Sunʼiy ong inson hayotiga chuqur kirib bormoqda. Ushbu jarayondan sanʼat ham chetda qolmasligi tabiiy. Biroq oʻzgarishlar haddan ziyod shiddatli kechmoqdaki, hatto ayrim toifa ijod ahli vahimaga tushib qolgan.
2018-yili sunʼiy ong yaratgan portret auksionda 350 000 dollarga sotildi, bu boshlangʻich narxdan 35 baravar koʻp edi. Shubhasiz, narxning keskin oshishiga bir qancha sabablar bor. Shunday boʻlsa-da, ushbu voqealar fonida turli fikrlar yangramoqda. Ayrimlar sunʼiy ongning sanʼatdagi rolini eʼtirof etgan holda qoʻllab-quvvatlayotgan boʻlsa, boshqalar turli darajada xavotir bildirishmoqda. Hatto qarshilik kampaniyalari ham boshlab yuborilgan.

Rasm: “Obvious” guruhi ishlab chiqqan sunʼiy ong tomonidan yaratilgan va 350 000 dollarga sotilgan Edmond de Belami portreti
Birinchi masala: sunʼiy ong yaratgan mahsulotni “sanʼat asari” deyish toʻgʻrimi? 40 ming yillar ilgari inson estetik ehtiyojlaridan kelib chiqib, oʻsha paytdagi badiiy tafakkuri yordamida dastlabki suratlarni chiza boshlagan va aynan ushbu qoyatosh rasmlari sanʼatning ilk namunalari sanaladi. Keyinchalik musiqa, adabiyot, haykaltaroshlik kabi yana boshqa sanʼat turlari vujudga keldi va rivojlana bordi. Bugun sanʼat deyilganda koʻpincha yuqorida sanab oʻtilgan sohalar tushuniladi, lekin ularning barcha jihatlarini birlashtirganda ham sanʼatga umumiy taʼrif berish qiyin. Shunday boʻlsa-da, biz mushohada etayotgan masalaning hozirgi real obyekti yakunlangan harakat oqibati ekanligini hisobga olsak, yukimiz biroz yengillashadi. Yaʼni, ushbu holatda insonning estetik ehtiyojini qondirish bilan birga, ruhiyati va ongiga maʼlum darajada koʻtarinkilik baxsh eta oladigan yaratiqlarni (qoʻshiq, sheʼr, surat va hokazo) asar sifatida qabul qilish mumkin. Bundan kelib chiqadiki, sunʼiy ong qay yoʻl va usullar bilan mahsulot (asar) yaratmasin, botinimizga turli koʻrinishlarda – shakl, ohang va tasvirlar orqali muayyan darajada taʼsir koʻrsatayotgan boʻlsa, uni sanʼatga aloqador deya qabul qilmay ilojimiz yoʻq. Har qalay, hozirgi davrgacha bizga namoyon boʻlgan sanʼat shunday xususiyatlarga ega. Demak, sunʼiy ong tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot inson yaratgan sanʼat asarining vazifasini maʼlum maʼnoda uddalashi mumkin.
Sanʼatkor borliqdagi jarayon va voqealarning oʻz ruhidagi evrilishlarini asarlarida ifoda etadi. Sunʼiy ong esa maʼlum bir algoritm asosida ishlaydi. Bazasiga kiritilgan maʼlumotlardan foydalanib, yangi “qorishma” mahsulot hosil qiladi. Masalan, 350 000 dollarlik portretni chizgan mashina XIV–XX asrlar oraligʻida ishlangan 15 000 dan ortiq portret bilan taʼminlangan. Ushbu maʼlumotlar sunʼiy ong qanday turdagi mahsulot chiqarishga moʻljallanganiga qarab tanlanadi. Masalan, musiqa yoki liboslar toʻplami. Yaratiq yangi boʻlishi mumkin, biroq muallifning hissiy aralashuvi boʻlmaydi, ijodiy fantaziya haqida esa gapirmasa ham boʻladi.

