Odamzod hayoti mazmunini tashkil qiluvchi ikki bir butun: dunyoviylik va diniylik oʻrtasidagi muvozanat har qanday jamiyatning kelajagiga daxldor jiddiy mezon hisoblanadi. Ushbu muvozanatning yoʻqolishi dunyo mamlakatlarini jaholat-u toʻs-toʻpolon girdobiga tortgan va hamon tortayotir. Oʻrta asrlar Yevropasida hukm surgan, vahshiyona jazolar va qiynoqlar timsoliga aylangan inkvizitsiya buning yaqqol misolidir. Jordano Bruno, Nikolay Kopernik kabi mutafakkirlar jamiyat hayotida din va dunyoviylik oʻrtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi tufayli qurbon boʻlgani maʼlum.
“Soʻnggi jadid” nomini olgan zabardast olim Begali Qosimov “Milliy uygʻonish” kitobida Turkistonni mustamlakaga aylantirgan chor Rusiyasining oʻlka xalqlariga nisbatan riyokor siyosatini fosh etuvchi koʻplab maʼlumotlarni keltiradi. Jumladan: “Ismoilbek (Gasprinskiy) fikricha, Rusiya musulmonlari uchun bugun birinchi masala maʼrifatdir... Lekin millatning savodi oʻz tilida chiqmogʻi kerak. Milliy tarbiya, muqaddas gʻoyalar avlodning ong-u tafakkuriga ona tilida singmogʻi lozim. “Sut bilan kirgan” degan iborada gap koʻp.
Bu fikrni Rusiya hukumati, rus ziyolilari qanday qabul qildilar? 1882-yildayoq mazkur mavzuga bagʻishlangan yigʻilish chaqirildi. Yigʻilish 30-avgustda Toshkentda Oʻqituvchilar seminariyasida oʻtkazildi. Ushbu seminariyaning direktori mashhur missioner N.Ostroumov edi. Yigʻilishda general-gubernator A.Abramov vakolati bilan kelgan oʻlka yuqori maʼmuriyati, oliy ruhoniylar, seminariya talabalarining ota-onalari ishtirok etdilar. Yigʻilishda seminariyaning tarix va geografiya oʻqituvchisi M.Muropiyev maʼruza qildi. Maʼruzaning mavzusi: “Gʻayrirus musulmonlar maorifiga qanday bosh prinsiplar asos qilib olinmogʻi lozim?”
Notiq oʻz soʻzini asosan I.Gasprinskiy fikrlarini rad etishga qaratadi: “Agarda biz taklif qilingan loyihani (musulmonlarning oʻz tillarida, anʼanaviy oʻquv vositalari asosida oʻqitish – B.Q.) qabul etsak, shu paytgacha mudrab yotgan musulmon mutaassibligini tiriltirgan va bu bilan qoʻynimizda ilon asragan boʻlamiz”.
“Shunday qilib, – deb xulosalaydi oʻz fikrini maʼruzachi, – musulmonlarimiz maorifi uchun asos qilib olinishi shart boʻlgan birinchi bosh prinsip ularni ruslashtirishdir”, “ikkinchi prinsip... islomni buzish, prozelitizmdan voz kechish, qisqacha aytganda, yot musulmonlarimizning, umuman, diniy jihatlarini buzishdir” (Какие главные принципы должны быть в основе образования русских инородцев-мусульман // “Туркестанский сборник”. Том 361. Стр.138).
B.Qosimov izoh beradi: “Rus shovinizmi “inorodes” (gʻayrijins, gʻayriinsoniy) tushunchasini yaratdi. Z.Validiy qayd etishicha, bu sohaning “bosh mutaxassisi” Muropiyev edi. Unga koʻra, “inorodes” musulmonlar, yaʼni turkistonliklar uchun maorif tashkil etishda maʼno yoʻq. Ularning qismati Amerikadagi qiziltanlilar bilan bir...” (Qosimov B. Milliy uygʻonish: jasorat, maʼrifat, fidoyilik. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2002. 19-20-betlar). Darhaqiqat, juda koʻp tarixiy, badiiy manbalar Muropiyev eʼlon qilgan prinsiplar tizimli va qatʼiy tarzda hayotga joriy etilganidan – oʻlkada ruslashtirish, islomni buzish, oʻlka aholisining diniy tushunchalarini izdan chiqarish harakatlari faol olib borilganidan dalolat beradi. Shundoq ham uch xonlik davrida jaholat domida yashagan oʻlka aholisi istilochilarning tizimli harakatlari natijasida ham dunyoviy, ham diniy maʼrifatdan bebahra tutildi; necha-necha avlod ongi va tafakkuri shu asosda shakllandi. Aholining maishiy, madaniy-maʼnaviy hayotini esa oʻsha – qoloq ong va zanjirdagi tafakkur belgiladi.
