Millatning tarixiy ildizlari, tadriji va istiqboli toʻgʻrisida fikr yuritish ham mushkul, ham maroqli. Zotan, milliy mansublik kishiga gʻurur, iftixor baxsh etadigan, ayni choqda, masʼuliyat yuklaydigan ulug‘ qadriyatlardandir. Insonning jamiyatdagi oʻrni, qadr-qimmati, maqomini his etishi, oʻzligini anglashida ham bu tushunchaning oʻrni katta.
Oʻzbeklar kurrayi arzdagi qadimiy millatlardan biri sanaladi. Oʻzbek xalqining kelib chiqishi, shakllanish jarayonlarini oʻrganishda jahonda tanilgan koʻplab olimlar ilmiy izlanishlar olib borgan, bu borada fundamental asarlar yaratilgan. Shunga qaramay, oʻzbek millati shakllanishiga doir fikr-xulosa tugal holda shakllanganicha yoʻq.
Oʻzbek elatining millat sifatidagi takomiliga doir koʻplab ilmiy maʼlumotlarni keltirish mumkin. Ammo bu maqoladan koʻzlangan maqsad millatning tarixiy tadrijini koʻrsatish emas. Shunday boʻlsa-da, asosiy muddaoga oʻtishdan avval millat tarixiga bir qur nazar tashlashni lozim topdik.
Faylasuf olim Qoʻchqor Xonazarovning yozishicha, X–XX asrlar oraligʻida xalqimiz uch marta millat oʻlaroq uyushgan. XX asrning oxirgi oʻn yilligida esa toʻrtinchi marta zamonaviy millat sifatida jahonga boʻy koʻrsatdi.
X–XII asrlarda mintaqada hukm surgan barqarorlik, tinchlik, poydor siyosat va maqbul ijtimoiy vaziyat Movarounnahr ahlining millat boʻlib uyushishi, uning bagʻridan Forobiy, Fargʻoniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy kabi daholarning yetishib chiqishini taʼmin etgan. XIII asr boshlaridagi moʻgʻul istilosi oqibatida millatimiz maʼlum davrga tarix sahnasidan chetlashgan. XIV–XVI asrlarda, temuriylar hukmronligi davrida Amudaryo va Sirdaryo oraligʻi hamda uning atroflarida iqtisodiyot, madaniyat va maʼnaviyat gullab-yashnadi. Millat qaddini rostlab, mintaqani jahon moddiy, maʼnaviy va madaniy markazlaridan biriga aylantirdi. XVI asr oʻrtalaridan XIX asr ikkinchi yarmigacha oʻlka taqdiri yana oʻzgarishga yuz tutdi: yurt parchalandi, iqtisod-u madaniyat inqirozga uchradi. XIX asrning ikkinchi yarmidagi chor Rusiyasi bosqini oʻzgaga qul boʻlib qolgan millatning yangidan uygʻonishiga turtki berdi. Ammo mustaqillikka erishgunimizga qadar milliy taraqqiyot istibdod sababli noraso, kemtik, zaif va mahdud boʻlib qoldi (Shoniyozov K. Oʻzbek xalqining shakllanish jarayoni. Toshkent, “Sharq”, 2001. 24-25-betlar).
Aksar olimlarimiz toʻgʻri taʼkidlaganidek, oʻzbeklar bu yurtga qayerdandir kelib qolgan emas, ularning ajdodlari qadim-qadim zamonlardan shu zaminda yashab, asrlar mobaynida turli elatlarni oʻz tarkibiga singdirib boravergan. Demak, aholi urug‘, qabila, elat va millatgacha boʻlgan bosqichlarni bosib oʻtgan. Turli elatlar shu tariqa yagona millatga doʻngan. Shu yurtda qadim zamonlardan yashab kelgan aholi oʻzbek millatining asosiy yadrosini tashkil etadi. Ular soʻzlashadigan lahja va shevalar oʻzbek adabiy tiliga asos boʻlgan.
