O‘ylaringiz, his tuyg‘ularingiz va fikrlaringizni hali ifoda etmasingizdan oldin boshqalar o‘qib olishi mumkin deyishsa aniq ishonmaysiz. Ammo ilm-fan buning ehtimoli bor ekanini tasdiqlamoqda. Yaqinda Stanford universiteti olimlari inson miyasi faoliyatini oʻqiy oladigan yangi chip ustida oʻtkazgan tadqiqot natijalari eʼlon qilindi. Unga koʻra, ushbu implant inson miyasidagi fikrlarni 74 foizgacha aniqlikda matnga ko‘chirish imkonini berdi. Olimlar taʼkidlashicha, bu texnologiya kelajakda gapirolmaydigan odamlarga fikrini erkin ifodalash imkonini berishi mumkin.

Miya chiplari – inson miyasiga joylashtiriladigan maxsus elektron qurilma boʻlib, u neyronlar faoliyatini oʻqib, kompyuter yoki boshqa qurilmalarga uzatadi, ya’ni, miya va texnologiya oʻrtasidagi koʻprik hisoblanadi.

Miya chipi (Brain-Computer Interface – BCI) tushunchasini 1973-yilda birinchi boʻlib AQShlik olim Jacques Vidal fanga kiritgan. U kompyuterni miya signallari orqali boshqarish tajribalarini oʻtkazgan.

Stanford universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot brain-computer interface (BCI) deb ataluvchi maxsus implant yordamida insonning “ichki nutqi”ni – yaʼni aytilmagan, faqat oʻylangan soʻz va jumlalarini matnga aylantira oldi.

Tadqiqot davomida ishtirokchilardan gapirishga urinish yoki soʻzlarni faqat ichlarida takrorlash soʻraldi. Har ikki holatda ham nutq bilan bogʻliq miya qismlari faollashgani kuzatildi. Sunʼiy intellekt modeliga asoslangan chip mazkur neyron signallarni tahlil qilib, ularni jumlaga aylantirdi. Natijada ayrim iboralar 74 foizgacha aniqlikni koʻrsatdi. Qiziq tomoni shundaki, tizim “parol” himoyasi bilan sinovdan oʻtkazildi: ishtirokchilar oldindan belgilangan iborani – “Chitty chitty bang bang”ni oʻylash orqali chipni faollashtirishdi. Parolni aniqlashda tizim deyarli 99 foiz aniqlik koʻrsatdi. Universitet olimi Frank Willett ushbu tadqiqotni katta yutuq deya baholab, kelajakda miya chiplari texnologiyalari insonlar uchun tabiiy, erkin va qulay muloqot vositasiga aylanishi mumkinligini taʼkidladi.

Eng avvalo, gapirolmaydigan yoki jismoniy imkoniyati cheklanganlar chip yordamida oʻz fikrini matnga o‘girib, odamlar bilan muloqot qila oladi. Shuningdek, u kompyuter yoki protezlarni faqat fikr orqali boshqarish imkonini beradi.

Bu ixtiro tibbiyotda depressiya, xavotir yoki uyqusizlikni aniqlash, hatto Alsgeymer yoki Parkinson kasalliklarini erta tashxislashda ham qoʻl kelishi mumkin.

Taʼlim va ilmiy sohalarda esa miya faoliyatini tahlil qilish orqali oʻqish, xotira va diqqatni kuchaytirishga yordam beradi.

Kelajakda inson faqat fikrlashi orqali internetda qidirish yoki yozish imkoniyatiga ega boʻlishi taxmin qilindi. Biroq maxfiylik va nazorat masalalari bu jarayonda eng katta xavf boʻlib qolmoqda.

 

Fikrlarni yozib olish mumkinmi?

 

Texnologiya bilan bog‘liq bir qator xavflar ham mavjud. Mutaxassislar ta’kidlashicha, insonning neyron faoliyati shaxsiy va juda maxfiy ma’lumot hisoblanib, uni himoya qilish masalasi dolzarbdir. Kolumbiya universiteti qoshidagi Neyrotexnologiyalar markazi direktori Rafael Yuste shunday deydi:

 

“Miya – oddiy tana aʼzosi emas, u bizning barcha aqliy va kognitiv faoliyatimizni yaratuvchi organ hisoblanadi. Bizning fikrlarimiz, xotiralarimiz, his-tuygʻularimiz, tasavvurimiz … yozib olinishi mumkin”.

 

Darhaqiqat, diqqatni oshirish, uyquni yaxshilash yoki stressni kamaytirishni vaʼda qiluvchi koʻplab miya qurilmalari dunyo boʻylab sotuvga chiqarilgan. Ular yigʻayotgan neyron maʼlumotlari esa koʻpincha tibbiy himoya doirasiga kirmaydi. Shu sababli, mutaxassislar bunday maʼlumotlar tijorat maqsadida sotilishi yoki uchinchi tomonga taqdim etilishi xavfidan ogohlantirmoqda.

 

Yevropa Ittifoqida shaxsiy maʼlumotlarni himoya qiluvchi GDPR qonuni amal qiladi. Unga koʻra, isteʼmolchi oʻzi haqidagi maʼlumotni bilish, uni oʻzgartirish yoki oʻchirish huquqiga ega. Biroq neyrotexnologiyalar rivoji shunchalik tezki, mutaxassislar mavjud qonunlarni yanada takomillashtirish zarurligini aytmoqda.

 

Kuni kecha Yevropa parlamenti ekspertlari bergan xulosasida neyron maʼlumotlarni alohida toifadagi maxsus maʼlumot sifatida GDPRga kiritish lozim. Shuningdek, ushbu maʼlumotlardan sunʼiy intellekt vositalari yordamida foydalanish xavflarini chuqur oʻrganish, aholiga texnologiyalarning foyda va zararlarini tushuntirish va neyron maʼlumotlarini maxsus Yevropa maʼlumotlar maydonida saqlash mexanizmlarini yaratish taklif etilgan.

 

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur texnologik imkoniyat mutaxassislarda ochiq savol qoldirmoqda: fikrlar yozib olinsa, ulardan kim va qanday maqsadda foydalanadi? Texnologiya imkoniyati cheklanganlar uchun umid eshigini ochsa-da, inson huquqlari va shaxsiy daxlsizlik masalasida katta muhokamalarni keltirib chiqarmoqda. Oʻylash qobiliyatini himoya qilish shunchaki texnik masala emas, balki axloqiy, huquqiy va siyosiy masala hamdir.

 

Mashhura Rahmonova,

Oyina.uz