Namangan shahridagi qadimiy meʼmoriy yodgorliklar orasida Atoulloxon toʻra masjidi alohida oʻrin tutadi. Xalq orasida “Ota Valixon toʻra” nomi bilan ham ataladigan ushbu inshoot Sumalak guzar mahallasi markazida, Uychi koʻchasida joylashgan boʻlib, oʻzining nafis meʼmoriy qiyofasi va boy tarixi bilan ajralib turadi. 


Masjid XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmida yashagan, zullisonayn shoir va naqshbandiya tariqatining taniqli xalifalaridan biri Majzub Namangoniy qurdirgan ilk masjid oʻrnida barpo etilgan. Majzub avvalo Degrezlik dahasida masjid va madrasa qurdirgan boʻlib, ular xalifa Muhammad Aziz madrasasi nomi bilan XX asr boshlarigacha faoliyat koʻrsatgan. 1914-yili sodir boʻlgan zilzila va tasodifiy yongʻin natijasida mazkur binolar vayron boʻlgach, ulamolar ularni qaytadan tiklash tashabbusi bilan chiqqanlar. Bu ishga homiylikni Majzubning nabirasi Imom Atoulloxon toʻra oʻz zimmasiga olgan.


Qurilish ishlari uchun vodiyning mashhur ustalari jalb qilingan, ammo bunday ulkan gumbazli inshootni qurish oson boʻlmagani bois koʻpchilik bu masʼuliyatni zimmasiga olishga botina olmagan. Nihoyat, usta Mulla Qirgʻiz  vazifani qabul qilib, 1915-yil bahorida qurilishni boshlagan. U bilan birga uning shogirdlari usta Fozil Namangoniy, Soqov hoji va boshqalar ham mehnat qilganlar. Mulla Qirgʻiz poydevorni mustahkam shibbalash usulida qurgan va har bir qatlamni aniq hisob-kitob bilan mustahkamlagan. Masjidning umumiy oʻlchami 27×19,6 metr boʻlib, tarhi toʻgʻri burchakli va simmetrik tuzilishda barpo etilgan.

Ilgarigi yogʻochdan qurilgan Aziz Xalil eshon masjidi va Shoh Soʻfi masjidi zilzila natijasida vayron boʻlganidan soʻng, ana shu joyda yangi masjid barpo etilgan.


Qurilish 1917-yili yakunlangan. Yoshi ulug‘ otaxonlarning maʼlumotlariga koʻra, masjid yer uchastkasi 100×80 metr maydonni tashkil etgan. Uning janubiy-sharqiy qismida asosiy bino, shimoliy-sharqiy qismida esa “P” harfi shaklida hujralar joylashgan, markazda katta hovuz boʻlgan.

Masjidning shimoli-sharqiy peshtoqining 1983-yildagi koʻrinishi.

Atoulloxon toʻra masjidi oʻz meʼmoriy yechimlari bilan Fargʻona vodiysi, shuningdek, butun Markaziy Osiyo miqyosida ham noyob namunalardan hisoblanadi. Uning gumbazi kattaligi jihatidan XVI asrdan keyin qurilgan binolar ichida yagona boʻlib, diametri jihatidan Xoja Ahmad Yassaviy, Sulton Sanjar, Bibixonim va Goʻri Amir maqbaralari gumbazlaridan kattadir. Gumbaz aylanasi boʻylab kufiy xatda “kalimat tayyiba” bitilgan boʻlib, bu ustaning benazir sanʼatkorligini namoyon etadi.

Masjidning 1938-yildagi ichki koʻrinishi.

Masjidning ichki qismidagi ustunlar gʻishtdan terilgan, ular turli rangdagi sirli qoplamalar bilan bezatilgan. Har bir ustunning yuqori qismida kufiy xati bilan “Alloh” va uning sifati yozilgan. Ikkinchi qavatga chiqish uchun eshikning ikki yonida 10 metrga yaqin balandlikdagi burama zinapoyalar qurilgan. Bu meʼmoriy yechimlar Namangan ustalari mahoratining yorqin isbotidir.

Masjidning gʻarb tomondan koʻrinishi. 1938-yil.


Masjid qurilishi Atoulloxon toʻra va usta Mulla Qirgʻiz oʻrtasidagi kelishmovchilik sababli 1918-yildan 1922-yilgacha toʻxtab qolgan. Keyin hashar yoʻli bilan ishlar yakunlanib, binoga hayot kirgan. Masjid ochilishida oʻsha yerda aholining ehson sifatida toʻqib kelgan gilamlari bilan toʻshalgan kutubxona va qorixona tashkil etilgan. Bu muassasalarda Qurʼon ilmining bilimdonlari Ismoil Mahdum Sottiyev, Muhammadxon qori Xoji Ubaydulloh oʻgʻli va boshqalar taʼlim bergan. Ulardan Fargʻona vodiysi va hatto Xitoydan kelgan talabalar ham taʼlim olgan.


 Masjid ichidagi mehrobining 1948-yildagi koʻrinishi.

Biroq 1920-yillar oxiriga kelib, sovet hokimiyatining dinga qarshi siyosati Atoulloxon toʻra masjidi faoliyatini butunlay cheklab qoʻydi. Masjid 1929-yili yopilib, avval omborxona, 1933-yili masjid xotin-qizlar klubiga aylantirilgan, hujralar buzib tashlangan.

 
1935-yili esa Xotin-qizlar klubi oʻsha paytdagi Oxunboboyev nomli kolxozning oshxonasiga koʻchirilgan hamda Namangan shahar ijroiya komitetining masjid binolarini “vino zavodi tashkil qilish uchun” ajratish haqidagi qaroriga koʻra, bu masjid vino zavodiga aylantirilgan va 1980-yillar oxirigacha vino ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bu holat stalinchilik siyosatining diniy va madaniy merosga nisbatan shafqatsiz munosabatini, moddiy yodgorliklarni ham mafkuraviy qurbonga aylantirish jarayonini yaqqol namoyon etadi. 


1986–1987-yillari yodgorlik Davlat inspeksiyasi tomonidan taʼmirlanib, ikki yil davomida viloyat rassomlari koʻrgazmasi sifatida foydalanilgan. 1989-yili esa masjid yana diniy idora ixtiyoriga qaytarilgan.