Oʻzbek xalqining elatdan millatgacha bosib oʻtgan davrlari haqida turlicha fikr bildirilgan. Biz millat oʻlaroq toʻliq shakllandikmi-yoʻqmi degan savol tegrasida ham bahslar tingani yoʻq. Kimdir bu jarayon hali oxiriga yetmagani, boshqa birov jarayon tugallanganini aytadi. Nuqtayi nazarlar xilma-xil ekani bejiz emas. Chunki toʻlaqonli millat maqomining aniq mezon yoki oʻlchamlari yoʻq. Maʼlum elatning toʻlaqonli millat darajasiga yetgan-yetmagani borasida faqat boshqa ilgʻor millatlarga qiyosan mulohaza yuritish mumkin. Xalqimiz bugun toʻliq millat maqomini oldi, deya qatʼiy hukm chiqarsak, hali mutaraqqiy millatlardan oʻrganmogʻimiz lozim boʻlgan jihatlar koʻp-ku, degan eʼtiroz yangrashi tabiiy.
Rossiyada roʻy bergan Oktyabr toʻntarishidan keyin Markaziy Osiyoda milliy respublikalar tuzildi. Ammo mustaqil millatlar unib-oʻsishiga yoʻl qoʻyilmadi, bilʼaks, oʻzgalarga qaram qavmlar shakllantirildi. Chor Rusiyasi yurtimizni qanday tobe etib, ekspluatatsiya qilgan boʻlsa, shoʻrolar ham shu siyosatni davom ettirdi. Mintaqa xalqlari “oʻz xohishi bilan Rossiyaga qoʻshildi” degan yolgʻon ostida Vatanimiz boyliklari tashib ketildi, istibdodning yangi-yangi shakl-usullari amalga oshirildi.
Aslida, 1924-yilda Turkistonning milliy respublikalarga boʻlib tashlanishi mintaqa xalqlari uzoq yillar orzu qilib kelgan tenglar ichra tenglikka erishish, mustaqil millat huquqini qoʻlga kiritish orzusi yoʻlidagi toʻsiq edi. Oʻsha davrda shunday siyosat yuritildiki, Markaz respublikalar oʻrtasida istagan vaqti ziddiyat keltirib chiqarishi, keyin oʻsha nizoli masalani “katta ogʻa” sifatida “hal qilishi” mumkin edi.
Eng yomoni, xalqimiz ruhiy jihatdan ham qaram, tobe boʻlib qoldi. Katta iroda va kuch-qudratni ishga solgan millatlar vaqti kelib iqtisodiy va siyosiy qaramlikdan butkul qutuladi. Bu hol tarixda koʻp bora oʻz tasdigʻini topgan. Ammo ong, ruhiyat va zehniyatdagi qullik asoratlaridan xalos boʻlish nihoyatda mushkuldir.
Jahon mamlakatlariga nazar soling, ilgari mustamlaka boʻlgan koʻplab xalqlar ozodlik kurashlaridan keyin milliy mustaqillikni qoʻlga kiritdi, iqtisodiy taraqqiyotga erishdi. Biroq ularning aksari hali-hamon milliy ong va ruhiyatni isloh etish borasida ulkan qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Sababi maʼlum: har qanday bosqinchi davlat tobe millat zehniyatiga qoʻrquv, hadik va mutelik urugʻlarini qadashga uringan. Taassufki, taqdirning bu sira sinovi bizning millatimizga ham begona emas.
Bir yuz oʻttiz yillik qaramlikdan keyin xalqimiz mustaqillikni qoʻlga kiritdi. Moddiy, iqtisodiy, siyosiy jabhalarda jilovni qoʻlimizga oldik. Taraqqiyot bobida koʻp yutuqlarga erishdik – ular haqida OAVda muntazam materiallar eʼlon qilinib, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Xoʻsh, ongimiz, ruhiyatimiz ham iqtisodiy taraqqiyotimizga uygʻun, hamohangmi?