“Mehrobdan chayon”da tasvirlanishicha, bir zamonlar “qubbati islomi din” sifatida eʼzozlangan Buxoroda madrasa talabasi boʻlmish Abdurahmon kechalari boyvachchalar koʻnglini olish uchun boshiga soch taqib, “bachcha” rolini oʻynaydi. Qanday jirkanch... “Juvonboz” hikoyasining bachchaboz qahramonlari esa “xudoga shukr, musulmonmiz” deya oʻzini alqaydi. Gʻafur Gʻulomning oʻspirin Qoravoyini kissavurlikka oʻrgatuvchi salt eshonning oʻzini pokdomon-u balogardon qilib koʻrsatishini; Shum bola “bobo” deb chaqirsa, “bobo emas, hoji bobo degin, haromi” deya jerkishni unutmaydigan “taqvodor” kimsaning masjid biqinidagi hujrada ogʻufurushlik bilan shugʻullanishini chinakam islom eʼtiqodi va axloqi bilan bir muqoyasa qilaylik! Yoxud Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar” qissasi, “Oʻgʻri”, “Bemor”, “Mayiz yemagan xotin” singari hikoyalarida qalamga olingan jaholat koʻlami, chorasizlik fojiasi-chi? Bularning bari millat va mamlakat tushib qolgan, toʻgʻrirogʻi, atay tushirilgan jarning tubsizligidan soʻzlaydi.
Afsuski, xalqimiz peshonasiga bitgan tarixning undan keyingi 70 yilida ham, ayniqsa, vijdon erkinligi, diniy maʼrifatdan bahramandlik bundan behroq boʻlgani yoʻq. Xalq ozodligi, millatlar hamda dinlararo tenglik, eʼtiqod erkinligini bayroq qilib koʻtargan bolsheviklar oʻz hukmronligining dastlabki kunidan boshlaboq aynan oʻsha qadriyatlarni ayovsiz toptadi. Din sosjamiyat uchun zararli sarqit, dushman hodisa deb uqtirildi; xudojoʻylar esa qoloq va johil deb baholanadigan, qadamda mazaxlanadigan boʻldi. Ushbu hodisalar koʻlami va dahshati Igor Bunichning “Partiyaning oltinlari” nomli kitobida atroflicha, chuqur aks etgan (Bunich I. Partiyaning oltinlari. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2016).
Shoʻro hukumatining riyokorligi, vaziyat taqozo qilsa, har ne ikkiyuzlamachilig-u beburdlikka tayyorligi dinga, dindorlarga munosabatda ham namoyon boʻldi. Masalan, Ikkinchi jahon urushi yillarida – mamlakat xavf ostida turgan paytda dindorlar va dahriylar, davlat va diniy tashkilotlarni qarama-qarshi qoʻyish naqadar xatarli ekanini hukumat yaxshi bilar edi. Qolaversa, koʻpchilik diniy uyushmalar, dindorlar fashizmga qarshi kurashning birinchi kunlaridanoq oʻz insoniy burchlarini amalda namoyish qila boshladilarki, buni sezmaslik va hisobga olmaslik mumkin emas edi. Shu bois tugatib yuborilgan pravoslav cherkovi patriarxligi 1943-yilda qayta tiklandi. Xuddi oʻsha yili Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil etildi, Buxoroda Mirarab madrasasi ish boshladi, musulmonlarga haj qilishga ruxsat berildi.
Oʻsha kezlar Oʻzbekiston xalqi nomidan frontga – jangchilarga yoʻllangan xatlarda ham ularning diniy tuygʻulariga alohida eʼtibor qaratilib, dushman uning imon-eʼtiqodiga, ulugʻlar mozoriga tajovuz qilayotgani, pokdomon qiz-u juvonlari iffatiga raxna solishga shaylangani, demakki, uni beomon qirish musulmon kishining muqaddas burchi ekanini eslatishga zoʻr berilgan edi...