Fikrlarni umumlashtirsak, sunʼiy ong yaratiqlari sanʼat asarlari bilan bir yoʻnalishda harakat qiladi, shu bilan birga ular badiiy ijod mahsuli emas, takroriy ishlanmadir. Shuning uchun biz hozirgi “sanʼat asari” tushunchasiga asrlar davomida yuklagan maʼno-mohiyatdan kelib chiqib, sunʼiy ong mahsulini badiiy ijod natijasi – tom maʼnodagi sanʼat asari deb atolmaymiz.
Yuqorida aytilganidek, mashina oʻziga yuklangan (oʻrgatilgan) maʼlumotlardan foydalanib, yanayam aniqroq aytadigan boʻlsak, ulardan kelib chiqib surat chizadi, sheʼr yozadi. Mahsulot tasvirlar, uslublarning aralashma takrori, xolos. Sanʼatkorning ijodida ham oʻzidan oldingilarning oʻrni seziladi, albatta. Oʻrtadagi farq shundaki, insonning badiiy ijodida originallik bor. Bu narsa ijodkor ruhida tashqi taʼsir va botiniy jarayonlarning mutlaq oʻziga xos uygʻunlashuvi, erkin fantaziya va xususiy tanlov natijasida vujudga keladi.
Mashina hech qachon “Mana mening shoh asarim!” deb aytolmaydi. Uning yuqori qiymatli mahsulotlari ham toʻlaligicha tasodifiydir. Sunʼiy intellekt boʻyicha mutaxassislarning fikriga qoʻshilgan taqdirimizda ham, yaʼni mashina unga “oʻrgatilgan” asarlardan hatto muallifga qaraganda yaxshiroq mahsulot yaratganda ham, oʻziga berilgan maʼlumotlar doirasi bilan cheklanib qoladi. Soddaroq tushuntiradigan boʻlsak, bugungi kundagi eng ilgʻor sunʼiy intellekt tirik Hans Zimmerning shu kungacha yaratgan musiqalaridan ularning barchasidan yaxshiroq mahsulot yaratishi mumkin, lekin bastakorning yangi musiqalari oldida bu mahsulot birinchidan tasodifiyligi, ikkinchidan avvalgi kompozitsiyalardan foydalanib yaratilgan shunchaki yangi versiya ekanligi bilan odmi va “jonsiz” boʻlib qolaveradi.
Yoki sunʼiy intellekt Van Gogning asarlaridan foydalanib ulardan yaxshiroq surat chiza olar, ammo, mabodo moʻjiza roʻy berib Van Gogning oʻzi tirilib kelsa, albatta, mashina mahsulotidan koʻra yuksak boshqa bir surat ishlagan boʻlardi. Buning sababi ham yuqorida tilga olganimiz – ruh va badiiy ijoddir. Erkin fantaziya va tasavvurga asoslanuvchi sanʼat asarlari shunchaki uslublar, detallar kombinatsiyasi emas, hissiy anglashning alohida va mustaqil yoʻsini, ijodkor ruhning zuhuri, badiiy ifodasidir. Sanʼatkor hatto qaysidir asarini takroran yoki bir necha marta yaratsa ham, barchasi bir-biridan farqlanadi, oʻzida originallikni saqlab qoladi.
Sunʼiy ongning sanʼatdagi ishtirokining yana bir jihatini koʻrib chiqsak. Shu paytgacha inson yaratgan goʻzallik (sanʼat asari) va tabiat goʻzalligi solishtirib kelingan. Odatda inson yaratgan goʻzallik tabiatnikidan afzalroq ekanligi taʼkidlanadi. Jumladan, Fridrix Gegel shunday deydi: “Sanʼat tabiiy shakllar rang-barangligini jilolantiradigan hashamdorlikni oʻzlashtirish bilan cheklanib qolmaydi, ularni yanada teranlashtiradi, ijodiy fantaziya vositasi bilan cheksizlik kashf etadi”. Ushbu va yuqorida keltirilgan fikrlardan maʼlum boʻladiki, inson borliqdagi goʻzallikni oʻz asarlarida shunchaki tashuvchi, qaytalovchi sifatida ifodalamaydi, tabiatdan va hatto oʻzidan alohida boʻlgan yangi mohiyat yaratadi.