Mustaqillikka erishib izchil taraqqiyot yoʻlidan borayotgan ayrim mamlakatlardan ortda qolayotganimizni tan olishimiz lozim. Boz ustiga, chinakam millat boʻlib shakllanishimiz asliy ildizlarimizga bogʻliq ekanini ham esdan chiqarayotgandekmiz. Tegishli qonunlar, qonunosti hujjatlar qabul qilinib, yoʻnalishlar belgilanyapti. Lekin koʻpincha vazifalar ijrosi ora yoʻlda qolib ketayotir. Bu – milliy taraqqiyotimizdagi birinchi muammo.
Ikkinchi muammo shuki, bugunga qadar oʻz milliy modelimizni yarata olmadik. Bugun biror xorij mamlakati rivojlanish modelini qabul qilsak, ertaga boshqasiga oʻtamiz. Holbuki, dunyoda taraqqiyot choʻqqilarini egallagan, shu yoʻlda harakat qilayotgan millatlar, yaxshimi-yomonmi, oʻz taraqqiyot modelini ishlab chiqqan.
Mamlakatimizda katta islohotlar olib borilyapti, ammo ularning samarasi koʻngildagidek emas. Nazarimizda, buning bir qancha sabablari bor.
Avvalo, soʻzimiz va amalimiz bir-biridan yiroqlashib ketgan. Ustiga-ustak, tiynatimizdagi maddohlik, xushomadgoʻylik kabi illatlardan xalos boʻlolmayapmiz. Ayrimlar oʻzini hamon sobiq shoʻro tuzumi davrida yashayotgandek tutadi. Oʻsha davrga xos madhiyabozlik bugun ham davom etayotgandek. Yurtdoshlarimiz ham bunga koʻnikib bormoqda.
Aholining moddiy shart-sharoiti shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon talablariga muvofiq emas. Davlat ilgʻor qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilayotganiga qaramay, aksar cohalarda “eski tos, eski hammom”dan qutula olmayapmiz. Chunki qonunchilik ijrosiga masʼul ayrim mansabdorlar shaxsiy foydadan boshqa jihatni oʻylamay qoʻygan.
Qahramon shoirimiz Abdulla Oripov “oʻzga erur imlo bu kun” deb yozganidek, zamon evrilib, mezonlar ham oʻzgarib ketdi. Bugun insonning maqom-martabasi, obro‘-eʼtibori, qoʻyingki, qadr-qimmati pulga, moddiy boylikka bogʻliq boʻlib qoldi. Kimning sarvati koʻp boʻlsa, dunyo uniki! Xalqona aytganda, ogʻzi qiyshiq boʻlsa ham, boyning oʻgʻli gapirsin. Shunday talotumda qoʻli kalta, kamtarona maosh evaziga roʻzgʻorini arang tebratib kelayotgan yurtdoshlarimiz sarosima, taraddudda qolgani haqiqat.
Bizningcha, bugun jamiyatimiz ahli besh guruhga boʻlingan: 1) sarmoyadorlar, yaʼni kapitalistlar; 2) byudjetdan maosh olib yashayotgan oʻrtahol ziyolilar; 3) qora qozonini el qatori qaynatayotgan qishloq ahli; 4) kurashlar sharoitida shakllanayotgan oʻrta sinf (davlat ularni har taraflama qoʻllab-quvvatlashga gʻamxoʻrlik qilmoqda, ammo unib-oʻsishlariga toʻsiq boʻladigan kuchlar talaygina); 5) ishsiz kambagʻallar.
Xavotirli jihati, biz shartli ravishda boʻlgan ushbu ijtimoiy toifalar orasida farq ortib, oʻrtadagi masofa tobora kattalashmoqda. Bu esa jamiyatda taranglikni kuchaytirib, turli ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin.
Albatta, jamiyatda moddiy tengsizlikni butunlay yoʻq qilib boʻlmaydi. Ammo, harqalay, uni minimal darajaga keltirish mumkinligi koʻplab mamlakatlar tajribasidan maʼlum.
