidan huquqiy yoʻnalishda kiritadigan taklif hamda mulohazalarining qonuniy asoslarini belgilash, qonun ustuvorligini taʼminlash, amaldagi qonunlar mohiyatini aholiga tushuntirish, huquq masalasi bilan bogʻliq toʻplamlarni, respublika hukumatining farmoyishlari va qarorlarini chop etish kabi ishlar ham yuklanadi. Isʼhoq Gʻoziyev mazkur vazifada ish olib borar ekan Adliya sohasidagi dolzarb vazifalar, mavjud muammolar hamda xalqning huquqiy madaniyatini oshirish borasida milliy matbuot sahifalarida koʻplab maqolalar bilan chiqdi.

Isʼhoq Gʻoziyev 1927-yil 6-aprelida Oʻzbekiston SSR Adliya xalk komissari va Bosh Prokurori lavozimlaridan ozod qilinadi. Shundan keyin 1927–1929-yillarda Fargʻona shahridagi ipakchilik korxonasi direktori boʻldi. 1929-yil fargʻonalik yirik boy – paxta savdogari, qaynatasi Shobobo Inogʻomovning uy-joylarining musodara etilishiga yoʻl qoʻymagan, degan ayblov bilan Kommunistik partiya safidan ham chiqariladi. Koʻp oʻtmay Toshkentga kelib Respublika ipakchilik trestida boʻlim boshligʻi boʻladi.

Yer ishlari xalq komissarligi qishloq xoʻjaligi boʻlimi boshligʻining oʻrinbosari boʻlgan Isʼhoq Gʻoziyev 1937-yil 16-noyabr kuni OʻzSSR JKning 63, 67-moddalari bilan “Milliy ittihod” aksilinqilobiy harakatining aʼzosi sifatida qamoqqa olinadi. Albatta, sobiq adliya komissarini “oʻz ayblariga” iqror qilish oson kechmadi. Qanchalik qiynoqlarga solishmasin oʻziga qoʻyilgan barcha soxta ayblovlarni tan olmaydi. Qariyib uch yil davom etgan hibs azoblari ortidan 1940-yil 9-fevralda mashʼum “uchlik” tomonidan 5 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinadi.

Isʼhoq Gʻoziyev nohaq jazoni 1940-yil may oyidan Sverdlov viloyati, Tevda shahridagi IIXKga qarashli lagerda oʻtay boshlaydi. Jazo muddati 1937-yil 16-oktyabrdan hisoblangani uchun 1942-yil 16-noyabrda ozodlikka chiqadi.

Urush sharoiti tufayli vataniga qaytarilmaydi, 1945-yil noyabr oyigacha Tevda shahridagi harbiy boʻlim nazorati ostidagi koʻmir shaxtasida ish olib boradi. 1946-yil fevralda Fargʻonaga – oilasi bagʻriga qaytishga muvaffaq boʻladi. Isʼhoq Gʻoziyev 1948-yilgacha kassir boʻldi, biroq yana ayrim kimsalarning iziga tushganini payqab Toshkentga koʻchib keladi. Shundan soʻng Toshkent viloyati, Boʻka tumanidagi  “Yangi turmush” kolxoziga omborchi boʻlib ishga joylashadi.

Isʼhoq Gʻoziyev 1949-yil 23-dekabr kuni berilgan order asosida eski ayblovlar bilan takror qamoqqa olinadi. Bu vaqtda oila aʼzolari: 80 yoshli onasi Tojixon Mayusupova, turmush oʻrtogʻi Fotimaxon (1907) va farzandlari  Ismoil (1921), Iskandar (1929), Asqar (1933) va Nafisaxon (1947)lar Toshkent shahri, Oqilon koʻchasi, 5-uyda istiqomat qilgan.

Isʼhoq Gʻoziyev tergov jarayonida yana oʻzining mutloq aybsizligini taʼkidlab turib oladi. 1950-yil 6-yanvar kuni soʻnggi soʻroqda ham oʻziga nisbatan boʻhton bilan jinoyat ishi ochishganini yozadi.