Hozirgi davrga kelib esa bu jarayonga sunʼiy ong ham qoʻshildi. Bunda mashina sanʼat asarlarini qismlarga ajratib qayta tartiblaydi, xolos. Goʻzallik tabiiy holidan badiiy ijod mahsuliga koʻchganda yuksaladi, yanada jozibali va yoqimli shamoyilga erishadi. Sunʼiy ong masalasida esa bunday deya olmaymiz. Miqdor va koʻlamning oʻta aniqligi, (oʻz-oʻzidan tabiiyki) cheklanganligi va hatto zarur boʻlgan hissiy ishtirokning ham mavjud emasligi, portret ishlab chiqish uchun moʻljallangan mashinaga sanʼatning butun tarixi davomida yaratilgan barcha portretlar “oʻrgatilgan” taqdirda ham, bunga imkoniyati yetmaydigan inson fantaziyasichalik turfa xillikni, hissiy va shu bilan birga oniy individuallikni oʻz mahsulotiga taʼmin qila olmaydi. Hatto sunʼiy ongni sanʼatning qaysi yoʻnalishiga qanchalik aralasha olishi ham uni yaratuvchisi hisoblanmish insonga bogʻliq. Mashinaning haykaltaroshlik va meʼmorchilik, tasviriy sanʼat, musiqa, adabiyot bilan hosil qilgan munosabatlari bir-biridan farqlanadi.
Endigi masala: sunʼiy ong sanʼatda inson oʻrnini bosa oladimi, vaqt oʻtgach insonning sanʼat asarlari oʻz oʻrnini algoritmlar asosida ishlab chiqilgan mahsulotlarga boʻshatib beradimi?

Albatta, yoʻq! Bugungi texnologiyalar sanʼatda inson uchun faqat yordamchi boʻlishi, mahoratini kuchaytirishi, asarlar yaratishda yangi gʻoyalarga sababchi vazifasini bajarishi mumkin. Bunga hatto texnik jihatdan ham imkoniyat yetarli emas.
Holatga biroz kengroq nazar tashlasak, texnika avvaldan inson hayotiga kuchli taʼsir koʻrsatishi bashorat qilinardi. 1928-yili televizor ixtiro qilindi, 1950-yillardan boshlab televideniye shiddat bilan rivojlana bordi. Asosan oʻtgan asrning 70-yillarini tasvirlagan “Moskva koʻzyoshlarga ishonmaydi” filmidagi suhbatlarning birida shunday dialog bor:
– Televideniye inson hayotini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Endi na kitob, na gazeta, na kino, na teatr qoladi.
– Harqalay, nimadir qolsa kerak?
– Televideniye. Faqat televideniye.
Biroq hozirga kelib hammasi – kitob, kino, teatr va qolgan barchasi hamon mavjud. Yana bir boshqa misol, 1997-yili “Deep Blue II” degan superkompyuter shaxmat boʻyicha jahon chempioni Garri Kasparovni magʻlub etdi. Ushbu natija katta shov-shuvlarga sabab boʻldi. Insoniyat endi nafaqat jismonan, balki aqliy tomonlama ham texnologiyalardan orqada qolayotganining nishonasi edi. Hozirga kelib Kasparovni yenggan oʻsha kompyuterni magʻlub etoladigan tizimni istalgan kompyuterga oʻrnatish mumkin. Shunday boʻlsa-da, haligacha barcha shaxmat musobaqalari insonlar oʻrtasida oʻtkazib kelinadi, bunga sabab insonlar shaxmatda kompyuterdan oʻtib ketganida emas, biz uchun shaxmatda odamga odamning raqiblik qilishi jozibaliroq. Shaxmatdagi turli hiylalar, tuzoqlar, xatolar kabi “jonlilik” biz uchun ushbu oʻyinning mazmunidir.