“Millat vijdoni” deb ulugʻlanadigan ziyolilarimiz jamiyatda yuz berayotgan oʻzgarishlar, mavjud ahvolga nisbatan befarq ekani ham kishini oʻyga toldiradi. Holbuki, ziyoli ahli xalqni birlashtirishi, ommani ezgu maqsadlar sari yoʻnaltirishda peshqadam boʻlishi kerak. Ziyolilarning faol toifasi esa jamiyatga sigʻmayotgandek. Boshi qovushmagan, oʻzaro birlashuv istagi sust. Darvoqe, ziyolilarni himoya qilishi kerak boʻlgan davlat idoralari ham u qadar faol emas. Lekin shunday sharoitda ham ziyoli oʻziga yuklatilgan moʻtabar vazifani ado etishi shart emasmi?..
Bugun ayrim ziyolilarda jamiyatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati borligini ham tan olishimiz zarur. Baʼzilar esa jamiyatdagi muammolar oʻz-oʻzidan hal boʻladi deb oʻylaydi, nazarimizda. Jadid bobolarimizning millatni uygʻotish va taraqqiyga yetaklash yoʻlidagi kurashda mol-dunyosi, hatto jonini-da nisor etgani oydinlarimizga oʻrnak boʻlmogʻi darkor.
“Oʻtmishda biz qoloq edik, Oktyabr inqilobidan keyin “katta ogʻa” bizga yordam qoʻlini choʻzdi, aks holda, qoloqligimizcha qolib ketar edik” qabilidagi safsata shoʻro davrida koʻp va xoʻb aytilgani maʼlum. Holbuki, “yordam qoʻlini choʻzish”dan koʻzlangan asl gʻaraz bizni butunlay qaram qilish, boyliklarimizga ega chiqish boʻlgan. Mana, ozod boʻlganimizga ham 33 yil boʻldi. Chinakam millat darajasiga yuksalib, oʻzligimizni toʻla-toʻkis angladikmi?
Oʻzlikni anglashning uch shakli bor: avvalo, har bir inson oʻzini oʻzi anglashi lozim; soniyan, muayyan millat vakili sifatida milliy oʻzlikni idrok etmoq kerak; uchinchidan esa bashar farzandi oʻlaroq dunyoni anglamoq talab etiladi. Bu uch jihat oʻzaro mushtarakdir, halqalardan hatto bittasi boʻlmasa ham qolganlari bogʻlanmaydi. Yaʼni etnik guruh, elat ham toʻlaqonli millat darajasiga koʻtarilmaydi.
Insonlarning barmoq izlari kabi dunyoqarashi, eʼtiqodi ham turlichadir. Kimdir oʻzi mansub mamlakat, qolaversa, oila oldidagi burchlarini teran anglaydi, qadriyatlarni eʼzozlaydi va asrlar sinovidan oʻtgan rasm-rusumlarga rioya qiladi. Boshqa birov bilgani holda maʼnaviy burchlarini ado etmaydi. Yana bir toifa esa ularni na biladi, na bilishga intiladi. Jamiyatda birinchi toifa vakillari salmogʻi ortsa, millat va davlat rivojlanadi. Ayni choqda, milliy urf-odatlar, qadriyatlar va axloqqa rioya etishning oʻzi yetarli emas, ularni saqlash, rivojlantirish, kelgusi avlodlarga yetkazish ham muhimdir. Vatanga ichkari va tashqaridan kelishi mumkin boʻlgan yovuzliklarga qarshi butun millat bir tan-u bir jon boʻlib kurashishi qanday soz!
Odam millat mansubi oʻlaroq maqomini ona Vatanida toʻliq his etadi. Toʻgʻri, keyingi vaqtlarda koʻplab millatdoshlarimiz AQSh, Yevropa va Osiyo mamlakatlariga ishlagani borib, u yerlarda doimiy yashab qolmoqda. Migratsiyadan fojia yasamaslik kerak, ammo ona tili omilini eʼtibordan soqib etib boʻlmaydi. Oʻtgan asrning 30-yillarida oʻzga davlatlarga bosh olib ketishga majbur boʻlgan oʻzbeklar farzand-u nevaralariga ona tilini oʻrgatgan edi. Millat vakili ona tilini biladimi – boshqa milliy qadriyatlarni ham saqlashga intiladi. Demak, millat hozir ham, istiqbolda ham barhayot boʻlib qoladi, yoʻq boʻlib ketmaydi, har vaqt “men”ini namoyish etib turaveradi. Yagona shart – odamning milliy oʻzligini anglashidir.