Ammo millionlab dindorlarning ham juvonmarg umri evaziga gʻalaba qoʻlga kiritilgach, siyosat yana eski oʻzanga qaytdi. Ayniqsa, 1960-yillarga kelib vaziyat oʻta jiddiylasha bordi, turgʻunlik davrida esa diniy birlashmalarni roʻyxatga olish, dindorlarning konstitutsion huquqlardan foydalanishi nihoyat darajada cheklab qoʻyildi. Masjid yoki ibodatxonani ochish masalasi ham bevosita Moskvada hal qilindi. Yigirma besh yil (1961–1986) mobaynida mamlakatda musulmon diniy uyushmalarning soni 1546 taga kamayib ketdi (“Наука и религия” jurnali, 1987, 11-son).
1983–1989 yillar oraligʻida respublika rahbariyati, ayniqsa, Oʻzbekiston SSR KP Markazqoʻmining mafkura sohasidagi kotib-u kotibalari tomonidan tepaga yoqish uchun amalga oshirilgan ishlar nafaqat qonunsizligi-yu gʻayriinsoniyligi bilan, balki mantiqqa zid va aqlga yotligi bilan ham odamni seskantiradi. Axir, Navroʻzdek uch ming yillik tarixga ega tabiat bayramini islom bilan bogʻlash, Ramazon va Qurbon hayiti kunlarida odamlarni ibodat maydonlaridan quvgʻin qilish, roʻza kunlari davlat idoralarining katta-kichik xizmatchilarini yoppasiga suv ichishga majbur etish, ota-onasining janozasida qatnashgani uchun kommunist rahbarlarni ishdan haydash singari bedodliklarni boshqa qanday baholash mumkin?!
Yuzlab komsomollarning vodiy bozorlariga safarbar etilib, ularning oʻz ona va opalari boshidagi oq roʻmollarni “din sarqiti” sifatida yulib olib, yoqib yuborganini unutib boʻladimi?! Yoki “nima uchun musulmon, xristian va yahudiylar alohida qabristonga dafn etilishi kerak? Axir, hayotda birga yashagan omma oʻlganidan keyin ham bir joyda yotishi kerak emasmi?” degan iddao bilan internatsional qabristonlar joriy etishdek tarixda misli koʻrilmagan harakat aynan bizda boshlanganiga nima deysiz (mazkur hayotiy hodisalar “Oʻrtoq Boykenjayev va boshqalar” videofilmi hamda “Oʻrtoq Boykenjayev” badiiy filmida qiziqarli talqin etilgan)?!
Yana bir mulohaza: eski maktablar, masjid-u madrasalar xurofot oʻchogʻiga aylangan, keyinroq esa shular-da yopilgan va buzilgan, ulamolar quvgʻin qilingan, noyob ilmiy-maʼrifiy kitoblar yoqib, koʻmib yuborilgan yoxud tashib ketilgan, imon-eʼtiqod har joyda taʼqib ostiga olingan makonda kim diniy maʼrifat tarqatish bilan shugʻullanadi-yu bu harakat qanchalik samara beradi?
Aslida, inson bolasi faqat moddiyat bilan cheklanishi mumkin emas. Uning ruhiyati, qalbi va ongi ham oʻziga mudom ozuqa talab qiladi. Afsuski, zikr etilgan davrlarda odamlarning ruhiy-ruhoniy ehtiyojlari biryoqlama, chala-chulpa va hatto buzilgan tushunchalar hisobidan qondirildi, bu hol diniy maʼrifatdan koʻra jaholat va bidʼatning, koʻrqorilik va omilikning kuchayishiga sabab boʻldi. Odamlarning din-u diyonat toʻgʻrisidagi tasavvurlari nihoyatda sayoz, aksar biryoqlama, koʻproq afsona-yu choʻpchaksifat hikoyatlar asosida shakllandi, gʻirt bidʼatdan iborat daqqi qarashlarga diniy qadriyat niqobi kiydirildi.
