Qoʻqon xonligi tarixida ayrim nikohlar oilaviy munosabatdan koʻra kengroq maʼno kasb etgan. Ular ortida sulh, siyosiy murosa va hokimiyatlar oʻrtasidagi muvozanat masalalari turgan. Ming Oyimning Norboʻtaxonga turmushga chiqishi ham ana shunday tarixiy voqealardan biri edi.
Asl ismi Faxrinniso boʻlgan Ming Oyim keyinchalik saroyda nafaqat Norboʻtaxonning rafiqasi, balki “Davlat sohibi” nomi bilan eʼtirof etilgan nufuzli malika sifatida tanildi.
Biroq Ming Oyimning tarixiy qiyofasini faqat saroydagi mavqei bilan belgilab boʻlmaydi. Uning nomi bir tomonda Fargʻona siyosiy hayotidagi muhim voqealar, ikkinchi tomonda esa madrasa, xonaqoh, Qalandarxona va muhtojlarga koʻrsatilgan saxovat bilan bogʻlangan. Shu jihatdan Ming Oyim hayotini oʻrganish – Qoʻqon xonligida ayollarning nafaqat saroydagi, balki siyosiy, maʼrifiy va ijtimoiy hayotdagi oʻrnini anglash imkonini ham beradi.
Ming Oyim Norboʻtaxonning ikkinchi ayoli, Olimxon va Umarxonning volidaci, shuningdek, tarixchi Hakimxon Toʻraning ham buvisi edi. Muhammad Yahyoxon Xoʻqandiyning “Oltun beshik” asarida u kishi “Ming Oyim” sarlavhasi ostida alohida tilga olinadi. Manbada qayd etilishicha, Ming Oyim Oltun Beshik naslidan hamda Ming urugʻining zodagonlaridan boʻlgan Imomquli Bahodir Ming ibn Doʻstqulibiy Mingning qizi edi. Taxminan 1160/1747-yilda tavallud topgan [Oltun beshik, 545–549-b.].
Hakimxon Toʻra “Muntaxab at-tavorix”da Ming Oyim haqida yozar ekan, uning Norboʻtaxon farzandlarining uch nafari – Olimxon, Umarxon va oʻz onasining volidasi ekanini taʼkidlaydi: “Ikkinchisi amir Olimxon, keyingisi faqirning onasi, uchinchisi amir Umarxon, bularning har uchalasining onasi Irisqulibiy ibn Doʻstqul Bahodirning ukasi Imomqulibiyning qizi boʻlmish davlat sohibi Ming Oyim edi” [Muntaxab at-tavorix].
Shu bir jumlaning oʻzi Ming Oyimning Qoʻqon xonligi tarixidagi oʻrnini anglash uchun kifoya. U kishi nafaqat ikki buyuk hukmdorning, balki tarixchi bir avlodning ham onasi edi.
Saroyga olib kelgan siyosiy boʻron
Ming Oyimning Norboʻtaxon saroyiga kelishi oddiy nikoh voqeasi emas. Uning zamirida XVIII asrning ikkinchi yarmida Fargʻona vodiysida kechgan murakkab siyosiy jarayonlar yotardi.
Norboʻtaxon taxtga kelganidan keyin markaziy hokimiyatni mustahkamlashga intildi. Ammo Chust, Namangan va atrof hududlardagi nufuzli beklar, jumladan Irisqulibiy bilan munosabatlar keskinlashdi. Nihoyat, ziddiyat ochiq toʻqnashuvga aylandi.
Hakimxon Toʻraning bayonida bu voqealar juda taʼsirchan tasvirlangan. Irisqulibiyning qarindoshlaridan ikki nafar mirbachcha Chust viloyatida Norboʻtaxonga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi.
“Norboʻtabiy bu xabarni eshitiboq, Xoʻjand lashkari bilan Sayhun daryosini kechib oʻtdi hamda tezlik va chaqqonlik bilan qoʻshinin Chust viloyatiga yetkazdi. Ikki orada shiddatli bir jang boʻldi”.
Jangda Norboʻtaxon ustun keladi. Chust qalʼasi uning tasarrufiga oʻtadi, Norboʻtaxon qoʻshini Namangan tomon harakat qila boshlaydi. Ana shunda Irisqulibiy murosaga keladi va sulh taklif qiladi.
Sulhni mustahkamlashning eng ishonchli yoʻli esa nikoh edi. Irisqulibiy oʻz ukasi Imomqulibiy ibn Doʻstqul Bahodirning qizi Ming Oyimni Norboʻtaxonga nikohlab berishni taklif qiladi.
Manba bu lahzani oʻsha davrning nafis adabiy tilida shunday ifodalaydi:
“...Irisqulibiy ukasi Imomqulibiy ibn Doʻstqul Bahodirning qizi Davlat sohibi (Ming oyim)ni amirlikka munosib Norboʻtabiy oliyneʼmatga nikohlab beradigan boʻldi. Norboʻtabiy Irisqulibiyning bu taklifini qabul qildi va oʻz iffat qutisi ichidagi gavharni oʻz nikohiga qaratdi. Shundan soʻng Irisqulibiy bilan yuz koʻrishib, orasida saqlab yurgan gina-kuduratni dilidan butunlay chiqarib tashladi” [Muntaxab at-tavorix, 245-b.].