Dunyo rang-barang va murakkab boʻlib, uni anglash oson emas. Dunyoni anglamoq orqali zamon va makonda bashariyatning ertasi uchun qanday imkoniyat hamda xavf-xatarlar yuzaga kelayotgani, millat va mamlakat istiqbolida qanday oʻzgarishlar yuz berishi mumkinligi-yu qanday yoʻl tutish lozimligini bilish mumkin. Kurrayi arzda kechayotgan voqea-hodisalardan xabardor boʻlmoqqa intilmagan odam nainki oʻzi, balki millatini ham gumrohlikka yetaklashi hech gap emas. Bugun dunyo har bir insonni turli muammolarga roʻbaro‘ etmoqda, ularning mohiyatini bilmasdan turib risoladagidek hayot kechirib boʻlmaydi.
Demak, har bir insonning oʻzini oʻzi anglashi, millat vakili sifatidagi maqomini idrok etishi va dunyoni bilishi – millat boʻlib shakllanishning muhim mezonlari hisoblanadi. El-ulusning millat boʻlib birlashuvida bu uch omil dialektik bogʻliqlik kasb etishi lozim. Ular qancha uzviy boʻlsa, millat maqomi shuncha yuksaladi.
Moddiy kuch oʻz-oʻzidan harakatga kelmaydi, uni harakatga keltiruvchi turtki lozim. Bu turtki insonning ongi va ruhiyatidir. U qancha kuchli boʻlsa, millat ham oʻzligini shuncha teran anglaydi.
Bugun Oʻzbekiston “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” gʻoyasini amalga tatbiq etmoqda. Qayta tiklangan urf-odat, anʼana va qadriyatlarimiz milliy oʻzlikni anglashda koʻmak beradi. Ammo hali ajdodlardan qolgan boy merosni oʻrganishda sabot-la davom etmoq, yangi fan, texnika va texnologiya yutuqlarini zamon talab qilgan darajada oʻrganmoq va hayotga tatbiq etmoq lozim. Ajdodlarimizning moddiy va maʼnaviy merosi bilan maqtanishning oʻzi yetarli emas. Ular kabi butun insoniyat koriga yaraydigan kashfiyot-u ixtirolarga qoʻl urmogʻimiz darkor. Buning uchun katta bilim talab etiladi.
Maktab taʼlimi zamon talablari asosida rivojlantirilishi kerak. Maktab yoshidagilar qoʻl urayotgan jinoyatlar, axloqsizliklarni oʻylasak, bu borada qiladigan ishlarimiz hali naqadar koʻpligi, maʼnaviy-ruhiy muolaja suv bilan havodek zarurligi ayonlashadi. Axir, millatimiz oʻtmishida bolalar oʻrtasida shu xil zoʻrlik, axloqsizlik, ota-onaga nisbatan hurmatsizlik boʻlganmikan?! Jamiyat va mamlakatni rivojlantirish intellektual salohiyatni oshirishga, bu esa maktab va taʼlim-tarbiya ishiga bogʻliqdir.