Deylik, motam marosimlari shu qadar buzilib ketdiki, bir viloyatda hovlida ayyuhannos solib yigʻlab qolayotgan xotin-xalaj tobutning ustidan pul sochsa, boshqa viloyatda taʼziya bildirish uchun kelganki odamning qoʻliga non va pul solingan tugun tutqazildi. Ayriliqqa uchragan xonadon egalari chekkaroq joylarda yuzlab, katta shaharlarda esa minglab odamlarni qayta-qayta chorlab “uch”, “payshanba”, “qirq”, “ellik ikki”, “yil” oshi berishni oʻzining musulmonlik burchi deb biladigan boʻldi. “Sunnat toʻyi” oʻtkazmoqchi boʻlganlar eng avval toʻy dasturxoniga tortiladigan spirtli ichimliklar miqdori haqida oʻyladi. Muqaddas qadamjolar avval xarobaga, keyin shirk amallar oʻchogʻiga aylanib qoldi. Avliyolarga nisbat berilgan qabr, koʻhna daraxt yoki buloqlar minglab odamlar nazr-niyoz ataydigan, atrofidagi yemakxonalarda osh-ovqat pishirib, yeyishdan oldin choynakka quyilgan spirtli ichimlikni “iloyo, ziyoratlarimiz, nazr-niyozlarimiz Xudo dargohida qabul boʻlsin” deya “ixlos” qilinadigan joylar tusini oldi. Oʻtgan asrning 90-yillari boshiga qadar yurtimizdagi vaziyat, taassufki, ana shunday edi...
Qaqragan yerga birdan kelgan sel bahra berish barobarida oʻsha yerning bagʻrini oʻyib, buzib ham ketadi. Binobarin, maʼrifatdan mosuvo etilgan jamiyatga diniy erkinlik joriy qilinishi ijobiy oʻzgarishlar bilan birga buzgʻunchi oqimlarning selday kirib kelishiga ham bahona boʻladi.
1991-yil 14-iyunda, hali shoʻro mafkurasi hukmron boʻlib turgan bir paytda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida” Qonun qabul qilindi. Bu – dinga munosabat masalasi davr kontekstida oʻtkirlashganidan dalolat beradi. Afsuski, berilgan imkoniyatlar suiisteʼmol qilindi. Jumladan, masjid ochish ishi kampaniyabozlikka aylanib ketishi oqibatida qisqa vaqtda ularning soni 89 tadan 5 mingtagacha yetdi. Hujjatlari toʻliq rasmiylashtirilmagan, malakali imomlar bilan taʼminlanmagan, zarur sharoitlar boʻlmasdan turib faoliyat yuritgani bois turli din “peshvo”lari ularning aksariyatini oʻz uyalariga aylantirishga harakat qildilar.
Voha viloyatlariga oʻsha paytda birodarkushlik urushini boshdan kechirayotgan Tojikistondan, vodiy viloyatlariga esa qoʻshni Qirgʻizistonning oʻz holiga tashlab qoʻyilgan shaharlaridan imomlikka daʼvogar kimsalar kelib, masjid va “hujra”larga joylashdilar. Chala-chulpa diniy maʼlumotga ega ajnabiylar moliyaviy yordam koʻrsatish bahonasida respublika hududidagi diniy tashkilotlar rahbarligini oʻz qoʻliga olib, buzgʻunchilik, teskari tashviqot bilan shugʻullanishga kirishdi. Uzoq-yaqindagi musulmon davlatlarda yashovchi sobiq vatandoshlar ajratgan xayriya mablagʻlari hisobiga qurilgan ayrim masjidlarda ibodatdan koʻra ekstremistik tashviqotlar avj oldi, Olloh yodi bir yonda qolib, jihodga daʼvatlar yangray boshladi. Diniy fundamentalizm va xalqaro ekstremizmning avj olish xavfi tugʻildi.
Avval koʻproq poytaxt Toshkent va vodiy, keyinchalik esa boshqa viloyatlarda paydo boʻlgan hujralarda ekstremistik gʻoyalarni odamlar, birinchi navbatda, yoshlar ongiga singdirish uchun samarali-taʼsirchan metodlarga asoslangan holda mashgʻulotlar olib borildi. Yashirin hujralar, ularning domlalari va “tolibi ilmlar”ning moddiy taʼminotini olis-yaqin xorijdagi uncha-muncha sodda odam tagiga yetolmaydigan “ruhoniy” markazlar va oʻzimizdagi “savobtalab” sarmoyadorlar – hukumat almashsa, yogʻliroq amallar tegib qolishidan umidvor mansabparastlar oʻz zimmasiga olgan edi.