Shunday qilib, Ming Oyim saroyga oddiy kelin emas, ikki siyosiy kuch oʻrtasidagi sulhning tirik ramzi sifatida kirib keldi. Uning nikohi urushdan keyingi yarashuvning kafolatiga aylandi.
“Davlat sohibi” Ming Oyim
Manbalarda Ming Oyimning “Davlat sohibi” deya atalishi bejiz emas. Uning saroydagi mavqei nasl-nasabi, aqlu zakovati va siyosiy muhitda tutgan oʻrni bilan mustahkamlangan.
Tarixchi Hakimxon Toʻraning maʼlumotiga koʻra, Norboʻtaxonning olti oʻgʻli va besh qizi boʻlgan. Ularning Olimxon, Umarxon va “faqirning onasi” deb tilga olingan qizining onasi Ming Oyim edi.
Bu farzandlar keyinchalik Qoʻqon xonligi tarixida katta oʻrin tutdi. Olimxon davlat boshqaruvida yangi bosqichni boshlab bergan hukmdorlardan biri boʻlsa, Umarxon davri Qoʻqon adabiy-madaniy muhitining yuksalishi bilan bogʻliq. Shu maʼnoda Ming Oyimni nafaqat saroy malikasi, balki keyingi tarixga taʼsir koʻrsatgan sulolaning volidalaridan biri sifatida ham baholash mumkin.
Zuhro Oyim
Ming Oyim haqidagi manbalarda uning goʻzalligi ham alohida tilga olinadi. Rivoyatlarga koʻra, u kishi nihoyatda koʻhlik boʻlgan. Shu bois Ming Oyimni Zuhro yulduziga qiyoslab “Zuhro Oyim” deb ham ataganlar.
Ammo tarix uning husnini emas, qilgan ishlarini uzoqroq saqlab qoldi.
Ming Oyimning nomi, avvalo, bunyodkorlik va maʼrifat bilan bogʻlanadi.
Bir malika qurdirgan ilm dargohi
Ming Oyimning eng yirik bunyodkorlik ishlaridan biri oʻz nomi bilan atalgan muhtasham madrasadir. Madrasai Ming Oyim ikki tomonlama qurilgani uchun “Qoʻsh madrasa” deb ham atalgan. U hijriy 1217, milodiy 1802-yilda qurib bitkazilgan. Eʼtiborlisi, madrasa qurilishiga Ming Oyimning oʻz bisotlaridagi zeb-ziynat buyumlari sarflangan.
Madrasa Qoʻqon shahridagi Chorsu maydonining sharqiy tomonida, hozirgi Alisher Navoiy koʻchasining boshlanish qismida joylashgan edi. U xon madrasalari turkumiga kirgan. 81 ta hujrasi boʻlgan bu ilm dargohida 1912-yilgi maʼlumotlarga koʻra 200 nafar tolibi ilm va 24 nafar mudarris faoliyat yuritgan.
Bir vaqtlar ilm ahli ovozi yangragan bu maskan 1918-yilgi urushda toʻp oʻqlari ostida vayron boʻldi. Ammo madrasaning nomi uni qurdirgan Ming Oyim nomi bilan tarixda qoldi.
Xonaqoh va maʼrifat ahli homiysi
Ming Oyimning eʼtibori madrasa bilan cheklanmagan. U tasavvuf ahliga ham homiylik qilgan. Xoʻjandda yashagan Maʼsuma Otin Abrorxon Eshon xonaqohida taʼlim olib, savod chiqaradi, oʻsha davr ayoli uchun mumkin boʻlgan ilmlarni egallaydi va keyinchalik qiz-juvonlarga saboq beradi. Tasavvuf yoʻlida kamolotga erishgach, ayollar bilan zikri samo’ marosimlarini oʻtkaza boshlaydi.
Bu marosimlarda malikalar, jumladan Ming Oyim ham ishtirok etgan. Abrorxon Eshon vafotidan keyin xonaqoh soʻfiy ayollar maskaniga aylanadi va unga Ming Oyim homiylik qilib turadi. Maʼsuma Otin vafot etganida (1788) uning taʼziya marosimini ham Ming Oyim munosib tarzda oʻtkazadi.
Saxovatning manzili – xalq
Ming Oyimning xalq xotirasida saqlanib qolishining yana bir sababi – uning yetim-yesir, gʻarib va muhtojlarga boʻlgan munosabatidir. Manbalarda aytilishicha, mahr sifatida berilgan yer-mulklardan keladigan daromadni yetim-yesirlar ehtiyojiga sarflashni buyurgan. Bu saxovatning eng taʼsirli hikoyalaridan biri Ming Oyimning dahmasi bilan bogʻliq rivoyatda saqlangan.