Tarbiya borasida koʻp gapiryapmiz-u, ammo muammolar yechimini topayotgani yoʻq. Boya jamiyatdagi norasoliklarni bartaraf etishda ziyolilar masʼuliyatiga toʻxtalgan edik. Nazarimizda, asosiy gap faqat ziyolilarda emas. Ongimiz, ruhiyatimizdan sobiq shoʻro tuzumida shakllangan yana bir illat – boqimlikni siqib chiqara olmayapmiz. Jamiyatimizda hammasini davlat beradi, hammasini davlat bajaradi, deb oʻylaydiganlar hozir ham koʻpchilikni tashkil etadi. Oʻzimizni, milliy oʻzligimizni anglashimiz sekin kechayotgani sabablaridan bir ham shu. Bu borada tarixchi olim Baxtiyor Alimjonov “Tafakkur” sahifalarida bildirgan quyidagi fikrlarga qoʻshilamiz: “Oʻzligimizning asosini tarixiy ong tashkil etadi... Tarixiy ong tugal shakllanmagani yoki sovetcha ongning haligacha ustunligi sabab oʻzligimiz postkolonial va modern (stalincha variantda) kategoriyalarga bogʻliq boʻlib qolmoqda. Oqibatda jamiyatda madaniy taraqqiyot past-baland tarzda kechmoqda, ziyolilar orasida ilmdan yiroq bahslar koʻpaymoqda, dunyoviylik va diniy tafakkur turli jabhalarda toʻqnash kelmoqda. Intellektual “ayirmachilik” va boshboshdoqlik, milliy oʻzlikning tarixiy asoslari boʻshligi shunday noravo holni paydo qiladi” (Alimjonov B. Oʻzanini izlayotgan oʻzlik. “Tafakkur” jurnali, 2023-yil, 3-son. 28-bet).
Jamiyatimizda tariximizni yaxshi biladiganlar ancha-munchani tashkil etadi, lekin uni bilmaydiganlar ham oz emas. Bir toifa ziyolilar, iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli qanday boʻlishidan qatʼi nazar, jamiyat tashvishi ila yashamoqda, ogʻriqli nuqtalarimiz haqida dadil fikr bildirmoqda, dangal yozmoqda. Yana bir toifa esa yutuqlarni koʻpirtirib maqtash bilan band.
Alhosil, bugungi kunda millatimiz taraqqiyotiga ikki nuqtayi nazardan qarash mumkin. Birinchidan, millat urf-odat, anʼana, qadriyatlarga qisman boʻlsa-da amal qilib kelyapti, oʻzbek tili davlat tiliga aylandi, milliy oʻzlikni anglashga kuchli urinish bor, maʼlum darajada milliy birlik shakllandi. Ikkinchidan, milliy oʻzlik toʻla-toʻkis anglanmadi, ruhiyatimiz va ongimizda mustabid tuzumdan meros boʻlib oʻtgan illatlar hamon yashab kelmoqda; erkin fikrlash, oʻz soʻzini dadil aytish ommalashmadi; Vatan, til, millat manfaatlari shaxs manfaatlaridan ustun qoʻyilayotir...
Siyosatshunos olim Toʻlqin Alimardon toʻgʻri taʼkidlaganidek, “Har bir xalqning oʻz qadr-qimmatini anglashi milliy hurriyatga eltuvchi yoʻli hisoblanadi. Millatning adolatli jamiyat barpo etishdek ardoqli orzu-intilishlari erkin, ruhiyati sogʻlom shaxslarning aql-idroki va eʼtiqodi asosida roʻyobga chiqadi” (Alimardon T. Haqiqatga sadoqat. “Tafakkur” jurnali, 2024-yil, 1-son. 32-bet).
Nazarimizda, milliy oʻzligimizni anglash ahvoli oʻtgan asrning 90-yillar oxirigacha boʻlgan darajadan durust emas. Holbuki, u davrda jamiyatda moddiy yetishmovchiliklar koʻp edi. Shunga qaramay, xalq ozodlikka erishish va uni mustahkamlashni asosiy maqsad, bosh aʼmol deb bilgan edi. Millat ruhi va ongini yuksaltirish haqida qaygʻurmasak boʻlmaydi. Negaki, milliy oʻzlikni anglash orqaligina chinakam millat boʻlib shakllanamiz.
Saʼdulla OTAMURODOV
“Tafakkur” jurnali, 2024-yil 4-son.
“Qachon millat boʻlamiz” maqolasi
Foto by: Abdumannon MUHAMMAD