Biz hujralardagi oʻqitish, oʻziga ogʻdirish usullarini bekorga gʻoyat samarali, taʼsirchan demadik. Zero, ularda davlat taʼlim muassasalarinikidan farqlanadigan quyidagi holatlar mavjud edi:
1) hujraga jalb etilganlar “bilim va tajriba” uchun pul toʻlamasligiga qoʻshimcha ravishda oziq-ovqat, kerak boʻlsa, kiyim-bosh bilan ham tekin taʼminlangan (bu usul oʻtgan asrning 90-yillari boshida – respublikada oziq-ovqat va kiyim-kechak tanqisligi vujudga kelgan, odamlar zaruriy mahsulotlar bilan talon asosida, minimal darajada taʼminlanayotgan bir vaziyatda oʻziga qanchalik jalb etganini tasavvur qilish qiyin emas);
2) davlat maktablari, OOʻYlarda bitta oʻqituvchi bir fandan bir haftada bir-ikki soat mashgʻulot olib borsa, hujralarda bir yoki ikki nafar “ustoz” besh nafargina tinglovchiga har kuni kamida toʻrt-besh soatdan taʼlim bergan – uning nafaqat aqliga, balki ruhiyatiga ham juda yaqindan, yuzma-yuz oʻtirib taʼsir qilish imkoniga ega boʻlgan;
3) hujraga jalb etilganlar adabiyot, oʻquv materiallari, varaqa va boshqalar bilan tekin taʼminlangan, bu manbalar 2-3 yilda emas, nari borsa 3-4 oyda puxta oʻzlashtirib olinadigan hajm va mazmunda tuzilgan;
4) hujradagilarning nafaqat oʻzi, balki oilasidagilarga ham koʻmak koʻrsatish orqali ularning hushyorligi oʻgʻirlangan.
Oʻrni kelganda aytib oʻtsam: mamlakatimiz OAVda, koʻplab kitob, risolalarda turli norasmiy oqim va harakatlarga qoʻshilib ketgan yoshlarga aksar hollarda yoppasiga omi, gʻoʻr, savodi haminqadar, sodda va ishonuvchan, hatto goʻl deb taʼrif-tavsif berish odat tusiga kirib qolgan. Mazkur gʻoyaviy-mafkuraviy kurashning ayrim jabhalarini qoʻldan boy berayotganimiz, muxoliflarimiz faoliyati samaraliroq boʻlishining tub ildizida ayni shu hol – dushman tomon kuch va imkoniyatlariga yetarli baho bermayotganimizdek jiddiy qusurlar yotibdi.
Aslida esa ekstremistik oqim va harakatlar ichida boʻlgʻusi aʼzolarning butun hayoti, xarakter va temperamenti, qiziqishlari va bilim doirasi, imon-eʼtiqod masalasiga munosabati, moddiy-maʼnaviy ehtiyojlari, orzu-armonlarini puxta oʻrganadigan bilimdon mutaxassislar, kuchli psixologlar faoliyat olib boradi. Ular toʻplangan maʼlumotlarga tayangan holda boʻlgʻusi “oʻljalar”ning har biriga individual yondashadi va yoʻl-yoʻriq ishlab chiqadi. Yaʼni: kimning orzulari amalga oshmay turibdi, bunda davlat idoralari yoki jamiyatdagi mavjud holatning taʼsiri nechogʻli; kim hatto otasiga qarshi turib boʻlsa-da, “eʼtiqod” himoyasiga chiqa oladi; kim har qanday tazyiq va qiynoqlarda ham guruh aʼzolarini, uning rahbarlarini sotmaydi – oʻlimga, jihodga tik bora oladi... mana shu kabi surishtiruvlar safga yangi aʼzolar tanlanishida albatta inobatga olinadi.
Bilim va fikrlash quvvati haminqadar, tabiatan zaif, toʻrtta odamga gapini oʻtkazolmaydigan, ozgina mushkulotdan gangib oʻzini yoʻqotib qoʻyadigan kishilar bu guruhlarni qiziqtirmaydi. Bugina emas, “hujra”ga loyiq koʻrilgan, oʻzlari ogʻiz solgan kishining istiqboliga aynan kim chiqishi, u bilan dastlabki ishlovni kim olib borishigacha puxta oʻylanadi. Sodda qilib aytganda, talabaga uning yaqin kursdoshi, olimga ilmdoshi, savdogarga bozordoshi, hunarmandga kasbdoshi roʻbaro‘ qilinadi.