Rivoyatga koʻra, kambagʻal bir er-xotin Ming Oyimning yerlarida mehnat qilib kun kechirar edi. Malika ularning toʻyini ham oʻz hisobidan qilib berdi. Keyinchalik er savdo bilan shugʻullanib, ancha boyib ketdi. Biroq ishlari orqaga ketib, bor-budidan ayrildi.
U yana Ming Oyimdan yordam soʻradi. Malika unga yuz tilloyi buxoriy berib, “Ering ishini yurgizib olsin”, dedi.
Savdogar ishini qayta tiklab, yana boyib ketadi. Endi u Ming Oyimga minnatdorlik yuzasidan yuz tilloni qaytarmoqchi boʻlganida, malika: “Men qarz berganim yoʻq edi”, deb tilloni olmaydi.
Ming Oyim vafot etganidan keyin oʻsha inson bu yaxshilikni unutmaydi. Malika uchun dahma qurilayotganini eshitib, oʻsha yuz tilloni dahma qurilishiga ishlatishni iltimos qiladi. Rivoyatga koʻra, masala Shayxulislomga havola qilinadi va u kishi mablagʻni halol deb topib, qurilishga sarflashga ruxsat beradi.
Dahma va Qalandarxona
Katta Qabristondagi Dahmai Modari Xon ham Ming Oyim nomi bilan bogʻliq yodgorliklardan biridir. Umarxon onasi uchun qurilgan bu dahma atrofida bugungacha turli rivoyatlar yuradi.
Ming Oyim Qalandarxona obodonchiligida ham ishtirok etgan. Qalandarxona tasavvuf ahli istiqomat qiladigan, zikri samo’ oʻtkaziladigan va gʻariblar uchun mehmonxona vazifasini bajaradigan maskan edi. Demak, Ming Oyim uchun obodonchilik faqat koʻzga koʻrinadigan imoratlar qurish emas edi. Madrasa – ilm uchun, xonaqoh – maʼrifat va ruhiy tarbiya uchun, Qalandarxona esa gʻariblar va darveshlar uchun xizmat qilgan.
Ming Oyim merosi
Ming Oyim siymosini birgina unvon yoki mavqe bilan ifodalab boʻlmaydi. U Norboʻtaxonning rafiqasi, Olimxon va Umarxonning onasi, Hakimxon Toʻraning buvisi edi. Biroq uning tarixdagi oʻrni hukmron sulola doirasidan ancha keng. Uning hayoti siyosiy tanglikni sulhga aylantirgan diplomatik nikohdan tortib, ilm-fan va maʼrifat homiyligigacha boʻlgan katta yoʻlni oʻz ichiga oladi. Tarix sahifalarida u baʼzan “Ming Oyim”, baʼzan “Davlat sohibi”, xalq xotirasida esa “Zuhro Oyim” sifatida tilga olinadi.
Jahon tarixidagi buyuk ayollar siymolari kabi Ming Oyimning ham haqiqiy merosi saroy devorlari ortida qolib ketmadi. U Xoʻjand va Qoʻqon madaniy qatlamlariga singib ketdi. Undan meros asosiy “yodgorlik” – jamiyatda tinchlikni saqlab qolgani, ilmga yoʻl ochgani va xalq xotirasida ezgu nom qoldirganidir.
Zumradxon XATAMOVA,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori
Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:
1. Muhammad Yaxyo Xoʻqandiy. Oltun beshik. 2025 yil. – B. 687.
2. Xudoyorxonzoda. Anjum at-tavorix. / Soʻz boshi, ilova mualliflari: H.Bobobekov , I.Sulaymonovlarniki, tarjima va izohlar: Vohidov Sh. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2014. – 348b
3. Mulla Niyoz Muhammad Xoʻqandiy. Ibratul havoqin (Tarixi Shohruhiy). – Toshkent: Turon zamin ziyo, 2014.
4. Muhammad Hakimxon Toʻra. Muntahab at-tavorix. OʻzFAShI № 592, № 594, № 596 qoʻlyozmalar. Oʻsha muallif. Oʻsha asar. / Tarjima, muqaddima, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi: Vohidov Sh. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2010. – 716 b.;
5. Mirza Olim Mushrif. Ansob us salotin va tavorix ul – xavoqin. / Nashrga tayyorlovchilar A. Matgoziev, M.Usmonova. – Toshkent, 1995. – 128 b
6. Mullo Olim Maxdum Xoji. Tarixi Turkiston.– Qarshi: Nasaf, 1992. – 148 b.; Oʻsha muallif. Tarixi Turkiston. / Soʻz boshi va izohlar: Sh.Voxidovniki, arab yozuvidan tabdil Sh.Voxidov va R.Xolikovaniki. Koʻrsatkichlar Sh.Voxidov va D.Sangirovaniki. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2008. – 242-b.