Oʻtgan oʻnyilliklarda elektron kitoblar ommalashdi – arzon, olib yurish, saqlash qulay. Ularni oʻqish uchun maxsus gadjetlar ham yaratildi, unda millionlab kitoblarni olib yurishingiz mumkin. Ammo odamzod hali ham qogʻoz kitob oʻqishdan, izlashdan toʻxtamayapti. Sanʼatda ham xuddi shunday. Unda jon bor, ruh bor, tuygʻu bor. Hatto sanʼatning ichida ham bu narsa ahamiyat kasb etadi. Kompyuter yordamida sozlangan ovoz va yaratilgan musiqaning darajasi jonli ovoz va jonli kuy oldida past baholanadi. Xonandalarning har bir jonli konsertida bir qoʻshiqni yangicha aytilishi, tirik ohanglar va hatto qoʻshiq matnida adashib ketishi ham oʻziga jalb etadi.
Shu oʻrinda tan olish ham lozim, sunʼiy ong ancha rivojlandi. Kompozitsiyalar, haykallar, suratlar yaratmoqda, hatto “DALLE 2” tizimi ovozli buyruqqa asoslanib surat chizishi mumkin. Biroq shu va boshqa progressiyalarga sanʼatning yuksalishi sifatida baho berilmaydi. Bunga ilm-fanning rivoji, inson aqli va imkoniyatlari yana bir yuqori pogʻonaga koʻtarilishi deb qaraladi.

Mashinalar yaratgan suratlar akademizm, realizm, romantizm, impressionizm, abstraktsionizm, syurrealiz va boshqa oqimlarga emas, qanday algoritmdan foydalanilganiga qarab yoki boshqa texnik jihatlariga qarab ajratiladi. Shu sabab sunʼiy ong mahsuloti qandaydir oʻziga xos mazmun-mohiyati bilan bizni rom etmaydi, qoyil qoldiradi, xolos. Futuristik filmlardagi kabi yuksak tafakkurli robotlar yaratilmagunga qadar hozirgi mashinalar insoniyat shu paytgacha shakllantirgan sanʼat sarhadlaridan oshib oʻta olmaydi, chunki manba – inson yaratgan sanʼat asarlari boʻlib qolmoqda. Sunʼiy ong har qancha rivojlanmasin, fantaziya ularga begona, yaratgan “asar”lari esa hisdan mosuvo.

Mabodo uzoq kelajakda robotlar mutlaqo mustaqil tarzda suratlar, musiqalar, haykallar yarata boshlaganda ham, bu faoliyat sanʼat deb nomlanmasligi kerak, katta ehtimol bilan shunday boʻladi ham. Insonlar dunyoqarashi balki oʻsha paytga borib oʻzgarib ketar, sanʼat sanoati sunʼiy ong yaratgan mahsulotlar bilan toʻldirilar. Lekin inson yaratgan asarlar hech qachon oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmaydi. Ehtimol, inson qoʻli bilan chizilgan, yasalgan, bastalangan, yozilgan asarlarga ishtiyoq aristokratiya va ziyoli qatlam belgilaridan biri boʻlib qolar. Insoniyat hozirgacha toʻplangan tajribaga tayansak, shunday xulosaga kelishimiz mumkin, odamzod qoʻli yordamida yaratilgan narsalar endi ularni mashinalar ishlab chiqara boshlagan sharoitda yanada yuksak qadrlana boshlaydi.
Javohir ERGASHEV,
Oyina.uz