Hujradagi darslar faqat nazariya, manbalarni oʻrganish bilan cheklanib qolmay, tiqishtirilayotgan gʻoyalarning hayot bilan bogʻlanishiga jiddu jahd koʻrsatiladi. Yaʼni, chinakam musulmonlar yashaydigan jamiyat aslida qanday boʻlishi uqtirilar ekan, taʼlim oluvchining nigohi hayotdagi oʻta salbiy holatlarga, nuqsonlarga qaratiladi. Bunday holatlar esa, afsuski, jamiyatda har qadamda uchraydi. Masalan, ular koʻcha-koʻyda, jamoat transportida ochiq-sochiq yurgan, hashamatli toʻylarda tanasini koʻz-koʻz qilib oʻrtani boʻshatmay oʻyinga (raqsga emas!) tushayotgan qiz-juvonlarni koʻrsatib, achchiq savollarni qalashtiradilar: “Shular musulmon millatimi, islomiy jamiyatda shunga yoʻl qoʻyiladimi, Yaratgan ayolni shunga buyuradimi, bularning eri, aka-ukasi bormi, agar boʻlsa, endi ularning islomiy hukmi nima boʻladi?!” va hokazo.
Shu tariqa tuzoqqa ilingan “oʻlja”ning nigohi oʻzga “masʼala-yu masoyillar” tomon buriladi. Odam oʻzi yashayotgan jamiyatga yotlashib, ich-ichdan zamondoshlariga nisbatan dushmanlik, ular qilib yurgan kori amalga qarshi nafrat hissi bilan toʻlib boradi. Qarabsizki, hujralarda uch-toʻrt yil obdon shunday “taʼlim-tarbiya olgan”, deylik, yosh adabiyotshunos olimning koʻziga “ajoyib kunlarning birida” tik boqib soʻraladi: “Boshlab qoʻygan ilmiy ishingizning mavzusi nima edi? “Zamonaviy modern adabiyotining stilistik jihatlari”midi? Birodar, bir kun kelib Ollohning huzuriga borganingizda Yaratgan Egam sizdan yashaganing hayotda qanday ish qilib kelding, deb soʻrasa, nima deb javob berasiz? Oʻsha ilmiy ishingizning nomini aytasizmi?..”
Xuddi shu yanglig‘ savollar talabaning ham, hunarmand-u savdogarning ham, ayol-u erkakning ham oldiga koʻndalang qoʻyiladi-yu “eng toʻgʻri javob”ni topishda (jihodga daʼvat yoʻli bilan) “xolis koʻmaklashib” yuboriladi...
Ana shunday kuch va imkoniyatlarga ega boʻlgan ekstremistik oqimlarning harakat doirasi tobora kengayib, xatarli tus olayotgani borasida islom dunyosining eng yirik ulamolari ham jiddiy tashvish bilan bong urmoqdalar. Ulardan biri – Al-Azhar universiteti shayxi, nomi 2013-yilgi “Dunyoning eng taʼsirli 500 musulmoni” roʻyxati avvalida qayd etilgan Ahmad Toyyib hazratlaridir. Olim 2015-yil fevral oyida Makka shahrida boʻlib oʻtgan “Terrorga qarshi kurash va islom” mavzusidagi xalqaro konferensiyadagi nutqida, jumladan, quyidagilarni uqtirgan edi: “Hurmatli ulamolar! Biz arab va musulmonlarni moʻljal qilgan va ularni batamom boshqa shaklga keltirishni hamda oʻz mamlakatlarida ularni parokanda qilishni xohlayotgan katta-katta xalqaro rejalarga toʻqnash kelib turganimizni yaxshi bilasizlar. Va yana islomga xayrixoh boʻlmaganlar bilan qoʻlma-qoʻl va yelkama-yelka hamkor boʻlib turgan, dunyoni yangicha mustamlaka qilish orzusida boʻlgan kimsalar qarshisida turganimizni ham bilasiz.
Shuni ham unutmasligimiz lozimki, yangicha mustamlaka qilish yoʻlida foydalanilayotgan yagona vosita oʻtgan asrda amalda qoʻllangan ayni vositaning oʻzidir. U ham boʻlsa, ularning “Boʻlib tashla va hukmronlik qil” degan vahshiyona shiorlaridir. Ularning mazkur shiorlari bu safar mazhablar va toifalar oʻrtasidagi ixtilof, keskinlik oʻchogʻini keltirib chiqarishga asoslanadi. Ming afsuski, shu safar ham bu ummatni xohlaganlariga oʻynatishdi va xohlaganlaricha makr-hiyla, xiyonat hamda chetdan turib boshqarishni amalga oshirishdi. Bu makkor oʻyin natijasida Iroq boy berildi, Suriya oʻt ichida qoldi, Yaman parchalandi, Liviya esa barbod boʻldi. Yana ular koʻz ostilariga olgan, Ollohning oʻzigina biladigan qanchadan-qancha moʻljal va rejalari bor” (Dunyo ulamolari murojaati. Toshkent, “Movarounnahr” nashriyoti, 2016. 61-64-betlar).
Bu gaplar bir tomonda Saudiya Arabistoni boshliq aholisining asosiy qismi sunniy, ikkinchi yoqda esa Eron boshliq shia mazhabiga mansub mamlakatlar oʻrtasida qoʻzgʻatilgan oʻta xavfli ziddiyatlar va shu asosda arab dunyosida tobora avj olayotgan birodarkushlik urushlarini yodga soladi. Bu mamlakatlar shu ixtilofdan manfaatdor boʻlgan yirik davlatlardan bir-birini otish uchun eng zamonaviy, qirgʻin kuchi oshirilgan ajal qurollarini tobora koʻproq, bir necha yuz milliardlab dollar evaziga sotib olayotir...
Oʻrni kelganda mushtariylar eʼtiborini yana bir tarixiy parallelga qaratsak. Ulug‘ rus adibi Fyodor Dostoyevskiy “Бесы” (“Jinlar”) romanida ona yurti Rossiya hududiga chetdan kirib kelayotgan, yuzaki qaraganda goʻyo xalq baxti uchun kurashni oliy maqsad deb eʼlon qilgan, aslida esa bepoyon oʻlka hududini ulkan tajriba – sotsialistik gʻoyalarning sinov maydoniga aylantirmoqni koʻzlagan odam qiyofasidagi jinlarning asl basharasini ochib beradi. Asar qahramonlarining aksari Germaniyada oʻqib, xatarli gʻoyalar bilan qurollanib qaytgan nigilistlardir. Ular insoniyat baxtli, farovon va ozod yashashini taʼminlash uchun jamiyatlarni tag-tugi bilan qoʻporib tashlash, boshqaruvchilarni ayovsiz qirish, oʻtmish bilan bogʻliq jamiki qadriyatlarni ostin-ustun qilish, xalqlar, millatlar dunyoqarashini tubdan oʻzgartirish daʼvosini ilgari suradilar. Ular nazarida har jihatdan qoloq, Yevropa sivilizatsiyasidan uzilib qolgan, boy-zodagonlari tomonidan talanayotgan Rossiya esa tajriba maydoni sifatida tanlanishi kerak...
Shunisi hayratlanarliki, bu vahshiy gʻoyaning bosh targʻibotchisi Pyotr Verxovenskiy tili bilan aytganda, “bor-yoʻgʻi yuz million odamning boshini uzish kerak boʻladi, xolos!” deya ish boshlagan “jinlar” qoʻllagan usullardan bugungi islom dunyosidagi diniy ekstremistik guruhlar ham deyarli oʻzgarishsiz foydalanmoqda. Xorij “sabogʻi” va yoʻl-yoʻrigʻini olgan “jinlar”ning har biri besh kishidan iborat halqa tarzida yashirin faoliyat olib borgan boʻlsa, butun dunyoni xalifalik boshqaruvigina baxt va iqbolga doxil etishini daʼvo qiladigan hizbchilar ham har biri besh kishilik hujralar tizimini tashkil etdi. Ayni “halqa”larda obdon ishlov berilgan besh kishining har biri keyin “ustoz” sifatida oʻzi ham alohida beshlikni yigʻadi va bu jarayon to “muqaddas urush”ga ishora boʻlgunga qadar kengayib boraveradi. Bamisoli maddalab boradigan saraton oʻsimtasi yanglig‘...
F.Dostoyevskiy shaxsi va ijodini, gʻoya hamda qarashlarini V.Lenin ham, uning izdoshlari ham xushlamagani maʼlum. Buning bosh sababi shuki, ulug‘ yozuvchi asarlarida insoniyatga ogohlik qoʻngʻirogʻi sifatida yangragan chaqiriqlar marksistik gʻoyalarga mutlaqo zid edi. Taʼbir joiz boʻlsa, adib asarlari Germaniyadagi siyosiy va harbiy doiralarning taʼsiriga tushgan, Rusiya imperiyasida “inqilobiy harakat”ni vujudga keltirish va birodarkushlik olovini yoqish uchun oʻsha mamlakat moliya guruhlaridan allaqancha sarmoya olib turgan Leninning faoliyatini fosh etar edi.
Aynan Lenin tugʻilgan 1870-yilda yozila boshlagan, ulug‘ yozuvchining bashoraticha, tez oyoqqa turib Rossiyani yoppa bosib kelayotgan siyosiy jinlar tajovuzidan ogohlantirish maqsadida bitilgan bu asarning ahamiyati hech qachon susaymaydi. Zero, bugun dunyoni boʻlib olishga yangi urinishlar avj olgan davrda turli xalqlar, jumladan, oʻzbek yoshlarini oʻz “bagʻri”ga chorlayotgan, Yer yuzining turli mintaqalarida tashkil etilgan mafkuraviy markazlarda ularni oʻz vatani, dini va millatiga dushmanlik ruhida tarbiyalayotgan kuchlar ilgari surayotgan quyidagi kabi gʻoyalar bundan 150 yil avval P.Verxovenskiy tomonidan xushtaʼm konyak sipqorgancha aytilgan boyagi fikrdan (“bor-yoʻgʻi yuz million odamning boshini uzish kerak boʻladi, xolos!”) deyarli farq qilmaydi: “Insonlar tabiatan urushni yomon koʻrsalar ham va oʻzaro muammolarni tinchlik vositalari bilan yechishga urinsalar ham, oʻzlari yomon koʻrgan narsaga majbur qilinishlari aniqdir. Shuning uchun ham insonlar bu urushlardan uzoqlashishga qanchalar harakat qilishsa ham ular oʻrtasida urush boʻlishi muqarrar. Ular urushni toʻxtatishga qodir emaslar... Millatlar va xalqlar oʻrtasidagi hamda davlatlararo tinchlik, garchi unga intilish chiroyli ish boʻlsa ham, lekin uni doimiy shaklda roʻyobga chiqarishning imkoni yoʻq, balki urush boʻlishi muqarrar, Shuning uchun biror insonning urushlarni man qilish haqida fikrlashi xatodir” (bu haqda batafsil qarang: O.Abbosxoʻjayev, N.Umarova, R.Qoʻchqorov. Mafkura poligonlaridagi olishuv. Toshkent, “Akademiya” nashriyoti, 2007. 58–75-betlar).
Telekoʻrsatuvlarni eʼtibor bilan kuzatganda, noqonuniy guruhlarning jinoiy harakatlari uchun qoʻlga olinib, qilmishiga yarasha jazoga tortilgan aʼzolari uncha-muncha ziyoli odamdan qolishmaydigan darajada mantiqli, aniq fikrlashi, mulohazalarini har jihatdan toʻgʻri ifoda etishi bilan ajralib turishini sezmaslik mumkin emas. Demak, ularni nuqul omi va gʻoʻr deb oʻylash, bizningcha, oʻta biryoqlamalik, masalaga masʼuliyatsiz yondashuvdir. Tan olaylikki, ekstremistik tashkilotlar biz oʻylaganchalik goʻl kishilar bilan uzoqqa borolmay, oʻzini oʻzi osongina fosh qilgan, saflarini bu qadar kengaytira olmagan boʻlar edi. Shunday ekan, biz gʻoyaviy muxoliflarimiz – zamona jinlarining kuch va imkoniyatlarini toʻliq hisobga olib harakat qilsakkina, koʻzlagan maqsadimizga erisha olamiz.
Rahmon QOʻCHQOR
“Tafakkur” jurnali, 2019-yil 4-son